Orolni asrash – umumiy muammo

0
1269
marta koʻrilgan.

Markaziy Osiyo davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK) suv resurlaridan unumli foydalanish va himoyalash, ularni boshqarish muammolarini hal etish maqsadida 1992 yil 18 fevralda Olmaota shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari kelishuviga asosan tashkil topgan. Komissiya oʻz faoliyatini tenglik, odillik va oʻzaro fikr almashish asosida olib boradi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 1993 yil 23 martdagi qaroriga asosan, DSXMK va uning boʻlimlari Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tarkibiga kiradi va xalqaro tashkilot maqomiga ega. Komissiya zimmasiga suv resurslari taqsimotini tashkillashtirish hamda suv berish va suv oʻtkazish grafiklari, suv sifati boʻyicha qabul qilingan qarorlarni zudlik bilan amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.

25 yillik tajribaga ega Komissiyaning Ilmiy-axborot markazi sohaga oid maʼlumot va axborotlarni yigʻish, tahlil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, uni keng jamoatchilikka yetkazish kabi vazifalarni bajaradi. Ushbu ilmiy-axborot markazida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar bilan qurgan suhbatimiz Markaziy Osiyo mintaqasining eng ogʻriqli masalalaridan biri – suv muammosi haqida boʻldi. Bu muammo oddiy kishining turmush tarzidan tortib butun bir mamlakatning taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi. Yosh olimlarning kuzatishlari, takliflari va kuyunchaklik bilan bildirgan takliflari sizni ham befarq qoldirmaydi, deb umid qilamiz.

 

Maʼlumki, oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab Orol dengizining sathi keskin pasaya boshladi. 80-yillarga kelib bu masala muhokamaga tashlandi, 80-yillar oxirida qizgʻin bahs-munozaralar olib borildi. Lekin, afsuski, muhokamayu bosh qotirishlarning foydasi boʻlmadi. Dengiz qurishda davom etaverdi. Buning yechimi haqiqatan ham yoʻqmidi yoki kerakli tadbirlar koʻrilmadimi?

 

Shavkat Kenjabayev:

Agar raqamlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, 1960 yilgacha Orolning suv yuzasi maydoni 66 ming kvadrat kilometr, umumiy suv hajmi 1062 kilometr kub va minerallashuvi litriga 10 gramm edi. Dengizning oʻrtacha chuqurligi 15 metr, eng chuqur nuqtasi 68 metrgacha va Boltiq dengiziga nisbatan absolyut balandligi – 53 metr boʻlgan. Oʻsha davrlarda dinamik meʼyor ushlab turilgan. Yaʼni yiliga 60 kilometr kub suv bugʻlansa, uning oʻrniga yogʻingarchiliklardan 6,6 kilometr kub, Sirdaryo va Amudaryodan 53,4 kilometr kub suv quyilgan. Keyingi yillarda 7,9 million gektar choʻl va adirlar oʻzlashtirildi, daryolardan olinadigan suv hajmi 63 kilometr kubdan 117 kilometr kubgacha oshdi.

Bunda 60-yillardan to 2010 yilgacha Orol dengizi havzasining aholisi qariyb 3.5 baravarga oshgani va oʻsayotgan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida ishlab chiqarish hajmi va YAIM mos ravishda 5 baravar ortganini ham inobatga olish kerak. Dengizda suv hajmini avvalgi oʻlchamlariga yetkazishning yechimi sifatida 80-90-yillarda ikkita manbadan suv olib kelish koʻrib chiqilgan. Birinchisi – Kaspiy dengizidan (absolyut balandligi – 20 metr) shoʻr suvni nasos kaskadlari yordamida 130 metr gipsometrik balandlikka koʻtarib, Ustyurt platosi orqali 600-700 kilometr uzunlikdagi kanal orqali olib kelish boʻlsa, ikkinchisi – Sibirning Ob va Irtish daryolari suvini qariyb 1500 kilometrlik kanal tizimi orqali keltirish boʻlgan. Birinchi usulda suvning shoʻrlanganlik darajasi yiliga 1-2 foizga ortib, dengiz hayotsiz bugʻlatgichga aylanishi ehtimoli yuqori edi. Har ikkala yechimda ham juda katta mablagʻ va vaqt talab qilinar, buning ustiga 90-yillarga kelib sobiq Ittifoq parchalandi va rejani amalga oshirish imkonini bermadi.

