Choʻqon Valixonov (1835-1865)

0
1306
marta koʻrilgan.

Choʻqon Chingiz oʻgʻli Valixonovning asl ismi – Muhammad Hanaviya boʻlib, qozoq xalqining buyuk olimi, demokrat-maʼrifatparvari, tarixchisi, etnografi, folklorshunos, sayyoh va jugʻrofidir.

Choʻqon Valixonov 1835 yilda Qozogʻistonning hozirgi Kustonoy viloyatida Koʻchmurin degan joyda tugʻilgan. U Abiloyxonning evarasi. Choʻqon ilk bor Koʻchmurindagi qozoq maktabida oʻqib, arabchaxat tanigandan soʻng, “xon bolasi yettita til bilishi kerak” degan gap bilan Sharq tillarini, shu jumladan, arab, chigʻotoy, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari tillarini ham mukammal oʻrgandi.

1847 yili 12 yashar Choʻqonni otasi Omskidagi kadet korpusiga oʻqishga beradi. Unda aʼlo baholar bilan oʻqigan Choʻqon oʻz doʻstlari orasida obroʻ-eʼtiborga loyiq boʻlib voyaga yeta boshlaydi. Kadet korpusida G. N. Potanin bilan birga oʻqiydi, ular samimiy doʻst boʻladilar. Choʻqon oʻqib yurgan vaqtida Toʻxtamishning “Xon yorligʻi”ni chuqur oʻrgandi. Bu Choʻqon Valixonovning ilmiy izlanishidagi ilk qadami edi. Shunday qilib, 14–15 yoshli Choʻqonga kadet korpus oʻqituvchilari mehr bilan yondoshib, unga kelajaqdagi buyuk olim deb qaray boshlaydilar. Shu paytlarda u tarix, jugʻrofiya fanlariga alohida eʼtibor berib, qunt bilan oʻqib oʻrganadi.

Choʻqon 1853 yili 18 yoshida Omskidagi kadet korpusini, yaʼni harbiy oʻquv yurtini tamomlagach, Sibir kazak rus 6-chi otliq askar polkining zobiti boʻlib ishgaoʻtadi. 1861-1862 yillari Sankt-Pererburg universitetining tarix-filologiya fakultetida maʼruzalar tinglab, ilmiy saviyasini oshirib boradi.

Gʻarbiy Sibir general gubernatorligida xizmat qilgan Choʻqon Valixonov, Xitoy va Markaziy Osiyoga uyushtirilgan ilmiy tekshirish ekspeditsiyalarida ishtirok etadi. 1858–1859 yillarda Koshgʻarga sayohat qiladi, 1855 yili Omskidan Semipalatinskiyga, shuningdek, Ayakoʻz, Qopal orqali qirgʻiz Olatogʻlarigacha boʻlgan yerlar bilan tanishadi. Qaytishida, Jongʻor orqali Olakoʻl, Tarbogʻatoyga sayohat qiladi. Soʻng Markaziy Qozogʻiston – Qorgʻorali, Boyanovul, Koʻkchatov orqali yurib, kuzda Omskiga qaytadi. Mana shu safarlarida u qozoq, qirgʻiz ogʻzaki ijod durdonalarini yozib olib, tarixiy va etnografik materiallar toʻplay boshlaydi va ilmiy izlanishlar olib borishga kirishadi.

Choʻqon Valixonov 1860–1861 yillari Sankt-Peterburgda yashagan paytlarida rus demokratlari, olimlari bilan yaqindan aloqa bogʻlab, Fanlar akademiyasi va Rus jugʻrofiya jamiyati ishlarida faol qatnashadi. Osiyo xaritasini tuzishda yaqindan yordam beradi. U tarix, jugʻrofiya, siyosiy iqtisod, etnografiya, arxeologiya, folklorshunoslik sohalarida ilmiy asarlar yaratadi. Bu oʻrinda uning “Jungʻariya tarixi”, “Qoʻlja safari kundaligi”, “Koshgʻar safari kundaligydan”, “Qirgʻizlar”, “Xon Abiloy”, “Xitoy imperiyasining gʻarbiy oʻlkasi va Gʻulja shahri”, “Koʻkitoy xonning oshi”, “Dala musulmonligi”, “Qozoqlar haqida yozmalar”, “Sud reformasi haqida”, “Qozoq shajarasi” kabi asarlari Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Gʻarbiy Xitoy, qozoq, qirgʻiz, uygʻur kabi xalqlarning etnografiyasi, turmushi, madaniyatini oʻrganishda muhim ahamiyatga egadir.

