Og‘ir atletikachining do‘sti ham, raqibi ham – shtanga

0
121
marta ko‘rilgan.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari chempioni Ruslan Nurudinov bilan suhbat

 

Andijonda ko‘plab sport turlari bo‘yicha maktablar shakllangan. Nega aynan og‘ir atletika yo‘nalishini tanlagansiz?

To‘g‘risini aytsam, boshqa ilojim bo‘lmagan.

 

Ie, kimdir majburlab tosh ko‘tartirganmi sizga?

Yo‘q, unday emas. Ikkita akam bor. Ular og‘ir atletika bilan shug‘ullanishardi. Hayotda o‘zing havas qiladigan, ergashadigan kishilar bo‘ladi-ku. Albatta, otam men uchun doimo namuna bo‘lgan. Lekin sport borasida akalarimning ortidan ketganman. Akalarim shug‘ullanayotgan zalga birinchi marta besh-olti yoshlarimda borganman. Ularning og‘ir-og‘ir tosh ko‘tarishlarini ko‘rib, meni hayrat chulg‘ab olgan. O‘n ikki-o‘n uch yoshlardagi akam 70-90 kg toshni bemalol ko‘tarardi. Bu tosh ko‘zimga juda katta ko‘rinardi, nahotki odam shuncha og‘irlikni ko‘tara olsa, deb hayron qolardim. Ana shu paytda men ham og‘ir atletikachi bo‘laman degan maqsadni dilimga tugib qo‘yganman.

 

Sport bilan shug‘ullanayotgan dastlabki paytlarda boshqa sport turiga o‘tib ketish fikri bo‘lganmi? Balki sizni og‘ir atletikadan qaytarishgan hamdir?

Birinchi bo‘lib murabbiyim qaytarganlar. Hayron bo‘lmang, sababi bor. Ikki yildan keyin kelasan, deganlar. Sakkiz yoshimdan mashg‘ulotlarga qatnay boshlaganman. Ilk paytlarda “kaltak” deb ataladigan, toshsiz shtangani ko‘tarib mashq qilganman. Chunki haqiqiy shtanga bilan ishlash bu yoshda mumkin emas. Asta-sekin texnikani o‘rgandim, ikki kilo-ikki kilo tosh qo‘shib ko‘tara boshladim. Oradan ikki yil o‘tgach, chinakam shtanga bilan shug‘ullanishga o‘tdim.

Otam va akalarim qarshi bo‘lishmagan. Ona baribir ona-da, ming xil yo‘l bilan fikrimni o‘zgartirishga urinardi. “Bo‘ying o‘smay qoladi”, “O‘qishing qolib ketyapti”, “O‘rtoqlaring bilan borib futbol o‘ynasang-chi”, “Ko‘chaga chiqib, aylanib kel”, “Bolaliging ham o‘tib ketyapti”… Xullas, shunaqa. Lekin Toshkentga o‘qishga kelganimdan keyin mening eng katta suyanchim, eng katta qo‘llovchim onam bo‘ldilar. “Shu yo‘lni tanlading, endi chekinma, dadil bo‘l”, deb qayta-qayta ta’kidladilar. Hozir ham shu gapni qulog‘imga bot-bot quyib turadilar.

Boshqa sport turiga o‘tish fikri esa mutlaqo bo‘lmagan. Agar og‘ir atletikada omadim chopmaganida, men uchun sport yo‘li tugardi.

 

Shtangachi qanday xususiyatga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?

Kuch va tezlik uyg‘unligi, mushaklarning yaxshi rivojlanishi jismoniy ustunlik beradi. Shtangachi o‘z mushaklarini yaxshi bilishi kerak. Mushaklar oq va qizil bo‘ladi. Qizili – cho‘ziluvchan, oqi – qotuvchan.

 

Qaysi biri yaxshi? Oqimi, qizilimi?

Ikkalasiga ham mos shug‘ullanish usulini topsa bo‘ladi.

 

Sizning mushaklaringiz qaysi turga mansub?

Qiziliga. Bunday mushak tez o‘smaydi, rivojlanishdan erta to‘xtaydi. Lekin tez cho‘zilib, tez o‘z holatiga qayta oladi.

 

 

– Sportchilarning xarakteri tez namoyon bo‘ladi. Masalan, bokschining qiziqqon, xotirjam yoki ayyorligini ringda yaqqol ko‘rish mumkin. Og‘ir atletikachining xarakteri esa ko‘pda sezilavermaydi.

