Xonanda Abdulla Shomagʻrupov bilan suhbat (2008)

0
850
marta koʻrilgan.

“Ijodim negizini milliylik tashkil etadi”

 

-Dastlab taniqli xonanda Azim Mullaxonov bilan qoʻshiq aytardingiz…

-Toʻgʻri, ijodni Azim Mullaxonov bilan birga boshlaganman. Yaxshi ijodiy hamkorlik boʻlgan. Reyting baland edi, koʻpgina mashhur qoʻshiqlar dunyo yuzini koʻrgan. Sermahsul ijod qilganmiz.

-Koʻpgina xonandalar boshqa tillarda ham kuylaydi. Sizda ham shunday niyat boʻlganmi?

-Aslida, men ham xorijiy tillarda qoʻshiq aytaman. Arab, turk, rus tilidagi qoʻshiqlarim bor. Lekin keng ommaga taqdim etish niyatim yoʻq. Chunki ijodim negizini milliylik tashkil etadi. Shuning uchun asosiy kuch, asosiy eʼtibor milliylikka qaratilgan.

-«Nola» guruhi boshida uch kishidan iborat edi, shekilli…

-Guruh tarqalganiga bir yildan oʻtdi. Lekin koʻpchilikning bundan xabari yoʻq. Har kim oʻz yoʻlini, yoʻnalishini topdi. Ijodiy maqsadlardan kelib chiqqan holda kelishib shu qarorga keldik. Hozir yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yurityapman. «Nola» tarixda yaxshi guruh sifatida qoldi degan fikrdaman.

-Sizni televideniye, radioda tinglab turamiz. Gala konsertlarda ham ishtirok etib kelasiz. Lekin yakkaxon konsert bermaysiz?

-Niyat bor-u, tashkiliy tomonlari qiyinroq-da. Homiy topish kerak, moliyaviy mummolarni hal qilish zarur. Xullas, yugur-yuguri koʻp. Lekin viloyatlarda konsert berib turamiz. Oʻtgan yili birinchi albomimni chiqardim. Xudo xohlasa, yakkaxon konsert ham beraman.

-Hofiz sheʼrni tushunishi shart. Chunki nima deyayotganini anglamayotgan qoʻshiqchi alifni bilmay birovga aql oʻrgatmoqchi boʻlgan chalamullaga oʻxshaydi. Siz Mashrab gʻazallarini kuyga solgansiz. Shoir sheʼrlaridagi qaysi jihatlar sizga maʼqul kelgan?

-Qoʻshiq boʻladigan va aksincha qoʻshiq boʻlmaydigan sheʼr bor. Klassik sheʼrlarning koʻpchiligi qoʻshiq boʻladigan sheʼr, chunki ularda ohang yetakchilik qiladi. Sheʼr va musiqa bir-biriga bogʻliq narsalar deb oʻylayman. Haqiqiy sheʼrning ohangi, kuyi oʻzi bilan birga boʻladi. Mashrab gʻazallarida xuddi ana shu narsa bor. Ilohiy ilhom bilan yozilgan. Bunday sheʼrlarni tushunsangiz-tushunmasangiz, ohangi oʻz-oʻzidan quyulib kelaveradi. Lekin men tushunishga harakat qilaman, tushunmagan joylarimni mutaxassislardan soʻrab bilib olaman.

-Yosh sanʼatkorlardan kimlarni eshitasiz?

-Koʻproq ustoz sanʼatkorlarni eshitaman, oʻzimga kerakli koʻp narsalarni olaman. Orifxon Hotamov, Kamoliddin Rahimovning ijodiga yoshligimdan ixlosim baland boʻlgan.

Yoshlarni ham eshitib turaman. Sanʼatning ichida boʻlganingizdan keyin shou-biznesda nima boʻlayotganini bilib turishingiz kerak. Har bir yaratilgan yangi qoʻshiqqa oʻz bahoyimni berib boraman, oʻzim uchun, albatta.

-Qanday kitoblarni oʻqishga qiziqasiz? Oxirgi oʻqigan badiiy asaringiz?

-Toʻgʻrisini aytsam, kasbim bilan bogʻliq boʻlgani uchundir, sheʼriy kitoblarni koʻp oʻqiyman. Hozir Navoiyning yigirma tomlik toʻla asarlar toʻplamini oʻqishga kirishdim. Lekin turli-tuman yumushlar bilan boʻlib qunt qila olmayapman.

-Koʻpchilik xonandalar kuyni oʻzlari bastalashadi. Bu yaxshi. Musiqa ilmidan bexabar boʻlib turib ham yaxshi kuy yaratish mumkinmi?

-Mumkin, lekin ilmi boʻlsa nur ustiga nur. Kuy ham sheʼrday gap. Yaxshi kuyning alohida parametrlari – oʻlchovlari boʻlmaydi. Yaxshi kuy ham, yaxshi sheʼr ham dilda tuygʻu uygʻotishi kerak, tinglovchiga nimadir ezgu narsa berishi kerak.

-Reklama bilan maxsus shugʻullanasizmi?

-Guruh borligida shugʻullanmasdim. Bizni guruh sifatida bilishardi. Lekin endi reklamaga vaqt ajratishga toʻgʻri keladi. «Nola»ning ikkita albomi chiqqandi. Boya aytdim, oʻtgan yili yakkaxon xonanda sifatida birinchi albomimni tayyorladim. Endi buyogʻiga tinimsiz mehnat, tinimsiz ijod.

 

Orif TOLIB suhbatlashdi.

 


“Ovoza” gazetasining 2008 yil 10 aprel (№15) sonida chop etilgan.


MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.