Elmurod Nishonov. Hajviyalar

0
608
marta ko‘rilgan.

«ASTRONOMIK» ASHULALAR (HAJVIYa)

(Ya’ni yulduzlar kuylagan qo‘shiqlarga hazil javoblar)

 

Yondi, yondi, yurak yondi,

Yondi oy va yulduzlar…

Shakarxanda:

– G‘irt yolg‘on qo‘shiqlardan. Hofiz, astronomiyadan bilimlari o‘zimiznikidaymi, deyman? Yulduzlar yonishi haqida eshitganmiz. Oy qanday qilib «yonadi», isbotlash ham kerak-da!

 

*** *** ***

Shomrot akam qattalar,

Shomrot akang sho‘ttalar.

Shakarxanda:

– Oilaviy sirlaringni ovoza «qillaring» endi! «Shomrot akam qatta, Shomrot akam qatta?» Birinchidan, «Shomrot» emas, ota-onasi uni ham suyib, «Shohmurod» deb ism qo‘ygan! Ikkinchidan, senday suluvgina xotinini tashlab, sang‘ib yurgan «Shomrot» akang «qatta» emas, g‘irt latta ekan, qizim! Qo‘y, boshqa ashula ayt!..

*** *** ***

Nechun yirog‘lab ketding,

Yana sog‘indim, yana…

Shakarxanda:

– Sog‘inchning davosi – diydor, deydilar. Suluvginaning qoshiga uching, hofiz. Kuylab, dardni dasturxon qilib o‘tirgandan ne foyda?

 

*** *** ***

Boshim aylandi,

Boshim ayla-andi…

Shakarxanda:

– Bu juda xavfli-ku, hofiz!..

 

*** *** ***

Mahallangni kezaman,

To‘yingni ham buzaman…

Shakarxanda:

– Azizlar, to‘y-po‘y qilayotganda, xavfsizlik choralarini kuchaytirishingizni iltimos qilamiz…

 

*** *** ***

Men seni yorim desam,

Yoningda yoring bor ekan…

Shakarxanda:

– Hozirgi qizlarga o‘ylab gap otish kerak, hofiz!

 

*** *** ***

Bu hovlining men uchun

Darvozasi yopilgan…

Shakarxanda:

Yopiq ekan, deb qarab turaverish yaramaydi, uka! Zvonokni bosing, zvonokni!

*** *** ***

Qashqadaryodan Surxondaryoga

Kelin bo‘lib ketdi Laylo…

Shakarxanda:

– Bu – hayot, uka. Qizlar kelin bo‘ladi, yigitlar kuyov. Laylo tegib ketgan bo‘lsa, Lobari bor, Lolasi bor. Shunga kuyinib o‘tirasanmi?

 

*** *** ***

Sen faqat tabassum qil,

Sen faqat tabassum qil…

Shakarxanda:

– Bo‘lar-bo‘lmasga, kun – yigirma to‘rt soat tabassum qilganlarga qanday tashxis qo‘yilishini bilasizmi, yaxshi qiz?

*** *** ***

Men seni o‘xshatardim

Jonginam, ohularga…

Shakarxanda:

– Inson mukarram zot, deyishadi. Uni jonivorlarga tashbeh qilib bo‘lmaydi, o‘rtoq!

 

*** *** ***

Ishq nashtari tilkalaydi kuragimni,

Arazingiz ochilmaydi, arazingiz…

Shakarxanda:

– Sevgining yurakka emas, kurakka sanchilishi – zo‘r yangilik! Arazning ochilib-yopilishini ham sizdan eshityapmiz, birodar.

 

*** *** ***

Arazlamang, jonim, siz arazlamang,

O‘zim o‘sma qo‘yay shu qoshingizga…

Shakarxanda:

– Yaxshisi, go‘zallik saloni ocha qoling, do‘stim!..


 

 

«UY BEGI» – UY BEKLARINING SEVIMLI GAZETASI (HAJVIYa)

 

Muhtaram va go‘zallikda tengsiz ayollarini uy ishlaridan «ozod» qilgan uy beklari!

Siz bugun farzandlar tarbiyasi bilan bandmisiz? Sizni ro‘zg‘or ikir-chikirlari – bolalarni kiyintirish, ovqatlantirish, maktabga (bog‘chaga) olib borib-olib kelish… kabi yumushlar qiynayaptimi? U holda «Nazokatli va nafosatli uy beklari» mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida nashr etilayotgan yangi – «Uy begi» gazetasini o‘qib boring!

Gazeta xotini xorijga ishga ketgan yoki shu yerda ishlaydigan, o‘zi esa uyda butkul farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul siz kabi barcha uy beklariga bag‘ishlangan.

Uning yaqindagina e’lon qilingan nishona sonini qo‘lingizga olar ekansiz, birinchi sahifasiga nigohingiz tushiboq, vujudingizga titroq kirishi aniq. Chunki unda chet elga ish qidirib ketganicha, uch yildan buyon o‘zi haqida xabar qilmayotgan ayolini qo‘msayotgan dilning hasratlari bilan tanishasiz. Mazkur sog‘inchnoma muallifi, mehribon uy begi Bardamboy Gulyuz, so‘zining oxirida uni tashlab ketgan ayoliga ko‘z yoshlari daryo bo‘lib, shunday murojaat qiladi: «Shirmongul, go‘zalim! Uyga qaytsang-chi! Men g‘aribing-ku, nachora, ko‘nikib ham qoldim… Loaqal, bolalarimizni o‘ylasang-chi, Shirmon! Kichkinangni so‘ramaysanmi? Uyam esini tanib qoldi, sen ketganingdan beri! Har oqshom Rayhonmi, Aliyami televizorda ko‘rinib qolsa, ekranga talpingani-talpingan! Oyim ham o‘sha yerda bo‘lsa kerak, deya xarxasha qilgani qilgan! Muni ko‘rib, yuraging ezilmaydimi, Shirmon?! Meningam bo‘larim bo‘ldi-ku, tezroq qayt, jonim!..»

 

Mazkur sog‘inch maktubini o‘qigan har qanday tosh yurak erib, suvga aylanishi shubhasiz.

«Faqat uy beklari o‘qisin!», «Namunali uy begiga maslahatlar» (bu maqolada ishdan qaytayotgan xotinini xushmuomalalik va shirin tabassum bilan kutib olish qoidalari bayon qilingan), «Dadangni oyingga bepardoz ko‘rsatma» kabi ruknlar ostida e’lon qilingan bir qancha materiallar ham e’tiboringizni tortishiga shubha qilmaymiz.