Hozirga kelib Orol dengizini avvalgi holiga tiklash mushkul, lekin Markaziy Osiyo davlatlari hamjihatlikda Orolboʻyi hududida ekologik holatni saqlash, qurigan dengiz tubidan uchayotgan tuzlarni ihota daraxtzorlari hamda butazorlar barpo etish yoʻli bilan kamaytirish, suv tejovchi sugʻorish usullarini qoʻllab, Orolga tushayotgan suvni oshirish, jilla qursa, barqaror ushlab turishga erishish mumkin.

 

Gʻulomjon Umirzoqov:

Bundan tashqari, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun daryolarning yuqori qismlarida suv omborlari va toʻgʻonlar qurildi. Orol dengizining suvga ehtiyoji hisobga olinmadi. Natijada unga yetib boradigan suv hajmi 60 kilometr kub oʻrniga 9-12 kilometr kub boʻlib qoldi.

Dengiz suvining shoʻrlanganlik darajasi 5-6 martagacha ortib, qurigan dengiz oʻrnida hosil boʻlgan Orolqum sahrosi maydoni 5,5 million gektarga yetdi, undan har yili qariyb million tonnalab qum-chang va zaharli tuzlar atmosferaga, Orolboʻyi mintaqalariga tarqalyapti.

Orol dengizining qurishi dastlabki paytlardayoq ilmiy jamoatchilikni tashvishga solgan. Lekin shoʻro siyosati bu muammoga deyarli eʼtibor qaratmagan. Asosiy maqsad yer maydonini kengaytirib, paxta hosili olish boʻlgan.

 

Komissiya saytidagi maʼlumotga koʻra, davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi 1992 yili tashkil etilgan ekan. U bugunga qadar qanday amaliy ishlarni bajardi?

 

Shavkat Yoqubov:

Komissiya bajargan eng katta ishlardan biri sobiq Ittifoq parchalanib, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil siyosat yuritishni boshlagan, suv muammosi keskin va jiddiy masalaga aylangan bir paytda barcha tushunmovchilik va kelishmovchiliklarni tinchlik yoʻli bilan hal etishga hissa qoʻshish boʻldi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida suv taqsimotiga kelishib olindi. Tashkilot bugungacha bu borada izchil ishlarni amalga oshirib kelyapti.

Endi bevosita ilmiy-axborot markazi haqida toʻxtalsak. Markaz ayni damda beshta Markaziy Osiy mamlakatlarining suv xoʻjaligi sohasidagi ilmiy va loyiha tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda filiallariga ega. Ular ilmiy va axborot maʼlumotlari almashinuvini davlat miqyosida tashkil etadi.

 

Odilbek Eshchanov:

Markazimiz DSXMK ning ijroiya organi sifatida faoliyat yuritishi bilan birga shu kungacha bir qator milliy va davlatlararo loyihalarda qatnashgan. Suv xoʻjaligi soha xodimlarini oʻqitish va malakasini oshirish, xalqaro anjumanlarda qatnashish, ilmiy izlanishlar olib borish kabilar faoliyat yoʻnalishimizga kiradi. Bundan tashqari, sohaga oid ilmiy-amaliy ishlar bilan shugʻullanamiz. Jumladan, “Transchegaraviy daryolar (Ugam, Aspar va Isfara) boʻyicha suv hamkorligi” loyihasida geografik axborot tizimi (GAT) va masofadan boshqaruv texnologiyalari asosida uchta daryo havzasining joylashuv maʼlumotlari, ob-havo, suv xoʻjaligi, ekologik va iqtisodiy koʻrsatkichlari boʻyicha kuzatuv hamda tahliliy baholash ishlari olib borildi. Keyingi oʻn yillar mobaynida GAT texnologiyasi boʻyicha bir necha yosh mutaxassislarimiz xorijda mukammal bilimga ega boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlarida suv xoʻjaligi mutaxassislari malakasini oshirish bilan ham shugʻullanib kelyapti.

Bajarilgan ishlarni sanab chiqadigan boʻlsak, roʻyxatni juda uzoq davom ettirish mumkin. Davra suhbati imkoniyatidan kelib chiqib, ayrimlarini taʼkidlab oʻtdik, xolos.

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oldingi raisi Pan Gi Mun ham, yangi rais Antoniu Guterrish ham Markaziy Osiyoga tashrifi davomida Orol dengizi manzaralari, real holat bilan tanishdi. Tashrifning biz uchun, mintaqa davlatlari uchun foydasi boʻl(a)dimi?

