Shoir Azizbek Anvar bilan suhbat

0
2338
marta koʻrilgan.

 “Baxt koʻkdan tushmaydi”

 

Azizbek Anvar 1983 yili Rishton tumanidagi Toʻda qishlogʻida tugʻilgan. 1997 yili Alisher Navoiy nomidagi Nafis sanʼat maktabiga (Toshkent) qabul qilingan. 2000-2006 yillar oraligʻida OʻzMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Hozir “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Assalom, Oʻzbekiston!” studiyasida bosh muharrir oʻrinbosari vazifasida ishlaydi. 2006 yilda “Seni yaxshi koʻraman juda” nomli ilk kitobi nashr etilgan. Oilali, Muhammadiqbolning otasi.

 

-Xorijda televideniyedan koʻra matbuotga koʻproq eʼtibor beriladi. Odamlar kitob yoki gazeta-jurnal oʻqimasdan asosiy axborotni televizordan olsa, bu umumiy saviyaning tushganidan dalolat. Chunki oʻqish jarayonida koʻrgandagidan koʻproq fikrlanadi. Bu – endi xorijiy mutaxassislarning qarashi. Sizningcha qanday?

-Texnika rivoji inson turmushini yaxshilash, ogʻirini yengillashtirish bilan birga uni dangasaga aylantirib qoʻydi. Bugun koʻpchilik oʻtirgan oʻrnidan turib borib televizor murvatini burashga ham erinadi. Shuning uchun masofadan pult bilan boshqariladigan televizorlar keng ommalashdi. Shu kichik misolning oʻziyoq texnika taraqqiyotining qay darajada taʼsir etayotganini koʻrsatadi. Bu taraqqiyot nafaqt jismoniy, balki fikriy dangasalikka ham sabab boʻlyapti. Maʼlumotni izlab, topib oʻqigandan koʻra tayyorini koʻrishga odatlanish shundan. Kishilarning kitob, gazeta oʻqishga vaqti emas, qunti va qiziqishi yoʻq. Buni faqat kundalik tirikchilik tashvishlari bilan bandlikka yoʻymaslik kerak. Men bir narsaga aniq ishonaman, matbuot nashrlarining oz boʻlsa-da oʻz oʻquvchisi bor. Vaqt oʻtib gazetxonlar safi kengayadi. Chunki, bilishimcha, siz aytgan xorijda ham televizorlar keng urf boʻlgan davr bosib oʻtilgan. Odamlarning xabardan koʻra tahlilga ehtiyoji ortgani sari, matbuotga ham talab oshadi. Axborotning 70 foizi koʻrish orqali qabul qilingan taqdirda ham.

 

-“Jurnalistni oyogʻi boqadi”, degan hikmatomuz gap bor. Jumlani sal oʻzgartirib, “jurnalistni kallasi va oyogʻi boqadi”, deyilsa toʻgʻri boʻlsa kerak. Sizning oʻlchovingiz boʻyicha yaxshi jurnalist, aniqrogʻi, telejurnalist qanday boʻladi? Unda qanaqa fazilatlar jamlanishi kerak?

-Telejurnalist nima? qachon? qayerda? degan savollarga javob beradigan material tayyorlash bilangina cheklansa, uni bir umr “oyogʻi boqishi aniq”. Lekin nima uchun? qanday oqibatlarga olib keladi? kabi savollarning javobi kishini oʻylantirgan paytdan boshlab tahliliy materiallar paydo boʻladi. Har qanday voqea yuzasidan telejurnalistning mustaqil nuqtai nazari, mustahkam pozitsiyasi boʻlishi shart. Bu jihat koʻp oʻqish, keng dunyoqarash tufayli shakllanadi. Fikrimcha, telejurnalist nafaqat yozish, balki, toʻgʻri talaffuz qilish, fikrini aniq va ravshan yetkazish layotqatiga ega boʻlishi shart. Matbuotda uzun-uzun jumlalar bilan voqeani batafsil aks ettirish mumkin. Lekin televizion nutq qisqalik, aniqlik va taʼsirchanlikni talab etadi. Navoiy bobomiz aytganlaridek “Chin soʻz – moʻtabar, yaxshi soʻz – muxtasar”.

 

-“Assalom”ning oʻz maktabi bor. Ish oʻrganish yoki amaliyot oʻtagani kelgan talabalarga qay yoʻsinda taʼlim-tarbiya beriladi?

-“Assalom, Oʻzbekiston!” studiyasiga kelgan talabalarga birinchi oʻrinda oʻqishni taklif etamiz. Aniqrogʻi, Shukur Xolmirzayev, Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Togʻay Murod asarlarini oʻqishni talab qilamiz. Shu yozuvchilar asarlari tilimizning naqadar shirali va boy ekanini yaqqol koʻrsatadi. Holatlarni aniq tasvirlashga oʻrgatadi. Asal yegan odam boʻtqa tayyorlashga umr sarflamaydi. Yaʼni yaxshi kitob oʻqib, taʼsirlangan oʻquvchi hech yoʻqsa oʻsha asar atrofida aylanadigan matn yozishni oʻrganadi. Siyqa jumlalardan qochadi. Umuman olganda ziyoli boʻlishga daʼvogar odam har kuni hech yoʻqsa 50-60 sahifa oʻqishi zarur.

