Abu Iso Muhammad Termiziy

0
5488
marta koʻrilgan.

 Toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Termiziy, kunyasi Abu Isodir.

Abu Iso Termiziy hijriy 209 yili (milodiy 824–825) Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida tugʻilgan.

Ustozlari. Abu Iso Termiziy yashagan davrni hadis ilmining oltin davri deyish mumkin. Kutubi sitta – olti eng mashhur hadis kitobi musanniflari shu davrda yashab kamol topgan.

Abu Iso yigirma yoshga yetganida Xuroson shayxlaridan Isʼhoq ibn Rohavayh va boshqalardan ilm oʻrgandi, soʻng Basraga borib, u yerdagi allomalardan dars oldi. Keyin yana yurtlar kezib, taxminan yigirma yil davomida hadislarni oʻrganib, yigʻib yurdi. Imom Termiziyga Muhammad ibn Bashshar, Muhammad ibn Musanna, Ziyod  ibn Yahyo Hassoniy, Abbos ibn Abdulazim Anbariy, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon, Saʼid ibn Abdurahmon, Ali ibn Hajar Sufyon ibn Vakiʼ kabi olimlar ustozlik qilishgan. Abu Iso asosan Imom Buxoriyning shogirdi boʻlib, hadis ilmini u zotdan oldi, qoʻlida kamol topdi. Hijriy 250 yili Imom Buxoriy bilan Nishopurda uchrashib, koʻp hadislar xususida bahs qilgani haqida maʼlumotlar bor. Shundan soʻng mashhur “Sunani Termiziy” kitobini yoza boshlagan.

Shogirdlari: Abu Iso Termiziydan koʻpchilik muhaddislar hadis rivoyat qilishgan. Ularning aksariyati Imom Termiziy yashagan diyordan boʻlishgan. Talabalaridan Muhammad ibn Ahmad ibn Mahbubiy faqat allomaning “Al-Jomiʼ” kitobidan rivoyat qilgan. Shuningdek, Abu Homid Ahmad ibn Abdulloh Marvaziy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Muhammad ibn Munzir ibn Shokir, Abdi ibn Muhammad Nasafiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqa koʻpchilik muhaddislar Imom Abu Iso Termiziydan hadislarni tinglab, rivoyat qilishgan.

Asarlari. Abu Iso Termiziy “Al-jomiʼ” yoki “Sunani Termiziy”, “Kitobul asmo val kuna”, “Ash-Shamoil”, “At-Tarix”, “Al-Ilal as-sagʻir”, “Al-Ilal al-kabir”, “Sahobalarning nomlari”, “Vaqf qilingan asarlar”, “Katta tafsir” va “Kitobuz zuhd” kabi hadis va boshqa ilmlarga doir ajoyib asarlar meros qoldirgan.

Imom Termiziy hijriy 279 (milodiy 894) yili rajab oyining oʻn uchinchi kechasi, yetmish yoshida, kindik qoni tomgan Bugʻ qishlogʻida vafot etdi.

 

Oʻrolbek MUSTANOV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonidan olindi.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.