Bu asarlar faqat dalil-ashyolari bilan emas, chuqur umumlashtirilgan ilmiy xulosalari bilan ham alohida eʼtiborga sazovordir.

Ularda mazkur oʻlkalarning jugʻrofiy, tabiiy, ijtimoiy-maʼyaaviy oʻtmishi boʻyicha nihoyatda qimmatli materiallar bor.

Choʻqon Valixonov oʻsha sayohat jarayonida xalq ogʻzaki durdonalarini, shu jumladan, ertak va afsonalarni, dostonlarni, xalq qoʻshiqlarini yozib olgan edi. Keyinchalik “Koʻzi Koʻrpesh-Bayan suluv” dostonini rus tiliga tarjima qilib, I. N. Berezin tarafidan yaratilgan Xrestomatiyaga kiritgan.

Choʻqon xalq ogʻzaki ijodini chuqur ilmiy oʻrganib, “Qozoqning xalq dostonlarining turlari haqida”, “Oʻrta yuz qozoqlarining afsona-ertaklari toʻgʻrisida”, “XVIII asr botirlari haqida tarixiy afsonalar” kabi ilmiy tadqiqotlarini yaratdi. U qozoq xalqining botirlari haqidagi epik asarlarning hindu herman eposlariga oʻxshashligini birinchi boʻlib aytgan olimdir. “Yer koʻkcha” dostoni XIV – XVI asrda yaratilgan boʻlib, Yer Koʻkcha pahlavon tarixiy shaxs ekanligini isbotlab berdi.

Qirgʻiz xalq dostoni “Manas”ning koʻp qismini yozib olgan, rus tiliga oʻgirgan va chuqur oʻrgangan edi. Bu asarni “Iliada”, “Odisseya” asarlari bilan bir qatorga qoʻyib, yuksak baho bergan ham Choʻqon Valixonov edi.

U Oʻgʻizxon zamonlaridan buyon rivojlanib kelayotgan qozoq folklorini atroflicha tadkiq etib, Urinboy, Choʻja, Aristonboy, Kampirboy, Jonoq kabi oqinlarning ijodini yuqori baholadi.

U qozoq adabiyoti tarixida birinchi boʻlib, qozoq sheʼr qurilishini ilmiy oʻrgandi, qozoq sheʼriyatining oʻziga xos xususiyatlarini ochib berdi. Choʻqon Valixonov oʻzining “Qozoq xalq poeziyasining turlari haqida” degan ilmiy-nazariy maqolasida qozoq sheʼriyatini “Jf”, “Oʻlan”, “Qora oʻlan”, “Qayim oʻlan”, “Yoʻlov oʻlan” turlarga boʻlib ilmiy talqin etdi.

Choʻqon Valixonovning musavvirlik faoliyati ham qozoq tasviriy sanʼat tarixida alohida oʻrin egallaydi. Undan bizgacha 150 ga yaqin rang-barang tasviriy sanʼat asarlari yetib kelgan. U yaratgan rasmlar XIX asrning 60-yillarining boshlaridayoq “Vsemirnaya illyustratsiya”, “Iskra”, “Russkiy xudojestvennny list” kabi jurnallar hamda Rus jugʻrofiya jamiyatining “Xabarnomasida” eʼlon etilgan.

Choʻqon Valixonov podshoh Rossiyasi tuzumini, mustamlakachilik zulmini keskin tanqid qildi, rus madaniyatini targab qildi, qozoq xalqini koʻchmanchiliqdan oʻtroq holatga oʻtishga daʼvat etdi, maʼrifatli boʻlishga chaqirdi. D. I. Mendeleev, P. P. Semenov Tyanshanskiy, G. N. Potanin kabi rus olimlari bilan ijodiy muloqotda boʻldi. V. G. Belinskiy, N. G. Chernishevskiy ijodlari tasiri ostida qozoq ijtimoiy-falsafiy fikrida birinchi boʻlib realistik anʼanalarni ilgari surdi. 1860 yili Rus jugʻrofiya jamiyatiga aʼzo boʻlgan Choʻqon Valixonov rus mustamlakachiligi tufayli boʻlayotgan adolatsizliklarni ham sekin-asta tushuna boshladi.

Choʻqon Valixonov faqat qozoq xalqi tarixidagina emas, Markaziy Osiyo xalqlari madaniy hayotida ijtimoiy tafakkur taraqqiyoti tarixida alohida oʻrin tutgan ulkan olimdir. Uning boy va rang-barang ilmiy tadqiqotlari Turkiston xalqlarining mushtarak madaniy-maʼnaviy mulkidir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.