Xonanda Abdulla Shomagʻrupov bilan suhbat (2009)

0
940
marta koʻrilgan.

“Ayollar – koʻnglimz bahori”

 

– 4-5 mart kunlari “Istiqlol” sanʼat saroyida yakkaxon konsert berdingiz. Menimcha, ancha muvaffaqiyatli oʻtdi. Ismning xosiyati katta, deydilar. Konsertingizni “Koʻnglim bahori” deb nomlabsiz. Shu haqda…

Birinchi sababi, konsert 8 mart bayrami arafasida boʻlib oʻtdi, shunga urgʻu berdik. Koʻnglimizning bahori, albatta, ayollar.

Ikkinchi sababi, bahorning ilk kunlari boʻlgani uchun. Qolaversa, koʻnglingizdagi ezgu tuygʻularni, bahoriy kayfiyatni oʻzingiz sevgan, yaxshi koʻrgan insonlarga ulashgingiz keladi. Shu maʼnoda, koʻnglimizdagi bahoriy hislarni muxlislarimiz bilan boʻlishish niyatida shu konsertni tashkil qildik, shunday nomladik.

– Ilk yakkaxon konsertingizda qanday yangiliklar boʻldi? Muxlislarga qanday yangi qoʻshiqlar tuhfa qildingiz?

– Boya aytganimday, konsert ayollarga bagʻishlangani uchun shu mavzuda maxsus ikkita qoʻshiq yozildi. Birinchisi “Ona” boʻlsa, ikkinchisi “Ayol”. Bundan tashqari yana konsert uchun toʻrtta yangi qoʻshiq tayyorladik. Ikki-uch yildan beri yakkaxon xonanda sifatida ijod qilyapman. Demak, bu dasturimizni hisobot konserti deb atasa ham boʻladi. Shu sababli oldin xit boʻlgan qoʻshiqlar ham repertuardan joy oldi.

– Konsert dasturini tayyorlashda kimlar bilan hamkorlik qildingiz?

– Ijodiy hamkorlarni nazarda tutadigan boʻlsak, bir qator oranjirovkachi – kompozitor yigitlar bilan birga ishladik. Masalan, Shuhrat Zokirov, Farrux Abduazimov, Davron Abdullayev degan yigitlar bor, yaxshi ijodiy hamkorlik qildik. “Konservatoriya rekords” studiyasi qoʻshiq yozishda asosiy koʻmakchimiz boʻldi.

– Bugungi shou-biznes bozorida shoʻx, oʻynoqi, boshqacharoq qilib aytganda, yengilroq, tushunilishi oson boʻlgan qoʻshiqlarning xaridori koʻp. Konsert dasturini tayyorlashda shu jihatlarga ham eʼtibor berdingizmi?

– Bir tomonlama boʻlib qolmaslikka harakat qildik. Janri unchalik har xil boʻlmasa-da, tinglovchiga maʼqul boʻladigan darajada xilma-xillikka erishildi. Dasturdan mumtoz qoʻshiqlar ham, zamonaviy qoʻshiqlar ham, xalq qoʻshiqlari ham joy oldi. Muxlisni zeriktirib qoʻymaslik kerak, konsertga kelgan odam oʻzi istagan musiqani, qoʻshiqni eshitsa, maqsadga ancha yaqinlashgan boʻlamiz.

– Siz koʻproq mumtoz ashulalarni, maʼno-mazmuni boy qoʻshiqlarni kuylaysiz. Konsertda jonli ijrodan foydalanasizmi yoki fonogrammadan? Har holda, ikki soat tinmay qoʻshiq aytish oson boʻlmasa kerak?

– Ham jonli ijro, ham fonogrammadan foydalaniladi. Ayrim qoʻshiqlarni, ayniqsa zamonaviy qoʻshiqlarning musiqasini jonli ijroda toʻla – toʻkis yetkazib berish imkoni yoʻq. Chunki oranjirovkada sintetik (yasama, sunʼiy) tovushlar ishlatiladi. Bunday tovushlar sintezator (ionika)da maxsus yasaladi. Shu sababli har ikki ijro usulini ishlatamiz.

– “Nola” tarqalgandan keyin yangi ijodiy bosqichni boshladingiz. Guruhning reytingi ancha baland edi. Muxlislar tasavvuriga “Nola” guruhi solisti emas, Abdulla Shomagʻrupov boʻlib oʻrnashish qiyin kechmayatimi?

– Gapning ochigʻi, men sanʼatga nomimni chiqarish uchun kirmaganman. Toʻgʻri, bugun qoʻshiqchilik shou-biznesning asosiy tarmogʻiga aylangan. Bunda nom ham katta oʻrin tutadi. Shou-biznesda jaranglaydigan, bitta eshitganda odamni oʻziga qaratib oladigan nom topishga harakat qilinadi. Oʻzining nomini olib tashlab, boshqa nom yoki taxallus qoʻyib boʻlsa ham, muxlis topishga urinishadi. Biznes boʻlgandan keyin bu ham kerak. Men ham boshda oʻylab koʻrdim, taxallus qoʻysammikan deb. Familiyam ham eslab qolishga qiyinroq. Lekin oʻylab-oʻylab, bu ish menga yarashmaydi, degan xulosaga keldim. Aslida, haqiqiy muxlis ismiga qarab oʻtirmaydi. Chiroyli qoʻshiq boʻlsa kifoya. Eshmat aytyaptimi, Toshmat aytyaptimi – farqi yoʻq.

– Har qanday kasbning oʻz masʼuliyati boʻladi. Xonandaning tinglovchi oldidagi masʼuliyati nimalardan iborat deb oʻylaysiz?

– Xonandaning birinchi masʼuliyati – milliy madaniyatni targʻib etish. Uni doim baland koʻtarishga harakat qilish. Chunki biz madaniyat sohasining vakilimiz. Ommaning oldiga chiqib oʻz sanʼatini namoyish etadigan odam xoh aktyor boʻlsin, xoh xonanda boʻlsin – doim eʼtiborda. Unga ergashadigan, taqlid qiladiganlar koʻp topiladi. Shu bois milliy dunyoqarashga, maʼnaviyatga toʻgʻri keladigan, uni targʻib qiladigan shaklda ijod qilish oʻzbek sanʼatkorining vazifasi deb oʻylayman.

– Yakkaxon konsertni dovon deyish mumkin. Keyingi dovon nima boʻladi? Yangi rejalar, maqsadlar haqida…

– Bu yilgi tuzilgan rejaning eng katta ishlaridan biri konsert edi. Keyingisi yangi albom chiqarish. Rejalar bor, Xudo xohlasa, yangi va yaxshi qoʻshiqlar bilan muxlislarni manzur etish niyatidamiz.

 

Orif TOLIB suhbatlashdi.

 


“Ovoza” gazetasining 2009 yil 2 aprel (№13) sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.