 

Odilbek Eshchanov:

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 2010 yil aprelida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Orolboʻyiga borib, ekologik fojia asoratlarini yoʻq qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan edi. Tashrif samarasi oʻlaroq 2013–2016 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik qilgan Oʻzbekiston tomonidan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolboʻyida ekotizimlar halokatining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” taklif etilib, BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasida qabul qilindi va Bosh Kotibning shaxsan qoʻllab-quvvatlashi bilan 2013 yil 16 sentyabrda ushbu dastur rasmiy hujjat sifatida tarqatildi.

2014 yil oktyabrida Urganch shahrida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada BMT, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliyaviy institutlar vakillari, 26 mamlakatdan kelgan olimlar va tahlilchilar qatnashdi. Orol havzasidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlik qilishga bagʻishlangan ushbu anjuman natijasida milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy hajmi 3,2 milliard AQSH dollaridan koʻproq shartnoma va bitimlar imzolandi.

Orol havzasidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish boʻyicha BMT va Oʻzbekiston hamkorligi davom etmoqda.

 

Orol dengizini qutqarish, mintaqadagi ahvolni yaxshilashning eng samaralari usullari sifatida nimalarni sanay olasiz? Bu borada nimalar qilish kerak?

 

Gʻulomjon Umirzoqov:

Nazariy jihatdan hisob-kitob qilib koʻraylik. Agar hozir Orol dengiziga 60-yillardagi kabi har yili 60 kilometr kub suv quyilgan taqdirda ham, bugʻlanishni hisobga olmaganda, dengiz toʻlishi uchun 17-18 yil kerak boʻladi. Lekin bugʻlanishni toʻxtatishning iloji yoʻq. Shuncha payt ishlagan qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini toʻxtatib, 3-4 million gektarga yaqin yerni sugʻormay turish ham imkonsiz. 60-yillarda ham har yili dengizdan 60 kilometr kub suv bugʻlangan. Mintaqadan olisdagi daryo va suv havzalaridan suv keltirish esa juda katta, imkon doirasidan tashqaridagi mablagʻni talab etadi. Bundan tashqari, suv bergan mamlakatlar keyinchalik bu vaziyatdan geosiyosiy maqsadlarda foydalanishi, eng zarur paytda suvni toʻxtatib qoʻyishi ham mumkin. Agar Afgʻoniston ham suvga boʻlgan huquqidan toʻla foydalanishni boshlasa, suv muammosi yanada chuqurlashadi. Shuning uchun asosiy eʼtiborni mavjud holatni saqlab qolish va sharoitni yaxshilashga qaratish zarur.

 

Shavkat Kenjabayev:

Avvalo, aholida suvga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish zarur. Bu ishni birinchi oʻrinda oiladan, mahalla-koʻydan, taʼlim muassasalaridan boshlash zarur. Bola oiladayoq suvni tejab ishlatishga oʻrganishi kerak. Keksalarning: “Suvga supurma, suvga tupurma”, degan gapi bot-bot quloqqa chalinadi. Balki shu mazmundagi maqollarni toʻplab, mahallalar uchun targʻibot dasturlari ishlab chiqish lozimdir. Albatta, faqat pand-nasihat bilan yuqori natijaga erishib boʻlmaydi. Avvalo, kattalarning oʻzi oʻrnak koʻrsatishi kerak.

Qurʼoni karim va hadisi shariflarda ham suvni isrof qilmaslik haqida aytib oʻtilgan. Bu neʼmatning muqaddas va moʻtabarligini har birimiz chin dildan his qilishimiz shart.

 

Odilbek Eshchanov:

Afsus, rejali tarzda na maktabda, na kollej-litseyda, na oliy oʻquv yurtida suv tabarruk ekani, uni asrab-avaylash, ardoqlash, tejash zarurligi haqida oʻrgatiladi. Bu masalani oʻquv dasturlariga kiritish kerak. Suvni tejashga oid taʼsirchan multfilmlar, hujjatli filmlar va kitoblar yaratilishi zarur. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emas. Odamlarda suvni tejash madaniyatini shakllantirmay turib, katta natijalarga erishib boʻlmaydi. Shu sababli suvning tozaligi va unga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish uchun barchamiz kurashishimiz zarur.