To‘g‘ri. Chunki tosh odamni xotirjam qilib qo‘yadi. Shug‘ullanganingiz sari fikringiz jamlanib boradi. Jahlga qancha erk bersangiz, tosh shuncha bo‘ysunmaydi.

 

Ko‘plab sport turlarida sportchilar raqiblarining imkoniyatlarini oldindan yaxshilab o‘rganadi. Ularning kuchli va zaif jihatlariga qarab tayyorgarlik ko‘radi. Siz ham shunday yo‘l tutasizmi?

Albatta, raqibga e’tibor beriladi. Lekin og‘ir atletikachi uchun asosiy raqib – shtanga. Tosh bir paytning o‘zida do‘st ham. Musobaqa paytida raqibga qarab toshga buyurtma beriladi. Lekin shtangani ko‘tara olmasang, eng zaif raqibni ham yenga olmaysan. Shu bois mashg‘ulotlar paytida asosiy diqqatni shtangaga qaratamiz.

 

Necha kilogramli toshga buyurtma berish, raqibning harakatiga munosib javob qaytarish uchun ham puxta strategiya kerak. Bunday holatlarda qanday qaror qabul qilasiz yoki murabbiy nimani buyursa, shuni bajarasizmi?

Kelishgan holda harakat qilamiz. Masalan, sahnaga chiqqunimcha shug‘ullanib turaman. O‘z navbatim kelguncha asta-sekin og‘irlik qo‘shib, tosh ko‘tarib turaman. Ikki-uch daqiqa qolganda dam olaman. Badan qizib turadi, belni sovitib qo‘ymaslik uchun sochiqqa o‘ralib turaman. Murabbiyim kelib, “Ruslan, raqibing 180 kilo ko‘tardi, 182 kilo ko‘tara olasanmi?” deydi. Men ahvolim yaxshi bo‘lsa, “183 kilo buyurtma bera qolaylik, o‘zimni yaxshi his qilyapman”, deyman. Shunday ishlaymiz. Shtangachilar sahnaga chiqquncha xato tayyorgarlik ko‘rib yoki yanglish kilogramga buyurtma berib yutqazib qo‘ygan holatlar juda ko‘p.

 

2012 yilgi London Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin tez orada o‘zingizni ko‘rsata oldingiz. Olimpiadadan keyin og‘ir tushkunlikni boshdan kechirganingiz aniq. Jismoniy-ruhiy tiklanishga nimalar ko‘mak berdi?

To‘g‘risi, besh-olti oycha tushkun yurdim. Lekin bu ruhiy tushkunlik emasdi. O‘z ichimga qamalib oldim-da, qayerda adashdim, nima kamchiligim bor, qanday ishlashim kerak, degan savollarga javob izladim. Murabbiy sizni shug‘ullantiradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, kerak bo‘lsa, qachon hojatga borishingniyam nazorat qiladi. Lekin ko‘p vaqt o‘zing bilan o‘zing qolasan. O‘zingga o‘zing ishlov bermasang, shtangadan qo‘rqib tursang, hech narsaga erishmaysan. Murabbiying qancha urinmasin, biror natijaga erishish qiyin.

“Nimaga yutqazdim?” deb o‘zimga qayta-qayta savol berdim. Chunki men musobaqaga tayyor edim. Mashg‘ulotlarda natijalarim dast ko‘tarish – 199 kilo, siltab ko‘tarish – 235 kilo edi. Olimpiadada 184 kilo ga 221 kilo bo‘ldi. Farqni qarang! Bu keraksiz hayajon, ortiqcha ishonchning oqibati edi.

 

Musobaqalarga alohida ruhiy tayyorgarlik ko‘rasizmi? Bu borada ham kimdir murabbiylik qiladimi? Maqolalar, suhbatlardan o‘qib bilganmiz, qaysidir sportchi musobaqadan oldin meditatsiyaga kiradi, kimdir qandaydir irimlar qiladi. Sizda bu jarayon qanday kechadi?

Har qanday musobaqaga faqat pok niyat va ixlos bilan boraman. Xudodan so‘rayman, iltijo qilaman. O‘zimni jamlashga harakat qilaman. Deylik, maydonga chiqyapman, tezda bo‘shashim kerak, bosh har qanday o‘y-fikrdan xoli turishi zarur. Faqat bitta savol ko‘ndalang bo‘lishi lozim: qanday ko‘taraman? Toshni ko‘tarib, pastga tashlamaguncha na murabbiyni, na yaqinlarimni, na tomoshabinni – hech kimni ko‘rmayman.