«Bolalar bog‘chada payti» – uy beklari uchun dam olish sahifasi. Unda bir-biriga o‘xshash va o‘xshamagan ming turli seriallarning keyingi qismlari bayoni («Rayhon bir do‘stinikida tunni o‘tkazdi, oqil yigit Amirxon uni kechirdi!», «Aliya yana sevib qoldi», «Bu xiyonat emas, sevgi!» singari sarlavhalarda), «Yuzdagi dog‘ni qanday ketkizsa bo‘ladi?» («Go‘zallik olami» ruknida), «Qadringiz necha dollar?» (bir isyonkor uy begining o‘z tengi uy beklariga tanqidiy murojaati), «G‘iybati emas, sifati» kabi maqolalarni o‘qiysiz.

Aziz uy beklari! «Uy begi» – bu Sizning gazetangiz! Unga obuna bo‘lishga oshiqing!

Obuna indeksi: 13-13-13. Narxi, bir yil uchun – xotiningizning besh kunlik ish haqi miqdoriga teng.

PS. Gazeta bosh muharriri Qoqigul Mottiyeva xorijga ishga ketayotganligi sababli bosh muharrir lavozimiga tanlov e’lon qilinadi! Nomzodlar erga tekkan yoki tegib chiqqan bo‘lishi shart.

 

2008 yil


 

 

ADIBDAN ARMUG‘ON (HAJVIYa)

 (taqriznamo)

 

Eshmon Mallani adabiyot muxlislari yaxshi biladi. Uning «Harorat», «Baqaning tirilishi», «O‘tloqqa ta’zim» kabi romanlari, «Pichanzor oralab ikki kun», «Qovunning hidi» qissalari allaqachon o‘quvchilar qalbidan joy olgan bo‘lsa, «Yor, oramiz ming qadam», «Oshiq emas, xaridoringman» she’riy to‘plamlarini nazm ixlosmandlari haligacha qo‘llaridan qo‘ymay o‘qiydi. E’tiborlisi shuki, adibning deyarli barcha asarlari yigirmadan ortiq mahalliy shevalarga tarjima qilingan.

Yaqinda esa sevimli ijodkorimizning «Armug‘on» nomli yangi kitobi «G‘ildirak» nashriyotida yuz ming nusxada chop etildi. Qalin muqovali, gul bezakli ushbu kitob chindan ham adibning chin do‘stlari, ya’ni muxlislari uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz.

Kitobdan muallifning bog‘cha, maktab, institutda ta’lim olgan yillari tushgan mingga yaqin surati, yana shuncha boshqa suratlari o‘rin olgan. Ayniqsa, hurmatli yozuvchimizning o‘z oilasi davrasida tushgan yetmishga yaqin fotosurati borki, bu kitobni varaqlagan hech bir kishini befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.

Lekin kitobni butunlay fotosuratlardan tashkil topgan, deb bo‘lmaydi. Chunki undan ijodkorning keyingi yillarda yozgan ikkita gulday asari ham joy olgan. Shulardan birinchisi «Men ham nihol edim…» deb nomlanadi. Unda muallif bolaligi, o‘quvchilik va talabalik davrlari to‘g‘risida jo‘shib gapiradi. «Men, –; deydi u yana mazkur asarida, –; hayotda juda ko‘p yutuqlarga erishdim, dunyo kezdim. Asarlarim kirib bormagan joy dunyoda qolmabdi…» U yana yozadi: «Qayerga bormay, hurmatimni joyiga qo‘yishadi, sevishadi, qadrlashadi. Xo‘sh, men bunday obro‘-ye’tiborga qanday sazovor bo‘ldim? Albatta, o‘z iste’dodim orqasidan…»

Asarda o‘quvchini o‘ziga sehrlab qo‘yadigan g‘oyatda qiziqarli ma’lumotlar ham juda serob. Xususan, muallifning bolaligida xo‘rozqandni judayam yaxshi ko‘rganligi to‘g‘risida yozilgan gaplar asarga o‘zgacha jozibadorlik baxsh etadi, bu gaplarni o‘qib xuddi xo‘rozqand yalaganday bo‘ladi kishi…

«Armug‘on»dan o‘rin olgan ikkinchi va so‘nggi asar «Men o‘zimni bilmasam…» deb nomlanadi. Asar to‘lig‘icha muallifning o‘zi yozgan asarlariga o‘zining tanqidiy va tahliliy qarashlaridan iborat. Ya’ni yozuvchi ushbu asari orqali o‘zining barcha asarlarini o‘zi tahlil qilib chiqadi. Masalan, u bir paytlar yozgan, hozir esa birozgina unutilayozgan «Boltaboy va Gulkaram» ishqiy dostonini tahlil qilar ekan, shunday yozadi: «Kamina ushbu asarim vositasida «pana-pana joylar»da qolib ketayotgan sevgimas, balki qalbning to‘rida paydo bo‘lib, so‘ngra to‘y orqali elga ma’lum qilingan sevgi –; haqiqiy sevgidir, demoqchi bo‘lganman…»

Adib unutilayozgan asarlaridan yana biri –; «Qarg‘a» romani haqida ham kuyunib yozadi: «Romanim yomon chiqqan, deb aytolmayman. U juda g‘oyaviy yuksak, hayotiy va go‘zal asar, faqat nomi andak dag‘alroq, shekilli, mashhur bo‘lib ketolmadi. Unga «Qarg‘a» emas, «Bulbul» deb nom qo‘yganimda boshqacha bo‘larmidi… Afsuski, nom tanlashda xato qilganman va shu jihatdan o‘zimni qattiq tanqid qilishga haqqim bor…»

Umuman olganda, yangi –; avtotanqid va avtotahlil janrlari uyg‘unligida yozilgan mazkur asar adib ijodining cho‘qqisi bo‘ldi, desak, zarracha mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Ha, kitob javonlari yana bir nodir kitob bilan boyiydigan, tafakkurga tashna millionlab qalblar esa bundan bahra oladigan bo‘ldilar. Zero, biz uchun aynan mana shunday kitob kerak emas, balki zarur edi!

So‘zimiz so‘ngida sevimli ijodkorimiz tomon yuzlanib: «Qalamingiz hech qachon sinmasin. Ko‘p yashang, Eshmon og‘a!» deb qolamiz. Sizlardan so‘raganimiz esa, albatta, bu kitobni o‘qimasangiz ham, bir varaqlab chiqing. Siz bilgan barcha kitob do‘konlarida shu kitobdan borligiga esa mazkur taqrizni yozgan tanqidchi Qayroq Charxiy kafolat beradi.