 

Sherzod Moʻminov:

Bundan tashqari, ushbu yoʻnalishda faoliyat olib boradigan yosh olimlarning boshini birlashtiradigan, ularning ilmiy izlanishlarini jamlab, umumlashtirib, amaliyotga tatbiq etadigan uyushma tuzish ham faqat foyda beradi.

Yuqorida sanab oʻtilgan muammolar ilmiy tadqiqot va targʻibot bilan bogʻliq ishlar. Orol fojiasi asoratlarini kamaytirish, vaziyatni oʻnglashda mintaqadagi davlatlarning yakdilligi eng muhim oʻrin tutadi. Xalqaro hamjamiyat va tashkilotlarning koʻmagi ham belgilangan loyihalarni tez va keng miqyosda amalga oshirishga yordam beradi.

 

– Xabaringiz boʻlsa, yaqinda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida Yosh olimlar assotsiatsiyasi tashkil etildi. U aynan yosh olimlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan, ularga amaliy koʻmak beradigan tuzilma boʻladi. Ana shu uyushma bilan faol hamkorlik olib borish har tomonlama foydali boʻladi, menimcha.

 

Shavkat Kenjabayev:

Bu biz uchun yaxshi yangilik boʻldi. Agar Assotsiatsiya yosh olimlarga haqiqatan ham koʻmak qoʻlini choʻzsa, ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga hamisha tayyormiz. Bu nafaqat irrigatsiya yoki melioratsiya sohasidagi, balki turli sohalardagi yoshlarning intilish va harakatlariga kuch berishi mumkin. Turmushda yoki fanda yuzaga kelgan muammolar koʻpincha bitta soha doirasida hal qilinmaydi. Kompleks yondashuvni talab etadi. Muammoning siz tushunmagan qirrasini boshqa bir olim aniqlab, tushuntirib berishi mumkin. Shu maʼnoda, yangi Assotsiatsiya yosh olimlar faoliyatidagi boʻshliqni toʻldiradi, deb umid qilamiz.

 

Orol muammosi qishloq xoʻjaligiga yangicha nazar bilan qarashimizga, iloji boricha suvni kamroq talab qiladigan ekinlarni koʻpaytirishimizga undamaydimi?

 

Shavkat Kenjabayev:

Albatta undaydi. Respublikamiz agrar sektorida bu borada katta islohotlar amalga oshirilyapti. Jumladan, koʻp suv talab qiladigan, kam hosil beradigan xoʻjaliklarda paxta va gʻalla maydonlari kamaytirilib, ularning oʻrniga meva-sabzavot, poliz ekinlari ekilyapti. Mevali ekinlarni tomchilatib sugʻorish targʻib etilib, suvni tejagan fermerlarga imtiyozlar berilyapti. Bundan tashqari, lalmi yerlardan ham samarali foydalanish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yili viloyatlarga tashrifi chogʻida kovulchilikni rivojlantirish, yongʻoq ekiladigan maydonlarni kengaytirish, shoʻr va sizot suvlar yaqin yerlarga qizilmiya ekish toʻgʻrisida gapirib oʻtdilar. Bundan tashqari, soʻnggi ikki-uch yil ichida mosh ekish va eksport qilishga katta eʼtibor berilyapti. Bu kabi chora-tadbirlar qishloq xoʻjaligi ekinlariga ketadigan solishtirma suv sarfi kamayishiga, yerlarning meliorativ holati yaxshilanishiga olib keladi.

 

Sherzod Moʻminov:

Oʻzim iqtisodchi boʻlganim uchun masalaning iqtisodiy tomonlariga koʻproq eʼtibor qaratmoqchiman. Har qanday jiddiy muammoning zaminida iqtisodiy asos yotadi. Orol muammosini butkul hal qilishning imkoni yoʻqligi koʻp bor taʼkidlangan. Bunga birinchi oʻrinda ulkan hajmdagi mablagʻ masalasi toʻsqinlik qiladi. Lekin hozirgi holatni ushlab turish, tabiiy sharoitni oʻnglash mumkin.

Iqlimshunoslarning fikricha, kelajakda mintaqamizda iqlim oʻzgarishi jaryonlari va suv tanqisligi kuchayadi. Bu esa mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuv va islohotlarni talab etadi.

