Yashnab tursin yashil og‘ochlar

0
225
marta ko‘rilgan.

Havo korxonalari

Yon-atrofga, borliqqa teranroq boqqan kishi suv, tuproq, havo, o‘simliklar – barcha-barchasi sobit qonuniyat asosida yashayotganini ko‘radi. Lekin inson ko‘pda ham bu belgilarga e’tibor beravermaydi. Masalan, havoni olaylik. Ozgina nafas olmay turgan yoki iflos havo yutgan kishi toza havoning qadrini birdan anglaydi. Nazariy jihatdan olganda, zavod-fabrikalar va transportlardan chiqayotgan zaharli gazlar tufayli allaqachon havo qolmasligi kerak edi. Ammo u tozarib-yangilanib qolaveradi. Buning eng asosiy sababchilardan biri daraxtlardir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga qaraganda, o‘rmonlar quruqlikning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi, umumiy maydoni 38 milliard kvadrat kilometr atrofida. Uning 264 million gektari yoki 7 foizi inson qo‘li bilan bunyod bo‘lgan. Yer yuzi o‘simliklari biomassasining 80 foizi daraxtlardan iborat.

Daraxtlar va daraxtzorlarning foydali xususiyatlari haqida jild-jild kitob yozish mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir gektar daraxtzor yiliga o‘n sakkiz million kub metr havoni tozalab beradi. O‘rmonlar suv aylanishlarini tartibga soladi, daryolarning muntazam to‘lib oqishiga sharoit yaratadi, yerosti suvlarini “suzgichdan o‘tkazadi”, iqlim mo‘tadilligini ta’minlaydi, havoning mavsumiy keskin isishi yoki sovushini yengillashtiradi, shamolning kuchini kesadi va hokazo.

 

Daraxtlar – shaharlarning sanitarlari

Jahonning Nyu York, London, Parij, Tokio, Moskva, Pekin, Berlin kabi megapolislarida yirik ekoparklar qurilgan. Bu bejiz emas. Toza havodan nafas olmagan, miyasiga yetarli miqdorda kislorod yetib bormagan kishining sog‘lig‘iga, eng avvalo asabiga putur yetadi. Agar bu holat ommaviy tus olsa, bir-birini hurmat qilmaydigan, jizzaki, xudbin odamlar jamiyati shakllanishi hech gap emas. Shuning uchun ham shahar-qishloqlarning ekotizimi, “yashillik” darajasi umummilliy darajadagi muhim masaladir.

Havoni changlardan, zaharli moddalardan tozalagani sababli ham daraxt va butalar zich joylarda namlik va kislorod ko‘p, natijada havo sof va yoqimli.

Yashil parklar shovqin yutish qobiliyatiga ham ega. Bunday joyga kelgan kishi shahar hududini tark etmay turib, tabiatdan bahramand bo‘ladi, ko‘ksini to‘ldirib nafas oladi, hissiy-asabiy taranglikdan qutuladi, kuch-g‘ayrat to‘playdi.

Barcha shaharlarimizda ana shunday yashil parklarni qurish, borlarini kengaytirish, daraxtlarning son va sifatini oshirish kerak. Birgina bog‘lar emas, yo‘l bo‘ylari, xiyobonlar, umuman, daraxt va buta ekish mumkin bo‘lgan har qanday joydan foydalanish zarur.

Ekotizimning jinoyatchilikka qarshi kurashda ham o‘rni beqiyos. Italiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, havosi va suvi ifloslangan shaharlarda elektr energiyasini isrof qilish, jinoyatlar va yo‘r harakati hodisasi qurbonlari soni ko‘pligi kuzatilgan. Masala faqat shaharlarga tegishli emas. Qishloqlar, dalayu yo‘llarda ham daraxtlar ko‘payishi kerak.

Orod dengizining suvi qurigan hududlarida yaratilgan ihota o‘rmonlarining ham ekologiyaga ta’siri beqiyos. Daraxt va butalar tuproq mustahkamligini oshirib, chang-qum ko‘tarilishini kamaytiradi, tuproq va havo tarkibida namlikni ko‘proq ushlab turishga xizmat qiladi.

 

Nima qilish kerak?

Ba’zi bir manzaralarga ko‘zi tushganda ichi achiydi odamning. Suvi bor, imkoni yetarli yerlar ham ba’zida Sahroyi Kabirni eslatadigan holga keladi. Hayhotday tomorqa bo‘m-bo‘sh yoki bir paytlar beda sochilgan-u, hozir qarovsiz, o‘sib, xunuklashib, yerga qapishib yotibdi. O‘sha yerda yaxshigina bog‘ barpo etish yoki dehqonchilik qilish mumkin.

Yuqorida daraxtlarning kamayishi odamlar va shaharlar hayotiga qay darajada ta’sir etishi, turli kasalliklar va jinoyatchilik ortishiga olib borishi haqida to‘xtaldik. Daraxtlarni sababsiz yoki pul ilinjida kesayotganlar shunchaki o‘g‘irlik yoki talonchilikka qo‘l urmayapti, ko‘pchilikning haqqiga, jamiyat haqqiga tajovuz qilyapti. Hatto o‘z mulki bo‘lgan daraxtni arzirli sabab bilan kesayotgan kishi ham uning o‘rniga albatta boshqasini ekishi zarur.

Hozir ko‘klam arafasida turibmiz, urug‘ qadash, nihol o‘tqazishning ayni pallasi. Agar hovlingiz, tomorqangiz, uyingiz atrofida bo‘sh joy bo‘lsa, uni bu yil ham qarovsiz qoldirmang. Ekkan daraxtlaringiz mevasidan yo soyasidan o‘zingiz, bolalaringiz, nevaralaringiz, yaqinlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilar, o‘tgan-ketganlar, kelgusi avlodlar ham bahramand bo‘lsin. Sizni eslab, haqqingizga duolar qilishsin. Hatto nomingiz eslanmasa ham, birov duo qilmasa ham, savobi yozilishi aniq. Chunki siz oddiy ko‘ringan shu ishingiz bilan jamiyat uchun, xalq uchun xizmat qilgan bo‘lasiz.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.