2006 yil


 

 

ALKASHLAR ANJUMANI (HAJVIYa)

reportajnamo

 

– Men ichgan aroqlarni yig‘ib, hajmini hisoblasak, dunyo okeani suvi hajmidan bir yuzu o‘n baravar ko‘p chiqardi, – deydi Xalqaro alkashlar uyushmasi raisi, o‘n to‘qqiz karra jahon aroqxo‘rlari musobaqasi g‘olibi, mashhur piyonista Aroqsiz Turmasov alkashlarning yillik hisobot majlisida. – Ha, men butun umrimni o‘zimning sevimli kasbim – ichkilikbozlikka bag‘ishladim. Yeganim ham, kiyganim ham shu ichkilikning orqasidan bo‘ldi. Ammo hech kimdan kam bo‘lmadim…

Shuningdek, majlisda so‘z olgan Sharobbek Shaytonqulov hozirgi kunda ichkilikbozlik xalq orasida juda kamayib ketganligi va uni omma orasida keng targ‘ib qilish bugungi kunning eng dolzarb muammosi bo‘lib qolayotganligi xaqida kuyib-pishib ma’ruza qildi.

«Aroqxo‘rlikni xalq orasida yaxshi targ‘ib-tashviq qila olmayotgan «Piyonista» gazetasi faoliyatini qattiq qoralayman, – dedi u qo‘lidagi may to‘la qadahni minbar ustiga «taq» etib qo‘yarkan. – Gazeta o‘z vazifasini bajara olmayapti! Mana, qo‘limda uning sakkizta soni. Birortasida ichkilikni targ‘ib etuvchi tuzuk, «o‘qimishli» bir maqola yo‘q».

Mashhur alkashning mazkur so‘zlarini zal qarsaklar bilan ma’qulladi. Shundan so‘ng o‘tgan yili bir o‘tirishda bir kam yigirma to‘rtta shishani dumalatib, o‘z tengdoshlari orasida mutlaq jahon chempioni bo‘lgan va «Oltin butilka» kubogini qo‘lga kiritgan yosh iqtidorli alkash Mayxo‘rjon Kayfqulov minbarga chiqdi. U o‘zidan oddin so‘z olgan har ikkala ustozining gaplariga qo‘shilajagini qistirdi. «Kelinglar, dunyodagi barcha alkashlarning sog‘lig‘i uchun ichaylik! Olinglar, oldirmanglar!», – dedi u bir shisha aroqni qo‘lida o‘ynatar ekan.

So‘ngra majlis ishtirokchilari Mayxo‘rjonni «Yilning eng yaxshi yosh aroqxo‘ri» deb tan oldilar va u maxsus «Billur qadah» medali bilan mukofotlandi. Majlis so‘ngida «g‘olib» muxbirlarga intervyu berar ekan, bu yutuqlari bilan aslo chekinib qolmaslikka, kelajakda boshqa sohalarda ham, masalan, kashandalik va giyohvandlikda ham o‘zini ko‘rsatishga va’da berdi.

2006 yil


 

 

MAYDON – YUMALOQ, TO‘P – TEKIS (HAJVIYa)

Yangiliklar

 

Hisobni hech kim bilmaydi

Kuni kecha (chislosi yo‘q) Qovunqishloqdagi markaziy «Chakalakzor» stadionida qishloq chempionatining final uchrashuvi o‘tkazilib, unda «Qovunchi» va «Sovunchi» jamoalari maydonga tushishlari kerak edi. Ammo o‘sha kuni «arena»dan qishloq podasi tushki «hordiq» uchun «foydalangani» sababli, uchrashuv ikki yarim soat kech boshlandi. O‘yin qorong‘i tushib, «Sovunchi» jamoasi forvardi Shoshildiyevning to‘p o‘rniga yumaloq toshni tepib olgunigacha davom etdi. Bahsda futbolchilar odatdagidek bitta emas, ikkita to‘p bilan o‘ynashgani tufayli, gollar ham shunga yarasha bo‘ldi. Ularni sanab borishning iloji bo‘lmagach, aniq hisob borasida ham bir gap aytish qiyin. Shuning uchun biz o‘yin ishtirokchilari bilan suhbatda bo‘ldik.

– Bu paytda hisob 13-8, biz yutayotgan edik, – dedi ertasiga «Qovunchi» bosh murabbiyi Qulmurod Qulboyev. «Sovunchi» sardori O‘tajon O‘tarovning guvohlik berishicha, o‘yin 20-5 hisobida ularning g‘alabasi bilan tugagan. Uchrashuvga hakamlik qilgan Sorijon Sottiyev esa o‘yin vaqtida g‘irt mast bo‘lgani uchun, hisobni eslolmasligini aytdi.

– Lekin, – dedi u og‘zini katta ochib esnagancha, – o‘zimning qanday gol urganimni juda yaxshi eslayman. «Qovunchi» darvozasiga o‘n bir metrli jarima to‘pi belgiladim. Qarasam, futbolchilar penaltini talashib, to‘p tepish o‘rniga bir-birini tepayapti. Hammang munday tur, dedim-u, to‘pni o‘zim tepib qo‘ya qoldim…

Xullas, kim g‘olib chiqqani noma’lumligicha qoldi. Superderbi qayta o‘tkazish yoki o‘tkazilmasligi chempionat homiysi Mamatqul raisning kayfiyatiga bog‘liq bo‘lib turibdi.

 

Transfer amalga oshadimi?

«Qovunchi» futbol klubining rasmiy saytida yozilishicha, jamoa keyingi mavsumda «Pillakor» yarim himoyachisi Norqulovni sotib oladi. Ammo buning uchun «Pillakor»ga 50 ming dona qovun berishi kerak.

– «Pillakor» klubi rahbariyati bizdan 75 ming dona qovun talab qilayapti, – deydi bu haqda «Qovunchi» sport direktori Bekqulov. – Biz esa Norqulov uchun ko‘pi bilan 50 ming dona to‘lashimiz mumkin. O‘z vaqtida hatto Ronaldoni ham 45 ming qovunga olmaganmiz. Umuman olganda, Ronaldino, Shevchenko va Norqulov kabi futbolchilar uchun 40 mingta qovun ham ko‘plik qiladi. Biz bo‘lsak, 50 ming berishga rozimiz-u…

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, «Qovunchi» «Sovunchi» sardori O‘tajon O‘tarovni ham 35 ming dona handalak evaziga o‘ziga o‘tkazib olmoqchi. O‘tarov o‘tadimi, o‘tmaydimi, buni yaqin orada bilib olamiz.

2009 yil, may

 

TANQIDCHI O‘TKIR BOLTA BILAN SUHBAT (HAJVIY INTERVYu)

 

– O‘tkir aka, sizga Bolta aka deb murojaat qilsam, maylimi? Chunki ismingizdan ko‘ra taxallusingiz el orasida juda mashhur. Bolta nomingizni eshitganda, hatto adiblar adibi, shoirlar shoiri Eshmon Malla ham joyidan uch yarim qarich uchib tushar ekan.

