Jurnalist Tolibjon Isroilov bilan suhbat

0
1338
marta koʻrilgan.

“Talabalik – brilliant davrim”

 

Tolibjon Isroilovdan qachon, qayerda tugʻilganini soʻraganimda, “Bilasizmi, Orifjon, tugʻilgan yilimni aytsam, suhbatning qizigʻi qochadi. Inson qancha sirli boʻlsa, shuncha eʼtiborda turadi. Qayerda tugʻilganimga kelsak, men butun Oʻzbekistonnikiman, ogʻa-inilarim, opa-singillarim, hammamiz – bir oila”, deb javob berdi. Tolib akadan tarjimai holiga oid ololgan maʼlumotlarim: ikki karra oliy maʼlumotli, Toshkent davlat madaniyat va sanʼat instituti rejissyorlik fakulteti hamda Toshkent davlat yuridik instituti huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Televideniyeda 1991 yildan boshlab “Talabalik yillarim”, “Gʻazalxon yoshligim”, “Oynai jahonda”, “Bu oqshom… ” koʻrsatuvlarida boshlovchilik qilgan. “Munavvar tong”ni oyoqqa turgʻizishda faol qatnashdi. Hozirda “jonajon maskan” – “Assalom, Oʻzbekiston! ” studiyasining payshanba dasturi boshlovchisi.

 

Tolib aka, inson bolaligida koʻp narsalarni orzu qiladi. Aksariyat bolalar uchuvchi boʻlishni oʻylaydi. Siz kim boʻlishni orzu qilgansiz?

Aktyor boʻlishni orzu qilardim. Yaxshigina ovozim bor edi. Qoʻshiqlarim bilan bir qancha tadbirlar gʻolibi boʻlganman. Sheʼr qoralab turardim, rasm chizardim. Umuman, aktyor barcha sohalarni bilishi kerak, deb oʻylardim. Agar vrach rolini oʻynash kerak boʻlib qolsa, bu sohani bilmasam, qanday tabiiy rol chiqadi, degan oʻy bor edi menda.

Filmda oʻynash orzuligicha qolib ketdimi yoki…

Yoʻq, orzuligicha qolib ketmadi. Yaqinda “Mohinur” hamda “Atirgul” filmlarida rol ijro etdim. Tez orada premyera boʻlib qoladi. Ulugʻbek Otajonov, Dilnoza Ismiyaminova bilan birgalikda filmda qatnashdik.

Ikki oliygohni tugatgansiz, nega huquqshunos boʻlmadingiz?

Sanʼatga, soʻzga boʻlgan muhabbat yoshligimdan oʻziga maftun etib keldi. Sanʼat bayramlarining Respublika bosqichlarida ishtirok etardik. “Sharq yulduzi” ansamblida “Yalala bobo” qoʻshigʻini aytardim. “Quvnoqlar va zukkolar” kabi qator koʻrsatuvlarda qatnashganman.

Talabalik – oltin davrim, deyishadi. Sizda ham shunday boʻlganmi?

Talabalik – brilliant davrim! Hayotimning eng quvonchli, zavq-shavqli yillari talabalik chogʻlarim, desam mubolagʻa boʻlmas.

Deylik, jonli efirdasiz. Yoʻtal kelib qoldi, qattiq yoʻtal. Nima qilasiz?

E, bunaqa paytlar koʻp boʻlgan. Nima qilardim, yurakdan chiqarib yoʻtalib olaman. Agar sizning harakatlaringiz, hatto adashishingiz ham samimiy boʻlsa, yarashib tushaveradi.

Juda koʻp muxlislarga egasiz, xalq nazaridasiz. Buning birinchi sababi nima?

Avvalo, Ollohning nazari boʻlsin. Aytishadi-ku, Xudoning nazari tushmasa, eshak bozorga dallol ham boʻlolmaysan. Yana qattiq mehnat, shaxsiy omad ham kerak.

“Munavvar tong” koʻrsatuvida ham boshlovchi boʻldingiz. Keyin yana “Assalom… ”ga.

Odam oʻziga qadrdon boʻlib qolgan, mehri tushgan kishilaridan uzoqlashgisi kelmas ekan. “Assalom, Oʻzbekiston! ” mening jonajon makonim. Shu bois, koʻplab takliflarni rad etib, “Assalom… ” da qoldim.

Yaqin oradagi rejalaringiz?

Yaqin kunlarda rejalar koʻp. Muxlislarga maʼlum, yaqinda Turkiyada ijodiy safarda boʻlib qaytdim. Aytgan qoʻshiqimga turk birodarlarimiz ham raqsga tushib ketdilar. Men doim aytaman – qoʻshiqni koʻngil uchun kuylayman. . Oʻsha, Ontalil shahrida tasvirga tushirilgan “Oq dengiz kechalari” koʻrsatuviga yana taklif qilishyapti. Yangi yil arafasida safar qilib qolishim mumkin.

Ish faoliyatingizdagi qiziqarli voqealardan aytib bersangiz.

Bunday voqealar juda koʻp boʻlgan. Qay birini aytsam ekan… (oʻylanib). A, esimda bor, “Ish bilganga ming tanga” degan koʻrsatuvni jonli efirda olib borar edim. Qahramonlarimizga besh minut gapirsangiz yetadi, agar koʻpayib ketsa, biror belgi bildiramiz, deb kelishdik. Gapiryati, gapiryati, vaqt tugayapti, toʻxtash yoʻq. Shunda rejissyorimiz soatiga ketma-ket ishora qildi. Mehmonimiz esa birdan gapini toʻxtatib, soatiga qarab, “soat falondan falon minut oʻtdi”, deb vaqtni aytib yuborgan.

Tolib aka, mana, oʻzim ham televideniye hayoti bilan tanishdim, “havosidan nafas oldim”. Aytishim mumkinki, agar oyda bir profilaktika boʻlmasa, dam olish kuni yoʻq.

Toʻgʻri, lekin qiyinchiliklar ichra ijod qilishning oʻzi zavq, orom-da!

Suhbat uchun tashakkur. Soʻngsoʻz oʻrnida “Ovoza” muxlislariga tilaklaringizni izhor qilsangiz.

Avvalo, sogʻlik-salomatlik, tinch-totuvlik boʻlsin. Xalqimiz boy boʻlsin, biz borib toʻylarda, yaxshi kunlarida xizmatda boʻlaylik.

 

Suhbatdosh: Orifjon MADVALIYEV

 

“Zamondosh” gazetasining 2005 yil 10 noyabr (№45) sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.