Xonanda Salohiddin Azizboyev bilan suhbat

0
1109
marta koʻrilgan.

Sanʼatkor – ezgulik xizmatkori”

 


1964 yil 2 sentyabrda Oʻratepa shahrida tugʻilgan.

Musiqiy taʼlimni dastlab Sodirxon hofiz nomidagi oʻrta-maxsus musiqa bilim yurtida olgan.

1990 yili Oʻzbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. Hozir shu taʼlim dargohida oʻqituvchilik qiladi.

Oilali, 4 nafar farzandi bor.

Otasi Xalq hofizi Saʼdilla Azizboyev (olamdan oʻtgan).

Onasi Mehri aya nafaqada.


 

Avvallari televideniyeda, radioda koʻp chiqish qilib turardingiz. Hozir sal kamnamosiz?

– Oldin sanʼatkor soni kamroq edi. Hozir deyarli har kuni bitta yangi qoʻshiqchi bor. Sanʼat ham bozorga oʻxshaydi. Bozorda meva-cheva qanchalik koʻp boʻlsa, tanlov imkoniyati shunchalik keng boʻladi. Shu maʼnoda, qoʻshiqchining koʻpligi – yaxshi. Biz katta sahnaga chiqmoqchi boʻlib yurgan paytda badiiy kengash judda qattiq imtihon qilardi. Katta-katta ustoz hofizlar hayot edi, ularning oldida qoʻshiq aytishning oʻzi boʻladimi! Soʻzga eʼtibor kuchli edi, qoʻshiqchining qoʻlida albatta sozi boʻlishi kerak edi. Jonli ijroda imtihon boʻlardi. Bu hali radiodagi gap. Televideniyega yoʻl boʻlsin. Biz televideniyega toʻgʻridan toʻgʻri chiqib ketmaganmiz. Hozir “O‘zbekiston”dan boshqa telekanallarda bemalol “qoʻshiq aylantirish” mumkin. Toʻgʻri, ularda ham badiiy kengash bor, lekin saviyasi past. Bu yoqda litsenziya muammosi…

Shou-biznes avj oldi. Radioda, televideniyeda tinimsiz aylangan qoʻshiq odamlarning qulogʻiga singib qolyapti, yoshlarning dunyoqarashini, tarbiyasini buzyapti. Mana, yaqinda bitta qiz “Sayding qoʻya ber, sayyod” qoʻshigʻini buzib aytib chiqibdi. Lekin yoshlarimizga ustozlarimiz maromiga yetkazib ijro etgan varianti emas, shu qizning qoʻshigʻi maʼqul kelyapti.

– Yaxshi qoʻshiqchi boʻlish uchun musiqa ilmidan xabardor boʻlish shartmi? Oldingi katta sanʼatkorlar notani bilmagan-ku?

– Buyuk dargʻalarni hozirgi sanʼatkorlarga tenglashtirib boʻlmaydi. Ular ustazoda boʻlgan. Oʻn yillab shogirdlik yumushlarini ado etgan. Qoʻshiq aytishni oʻrganmaguncha ustozning mahsisini toʻgʻrilab, qoʻliga suv quyib yuravergan. Lekin hozirgi yoshlar albatta musiqa ilmidan xabardor boʻlishi shart. Chunki hozir yangi garmoniyalar, yangi ohanglar yuzaga kelyapti.

– Konservatoriyada ishlaysiz. Boʻlajak hofizlarga qanday talab qoʻyasiz?

– Hofizning avvalo xulqi yaxshi boʻlishi kerak. Ovoz diapapzoni-koʻlamiga qarayman. Yaʼni, talantiga qarab qoʻshiq beriladi. Kim nimaga qodir boʻlsa, oʻshanga yarasha qoʻshiq aytadi. Yana bir muhim tomoni, xonanda nima deyayotganini bilishi shart.

– Sizlarda ham rep aytadiganlar bormi?

– Bola shoʻxligi bilan shirin. Lekin hamma narsaning ham meʼyori boʻladi. Konservatoriyada birorta ham repchi yoʻq. Rep ham aslida bitta yoʻnalish, oʻz oʻlchovlari, talablari bor. Boya aytganimday tanlov imkoniyati boʻlishi uchun ham rep kerak.

– Koʻp taniqli xonandalar: “Boʻsh vaqtlarimda ustoz sanʼatkorlarning qoʻshiqlarini eshitaman”, deydi. Mana, siz bevosita yoshlar bilan ishlaysiz, ularga ustozlik qilasiz. Yoshlarniyam eshitasizmi?

– Goh-gohida. Yoʻlda musiqa tinglamayman hisob. Bizning qalbimiz, ruhiyatimiz, tanamizga muttasil mumtoz musiqa singib turgani uchun sayoz qoʻshiqlarni, saviyasiz musiqani oʻz-oʻzidan qabul qilmaymiz.

– Sheʼr ashulaning yarim joni. Soʻzi yaxshi boʻlmagan qoʻshiq xit boʻlib ketishi mumkin. Lekin oʻn-oʻn besh marta eshitgandan keyin odamni xit qilib yuboradi, meʼdasiga tegadi. Shu jihatdan kelib chiqib bir savol bersam: konservatoriyada badiiy adabiyot ham oʻrgatiladimi?

– Konservatoriyadagi har bir oʻqituvchi jiddiy tahsil koʻrgan, koʻplari katta-katta ustoz sanʼatkorlarning shogirdi boʻlgan. Ular soʻzni his qilish qanchalik muhimligini yaxshi biladi.

Hofiz arabcha “hifz” soʻzidan olingan, “saqlovchi”, “asrab turuvchi” maʼnosini anglatadi. Xalqimizda “Olloh hifzi-himoyatida asrasin” degan gap ham bor-ku. Demak, hofiz ezgulikka xizmat qilishi kerak.

Ustoz hofizlar kamida yuzta gʻazalni yod bilishgan. Oddiy sheʼr bilan gʻazalning farqi bor. Mumtoz sheʼrlarning maʼno-mazmuni, yuki katta. Hofiz boʻlaman degan odam aruzni yaxshi bilishi kerak. Qaysi unli choʻziq, qaysisi qisqa, qaysi paytda qanday ohang bilan bilan oʻqiladi – bu sanʼatkor uchun juda muhim. Konservatoriya talabalari 10-15 gʻazalni yoddan biladi, deb bemalol aytishim mumkin.

– Bugun sanʼatkor boʻlaman, konservatoriyaga kiraman degan yoshlar koʻp. Ularga qanday maslahat berasiz?

– Safarga chiqqan odam Ollohga tavakkal qiladi. Shu yoʻlga ketadigan sarf-xarajatga tayyor boʻladi. Sarf-xarajat degani majoziy maʼnoda kasbni, toʻgʻri yoʻlni tanlay bilishni anglatadi. Sanʼat pok yoʻl, bu yoʻlga kirgan inson pok boʻlishi kerak. Poklik – keng maʼnoda. Fikr, niyat yaxshi boʻlishi zarur. Sanʼatkorning birinchi oʻrinda muomalasi, suhbati shirin boʻlishi darkor. Deylik, biror davrada qoʻshiq aytgandan keyin suhbatga qoʻshilmay jim oʻtiraversa, noqulay vaziyat yuzaga keladi, davradan fayz ketadi. Umuman, har bir harakatida, har bir soʻzida ezgulik aks etishi kerak. Chunki, sanʼatkor ezgulikning xizmatkoridir.

 

Orif TOLIB suhbatlashdi.

 


“Ovoza” gazetasining 2008 yil 10 iyul (№28) sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.