– Haligi, «Pichanzor»ni yozgan bolani aytayapsiz-da?

– Kechirasiz, men «Pichanzor oralab ikki kun» trilogiyasi muallifi, «Oltin siyohdon» mukofoti sohibi, adib va shoir, mavlono Eshmon Malla haqida gapiryapman…

– Hm-m… Men uning hamma asarini o‘qib chiqqanman. Nuqul kitobxonni aldaydi-yu, lekin o‘zi durust bola. «Pichanzor»ining syujeti o‘zining «Bedazor» romanidan olingan. Faqat birida voqealar pichanzorda, ikkinchisida bedazorda bo‘lib o‘tadi. Ha, aytganday, bosh qahramonlari ham boshqa-boshqa. «Pichanzor» qahramoni – Shomurod, «Bedazor»niki – Boymurod. Lekin men ikkita asar bosh qahramonlarining bitta qizga ko‘ngil qo‘yishini hech hazm qilolmayman. Shomurod ham, Boymurod ham Oysha degan qizni yaxshi ko‘radi. Misol uchun, shu asarlarni men yozganimda, ikki qahramonimga ikkita qizni tavsiya qilgan bo‘lardim. Oysha, mayli, Shomurodniki bo‘la qolsin, Boymurodga Oygul deganini duch qilardim. Oysha va Oygul. Ikkovida ham «Oy» bor. Qalay?

– Zo‘r-ku, lekin bu asarlar yozilib, har biri million nusxadan chop etilganiga ancha yillar bo‘lib qoldi. Muallif asarlariga sizning tavsiyangiz bilan o‘zgartirish kiritishiga ishonasizmi?

– Buning nimasi qiyin ekan? Xalq, ya’ni kitobxonlar shuni talab qilayapti, o‘rtoq yozuvchi, yoki siz xalqqa qarshimisiz, deyman. Qani og‘zini ocharmikan?.. Be, siz Eshmonni yaxshi bilmas ekansiz, u o‘zi unchalik yomon yozuvchi emas.

– Bilamizki, siz ko‘p yillardan buyon san’at sohasida ham qalam tebratib kelasiz.

– Ha, qalam tebratib kelayotganim rost. Qalamning orqasidan ro‘zg‘or ham tebratib kelayapmiz. Qora qozon qaynab turibdi, harqalay.

– Ayting-chi, Boltaboy aka, hozir kimlarning ashulalarini sevib tinglayapsiz?

– Men sevib tinglaydigan ashulalar ko‘p. Ochig‘ini aytsam, keyingi paytlarda saviyam bir qadar «oshib», o‘zim bir vaqtlar qo‘shiqlarini kulga bulab, tuproqqa qorishtirib, «boltalab» tashlagan qo‘shiqbuzarlarni ham hofiz o‘rnida ko‘rib borayapman. Haligi, bir qo‘shni xalq maqoli boru, baliq bo‘lmasa, baqayam baliq o‘rnida o‘taveradi, degan. Onasini to‘yib emgurlar, o‘roqday, e, yo‘g‘-e, ignaday to‘g‘ri gapni aytishgan ekan. Shu, masalan, oldin to‘rtta qiz likillab qo‘shiq aytadigan «Lolalar» guruhini, miyasi sog‘ odam borki, «Chalalar» guruhi deb atardi. Negaki, qo‘shiqlari chala pishgan oshni eslatardi-da. Hozir diqqat bilan tinglab ko‘ring, uning qo‘shiqlari bugungilarning «ming‘illash»lari oldida «shlyager» bo‘lib qolgan. Kuni kecha televizorda Jey-jey Nuqta Sharob degani chiqib, besh minut quloqni shang‘illatdi. Yangangizning qo‘lidan pultni yulib olib ovozini «no‘l»ga tushirsam ham eshitilib turdi-yey. Birinchidan, shu xonandaga hayronman, «Jey-jey» degan ismni qayerdan olgan? Undan ko‘ra, o‘zbekcha qilib: «Jo‘ja» deb olganida zo‘r bo‘lardi. «Nuqta» degani: «Bo‘ldi, O‘zbek estradasiga nuqta qo‘yaman, hammang tamomsan!», degani bo‘lsa kerak. «Sharob» otiyam egasiga mos emas. «Sharob» emas, «Xarob» deganida san’atkorning o‘z ijodi yorqin ifoda etilgan mukammal taxallus bo‘lardi.

– Xabaringiz bo‘lsa kerak, hozir do‘stingiz Bardamqul Baqiroqning bozori chaqqon. Aytishlaricha, u yigirma-o‘ttiztalab she’rni konveerdan chiqarganday bir kunda yozib tashlar ekan. Xonandalar faqat uning she’rlarini kuylashayotganmish. Unga munosabatingiz qanday?

– Bardamboy hamisha bardam, xuddi jigarimday bo‘lib ketgan yaqinlarimdan biri edi. Nima jin urdi-yu, tuppa-tuzuk injenerligini tashlab, «shou-she’riyat»ga o‘zini urdi. Mayli, haloli bo‘lsin. Bir oycha bo‘ldi, O‘tkirvoy, o‘zimni xonandalikda ham bir sinab ko‘rsammikan, nima maslahat berasan, deb qoldi. Do‘stimning pichirlaganda ham filni cho‘chitadigan ovozi bor. Buni bilganim uchun, unga omad tiladim. Ishoning, agar u qo‘shiq aytsa, yuraklarni sel qiladi. Qolaversa, hali aytdim, balandgina ovozi bor. Uning uchun yaponlargami, koreyslargami aytib, maxsus ovoz pasaytirgich uskunalar ishlab chiqarishni «zakaz» berish kerak. Bu jahon qo‘shiqchilik san’atida yangilik bo‘ladi. Do‘stim kontsert berib qolsa, reklamasida muxlislarning qulog‘iga paxta tiqib kirishlarini ham eslatib qo‘yish lozim. Shuningdek, kontsert saroyi ma’muriyatiga ham tavsiyam bor. Baqiroqning kontsertigacha saroy oynalarini qalinrog‘iga almashtirishsin. Bir yuz to‘qson – ikki yuz detsibel ovozda oynalar tugul devorlar ham darz yeyishi mumkin. Buni e’tibordan chetda qoldirish yaxshilikka olib kelmaydi.

– Boltaboy aka, sizni xalq mashhur tanqidchi deb biladi va ardoqlaydi. Munaqqid O‘tkir Boltaning tanqidchilikdan ham boshqa sevimli mashg‘uloti – «xobbi»si bormi?