 

Rio-2016 Olimpiadasida barchamizni xursand qilib, eng yuqori pog‘onaga ko‘tarila oldingiz. Bunga nimalar asos bo‘ldi?

Bu safar ruhiy tayyorgarligim yuqori edi. Oldingi xatolardan kerakli saboq chiqargandim. Londonga “Men chempionman! Chempion bo‘lishim aniq!” degan kayfiyatda ketgan bo‘lsam, bu gal imkoniyatlarimga ishonsam-da, “Ruslan, katta ketma! Ishon, lekin ishonchingni oshkor qilma. Oldin natijaga erish, keyin o‘zingni bemalol qo‘ysang bo‘laveradi”, deb o‘zimga o‘zim tez-tez eslatib turdim. Boshqalar: “Ruslan, bu ko‘rsatkich bilan sen albatta g‘olib bo‘lasan!” desa ham, “To‘xtanglar. Oldin boray, o‘zimni ko‘rsatay, keyin, mayli, gapiringlar”, deya javob qildim. Hatto murabbiyning qanoati ham menga xotirjamlik bermadi. Musobaqadan oldingi mashg‘ulotlarda 200 kiloga 240 kilo ko‘rsatkichga erishdim. Olimpiadada esa 190 kiloga 237 kilo ko‘tardim. Natijalar baribir farq qildi. Mashg‘ulotda 240 kiloni juda oson ko‘tara olgandim.

 

G‘olib bo‘lgandan keyingi his-hayajonlar haqida ham gapirsangiz…

Toshni tashlagach, ichimdan ulkan bir quvonch ko‘tarilib keldi. “Xayriyat, eng katta imtihondan o‘tdim”, degan fikrdan yayradim. Chunki sportchi uchun eng yuksak musobaqa Olimpiada sanaladi. Jahon chempionatlari ham Olimpiya cho‘qqisi sari bir bosqich. Sahnada turarkanman, qarshimdagi, yon-atrofimdagi birorta odamni ko‘rmadim. Sahnadan tushgach, sal hayajonim bosildi. Lekin to‘p bo‘lib turgan, g‘alabamni nishonlayotgan delegatsiyamiz a’zolarini ko‘rgach, meni cheksiz quvonch yana chulg‘ab oldi.

 

Sportchilarning muntazam amal qiladigan kun tartibi, hayot tarzi bo‘ladi. Sizda qanday? Kuningiz qanday o‘tadi? Qanday dam olasiz? Qanaqa ovqatlanasiz?

Biz yil bo‘yi mashg‘ulotda bo‘lamiz, qat’iy kun tartibiga amal qilamiz. Ertalab 7:30 da turib, kech soat 11 da uxlaymiz. Kunga qarab bir, ikki yoki uch mahal mashg‘ulot o‘tkazamiz. Kunduz soat bir yarim-ikkidan soat to‘rtgacha dam olish soati. Chunki ikkinchi mashg‘ulotga kuch yig‘ib olish kerak. Ovqatlanish vaqtlari ham qat’iy. Oshxonada hamma bir paytda ovqatlanadi.

Milliy taomlarimizni xush ko‘raman. Bir kun – osh, bir kun – norin, bir kun – somsa. Sho‘rvani ham yoqtiraman. Uzoq davlatlarga musobaqalarga borganda, iloji yo‘q, sabr qilaman. Og‘ir atletikachi kaloriyali ovqatlar yeyishi kerak. Mushaklarni qotiradigan yoki unga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yeguliklar mumkin emas. Yaxshiyamki, o‘zbek taomlari orasida bundaylari yo‘q (kuladi).

 

Badiiy asarlar ham o‘qib turasizmi? Kimning yozganlari sizga ko‘proq ma’qul bo‘lgan? So‘nggi o‘qigan kitobingiz qaysi?

Tarixiy kitoblarni ko‘p o‘qiyman. Ular menga ilhom beradi, dunyoqarashimni kengaytiradi. Qayerga borsam, o‘sha yerning tarixini yaxshiroq o‘rganishga harakat qilaman. Tarix kitoblarida urushlar haqida ham yoziladi. Urushni yomon ko‘raman. Tinch yurtda tug‘ilib, tinchliksevar odamlar orasida ulg‘ayganim uchun eng qadrli ne’mat tinchlik-osoyishtalik ekani kitob o‘qiyotganimda ham xayolimdan ketmaydi.

