Abdulla Avloniy (1878-1934)

0
3366
marta koʻrilgan.

XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniydir. U 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasida, toʻquvchi Miravlon aka oilasida dunyoga keldi. Bolaligi Mirobod mahallasining egri-bugri koʻchalarida, koʻpchilik qismini ruslar tashkil qilgan temir yoʻl ishchilari bolalari orasida kechdi. Oʻqchidagi eski maktabda, soʻng madrasada oʻqidi (1885–1886). Mustaqil mutolaa bilan shugʻullandi. Arab, fors, rus tillarini oʻrgandi. Orenburg, Qozon, Tiflisda chiqib turgan gazeta-jurnallarni kuzatib bordi. Qisqa muddat ichida u maʼrifatparvar sifatida tanildi va oʻlkadagi ijgimoiy-madaniy harakatchilikning faol namoyandalaridan biriga aylandi.

XX asr boshlarida Turkiston madaniy hayotida yuz bergan eng muhim oʻzgarishlardan biri maktab oʻquv ishlarida oʻzgarish boʻldi. Avloniy bu davrda jadidchilik harakatiga qoʻshilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri boʻlib tanildi. Avloniy 1904 yilda Mirobodda, soʻngroq Degrezliqda (1903–14) xuddi shunday yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi.

1909 yilda maktab maorif ishlariga yordam beruvchi “Jamiyati xayriya” ochib, yetim bolalarni oʻqitdi. “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” nomli toʻrt qismdan iborat sheʼriy toʻplamining birinchi juzʼini nashr qildirdi. Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxoʻjayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xoʻjayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan sheriklikda “Nashriyot” (1914), “Maktab” (1916) shirkatlarini tuzdi. “Taraqqiy”, “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Turon” (1917) gazetalarini chiqardi. 1918 yilda Turkiston Shurolar hukumatining birinchi gazetasi “Ishtirokiyun”ning tashkilotchilaridan va uning birinchi muharrirlaridan boʻldi. U sovet davrida turli masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qildi, qaysi vazifada ishlamasin ilm-maʼrifat tarqatish, taʼlim-tarbiya masalalari bilan shugʻullanib keldi, bilimyurtlarida, oliy maktablarda oʻqituvchilik qildi. 1930–34 yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi ToshDU) kafedrani boshqardi. U 1934 yilda vafot etdi.

Avloniy 1927 yilda Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor boʻldi.

Avloniy 30 yildan ortiqroq ijod qildi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarining, soʻng inqilobiy talotumlaru milliy-ozodlik kurashlarining guvohi boʻldi. Oʻtgan davr ichida, oʻzi taʼkidlaganidek, “oʻnlab sheʼr va maktab kitoblari, toʻrt teatr kitobi”qoldirdi. Uning madaniyatimiz tarixidagi oʻrni haqida gap ketganda, ikki jihatini alohida taʼkidlash zarur: pedagogik faoliyati va adabiy badiiy ijodi. Uning pedagogik faoliyati, taʼlim-tarbiya haqidagi fikrlari XX asrning boshlarida yangi bosqichga koʻtarilgan maʼrifatchilikning xususiyatlarini belgilashda muhim manbalardandir.

Avloniy maktabi gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgan, dunyoviy va ilgʻor ilm-fanni bolalarga oʻrgatishni oʻz oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan, yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralasha olish qobiliyatiga ega boʻlishini taʼminlaydigan haqiqiy xalq maktabi boʻldi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzdi. Uning avvalgi sinf shogirdlari uchun “Birinchi muallim”i (1911) Oktyabr oʻzgarishigacha 4 marta, “Alifbedan soʻnggi oʻquv kitobi” – “Ikkinchi muallim” (1912) 3 marta kayta nashr etilgan. Axloqiy didaktik mazmundagi “Turkiy Guliston yoxud axloq” darsligi (1913) XX asr boshlari ijtimoiypedagogik fikr taraqqiyotida alohida oʻrin egalladi. Unda tarbiya va axloq masalalari birinchi marotaba XX asrning talab va ehtiyojlari nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Avloniy xulqlarni anʼanaviy yaxshi va yomonga ajratar ekan, mulohazalarini Gippokrat, Platon, Aristotel, Saʼdiy Sheroziy, Bedil fikrlari bilan dalillagan holda zamonaviylikni asosiy mezon qilib oladi. Adib Vatan muhabbatini uning uchun kurashmoqni eng yaxshi insoniy xulqlardan hisobladi. Vatan – bu har bir kishining tugʻilib oʻsgan shahar va mamlakati. Uni qadrlamoq, sevmoq, yashartmoq kerak. Shoir Vatan va unga muhabbat deganda shuni tushungan edi. Tilga, madaniyatga muhabbat esa, har bir kishining oʻz xalqiga boʻlgan muhabbatidir: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan sheʼr, hikoyalar va maqolalar yozgan. Shuni aytish kerakki, Avloniy ancha murakkab hayot va ijod yoʻlini bosib oʻtdi. U adabiyotga gʻoyaviy kurashlar gʻoyat keskinlashgan bir davrda kirib keldi. Hech ikkilanmasdan maʼrifat va taraqqiyot uchun kurashishini maslak etib qabul qildi. Shoir sheʼriyati bilan tanishar ekansiz, qiziq bir holga duch kelasiz. Unda birorta ishqiy sheʼr yoʻq. U ijtimoiy muammolarni, el-yurt gʻamini muhimroq biladi. Xalq va Vatan baxtsizligi oldida har qanday muhabbatni rad etadi. Oʻz onadiyorini bamisoli “yor kabi sevadi”. Butun mehrini shunga bagʻishlaydi. Asrimiz boshlari Turkiston takdirida gʻoyat masʼuliyatli boʻlgan, uning hayot mamot masalasi hal qilinayotgan bir payt edi. Buni Avloniy davrning peshqadam ziyolisi, yirik maʼrifatparvar, jadidlar taʼlimotining faol tarafdori sifatida tezda ilgʻab oldi.