– Ya’ni bo‘sh vaqtlaringizda nima bilan shug‘ullanasiz, demoqchisiz-da?

– Yashang.

– Men bo‘sh vaqtlarimda ko‘pincha bo‘sh bo‘laman. Bu javobim hazil, albatta. Jiddiy aytadigan bo‘lsam, tanqidchilikdan bo‘shagan paytimda, boltamni o‘tkirlashga harakat qilaman.

– Majoziy ma’noda aytayapsiz-da?

– O‘lmang. Buni ikki xil ma’noda tushunish mumkin. Ammo bir sirimni, to‘g‘rirog‘i, hasratimni ham ayta qolay. Boltamni charxlashga charxlaymanku-ya, uni tuzuk narsaga ishlatishni ham o‘ylashim kerak. Misol uchun, o‘zim salkam o‘ttiz yildan beri faqat Eshmon Mallaning uch-to‘rtta asarini qayta-qayta tanqid qilib kelaman. Ikkalamiz necha marta shuning ustida «cho‘qishib» oldik.

– Menga yopishganing-yopishgan, kley! – deya xezlanib qoladi bachchag‘ar Malla.

Nima qilay, Eshmonnikidan boshqa mening «boltam»ga munosib asarning o‘zi yo‘q. Keldi Qora deganlari boru, uning yozganlariga «bolta» urish uyoqda tursin, bolta tekkizish hayf.

Shu, muxbir ukam, hasratim shu mening. Ammo to‘g‘risini ayting, suhbatimizning qanchasini «kesib» tashlamoqchisiz? Aytavering, xafa bo‘lsam, Bolta otimni Tesha qo‘yaman.

– Salomat bo‘ling, ustoz! Bizda qaychi degan buyumning o‘zi yo‘q. Ularni tupkanning tubiga ko‘mib tashlanganiga ko‘p yillar bo‘lib qoldi. Xavotir olmang.

– Barakalla sizga…

2011 yil


 

 

FUTBOL ShARHI

(yozib olingan, oqqa ko‘chirilgan original nusxa, tahrirsiz)

 

Assalomu alaykum, aziz futbol muxlislari! Mana bugun Borsakelmas qishlog‘idagi markaziy «Changalzor» o‘yingohi futbolchilarning qarindosh muxlislari bilan liq to‘la. «Chang-TV» kanali sizlarga Borsakelmas chempionati eng qiziqarli o‘yinining ikkinchi taymini namoyish etadi. Maydonda ikki buyuk jamoa – «Pillakor» va «Chorvador»… Mana qarang, hozir «Pillakor» jamoasi keng front bo‘ylab hujumga o‘tmoqda! To‘p bilan darvozabon Beshqulov… Zarba! Go-ooo-ooo-oooll!!! E, kechirasiz… To‘p darvoza to‘riga tashqi tomondan tegibdi…

Ana, Beshqulov o‘z darvozasiga qaytmoqda. Endi kim? Ha, endi «Chorvador» futbolchilari hujum uyushtirmoqda. Norg‘ulov… U to‘pni Shoshildiyevga oshirdi. Shoshildiyev shoshqaloqlik bilan oldinga intilmoqda. Darvozaga qadar qirq olti yarim metrlar masofa bor, eh! Shu yerdan ursa bo‘ladi!!! A-ha! U tepni to‘pdi… Kechirasiz, to‘pni tepdi! Ha-aaa-aaa! Shoshildiyev tepgan to‘p vertolyot singari havoga ko‘tarildi. Birodarlar, negadir to‘p yerga tushmayapti. Bu – maydondagi o‘yinchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ularning ba’zilari biroz mizg‘ib olish uchun cho‘zilishdi… «Pillakor» bosh murabbiyi esa paytdan foydalanib, oyoqda tik turgan uch nafar shogirdiga nimalarnidir uqtirmoqda, shekilli… Chamamda, u futbolchilarga, xotirjam bo‘linglar, baribir biru no‘l bo‘ladi», deyotgan bo‘lsa kerak… Ana, nihoyat, to‘p maydonga qaytib tushdi, «Chorvador»ning hujumi. Boyshakarov. U Haqqiyevga pas berdi. Haqqiyev o‘ziga faqat Zidanga ma’lum bo‘lgan texnikasini ishga solib, to‘pni orqasi bilan Mallayevga tashlab berdi. Mallayev! U ro‘parasidan chiqqan bir, ikki, uch, to‘rt… Sakkiz raqibini aldab o‘tdi. Nima uchundir raqiblaridan biri unga qichqiryapti. Lekin Mallayev eshitmadi. U olg‘a intilmoqda. Darvoza bo‘sh… Udar!!! Goo-ooo-oooll! Mana buni haqiqiy shedevr desa bo‘ladi!.. To‘xtang, nimalar bo‘layapti maydonda? Mallayev «Chorva» futbolchisi edi, chog‘i… Negadir, uning golini «pillakor»chilar nishonlamoqda! Ana, xolos! Mallayev raqib emas, o‘z darvozasini ishg‘ol qilibdi-ku! Nima bo‘lgandayam, juda chiroyli gol va hisob biru no‘l.

 

Hurmatli teletomoshabinlar, aziz muxlislar! Siz, sog‘inib kutilgan Borsakelmas «el-klassiko»sini tomosha qilayapsiz. Ha, bugun butun dunyo ikkiga bo‘lingan, desak xato bo‘lmaydi. Bir taraf «Pillakor», yana bir taraf «Chorvador» fanatlari!.. Ekraningizda har ikki klub prezidentlarini ko‘ryapsiz. Negadir, ularni o‘yin unchalik qiziqtirmayapti, chog‘i, bahuzur pivoxo‘rlik qilib o‘tirishipti… Rejissyorimizdan bu lavhani ko‘rsatmasligini iltimos qilardik… Ana, yana bir hujum… «Pilla»chi Daqqiyev oldinga bormoqda. Afsuski, uning yo‘liga bosh hakam to‘g‘anoq bo‘ldi. Aniqrog‘i, bu hujumchi sudya bilan to‘qnashib ketdi. U jarohat olgan ko‘rinadi. Ana, xolos! U jarohatiga qo‘shib sudyadan bitta sariq kartochkayam oldi! Tushunmayapman, jarima to‘pi belgilandi… Darvozagacha yigirma yettimi.. Yo‘q, chamamda o‘ttiz bir yarim metrlar masofa bor. To‘p oldida Sottiboyev. Siz uning qanday kuchli zarba sohibi ekanligini yaxshi bilasiz. Uning, ayniqsa, «Ko‘mirchi» jamoasi darvozasiga qanday gol urgani esingizdadir? Mana, u to‘p tomon yugurib borayapti. Qaniii!!! Eh! U to‘pga qoqilib ketdi… Bilmadik, juda holdan toygan, shekilli…