So‘nggi marta o‘qigan badiiy kitobim – Pushkinning “Pugachyov tarixi” asari. O‘zi, bu shoir ijodini juda sevib mutolaa qilaman. Deyarli hamma asarini o‘qiganman, desam ham bo‘ladi.

 

Bugun siz katta muvaffaqiyatlarga erishgan, mashhur sportchisiz. Oldingizda turgan bundan-da kattaroq rejalar haqida gapirsangiz.

Ikki karra yoki uch karra Olimpiya chempioni bo‘lish hech kimga ortiqchalik qilmaydi. Kelgusi Olimpiadada ham g‘alaba qozonishni niyat qilganman. Garchi o‘zbek og‘ir atletikasi tarixida birinchi jahon chempioni, birinchi Olimpiya chempioni degan sharafga erishgan bo‘lsam-da, bu natijalar meni qanoatlantirmaydi. Osiyo o‘yinlari chempionligini ham qo‘lga kiritsam, to‘la medallar shodasiga ega bo‘laman. Kuni kelib, jahon darajasidagi afsonaviy og‘ir atletikachiga aylanarman. Maqsadim shu: imkoniyatlardan samarali foydalanib, yangi-yangi yutuqlarga erishish.

 

Istaysizmi-yo‘qmi, vaqti kelib professional sportni tark etasiz. Undan keyin nima bilan shug‘ullanishni hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Yo‘q, o‘ylab ko‘rmaganman. O‘ylaganingiz – o‘sha tomonga qadam tashlaganingiz. Bir paytlar zal ochishni rejalashtirgandim. Bu fikrdan hozircha voz kechganman. Sportchi asosiy maqsaddan uzoqlashmasligi kerak. Hech nimaga chalg‘imasligi zarur. Ba’zilar: “Davring keldi, bor, biznes qil, pul top!” deb o‘zicha maslahat beradi. Men bunday gap-so‘zlarga mutlaqo quloq tutmayman. To‘g‘ri, oilamga yordam beryapman, akalarimning biznesini qo‘llab-quvvatlab turibman. Lekin o‘zim faqat sport bilan mashg‘ulman. Menga sportdan topganim yetadi. Ortig‘i kerak emas.

 

Bugun og‘ir atletika bilan shug‘ullanuvchilar sezilarli ko‘paydi. Bunga siz va siz kabi sportchilarning erishayotgan muvaffaqiyatlari ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Og‘ir atletikaga kirib kelayotgan yoshlar, o‘smirlarga qanday tavsiyalar berasiz?

Og‘ir atletika bilan shug‘ullanuvchilar soni ko‘payganiga, avvalo, davlatimizning yuksak e’tibori sabab. Men sportga qadam qo‘ygan davrdagi shart-sharoit bilan hozirgisi o‘rtasida juda katta farq bor. Bugungi yoshlar hamma imkoniyatga ega. Sport zallariga eng zamonaviy jihozlar o‘rnatilgan. Shtangalarimiz deyarli har yili yangilanadi. Eskirishga ham ulgurmaydi. Toshkentda xalqaro chempionatlar o‘tkazilyapti. Musobaqadan keyin yangi toshlar tarqatiladi. Chekka-chekka qishloqlardagi zallarda ham og‘ir atletika jihozlari yoshlar uchun muhayyo. Endi ana shu sharoitdan, imkoniyatdan unumli foydalanish kerak. Turli bahonalar, erinchoqlik, o‘z iste’dodiga mas’uliyatsizlik yaramaydi. Ishtiyoq, qiziqish bo‘lmasa, sportga qadam qo‘ymagan ma’qul.

 

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bir guruh sportchilarga davlatimizning yuksak mukofotlarini shaxsan topshirdilar. Ular safida siz ham bor edingiz…

Og‘ir atletikachilar tabiatan hayajonsiz bo‘ladi, tez ta’sirlanib ketavermaydi. Prezidentimiz gapirayotgan paytda ich-ichimdan ruhlanib, ilhomlanib o‘tirdim. Bu uchrashuvdan juda katta taassurot oldim, kuchimga kuch, ishonchimga ishonch qo‘shildi.

Sportga Birinchi Prezidentimiz katta e’tibor qaratgan edilar. Bugun bu g‘amxo‘rlik yanada ortdi. Ko‘rsatilayotgan e’tibor, bildirilayotgan ishonch uchun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ishonchlarini albatta oqlayman. Yangi-yangi g‘alabalar bilan sportimiz rivojiga hissa qo‘shaman.

 

Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

 

 

Orif Tolib

suhbatlashdi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 4-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.