Anvar Obidjon. Hayotning har lahzasi go‘zal…

0
1715
marta ko‘rilgan.

Kipriging nega nam…

 

Qaysidir betayin devona

Aljirab zahrini sochdimi,

Kuymanib biron sho‘r peshona

Senga dil hasratin ochdimi,

Kipriging nega nam,

Jonginam?

 

Qoldingmi do‘stlarsiz dildirab,

O‘chdimi isingan gulxaning,

Chaqindek yoki bir yiltirab,

Aldatib ketdimi sevganing,

Kipriging nega nam,

Jonginam?

 

Ko‘rib yo to‘zg‘igan gullarni,

Hislaring keldimi junbushga,

Varaqlab yo «O‘tkan kunlar»ni,

Azador bo‘ldingmi Kumushga,

Kipriging nega nam,

Jonginam?

 

Yo hazin boqdimi suratdan

Bosqinchi yenggan yurt askari,

Xayolan bo‘ldingmi bevatan,

To‘ldirib tutqunlar saflarin,

Kipriging nega nam,

Jonginam?

 

Emasmiz shunchaki tirik jon,

Eng oliy ong mavjud odamda

Va bizda bor ekan to vijdon,

Yig‘lash-chun sabab ko‘p olamda…

Kipriging neganam,

Jonginam?

 

1979

 

 

Millatdoshlik   

 

Men kimman-u, sen kimsan,

Juda qotdi bu boshim.

Nechun menga g‘animlik

Qilmoqdasan, yurtdoshim?

 

Sen qotirma boshingni,

Jam bo‘lsin o‘y-xotiring.

O‘lsam mayli tig‘ingdan,

Bo‘lolmasman qotiling.

 

1978

 

 

“Sevgan qizim shunaqa…”

 

Chiqib xilvat joylarga,

Ertak aytar soylarga…

Sevgan qizim shunaqa.

 

Adirlarda bo‘zlaydi,

Chiroyli tosh izlaydi…

Sevgan qizim shunaqa.

 

Qorlar kechib qishlarda,

Bug‘doy sochar qushlarga…

Sevgan qizim shunaqa.

 

Gullar so‘lsa yig‘laydi,

Kitob quchib uxlaydi…

Sevgan qizim shunaqa.

 

1991

 

 

Farg‘onada bittagina

 

Sen kabi qomati raso Farg‘onada bittagina,

Men kabi qaddingga ado Farg‘onada bittagina.

 

Sen kabi diydori tabib, nozi shifo qayda yana,

Men kabi dardi bedavo Farg‘onada bittagina.

 

Sen kabi mastona qo‘shiq vohadayu vodiyda yo‘q,

Men kabi qayg‘uli navo Farg‘onada bittagina.

 

Sen kabi jon ofatini yuz yil bino etsa egam,

Men kabi yuz joni fido Farg‘onada bittagina.

 

Sen kabi sultoni husn Turon aro bir donadir,

Men kabi husningga gado Farg‘onada bittagina.

 

1988

 

Hayotning har lahzasi go‘zal

 

Tun pardasi ochilar asta,

Chiqib kelar sahnaga quyosh.

Kelinchakdek bo‘lib orasta,

Gul salomdan ko‘taradi bosh.

Hovli go‘yo yuvilgan chinni,

Yo‘llar go‘yo artilgan oynak.

Qutlash uchun yangi bu kunni,

El oyoqqa turar jonsarak…

 

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat.

 

Qaymoq isi yayratar tanni,

Dasturxonda issiq kulchalar.

Suv bosgandek qaqroq o‘zanni

Odamlarga to‘lar ko‘chalar.

Asli hatto go‘dak emizmoq

Barobardir og‘ir yumushga.

Oshiqarlar, yuraklar qaynoq,

Birov ishga, birov o‘qishga…

 

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat.

 

Duch keladi yuzlab chehralar,

Ko‘pin qaytib ko‘rmoqlik mahol.

Ular dilga yaqin naqadar,

Shuning o‘zi tuganmas iqbol.

Barchinoylar nigohida sir,

Alpomishlar ko‘zida yashin.

Yoshlik qaytar qalbga sochib nur,

Eslaysan ilk sevgi otashin…

 

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat.

 

Bir mahallar berishgan salom,

Endi esa olishar alik.

Tillarida duo, xush kalom,

Saodatdir hatto keksalik.

Kulib turgan munchoqko‘z bola

«Tinchlik» so‘zin solar yodingga.

Sochlaringdan erib oq tola

Intilasan yana oldinga…

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat.

 

Bu yurtda alp chinorlar o‘sar,

Ko‘k gumbazlar o‘ngu so‘lingda.

Bir azaga kirib o‘tsang gar,

So‘ng o‘nta to‘y uchrar yo‘lingda.

Goh birovlar tanishar ilk bor,

Goh yig‘ilar eski ulfatlar.

Odamzotga dunyo bo‘lmas tor

To mavjuddir shirin suhbatlar…

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat.

 

Bosh ko‘tarmas kimdir ishidan,

Kimdir o‘ylar ulug‘ bir reja.

Yana sirli orom qushiday

Qo‘na boshlar yurtimga kecha.

Bugunidan el ko‘ngli to‘lib,

Ertangi kun uchun to‘plar dosh.

Anvar shoir charchog‘i bo‘lib

Tog‘ ortiga yonboshlar quyosh…

Hayotning har lahzasi go‘zal,

Umrning har dami g‘animat…

 

2002

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.