Elmurod Nishonov. Ustoz jurnalist Boyboʻta Doʻstqorayev bilan suhbat

0
1953
marta koʻrilgan.

PROFESSIONAL JURNALIST BOʻLISH FORMULASI

 

– Domla, meni bir savol doim qiziqtirib keladi. Biz koʻpincha biror hodisaning tarixi haqida gapirsak, “Uning vatani falon joy, unga oʻsha yerda asos solingan”, deymiz. Masalan, televideniye rus olimlari tomonidan Toshkentda ixtiro qilingan, demak, “Uning vatani – Oʻzbekiston” deyishga asos bor. Internetning vatani – Amerika… Jurnalistika qachon, qayerda paydo boʻlgan, uning vatani qaysi mamlakat?

– Jurnalistika, aniqrogʻi, matbuot deganda zamonaviy tushunchadagi matbuot bilan uning oʻtmishdagi koʻrinishlarini aralashtirib yubormaslik kerak. Zamonaviy matbuotning yuzaga kelishi 15-asrda Iogann Guttenberg tomonidan bosma mashinaning ixtiro qilinishi bilan bogʻliq. Chunki bosma mashina koʻplab nusxada gazeta yoki boshqa nashrning chop etilishiga imkon yaratgan. Shuni ham aytish joizki, zamonaviy tushunchadagi gazetachilik boshqa omillarga ham bogʻliq boʻlgan. Jumladan, bosma mashina kashf etilgan hamono gazetalar chop etilib ketavermagan. Buning uchun doimiy mushtariylar, hozirgi zamon tili bilan aytganda, matbuot bozori mavjud boʻlishi kerak edi. Darvoqe, 15-asrning ikkinchi yarmida gazetalar nashr etilgan. Lekin ular davriy boʻlmagan, onda-sonda chiqarilgan. Leypsigda yiliga ikki marta yarmarka boʻlsa, shu paytlardagina gazetalar chiqarilgan. Chunki gazetani oluvchilar miqdori, yaʼni mushtariylar yetarli boʻlgani uchun bosma gazeta xarajati qoplanib, muayyan foyda ham keltirgan. Pochta xizmati yuzaga kelgach, gazetalar davriy holatda chiqarila boshlagan. Dastlab pochta haftada bir marta katta shaharlardan chekka joylarga joʻnatilgan. Pochtaning joʻnatilishiga moslab dastlab haftalik gazetalar chiqarilgan. Pochta har kuni joʻnatiladigan boʻlgach, shunga muvofiq kundalik gazetlar yuzaga kelgan. Yevropada, aniqrogʻi, Strasburgda 1609 yilda chiqarilgan haftalik gazetalarning namunalari muzeylarda saqlanib qolgan. Shu bois zamonaviy koʻrinishdagi matbuotning yuzaga kelishi ana shu sana bilan bogʻlanadi. Gazetalar bajaradigan vazifalarning maʼlum bir qismi – axborot tarqatish vazifasi qadimda Sharqda ham, Gʻarbda ham boʻlgan. Taxtalarga, ganchga, boshqa narsalarga yozilgan axborot Xitoy, Yaponiya kabi Sharq mamlakatlarida, Gʻarbning Rim kabi shaharlarida eramizgacha ham mavjud boʻlgani maʼlum. Lekin bular matbuotchilikning ibtidoiy koʻrinishlari edi, xolos. Vatanimiz hududida jamoatchilikka axborot qadimdan jarchilar vositasida yetkazilgan. Masjidlar barpo qilingach, zarur axborot, hukmdorlarning farmonlari xatiblar, imomlar yordamida tarqatilgan. Bosma matbuot esa 1870 yili yuzaga kelgan. “Turkestanskiy vedomosti” va “Turkiston viloyatining gazeti” oʻlkada paydo boʻlgan ilk gazetalar edi. 1906 yil 27 (14) iyunda dunyo yuzini koʻrgan “Taraqqiy” esa ilk milliy gazetamiz hisoblanadi. Matbuotning vatani deb hozir aniq bir mamlakatni aytish qiyin. Buning paydo boʻlishi, shakllanishiga koʻpgina mamlakatlar fuqarolari hissa qoʻshgan.

 

– AQSHning bir gazetasida (aniqrogʻi, “Ist valle tribyun”da) 135 xodimning 26 nafari faqt sarlavha topish va tahrir qilish bilan band boʻlar ekan. Yaqinda Rossiyaning “Argumentiʼ i faktiʼ” tahririyatida boʻlib qaytgan kursdoshimning aytishicha, gazetada kimning sarlavhasi (maqolasidan tashqari! ) zoʻr chiqsa, oʻsha xodimga qoʻshimcha haq toʻlanarkan. Sizni bugungi oʻzbek matbuotida bosilayotgan maqolalar, qoʻyilayotgan sarlavhalar qoniqtiradimi?

– Dastlab matbuotimizda eʼlon qilinayotgan maqolalar haqida. Ular, odatda, ijtimoiy turmushdagi muayyan ehtiyoj, talab bilan bogʻlangan boʻladi. Agar publitsistning maqolasi ana shu ehtiyojni aniq his etgan holda yozilgan boʻlsa, bu obrazli aytganda, nishonga aniq urish boʻladi. Agar maqola ichki yoki tashqi (hatto ruhiy) majburiyat taʼsirida yozilgan boʻlsa, uning taʼsiri ham oʻziga yarasha. Yashirib nima, bugun matbuotimizdagi aksar maqolalarning sarlavhasiga, dastlabki abzatslariga bir koʻz yugurtirib qoʻya qolasiz. “Ha, endi yozishi kerak boʻlgani uchun yozibdi-da!” deb qoʻyasiz. Toʻgʻri, qoniqish bilan oʻqilayotgan maqolalar ham talaygina. Buni amaliyotchi jurnalistlarimizning oʻzlari ham yaxshi bilishadi.