 

-Koʻpchilik ijodkor yoshlar oila qurishdan qoʻrqadi. Uylansam boʻynimga ola xurjun tushadi, turmush tashvishlari bilan boʻlib ijoddan chalgʻiyman, deb hisoblaydi. Boshidan oʻtgan tabib, tajribali kishi sifatida ayting-chi, bu tasavvur qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻri?

-Har qanday masala hayotingizga, ruhiyatingizga siz unga qanday yondashishingizga qarab taʼsir etadi. Turmush qurish “ola xurjunni boʻyinga olish” deb qarasangiz shunday amalga oshadi. Lekin uylanish hayotdagi yana bir muhim bosqich, masʼuliyatli zaruriy vazifa, yangi muvaffaqiyatlarga qanot deya baholasangiz, menimcha, shunday voqeaga aylanadi. Odatda, ijodkor kayfiyati beqoʻnim boʻladi. Bitta sevgiga butun umr koʻplik qiladi, degan gaplar ham bor va bu rost. Ammo qosh-koʻzi oʻzingizdan andoza olingan oʻgʻil yoki qizingizni bir erkalatganingizda oila degan neʼmatning qanchalar lazizligini yurak-yurakdan his qilasiz. Ana shu lahzalar bergan zavqni, baxtni adabiyot yoxud boshqa vosita ikki dunyoda ham berolmaydi. Oila erkinlikka urilgan qulf degani emas. Ruhiyat erkin boʻlsa, odam ijoddan chekinmaydi. “Men shoirman, oila men uchun yettinchi oʻrinda turadi” deydiganlarning fikriga mutlaqo qoʻshilmayman. Ijodkorligini pesh qilib boshqalardan ayricha yashashga intiladiganlarni ham oqlamayman. Erkak kishi bir roʻzgʻorga bosh boʻlishi shart. Oʻtmishdagi ayrim chinakam daholar hayotini kuzatib, soʻqqabosh oʻtganligini roʻkach qilib, ularga koʻr-koʻrona ergashish xato. Ular juda katta vazifalarni ado etish uchun dunyoga kelgan va shu buyuk ishlarni amalga oshirishgan. Bizning oramizda oʻshanday favqulodda daholar borligini bilmayman. Shuning uchun roʻzgʻor tutumidan qochish kerak emas, menimcha.

 

-Agar sizni gʻiybat qilishganini eshitsangiz qanday munosabatda boʻlasiz?

-Bir odam yoʻqligida uning kamchiliklarini boshqalarga doston qilinganda agar u gaplar rost boʻlsa gʻiybat, yolgʻon boʻlsa, tuhmat hisoblanadi va har ikkisining gunohi bir. Gʻiybat qilish murda goʻshtini yeyishga tenglashtirilgan. Agar meni nodon odam gʻiybat qilayotgan boʻlsa, Alisher Navoiy hikmatini eslab qoʻya qolaman: “molligʻ nodonning demagi, oltinliq chibinning yemagi maʼlum”, yaʼni pashshaning yemishi nimaligini hamma biladi. Bunday holga eʼtibor bermaslikka harakat qilaman, lekin koʻngil bir oz vaqt gʻash boʻlib yurishi aniq.

 

-“Baxt” soʻzini qanday izohlaysiz?

-Boshqalarga oʻzini baxtiyor koʻrsatishga uringan odam emas, oʻzini haqiqatan ham baxtli his qilgan odam baxtiyordir. Odam oʻz baxtini hech qachon boshqalarniki bilan solishtirmasligi kerak. Har kimning baxti oʻziga xos. Shu savolga bir soddagina sheʼrimni ilova qilsam maylimi?

 

Baxt koʻkdan tushmas, tushun,

Bu hayot ertak emas.

Baxtiyor yashash uchun

Koʻp narsa kerak emas.

 

Toleingga shahodat –

Ota-onang duoda.

Bundan ortiq saodat

Boʻlmas ikki dunyoda.

 

Vafoli yor, but roʻzgʻor,

Boʻlsa sodiq doʻstlaring.

Qora kunda madadkor,

Bitar kamu koʻstlaring.

 

Oy-quyoshdan ziyoda

Oʻgʻil yoki qizing bor.

Sendan keyin dunyoda

Oʻchmaydigan izing bor.

 

Yana koʻngling toʻlmaydi,

Kamdek tangri tortigʻi.

Ertakdayam boʻlmaydi

Aytganimdan ortigʻi.

 

Baxt koʻkdan tushmas, tushun,

Bu hayot ertak emas.

Baxtiyor yashash uchun

Koʻp narsa kerak emas.

 

-Ijodda nima yangiliklar? Qanaqa sheʼrlar yozyapsiz? 2006 yilda ilk kitobingiz chiqqan edi. Yangi sheʼrlaringiz ham bitta kitob boʻlib qolgandir?

-Ha, yangi sheʼrlarim ham bir kitobga yetgulik boʻldi. Hozir yangi kitob chiqarish taraddudidaman. Nasib qilsa, yaqin orada sheʼrxonlar qoʻliga yetib borar. Shoirga kitobi chiqqandan ham ham koʻra sheʼrlarini yod olib, aytib yurganlarni koʻrish yoqimliroq ekan.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.