Fikrimizcha, bu yondashuv kelajakda qishloq xoʻjaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish, yaʼni oqilona va samarali joylashtirishdir. Bu masala “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi”da ham oʻz aksini topgan.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish, bizning fikrimizcha, ikkita ssenariyda amalga oshirilishi kerak. Birinchi ssenariy oziq-ovqat havfsizligini taʼminlash, ikkinchi ssenariy eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni tashkil etish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini aholi daromadini oshirishni koʻzlab joylashtirish.

Ikki ssenariyda ham asosiy eʼtibor qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish jarayoniga innovatsion energiya, resurslar va suvni tejaydigan texnologiyalardan keng joriy etishga qaratilishi lozim.

Maʼlumki, bugungi kunda nasos bilan sugʻoriladigan maydonlarda paxta va gʻalla yetishtirilmoqda. Bu esa, nasoslardan foydalanish va elektr energiya uchun davlat tomonidan katta xarajatlar qilinishiga sabab boʻlmoqda. Shu nuqtai nazardan, birinchi navbatda innovatsion energiya, resurlar va suvni tejaydigan texnologiyalarini nasos bilan sugʻoriladigan ekin maydonlarda joriy etish maqsadga muvofiq, bu esa elektr energiya uchun xarajatlar tejalishiga olib keladi. Ushbu ekin maydonlarida paxta va gʻalla oʻrniga daromadli, eksportbop ekinlarni – meva-sabzavot, pista, yongʻoq va boshqalarni ekish lozim.

Qishloq xoʻjaligida eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni tashkil etishda mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkoni yaratilibgina qolmasdan, eksportdan tushadigan mablagʻni yangi texnologiyalarni joriy etishga sarflash imkoniyati tugʻiladi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni rivojlantirish zarur. Bu sohani modernizatsiya qilish bilan birga neft-gaz sanoati tarmogʻini rivojlanishiga ham turtki beradi. Misol uchun, tomchilatib sugʻorish tizimi uchun zarur boʻlgan polimer granula “Shoʻrtangaz” majmuasi yoki uning boʻlimlarida ishlab chiqariladi. Demak, biz suvni tejaydigan texnologiyalar qoʻllaniladigan maydonlarni qanchalik kengaytirsak, bunday uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar soni koʻpayadi. Suv tejalishi bilan birga yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi va aholining turmush farovonligi oshadi.

 

– Qoʻshni davlatlarda qurilayotgan yangi GESlar suv zaxiralariga qay darajada taʼsir koʻrsatadi? Bu muammoni ijobiy va koʻp tomonlama manfaatli hal etishda ushbu Koordinatsion komissiyaning hissasi bormi?

 

Odilbek Eshchanov:

Albatta. Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar aʼzo davlatlar tomonidan bajarilishi shart sanaladi. Har chorak uchun suvdan foydalanish limitlari belgilanadi. Unga deyarli barcha amal qiladi. Eng koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻladigan masala – suv omborlaridir. Suv omborlari ikki xil – irrigatsiya yoki energetika rejimida ishlashi mumkin. Misol uchun eng koʻp munozaraga sabab boʻlgan Rogʻun GESini olaylik. Xabaringiz bor, uning qurilishi sobiq sovet davrida boshlangan. Ittifoq parchalangach, loyihani moliyalashtirish toʻxtab qoldi. Tojikiston iqtisodiy jihatdan oʻzini tiklab olguncha ham maʼlum vaqt oʻtdi.

Tojikiston ham, Qirgʻiziston ham geografik jihatdan gidroenergetik resurslardan foydalanish uchun qulay hisoblanadi. Ikkala davlatda ham daryolarning 75 foiz suvi yigʻiladi. Dehqonchilik uchun maʼlum miqdordagi suvni ishlata oladi, xolos. Biroq energetika uchun katta hajmdagi suv talab etiladi. Oʻzbekiston bu inshootga GESning seysmologik jihatdan xavfsizligini asoslash va irrigatsion rejimda ishlashini taʼminlash, loyihani xalqaro ekspertizadan oʻtkazish talabini qoʻygan. Xalqaro huquq meʼyorlariga koʻra, transchegaraviy daryolardan foydalanishda qoʻshni davlatlar manfaatlari hisobga olinishi zarur. Dastlabki davrda Tojikiston ushbu GES qurilishi masalasida qoʻshni mamlakatlar bilan hisoblashishni istamadi. Natijada bahs-munozaralar avj oldi.