Endi sarlavhalar haqida. Bir vaqtlar oʻzbek matbuotida ham (badiiy adabiyotda ham) bu masalaga katta eʼtibor berilardi. Shunday sarlavhalar topilganki, ular bugun mumtoz boʻlib qoldi. Atoqli shoir Gʻafur Gʻulomning “Chaynalaverib qirpit boʻlgan toʻlorsoq”, Komil Aliyevning “Sariq itning vazifasi” feletonlarining sarlavhasi, Abdulla Qahhorning “Mayiz yemagan xotin”, “Kampirlar sim qoqdi” hikoyalarining nomlanishi shunday xususiyatga ega. Hozir ham shu anʼana davom ettirilssa, yaxshi boʻlardi.

 

– Publitsistikada janrning ahamiyati qanday? “Qorishiq” janrlar haqida nima deysiz? Masalan, bir jurnalistik asarda maqola, ocherk, feletonga xos jihatlar mujassam boʻlishining yomon tomoni bormi?

– Janr nima? Jurnalistikada avval amaliyot, keyin nazariya degan tushuncha bor. Dastlabki xabarni yozgan kishida nazariy tushuncha boʻlmagan albatta. U voqeani bayon qilish tartibiga rioya qilib, “Qayerda, qachon nima boʻldi? Unda kimlar ishtirok etdi?” savollariga beixtiyor javob bergan. Bora-bora xabar yozilishi shu “qolip”ga tushirilgan, bu esa nazariyasiga aylangan. Qorishiq janrda yozilgan material yaxshi chiqsa, unga bu ijobiy xususiyat bagʻishlasa, bu usulni maʼqullayman. Oʻtgan asrdayoq nazariyachilar janrlar orasiga “xitoy devori” qoʻyish yaramaydi degan fikrni aytishgan. Faqat bunda turli janrlarga xoslik oʻzaro sigʻishadimi-sigʻishmaydimi, shuni hisobga olish kerak. Aytaylik, ocherk va feleton janrlariga xos xususiyatlar oʻzaro sigʻishadi deb boʻlmaydi. Negaki, ular bir-biriga zid usul va vositalar yordamida yoziladi.

 

– Matbuot “toʻrtinchi hokimiyat” boʻlishi kerak deymiz-u, hamon oʻzimiz bitta “ichki nizo”mizni hal qilolmaymiz. Nimani nazarda tutayotganimni sezgan boʻlsangiz kerak… Bu jiddiy matbuot, bunisi sariq, koʻcha matbuoti degan ajratish bor. Bu matbuot xodimlarini ikki toifaga, ikki katta guruhga boʻlib qoʻyish boʻlmaydimi? Umuman, jurnalistika bir maqsad yoʻlida yashashi kerak emasmi?

– Siz aytganday, jurnalistika bir maqsad yoʻlida yashashi, insoniyat uchun xizmat qilgani yaxshi. Lekin insoniyat rang-baranglikni yaxshi koʻradi. Mushtarak maqsad turli koʻrinishlar, yoʻllar, vositalar yordamida amalga oshirilsa, buning nima yomon tomoni bor? Bu jurnalistlarni turli toifalarga boʻlish hisoblanmaydi. Bordi-yu oʻzaro raqobatda foyda ketidan quvarkan, kasb odobini unutib, madaniy yoʻldan yurish oʻrniga “koʻcha qonun”lari asosida ish tutishdan hazar qilinmasa, buni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Hatto, sariq, koʻk, yashil kabi rang-barang sifatlar bilan ham.

 

– Bugun, nazarimda, jurnalistlardan koʻra shunchaki “tahririyat xodimlari” koʻproqdek… Professional jurnalist boʻlishning formulasi bormi?

– “Professional jurnalist boʻlishning formulasi” degan iborangiz ajoyib chiqdi. Menimcha, har qanday kasbda ham yaxshi nom qozonishning bitta formulasi bor: oʻz kasbining ustasi boʻlish, uni qadrlash kerak. Chinakam jurnalist boʻlish, eng avvalo, shaxsning oʻziga bogʻliq. Jurnalistikaning asrlar davomida shakllangan xususiyatidan kelib chiqqan holda yuqorida koʻrsatilgan xususiyatlarga shuni qoʻshimcha qilish mumkin: qalam sohibi shaxsiy manfaatidan koʻra xalq, millat manfatini ustun qoʻya bilishi lozim. Bu kasb biroz boʻlsa-da, fidoyilikni, jasoratni talab qiladi. Agar kishi buning uddasidan chiqolsa, uni haqiqiy jurnalist deyish mumkin.

 

– Ustoz, yuragida “Men shu kasbim vositasida el-yurtimga xizmat qilaman!” degan ulugʻ maqsadi bor yosh jurnalistlarga qanday tilaklaringiz bor?

– Agar yosh jurnalist chindanam el-yurt, Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilishni maqsad qilib qoʻygan boʻlsa, shaxsan men unga “Tilagingizga yeting!” deyman. Sharafli faoliyati bilan elning ishonchini oqlagan ustoz jurnalistlarning hayot yoʻli ular uchun ibrat maktabidir.

 

“Ishonch” gazetasining 2009 yil 2 iyul (№ 77) sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.