…Ha, aziz do‘stlar. Biz siz bilan mana shunday shiddatli va keskin, dramatik uchrashuvni tomosha qilyapmiz… O‘yin tugashiga o‘ttiz sakkiz daqiqayu o‘n besh soniyacha vaqt bor. Ajabo, yordamchi hakam bir daqiqa qo‘shimcha vaqt berilganligini ko‘rsatayaptimi?.. Kechirasizlar, bizning soat to‘xtab qopti… Maydonda esa shiddatli va keskin kurash davom etmoqda… Mana, nihoyat, bosh hakamning final hushtagi yangradi. Bundan futbolchilarning boshlari osmonda. Hatto mag‘lub jamoa o‘yinchilari ham bir-birlarini tabrklashyapti… Balki yirik hisobda yutqazishmaganidan xursanddir ular? Negadir, bosh hakam ham tabassum qilayapti. Bugun hammaning ishi yurishgan chog‘imda!..

Shunday qilib, «Changalzor» stadionidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib olib namoyish etayotgan reportajimizni yakunlaymiz. Sharhlovchi – Jo‘qiyev. Yana shunday chiroyli o‘yinlarda diydorlashguncha omon bo‘ling, azizlar!

 

2008


 

 

QORBOBO BILAN SUHBAT (HAJVIY INTERVYu)

 

Qorbobo bilan faqat Yangi yil bayramida uchrashamiz. Ammo u bilan hali hech kim ochilib gaplashmagan bo‘lsa kerak. Sababi, Qorbobo bu mahal juda band bo‘ladi. Hali u yer, hali bu yerga tashrif. Ammo ishonasizmi, u bizga intervyu berishga rozi bo‘ldi. O‘zimga-ku. ko‘nmasdi-ya, aziz o‘quvchi, o‘rtaga Sizning nomingizni qo‘ydim-da. «Turkiston» o‘quvchilariga bo‘lsa, mayli, dedi muzday soqolini ishqalab. Shunda biram sovqotib ketdikki… Harqalay, suhbat qizib, bizni bu balodan ozroq chalg‘itganday bo‘ldi…

 

– Qorbobojon, bilamiz, siz juda uzo-oq o‘lkalardan kelayapsiz. Sovqotmadingizmi? Bu – birinchi savol. Ikkinchisi, ayting-chi, o‘sha uzo-oq o‘lkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashadi?

– Birinchidan bolam, men «uzooq o‘lkalardan» kelayotganim yo‘q. Narigi mahallada yashayman, ko‘rgansan-ku? O‘sha yerdan kelayapman. Qormomong toza odamni egovladi, hamma qorbobo bo‘layapti, uyda yotavermasdan, siz ham bo‘ling, harna, bayramga bozorlik ishlarsiz, deb. Shunga… Ikkinchidan, sovqotmadingizmi, deganing nimasi?.. Men qorboboman-ku!..

– Ikkinchi savolimga javob bermadingiz…

– Senam gapni «shlang»day cho‘zarkansan, bolam. Bittadan savol ber-da. Nimaydi savoling?..

– Uzoq o‘lkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashar ekan, shuni bilmoqchiydim. Masalan, Italiyada odamlar har yilning oxirida uyidagi bor buyumlarni derazadan uloqtirib, yangi yilni yangi buyumlar bilan kutib olisharkan…

– Ho-o, ho, hoo!!! Shunaqa ekanmi? Rosa esi yo‘q odamlarkan-ku, bo‘tam. Yo‘q, senam lekin yomon oshirvorarkansan-da, bolam. Ularam anoyi bo‘lmasa kerak. Ilingan narsani ko‘chaga uloqtirib? Buyog‘i, «krizis» degan baloi ofat hali butkul arimagan bo‘lsa, ahmoq emasdir-ov…

– Ha, endi bobojon, bizam o‘qiganimizni aytayapmiz-da, borib ko‘ribmizmi? «Bekorchi» gazetasida shunday yozishgan ekan…

– Men senga aytsam, «Bekorchi» gazetangdagilar g‘irt bekorlarini aytibdi. Ana, mening oilam haqida ham bo‘lmag‘ur narsalarni chiqarib yotishibdi. Emishki, men Qormomong bilan qirq yildan beri birga yashamasmishman. Nima, qirq yildan beri yashamayotgan bo‘lsam, unda ayt-chi, bolam, Qorxolang, Qortog‘ang, Qorjo‘ranglar qayerdan bino bo‘lardi? Qorga o‘xshab osmondan tushmaydi-ku? Yomon qizishay devdim, Qorammang, qo‘ying, Qoraka, siz bilan biz qizishsak, qizib-yonib erib ketamiz, o‘zingizni bosing, deb qoldi. Bo‘lmasa, chatoq bo‘lardi lekin, bolam!

– Aytgancha, bobojon, yoningizda Qorqiz ko‘rinmaydi?

– Ay-y, shuni so‘ramayapsan, deb xursand bo‘lib turuvdim.

– Nega, bobo?

– Qorqiz – bilasan, sizlarning mahallalaringlik Oychiroy edi. O‘tgan yili men bilan uyma-uy yurdi, yurdi, yurdi-da, so‘g‘in yana men bilan yurdi. Yana yurdi, yurdi, oxiri shu kirgan uylarimizning birida qoldi-ketdi. Bilmayman, nega munday qildi, qurmag‘ur. Tuppa-tuzuk Qorqiz bo‘lib yuruvdi, qaysidir uyda qolib ketdi-yu, yaxshigina Qorbekaga aylandi-qoldi. Baxtli bo‘lsin, iloyim!

– Qorbobojon, mana mazmunli suhbatimiz ham yakunlanay deb qoldi…

– Nima, sen mendan mazmunsiz suhbat olaman, deb o‘ylovmiding, bo‘tam?

– Yo‘g‘-e, sizning ichingiz to‘la mazmun-ku, bobojon! Qopingizdayam bo‘lsa kerak… Haligi, suhbatimiz so‘ngida, o‘quvchilarga tilagingizni bilmoqchiydim… Keyin, bolaligimda Qorbobolar odatda sovg‘a berishardi…

– Qorbobolar bolaligingda sovg‘a berishgan, bo‘tam. Sen so‘laqmonday ekansan-ku! Yo haligi artist sening oshnang bo‘ladimi?

– Qaysi artist?