Hozirgi paytda yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatda boʻlish, ular bilan keng hamkorlik qilish siyosati olib borilyapti. Bu esa suv masalasida ham, boshqa masalalarda ham oʻzaro manfaatli kelishuvlarga asos boʻladi, deb oʻylayman.

 

– Orol faqat Oʻzbekistonning dardi emas, u butun Markaziy Osiyo davlatlari hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi muammo. Bu muammoni hal etishda boshqa davlatlar qanday saʼy-harakat koʻrsatyapti? Oʻzaro jipslik, hamjihatlik bormi? Ochigʻi, bu masalada koʻproq Oʻzbekiston jon kuydirayotganday tuyuladi…

 

Shavkat Kenjabayev:

Orol dardiga birgina davlatning saʼy-harakati bilan malham topib boʻlmaydi. 1986 yilga kelib, dengiz bir-biridan ajralgan Janubiy (Katta) Orol va Shimoliy (Kichik) Orolga boʻlinib qoldi. 2007 yili esa Janubiy Orolning oʻzi ham Sharqiy va Gʻarbiy qismlarga ajraldi. Bu yerda suvning shoʻrlanishi haddan ziyod ortib, baliq zoti qirilib ketdi, ayrim turdagi qisqichbaqalargina yashab qoldi.

Orolni qutqarish borasida nafaqat Oʻzbekiston, balki Qozogʻiston ham yelkama-yelka ish olib boryapti. Shimoliy Orolni tiklash, u yerda baliqchilikni qayta yoʻlga qoʻyish, turizmni rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarni misol qilib keltirish mumkin.

 

Shavkat Yoqubov:

Afsuski, transchegaraviy daryolarining yuqori qismida joylashgan davlatlar bu borada koʻzga koʻrinarli qadamlarni qoʻygani yoʻq. Biroq bir haqiqatni tushunish zarur: garchi dengiz ularning hududida boʻlmasa-da, havza bitta, mintaqa tabiiy sharoiti, iqlimi oʻzgarishi, qish oylari sovuq shamollar harakati kabi omillar barchaga birdek taʼsir koʻrsatadi.

 

Odilbek Eshchanov:

1993 yil 26 martda Markaziy Osiyo davlatlari – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari rahbarlari hamkorligida Orol dengizi havzasida ekologik inqirozga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tuzildi. Taʼsischi-davlatlar bu jamgʻarmaga galma-gal raislik qiladi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari navbati bilan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Prezidenti etib saylanadi.

2008 yil dekabrdan buyon Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi BMT Bosh assambleyasi va sessiyalari kuzatuvchisi, degan maqomga ega boʻldi.

Jamgʻarma Ijroiya qoʻmitasi Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe, Toshhovuz, Qizil-Oʻrda va Nukus shaharlarida oʻz boʻlimlariga ega.

Shuningdek, Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, Davlatlararo barqaror rivojlantirish komissiyasi, Mintaqaviy gidrologiya markazi, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi GEF agentligi Jamgʻarma tuzilmasi tarkibiga kiradi.

Hozir Orolboʻyida qator loyiha tadbirlari amalga oshirilyapti. Amudaryo deltasida kichik havzalar tashkil qilish, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida chuchuklantiruvchi qurilmalar oʻrnatilgan suv chiqarish inshootlari qurish, yashil ihotazor oʻrmonlar yaratish shular jumlasidan.

Orolboʻyi hududida 740 ming gektarli ihotazor oʻrmonlar barpo etildi, xususan, dengizning qurib qolgan hududida bugun 310 ming gektarli yashil himoya qoʻrgʻoni bor. Bunday maydonlarni kengaytirish ishlari davom etyapti. Ilmiy-axborot markazimiz tomonidan Orol dengizining qurigan hududlarida oʻtkazilgan ekspeditsiyalar natijalariga koʻra, tabiiy koʻpayish hisobiga yana 200 ming gektarga yaqin oʻrmonzor paydo boʻlgan.

 

Hududimizdagi yirik suv havzalaridan biri – Aydarkoʻlning maydoni bugun 3000 kv. km. dan ortiq. 1970-yillarda vujudga kelgan ushbu sunʼiy koʻl maydoni tobora kengayib boryapti. Bu holat atrof-muhit va ekologiyaga taʼsir qilmay qolmasa kerak? Umuman, Orolning qurishi va Aydarkoʻlning kengayishi bilan bogʻliq umumiy masalalar bormi?

