Bolalarga havas qilaman

0
881
marta koʻrilgan.

Bolalik – xayolot olami. Yosh kattarib, bu olamdan uzoqlashib borganing sari u tushga, yetib boʻlmas roʻyoga aylanadi. Bolalikning zavq-shavqli, orzu-hayajonli, betakror va olis xotiralarini entikib-entikib eslaysan. Yer – oʻsha, osmon – oʻsha, faqat sen boshqasan. Bolalikka xayolan sayr qilgan paytlaring qadrdon damlarga birpas qaytganday, olam-olam shodlik bilan chopqillab yurganday boʻlasan, diling tozaradi, iliydi. Koʻnglida bolalik tuygʻularini, begʻubor quvonchlarini asrab qola bilgan odamlar qanday baxtli-ya, deb oʻylaysan beixtiyor.

Bolalarga atalgan asarlarni oʻqiganda ham xuddi shunday kayfiyatni his qilasan, koʻngil yorishib, qadrdon hislar jonlanadi. Bolalar adiblari mana shu qutlugʻ xazinani – samimiy, haroratlari tuygʻularni saqlabgina qolmay, biz oʻquvchilarga saxiylik bilan ulashadi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan ustoz adiblarimizni suhbatga tortib, oʻzlarining bolaliklari va bugungi bolalar haqida soʻradik.

 

Tursunboy Adashboyev:

Odamning bolaligi mundayroq sharoitlarda oʻtsa ham, oʻzi uchun aziz, qadrli. Bolaligida ichgan yovgʻon oshining taʼmini ulgʻaygach topolmaydi, yalangoyoq tuproq kechib yurganidagi zavqini qidirib ovora. Goʻdak uchun olamdagi hamma narsa yangi, shuning uchun hamma narsaga hayrat bilan qaraydi. Koʻrganlari ongiga muhrlanadi. Mening bolaligim haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.

Harflarni taniy boshlagan paytimdanoq adabiyotga mehr qoʻydim. Birinchi sheʼrim oltinchi sinfda oʻqiyotganimda hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida bosilgan. Ana endi, quvonganimni koʻravering! Goʻyo butun olam meniki. Keyinroq oʻylab koʻrsam, tahririyatdagilar menga imtiyoz qilishgan ekan. Ragʻbat boʻlsin, ilhomlanib koʻproq yozsin deyishgan-da.

Bugungi yoshlarga, qarang, qanday imkoniyatlar yaratilgan. Koʻrib faqat havas qilish mumkin. Mana shu imkoniyatlardan unumli foydalangan farzandlarimiz katta-katta yutuqlarga erishyapti, koʻplari dunyo miqyosidagi tanlov va musobaqalarda gʻolib boʻlyapti. Bularni koʻrib, koʻngling toʻladi, diling yayraydi. Oʻzimning bolaligim bilan qiyoslaganda yer bilan osmoncha farq bor. Hozirgi bolalar zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning hadisini olgan. Mana, oʻzimdan misol. Qoʻl telefonimga tushunmay qolsam yo kelgan xatni ocholmay xunob boʻlsam, nevaram jonimga ora kiradi. Zamon bilan hamnafas boʻlgan yoshlar kelajakda boshqa sohalarda ham yetakchi boʻladi deb umid qilaman.

 

Anvar Obidjon:

Yaqinda Fargʻonada “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” festivali boʻlib oʻtdi. Yoshlardagi shijoat, gʻayrat va faollikni koʻrib chin yurakdan quvonadi odam. Bu shior shunchaki emasligi, farzandlarimiz haqiqatan ham buyuk yurtda yashayotgani dalili bu.

Festival doirasida bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdik. Shunda men bir narsani taʼkidladim. Biz oʻqigan maktab eski bir binoda joylashgandi. Qishda oʻquv xonamiz pechka tutuniga toʻlar, yogʻingarchilik paytlari tomidan chakki oʻtib ketardi. Endi hozirgi sharoitni qarang: koʻrkam binolar, jihozlangan fan xonalari, sport zallari, stadionlar… Qaniydi, yoshligim qaytib kelsa-yu, qaytadan mana shu maktablarda, kollej-litseylarda oʻqisam deb oʻylab qolaman.

Bular mustaqillikning, yoshlarga berilayotgan yuksak eʼtiborning samarasi. Eng muhimi ana shu mustaqillikni, yurt tinchligini asrashimiz, bu ishga bor kuchimiz bilan hissa qoʻshishimiz kerak. Xudo xohlasa, hayotimiz bundan-da farovon, kelajagimiz bundan-da yorugʻ boʻladi.

 

Orif Tolib

suhbatlashdi.

 

“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 26 may (№21) sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.