– Haligi, bo‘yi ikki metr, yoshi o‘ttizdan oshgan, soqol qo‘ysa, ko‘ksiga yetadigan bir yigit bor-ku: «Qorbobolar yasab bering menga, tog‘a» deb yig‘laydi. Tani-joning sog‘, qo‘l-oyog‘ing butun, o‘zing yasab olsang bo‘lmaydimi, yigit, degim keladi. O‘zi shu artistlaringgayam qoyilmasman-da, og‘ziga kelganini qaytarmaydigan el…

– Tilaklaringiz…

– Mana, yana yangi yil eshik qoqmoqda. Eshik qoqqanini birov eshitmagan-ku, lekin qoqayapti, bu rost. Gazetalaringda shunday yozasizlar-ku… Nasib bo‘lsa, shu yangi yillarda hamma yaxshi tilaklar amalga oshsin. Biz qorbobolar yoshimiz bir joyga borib qolgan, mana soqolimni ko‘rib turibsan. Tilagim, hammamizning boshimiz omon bo‘lsin. Uylarda yangi-yangi qorbolalar dunyoga kelaversin. Ma, manovini olib qo‘y. O‘zingga, qorkelinga, qornevaramga berarsan…

– E, qo‘ying, bobojon. Sovg‘a bermayman, devdingiz-ku? Qo‘ying…

– Biz, qorbobolar birovning dilini ranjitmaymiz. Bu shunchaki, qorhazil edi, bolam…

– O‘zim ham aytdim, buncha sovuq hazil deb…

– Yasha, bolam, umringdan baraka top. «Turkiston»ning qoro‘quvchilariga mendan salom ayt. Xayr. Esingdan chiqmaydimi?

– Chiqmaydi, bobojon, sizga qopingizday katta rahmat…

2010 yil, dekabr

 

QORBOBO BILAN SUHBAT – 2 (HAJVIY INTERVYu)

 

– Qorbobojon, siz bilan yana ko‘rishib turganimdan bag‘oyat xursandman…

– Chini bilanmi yo anavi «ko‘rishganimdan xursandman» deb salomlashadiganlarga o‘xshab oliftagarchilik qilayapsanmi, bolam?

– Be, nimalar deyapsiz, bobojon, chini bilan xursandman-da! Eh-he, siz bilan suhbatlashganimgayam mana, rosa bir yil bo‘layapti. Esingizdami, o‘tgan yili ko‘rishib edik? Shundan beri ishonasizmi, siz bilan yana suhbat uyushtirishimizni so‘rab mingga yaqin muxlis xat jo‘natdi…

– Aniqroq gapir, bo‘tam, mingga yaqin deganing nimasi? Buni qancha deb tushunay? Masalan, sal kengchilik qilsak, «bir» ham mingga yaqin son. Sal uzoqrog‘u, lekin baribir yaqin… Menga «tochni» ayt: bir de, bir yuzu ellik olti de, to‘qqiz yuzu to‘qson besh de…

– Ha endi, biz gazetalarda shunday yozib o‘rganib qolganmiz-da! Xullas, sizning endigana muzlatkichdan chiqqanday sovuq-sovuq gaplaringizni sog‘inib mingga yaqin… Kechirasiz, ikki yuzu ellik uchdan ziyod muxlisingizdan xat keldi. Masalan, qovunqishloqlik ashaddiy muxlisangiz Gulkaram momo tahririyatga yozgan ikki yuzu o‘n olti metru yetmish sakkiz santimetrli maktubida (bilasiz, hozir muxlislar o‘rtasida kimning xati uzun degan musobaqa o‘tkazilmoqda): «Turkiston» bolam, Qorbobong bilan suhbat qilibsan, yaxshi, lekin u zotibobarakot negadir, oilalari haqida, yangi uchastkalari, hozir yashab turgan hovlilari, uning qanday mebellar bilan jihozlangani haqida ko‘p gapirmabdilar. Masalan, xotinlari Qormomo, Qoro‘g‘ilu Qorqizlari to‘g‘risida biz muxlislari ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istaymiz, deganlar…

– Ay, savolniyam juda uzun berarkansan, bolam… Mayli… Avvalambor, Gulkaramxon singlimizga oilam nomidan o‘zimning sovuq-sovuq salomlarimni yo‘llayman – bilasan, bolam, biz qorbobolar issiq salom yo‘llay olmaymiz. Lekin singlimiz maktubida ko‘p mubolag‘aga yo‘l qo‘yganday tuyulayapti-da…

– Xo‘sh, xo‘sh?

– Birinchidan, «oilalari» depti. Xabaring bor, men sakkiz yuz ellik yilu olti yarim oydan beri shu bitta Qormomong bilan yashab kelaman (sizlar gazetalaringda «umrguzaronlik qilib keladilar» deysizlar-ku!). To‘g‘ri, unga uylanishdan avval qancha qorgo‘zallar menga sovuq-sovuq sevgi izhorlar qilishgan. Masalan, bittasi, oti Qorchiroy edi. Menga tegaman deb, o‘ttiz ikki qish sovchi yuborgan. Qorotam, juda sovuq odam edi. Rozilik bermagan. Yo‘q, keyin hammasi sovuqqina yakun topdi. Qorchiroy ham mendan ko‘ngli ilib ketdi. Qortepada Qorboy degan qoroshnam bo‘lardi, hozir Qorbozorda muzqaymoq sotadi. Qorchiroy shu yigitdan qorbaxtini topdi. Sovuqqina oilasi bor, qorjiyanlar ham ko‘p…

– Qorbobojon, mushtariylarimiz Qorboy oshnangizmas, sizning oilangiz haqida so‘rashgan…

– O‘mon shoshqaloq bola ekansan-da, bolam. Eshitgansan-a, shoshgan yigit… yolchimas, degan maqol bor. Indamay tursang, o‘zim gapirayapman-ku, bo‘talog‘im?

– Bo‘taloq demang-ay, o‘qiganlar kuladi…

– Nima, toyxar deyinmi emasam?

– Oilangiz haqida so‘rashgan edi…

– Ha, xullas, «oilalari» emas, «oilasi» bo‘ladi. Ikkinchidan, «xotinlari» debdi. Bu nima degani? Qormomong eshitsa, odam sharmanda bo‘ladi-ku, bo‘tal… E, kechirasan, bo‘tam?

– Ha endi, hurmat ma’nosida aytganlar-da, bobo…

– Hamma narsa evi bilan, bolam. Masalan, hurmat qilaman deb, otangga «lar»ni qo‘shib gapir qani, otang seni nima qilarkan? O‘ bo‘lmasa, onangga «lar»ni qo‘shib, «onamla-a-ar» deysanmi? Nima, sening onang ko‘pmi yo?..