 

Odilbek Eshchanov:

Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 1960 yilgacha kichik-kichik shoʻr koʻllardan, botqoqliklardan, yozda suvi qurib, tagida tuz qoladigan alohida sayoz kichik koʻllardan iborat boʻlgan. 1965 yili Chordara suv ombori va Arnasoy gidrouzeli qurilishi tugallangach, ushbu koʻllar tarixida yangi davr boshlandi. Bundan tashqari zovur suvlarining tashlamasi ham koʻpaydi. Natijada suv hajmi 300 million kub metr, suv sathi yuzasi 110 kvadrat kilometrga ortdi.

1969 yil sersuv kelib, 21 kub kilometrdan ortiq suv tashlanishi natijasida Aydar, Tuzkon va Arnasoy koʻllari paydo boʻldi, ularning jami suv sathi 2400 kvadrat kilometrga kengaydi. Keyingi oʻn yillarda suv hajmi ortib, koʻllar bir-biriga qoʻshilib ketdi. 2005 yilga kelib Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi suv sathi yuzasi 3500 kvadrat kilometrdan oshdi.

 

Shavkat Kenjabayev:

Orolning qurishi va Aydar-Arnasoy koʻllarida suvning ortishi bilan bogʻliq uzviy masala – suv. Orolni hozirgi holatda saqlab qolish uchun ham, Aydar-Arnasoy koʻllarida ekologik muhitni va suv minerallashuvi darajasini meʼyorda saqlab turish uchun ham suv talab etiladi. Masalan, agar koʻllarda suv minerallashuvi kerakli koʻrsatkichda ushlab turilmasa, xuddi Oroldagi kabi suv ortiqcha shoʻrlanib, baliqlar qirilib ketishi mumkin. Aydar-Arnasoy ham yopiq koʻl hisoblanadi, suv bilan keladigan tuzlar oqib chiqib ketmaydi. Suv bugʻlanib ketgach, tuzlar koʻl tubiga choʻkadi.

Sunʼiy koʻlning atrof-muhit va ekologiyaga taʼsiriga kelsak, Aydarkoʻlda yangi bir ekomuhit yuzaga keldi. Bu yerga har yili juda koʻp qushlar uchib kelyapti, baliqchilik rivojlanib boryapti, ekoturizm imkoniyati bor.

 

Bu hududning istiqbol xususiyatlari ilmiy-tahliliy oʻrganilganmi?

 

Odilbek Eshchanov:

DSXMK Ilmiy-axborot markazi tomonidan 2011 yil sentyabr – oktyabr oylarida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Fanlar Akademiyasi zoologiya instituti bilan birgalikda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga ilmiy ekspeditsiya tashkil qilingan hamda suv balansi, flora va fauna dunyosini asrab-avaylash va istiqboldagi koʻllar tizimining ekologik holatini yaxshilash yuzasidan takliflar berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 martdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qoʻmitasi huzurida “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Bu hududda baliqchilik rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.

Bundan tashqari, Tuzkon koʻli shifobaxsh balchigʻi bilan mahalliy aholi eʼtiborini qozongan. Kelajakda koʻlning shu xususiyatidan ham unumli foydalanish mumkin.

 

Kun sayin ilm-fan, texnika rivojlanyapti. Yangi innovatsion gʻoyalar, yangiliklar paydo boʻlyapti. Eng soʻnggi zamonaviy kashfiyot, ixtirolar qaysidir maʼnoda Orol dardiga malham boʻla oladimi? Bu jarayonda yosh olimlarimizning oʻrni qanday?

 

Odilbek Eshchanov:

Yuqorida taʼkidlanganidek, Orol dengizini oldingi hajmiga tiklash ancha qiyin masala. Bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari dastlab qabul qilgan hujjatlarda ham qayd etilgan. Eng asosiy vazifa Orolboʻyi hududlarida yashayotgan aholining genofondini saqlash va salomatligini mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish, turmush darajasi va yashash sifatini oshirish uchun zarur iqtisodiy ragʻbat va mexanizmlarni jalb etish, mintaqada ekotizim va bioxilma-xillikni qayta tiklash hisoblanadi. Bu borada yosh olimlarimizning ilmiy izlanishlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan doimiy aloqalari, loyihalarni hayotga tatbiq etishdagi ishtiroklari juda zarur.

