Xonanda Muhsinbek Moʻminov bilan suhbat (2007)

0
866
marta koʻrilgan.

“Qoʻshigʻimdan avvalo oʻzim zavqlanishim kerak”

 

Muhsinbek Moʻminov 1968 yilda Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida tugʻilgan. Qoʻqon musiqa bilim yurtini tamomlagan. Oilali, ikki qiz va bir oʻgʻli bor. Dadalari Mansurjon ota va onalari Halimaxon aya nafaqada.

Hofizning juda koʻp diltortar qoʻshiqlarini eshitgansiz. Muhsinbek Moʻminov hozirda Toshkentda yashab ijod qiladi. Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi oʻzbek davlat filarmoniyasi mumtoz ansambli xonandasi. Biz xonandaning xonadonida boʻlib, uning ijodiy yangiliklari, sanʼat va bugungi kun qoʻshiqchiligi haqidagi fikrlari bilan tanishdik.

 

Muhsin aka, sheʼr qoʻshiqning “jon tomiri” ekanligi haqida koʻp gapirilgan. Sizningcha, oʻrtamiyona sheʼrdan ham yaxshi qoʻshiq yaratish mumkinmi?

Mumkin. Lekin bunday holatlar juda kam uchraydi. Bu gap yomon sheʼrdan ham yaxshi qoʻshiq chiqaverar ekan degani emas. Ayrim vaziyatlarda hofizning favqulodda iqtidori sheʼrning “kemtik” joylarini toʻldirib ketishi mumkin. Biroq tom maʼnodagi shoh qoʻshiq yaratilishi uchun birinchi navbatda sheʼr goʻzal boʻlishi kerak.

Sheʼr yaxshi, ovoz yaxshi, lekin musiqa nomukammal boʻlsa, “ishtaha”ning beliga tepadi. Chunki musiqada ohang, tuygʻularning nozik ifodasi mujassam. Demak, hofiz masalaning bu tomonlariga ham alohida eʼtibor qaratishi kerak…

Albatta, musiqa tanlay bilish muhim. Lekin ellik-oltmish yil ilgari musiqa bastalash, “oranjirovka” qilish – bezash ishlari hozirgiga qaraganda deyarli rivojlanmagan edi. Shunday boʻlsa-da, juda ajoyib kuylar yaratilgan. Haqiqiy isteʼdod baribir oʻz qudratini koʻrsatadi. Masalan, Boborahim Mashrabning “Oʻrtar” radifli gʻazaliga bastalangan kuyda dardli yurakning zarblari sezilib turadi. Kuyning ohangiga, ohanglar toʻlqiniga beixtiyor tushib qolganingizni sezmaysiz ham.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, musiqaga eʼtibor berish shartligini yaxshi bilaman.

Ijodkor odam ilhom kelgandagina ijod qiladi yoki shunday qilingandagina asar muvaffaqiyatli chiqadi. Hofizda ham shunday boʻlsa kerak. Tabiiyki, qoʻshiqning tayyor boʻlish muhlati har xil kechadi. Odatda, siz qay tarzda ijod qilasiz? Bitta qoʻshiq qanchada tayyor boʻladi.

Avvalo sheʼr maʼqul kelishi kerak. Koʻngilni “jiz” etkazadigan boʻlishi kerak. Keyin unga ohang qidiriladi. Chunki ohang xilma-xil boʻlmasa, odatiylik odamlarni zeriktirishi aniq. Keyingi bosqich – kuy. Shu uchta narsa topilgandan keyin eng ogʻir “qora ishlar” bitgan hisoblanadi. Qolgani texnik ishlar: musiqani bezash, qoʻshiqni yozdirish… Ijod yoʻsini hofizda ham deyarli siz aytganday kechadi. Ilhom kelib turganda hamma narsani yigʻishtirib qoʻyib ijod bilan shugʻullanish kerak. Shundagina yaxshi qoʻshiq paydo boʻladi.

Aytgan qoʻshigʻingdan oʻzing rohatlanishing kerak. Sen zavqlanmagan qoʻshiqdan boshqalar qanday zavqlanadi? . .

Nega klip ishlamaysiz?

Nima keragi bor? Toʻgʻri, bugun klip ham qoʻshiqning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Lekin qoʻshiqdan maqsad tomosha koʻrish emas-ku. Ayniqsa, mumtoz va lirik qoʻshiqlarda. Bunday qoʻshiqlarni “katta ashula” deb ham atashadi. Unda dard katta, nola baland, avj yuqori. Menimcha, klip koʻrgandan koʻra qoʻshiqni eshitib zavqlangan maʼqul.

Ayrim “sanʼatkorlar” kitob oʻqimaydi, “zakaznoy” sheʼrni xirgoyi qiladi-qoʻyadi. Bu narsa qoʻshiqning badiiy saviyasi pasayishiga qattiq taʼsir qiladi. Siz qanday kitoblarga qiziqasiz? Oxirgi oʻqigan badiiy asaringiz?

Men koʻproq mumtoz shoirlarni oʻqiyman. Masalan, Navoiy, Mashrab, Xoʻjanazar Huvaydo, Muqimiy. Takror-takror oʻqiyman. Ulardan qidirgan narsamni albatta topaman.

Bugun sanʼatkor boʻlaman, toʻgʻrirogʻi artist boʻlaman deganlar bisyor. Yoshlarga maslahatingiz…

Imkoniyatlar yetarli. Oʻqishsin, oʻrganishsin. Eng muhimi – irodali boʻlishsin. Tinmay mehnat qilmagan, qiyinchiliklarga bardosh bermagan odam hech qachon baland choʻqqini zabt eta olmaydi. Bu hayotning oddiy qoidasi. Sanʼatda ham mana shu hayot qonuniga amal qilinadi.

 

Suhbatdosh: Orifjon Madvaliyev,

OʻzDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

 

“Ovoza” gazetasining 2007 yil 27 dekabr (№52) sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.