– Qorbobojon, sizni bilamiz, har yili xonadonlarga yangi-yangi sovg‘alar bilan tashrif buyurasiz. Shuncha sovg‘ani qayerdan olasiz?

– Momongdan olaman, bolam. Qormomongni bilasan-a, ham uy bekasi, ham kassir. Faqat boshqa kassirlardan farqi, momong yilda bir oy ishlab, o‘n bir oy «otpuska»da bo‘ladi. Har yil dekabrda mahallama-mahalla yurib faoliyat olib boradi. Qarabsanki, men Yangi yil bayramiga bir qop sovg‘a bilan, o‘zing aytganingday, «tashrif buyuraman».

– Oldinlari kimda-kim she’r aytsa, sovg‘a berardingiz-a?

– Ha. Lekin bu yil unday qilmayapman. Men senga aytsam, to‘qson to‘qqiz yildan beri faqat ikkita she’r – «Archa, archa, jon archa» bilan «Qorbobojon, Qorbobo»ni eshitaverib, bezor bo‘ldim. Shoirlaring she’r yozmay qo‘yganmi, nima balo? Shuning uchun, hozir kim shu she’rlarning sarlavhasini aytsa ham sovg‘a berib yuborayapman. Yangi she’r chiqquncha shunday qilaman.

– Aytgancha, yoningizda Qorqiz, Bo‘ri, Tulki, Quyon deganlari bo‘lardi?

– Qorqiz haqida o‘tgan safar aytgandim, shekilli. Uni uzatib yuborganmiz. Quyon qayergadir «quyon» bo‘lgan, haliyam kelmadi. Tulkini yaxshi taniysan, juda bir chatoq tulki bo‘lgan. U bilan moliyaviy masalada kelisholmadik. Uch kun birga yurish uchun bir yuzu ellikta tovuq so‘radi… Bo‘rivoyga kelsak, bilasan, hozir uning «sezon»i. Qorli kunlarda «komandirovka»ga chiqmasa, boshqa mahal unga qiyin. Shu bois, unga ruxsat berganmiz. Bu yog‘i, tag‘in bolam, tirikchilik. Ansambl bo‘lib yurish menga «nevigodni»…

– Mana, Yangi yilga ham sanoqli soatlar qoldi…

– Yasha, bo‘tam, mening ham «final» vaqtim bo‘lib qoldi.

– Sovg‘a… E, yo‘g‘-e, Yangi yil tilaklaringizni so‘ramoqchiydim…

– Yangi yilda barcha qorniyatlar amalga oshsin. «Turkiston»ning qoro‘quvchilariga kaminadan minus qirq darajali sovuq qorsalomlar! Sovg‘ani kechqurun uyingda olasan, bo‘tam…

– Ey, qorrahmat-yey sizga, ukag‘arning Qorbobosi!..

 

Qorsuhbatning qormuallifi Qor… Uzr… ELMUROD bo‘ldi.

 

2011 yil, dekabr

 

“ARMON KO‘P, BO‘TAM, DARMON YO’Q!..” (HAJVIY INTERVYu)

 

Qo‘ziboy ota:

“Armon ko‘p, bo‘tam, darmon yo‘q!..”

 

Qovoqqishloqlik Qo‘ziboy boboni ko‘pchilik taniydi. U kishi o‘zini qo‘yboqarlikda oliy ma’lumotga ega deb hisoblasa-da (bobo qo‘y-yechkilarni bilish borasida o‘zidan o‘tadigan cho‘pon yo‘q deb hisoblaydi), xalq uni mohir, tayog‘i yengil podachi sifatida tan oladi. Yaylovlarda dovrug‘i doston bo‘lgan Qo‘ziboy otani o‘zining «besh yulduzli» shaxsiy qo‘tonida otarning yotar payti uchratdik va suhbatga tortdik.

– Bobo, sizni cho‘ponlarning piri deyishadi. Bundan tashqari, bilsak, siz dong‘i ketgan molboqar ham ekansiz. Ayting-chi, bu ikki kasbda birday faoliyat olib borish sizga noqulaylik tug‘dirmaydimi? Ya’nikim, men demoqchimanki, ham podachi bo‘lish, ham cho‘pon bo‘lish siz uchun qiyin emasmi?

– Nimasi qiyin shuning, bolam? O‘zing o‘ylab ko‘r…

– Bobo, nima deb o‘ylaysiz, qanday qilib siz shu darajaga erishdingiz? Ham mol boqish, ham qo‘y boqish siz ta’kidlab o‘tganingiz kabi ehtimol qiyin ham emasdir. Lekin hamma cho‘ponu podachilar sizga o‘xshab shuhrat qozonavermaydi-ku? Buning siri nimada ekan, aytolmaysizmi?

– Bilmasam, bolam, sen o‘zing nima deb o‘ylaysan?..

– Bir donishmand aytgan ekan: «Men agar qayta dunyoga kelganimda, baribir yana donishmand bo‘lardim». Siz, mabodo, cho‘pon bo‘lmaganingizda, kim bo‘lardingiz?

– Podachi bo‘lardim…

– Shoirlik falsafasi shunday: «Haq so‘zni ayting, birovni maqtaganda ham, maqtayotganingizni darhol bildirib qo‘ymasdan maqtang». Bu taniqli shoir va adib Eshmon Mallaning so‘zi. Darhaqiqat, har bir sohaning o‘z falsafasi bo‘ladi. Ayting-chi, cho‘ponlik falsafasi nima?

– To‘g‘risi, savolingga hech tushunmadim, bolam. Mendan bir sovliq bir yilda ikki marta qo‘zilashi mumkinmi, deb so‘ra, javob beray…

– Otaginam, bizning o‘quvchilar intellektualniy! Keling, sizga boshqa savol beray. Siz hayotni qanday tushunasiz?

– Yaxshi tushunaman, bolam, nimaydi?

– Bu hayotda armonsiz odamning o‘zi yo‘q, armonsiz odam – hissiz odam, degan ekan faylasuf shoir Ko‘ngli Dog‘iy. Sizning armoningiz?

– Armonim ko‘p, bolam. Nima, sen shu armonlarni ushaltirib berarmiding, so‘rayapsan?..

– Yo‘q, otam. Bugun hamma shu savolni beryapti-ku!..

– Aytdim-ku, bo‘tam, armon ko‘p. Shu-u, kampir bilan bir shaharga borsam (o‘ttiz yildan beri asfalt ko‘rganim yo‘q). Keyin… Shu nevaralarimdan biri tayog‘imni qo‘limdan olsa, deyman… Ayy, bolam-a, bolam-a! Armon haqida so‘raysan-a, yurakkinamni ezib… Bo‘pti, kun ham og‘ib qoldi, otarimni hayday qolay endi…

2008 yil

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.