 

Shavkat Kenjabayev:

Hozirgi kunda DSXMK ilmiy-axborot markazining Axborot-tahlil boʻlimi yosh mutaxassislari geografik axborot tizimlari (GAT) va masofadan boshqarish boʻyicha 2012 yildan buyon Orol va Orolboʻyi mintaqasida zamonaviy uslubda kuzatuv va tahlil ishlarini olib boryapti. Landsat va MODIS sunʼiy yoʻldoshlaridan olingan tasvirlarni tahlil qilib, hududda yuzaga kelayotgan oʻzgarishlar – suv yuzasi maydonlarining, vetland (suvli-botqoqli yer)larning kengayishi yoki qisqarishini oʻrganishyapti. Ushbu maʼlumotlar Komissiyaning cawater-info.net saytida oylik hisobotlar koʻrinishida berib boriladi.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish samaradorligini oshirib, aniq yechimlar topish, bunda, albatta yosh olim va mutaxasislarni aniq bir maqsad sari birlashtirish katta samara beradi. Xulosa qilib aytganda, qoʻlimizdan kelganicha, Orol dardiga malham topishga harakat qilyapmiz. Shuni ham taʼkidlash joiz, ushbu suhbatda muhokama qilingan va koʻtarilgan muammolar davra ishtirokchilarining shaxsiy fikrlaridir.

 

P.S.

Jurnalni bosmaga topshirish arafasida yaxshi bir yangilikdan xabar topdik. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat davra suhbatida tilga olingan baʼzi muammolar, yosh olimlar duch kelayotgan texnik va tashkiliy qiyinchiliklarni ijobiy hal etishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

 

 

Davra suhbatini

Orifjon Madvaliyev

olib bordi.

 

 

Davra suhbatida ishtirok etganlar

 

Shavkat Yoqubov (guruh rahbari)

Markaz yetakchi mutaxassisi. 1985 yili Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (hozirgi TIQXMMI)ni tugatgan.

Janubiy Koreya (2003), Malayziya (2003), Hindiston (2004), Isroil (2005), Turkiya (2009) kabi mamlakatlarda malaka oshirib kelgan.

Hindiston (2004), AQSH (2004), Rossiyada (2015) boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.

1 ta monografiya (xammualliflikda), 30 dan ortiq ilmiy maqolalar, 10 dan ortiq qoʻllanma muallifi.

 

Odilbek Eshchanov (PhD)

Markaz yetakchi mutaxassisi. 1988 yil Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (hozirgi TIQXMMI)ning gidromelioratsiya fakultetini tamomlagan. 1994 yili shu institutda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.

Isroilda (2010) qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, oʻrmonlashtirish hamda yer va suv resurslarini samarali boshqarish yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirgan.

1 ta monografiya va 10 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

 

Sherzod Moʻminov (PhD)

Markaz mutaxassisi. 2001 yili Toshkent davlat agrar universiteti iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. 2005 yili Oʻzbekiston bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot institutida (PhD) iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.

Yaponiya (2006), Isroil (2011), Germaniya (2015) va Janubiy Koreyada (2017) qishloq va suv xoʻjaligi iqtisodiyoti yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirgan.

1 ta monografiya va 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Bir necha xalqaro anjuman va konferensiyalarda maʼruzalar oʻqigan.

 

Shavkat Kenjaboyev (PhD)

Markaz mutaxassisi. 2003 yili Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (hozirgi TIQXMMI)da bakalavr, 2004 yili Hindiston masofadan boshqarish institutida magistr (ekvivalent), 2014 yili Germaniyaning Gissen dorilfununida doktorlik darajasini olgan (PhD).

2002–2003 yillarda gidravlika fani boʻyicha Oʻzbekiston Olimpiadasi gʻolibi. 2012 yili Avstriyaning Vena shahrida boʻlib oʻtgan Yevropa geotadqiqotlar birlashmasi simpoziumida eng yaxshi poster nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.

2 ta monografiya va 30 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, bir qator xalqaro anjuman va konferensiyalarda maʼruza qilgan.

 

Gʻulomjon Umrzoqov

Markaz mutaxassisi. 2005 yili OʻzMUda gidrologiya yoʻnalishida bakalavr darajasini, 2007 yili magistr darajasini olgan. 2010 yildan sugʻoriladigan yerlarda suvning yoʻqotilishi boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borib, 2015 yili Germaniyaning Gissen universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi (PhD).

1 ta monografiya va 20 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 8-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.