Yaproqlardagi moʻjiza

0
2191
marta koʻrilgan.

Hayotda moʻjiza koʻp. Har bir qadamda uchraydi. Shu mittigina koʻz bilan butun olamni koʻrib, idrok etib turganimizning oʻzi moʻjiza, Yaratganning qudrati. Olamning, odamning oʻzi moʻjiza. Faqat moʻjizalarni koʻra olish, his qila bilish zarur.

Bahor kelganda tabiat yangilanadi, olam goʻzallashadi, dil tiniqlashadi. Bu yashillik to qish ayozi kelmaguncha borliqni tark etmaydi. Mana shu goʻzallikning asosiy belgilaridan biri boʻlgan yaproqlar qanday xususiyatlarga ega ekanini hech oʻylab koʻrganmisiz? Ularda ham sizu bizni lol qoldiradigan moʻjizalar bor…

Aniqlanishicha, yaproqlar oziq moddalar ishlab chiqarar ekan. Ularsiz daraxtlar ham, boshqa oʻsimliklar ham yashay olmaydi. Mevali daraxtlarning barglari shirindan shakar, xil-xil mevalar yetilishi uchun zarur boʻlgan moddalarni tayyorlab beradi. Xoʻsh, yaproqlar nimadan oziqlanadi? Ular eng birinchi oʻrinda atmosferadagi karbonat angidrid va tuproq tarkibidagi suvdan oziqlanadi. Fotosintez deb ataladigan oʻziga xos jarayon natijasida ular gaz va suvdan oʻsimlik shirasi ishlab chiqaradilar.

Keling, barglarning ishini katta bir korxona faoliyati bilan taqqoslab koʻramiz. Zamonaviy korxonalarda asosiy yumushlar elektr energiya bilan ishlaydigan mashinalarda bajariladi. Yaproqlarda ham oʻsimlik uchun kerakli moddalarni tayyorlaydigan “mashinalar” bor. Ular xloroplast deb ataladi. Xloroplastlar hujayralardagi yashil donachalardan – xlorofilldan tashkil topadi. Quyosh nuri mana shu mashinalarni harakatga keltiradi. Kuzda, quyosh nurlari yetishmay qolgan paytda yaproqlar sargʻayishni boshlaydi. Chunki mashinalar – xlorofillar ishlashdan toʻxtaydi-da.

Xloroplastlar yaproq tarkibida muhim oʻrin tutadi. Barglar hujayralardan iborat. Hujayralarda xlorofill boʻlishi ham, boʻlmasligi ham mumkin. Maxsus qoʻriqchi hujayralar yaproq tarkibiga oʻtadigan havo miqdorini tartibga solib turadi. Bunday hujayralar asosan bargning ichki qismida joylashgan boʻladi. Ikkita hujayra va ular orasida havo oʻtish joyi “ogʻizcha” deyiladi.

Agar bargga yaxshilab eʼtibor bersangiz uning mayda-mayda tomirchalardan iborat ekanini payqaysiz. Oʻsimlik ildizlari namni shimiydi va u muntazam oʻsha tomirchalarga yetkaziladi. Yaproqlar qayta ishlagan foydali moddalar ham mana shu tomirchalar sabablidir. Ogʻizchalar orqali qabul qilingan havo tarkibida karbonat angidrid boʻladi. Karbonat angidrid va maʼlum miqdordagi quyosh nuridan oʻsimlik shirasi olinadi. Ortib qolgan havo va kislorod yana oʻsha ogʻizchalar orqali chiqarib yuboriladi. Kech tushib hammayoq zimziyo boʻlgach, yaproqlar karbonat angidrid yutish va oʻsimlikni oziqlantirishni toʻxtatadi. Lekin ular hamisha nafas olib turadi, shu sababli kechqurunlari hali hazm boʻlmagan karbonat angidridni qayta ishlash davom etadi.

Barglardan faqat havo emas, nam ham ajralib chiqadi. Ildizlar orqali tuproqdan soʻrib olingan namning bir qismi shira tayyorlashga sarflanadi. Qolgani esa atmosferaga chiqarib tashlanadi.

Xullas, shunaqa. Kaftdekkina yoki undan ham kichkina bir bargning ichida butun boshli bir korxona borligi xayolingizga kelmagandir-a? Lekin bu kabi ajoyibotlar hayotda juda koʻp.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Ovoza” gazetasining 2009 yil 22 yanvar (№3) sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.