Dastlabki poetik asarlari “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” (I, II, III, GUjuzlar), “Maktab gulistoni” (1916), “Mardikorlar ashulasi” (1917) kitoblarida va “Sabzavor” tazkirasi (1914) hamda vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan asarlaridir. Ularda ilm-maʼrifat targʻib qilingan, jaholat va nodonlik, eski tuzumning ijtimoiy-axloqiy asoslari qoralangan, ozod va baxtiyor zamon haqida fikr yuritilgan. Shu jihatdan Avloniyning bu davrdagi sheʼrlari Hamza, Anbar otin poeziyasiga ohangdoshdir. Avloniy barmoq vaznini adabiyotda keng qoʻllagan. Milliy kuylarga moslab sheʼrlar yozgan va poeziyaning imkoniyatlarini boyitgan.

Avloniyning adabiyot oldidagi muhim xizmatlaridan biri shu boʻldiki, u mardikorlik sheʼriyati deb atalgan yangi adabiy hodisaning yaratuvchilaridan boʻldi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarini ifodalovchi “Bir mardikorning otasi oʻgʻliga aytgan soʻzlari”, “Onasining oʻgʻliga aytgan soʻzlari”, “Afsus” kabi sheʼrlar yozdi. Ona yurtdan uzoq shimolning qorli-muzli yerlariga, front orqasidagi qora xizmatga olib ketilgan mardikorlarning xayrlashuv manzaralarini, haqsizlikni yoritdi. Bu sheʼrlarning ohang va uslubi xalq qoʻshiqlariga gʻoyat yaqin boʻlib, ular xalqimizning milliy uygʻonishida muhim oʻrin tutdi.

Avloniy 1917 yil fevral inqilobini xursandchilik bilan kutib oldi (“Qutuldik”, “Yotma” sheʼrlari). Oktyabrga bagʻishlab “Hurriyat marshi” (1919), “Ishchilar qulogʻiga” kabi sheʼrlar yozdi, yangi sotsialistik tuzumni ulugʻladi. Lekin koʻp oʻtmay, rus sovet tuzumi eski chor tuzumining oldingidan battarroq shakli ekanligini, sovet siyosati riyokorlik asosiga qurilganligini anglay boshladi. Jumladan, tantanavor vaʼda qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida gʻamgin tushkun ohanglarning paydo boʻlishiga olib keldi (“Haftalik soatda” 1919). Shularga qaramasdan Avloniy turli mavzularda sheʼrlar yozdi. 1919–20 yilgi Afgʻoniston safariga doir “Afgʻon sayohati” kundaliklari esa mamlakatimizning yon qoʻshnimiz bilan oʻzaro doʻstlik, totuvlik aloqalarining oʻrnatilishi tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.

Avloniy oʻzbek teatrining asoschilaridan edi. U 1913 yilda “Turkiston” teatr truppasini tuzdi. “Turkiston” oʻzining qatiy nizomini ham eʼlon qilgan edi. Uning tashkilotchisi ham, gʻoyaviy-badiiy rahbari ham Avloniy edi. Truppa “Zaharli hayot” (Hamza), “Baxtsiz kuyov (A. Qodiriy) kabi XX asr boshlari oʻzbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnalashtirgan, teatr ozarbayjon dramaturglari asarlari (“Badbaxt kelin”, “Xoʻr-xoʻr”, “Jaholat”, “Uliklar”, “Joy ijaraga olgan kishi”, “Man oʻlmisham”, “Layli va Majnun”, “Asli va Qaram”) ni oʻzbekchaga tarjima qilib sahnaga qoʻygan. Avloniyning oʻzi Mallu (“Layli va Majnun”), Fayziboy (“Baxtsiz kuyov”), Aliboy (“Toʻy”), Boy (“Padarkush”) rollarini ijro etgan.

Avloniy “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1915) komediyalari, 1914–17 yillarda yozgan “Biz va Siz”, “Portugaliya inkilobi”, “Ikki sevgi” kabi fojeaviy asarlari bilan oʻzbek dramaturgiyasining maydonga kelishi va teatrchilikning xalq orasigatomir otishiga muhim hissa qoʻshdi. Advokat Davronbek orqali Turkistondagi huquqsizlik, dunyodan xabarsizlikni fosh etdi. “Advokatlik osonmi?” degan asarida bir qator koʻknori va qimorbozlar obrazini yaratib, maʼnaviy turmushning tuban bir holga kelib qolganlini koʻrsatdi. Monarxiyaga qarshi kurash, bayrogʻi ostida kechgan 1910 yilgi Portugaliya inqilobi, 1909 yili Turkiyada yuz bergan “Yosh turklar” inqilobi (“Ikki sevgi”) haqida yozib, adabiyotimizda mavzu va gʻoyalar koʻlamini kengaytirdi. “Biz va Siz”da esa XX asr boshidagi Turkistonning eskilik va yangilik borasidagi kurashini aniq taqdirlar misolida yoritib berdi.

Avloniy asosiy ijodiy faoliyatining eng sermahsul yillari 1917 yildagi Oktyabr toʻntarishiga kadar boʻlgan davrga toʻgʻri keladi.

Avloniy ijodi 60-yillarning oxiridan oʻrganila boshlandi. Hozirda uning turli janrlardagi asarlaridan namunalar alohida kitoblar holida chop etilgan.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.