
***
Momolarim sochlarini qirqta oʻrib oʻtgan yer,
Bobolarim necha avlod suyak surib oʻtgan yer.
Halima Xudoyberdiyeva
Yomgʻir yuvgan qirlarimda lolalarim oʻsgan yer,
Moychechakli tuproqlarda dalalarim oʻsgan yer.
Momolarim urchugʻiday chir aylanar bu dunyo,
Bobolarim duo qilib balolarni toʻsgan yer.
Xayr yogʻar, oydin nurli koʻchalarim yodimda,
Oʻlan aytar qiz boʻlguvchi chechalarim yodimda.
Ot choptirgan togʻalarim or talashib oʻtmoqda,
Akalarim kurash tushgan kechalarim yodimda.
Suvlar yurgan adirlarda koʻzim oqdi, oymomo,
Ikki daryo orasida soʻzim oqdi, oymomo.
Onamning koʻzlarini toliqtirar izlarim,
Eh, kimlarning koʻchasiga yoʻlim oqdi, oymomo.
Yomgʻir yuvgan qirlarimda lolalarim oʻsgan yer,
Baland-pastlik adirlarda dalalarim oʻsgan yer.
Momolarim urchugʻiday gir aylanar bu dunyo,
Bobolarim kaftlarida duolarim oʻsgan yer.
Muvozanat
Qor koʻksini kechib borar iz,
Sovuq tanda qisiladi ruh.
Nigoh boqib qoladi olis,
Iz ostidan otiladi uh.
Teraklarning marjoni quyosh,
Muallaq, gung suzadi bulut.
Sumalakning koʻzlarida yosh,
Maysalalarning qoʻshigʻi unut.
Arosatga yoʻqolgan kabi
Ayoz ichra sirgʻanar tovush.
Goʻyo qotil, jon olgan kabi
Aybdordek turardi kovush.
Uy toʻrida dam olar charchoq,
Pechkasiz uy koʻkka tikar koʻz.
Muz tan bilan hilpirar bayroq,
Gapirolmas muzlab qolgan soʻz.
Shamollagan moʻri yoʻtalar,
Yopiladi ohista eshik.
Milyard yillik kelin haydalar,
Gʻijirlaydi bolasiz beshik.
Chorasizlik kelgandek gʻolib,
Qor koʻksida toʻxtab qolar tin.
Beshigiga bahorni solib,
Tebratadi haydalgan kelin.
***
Ogʻrinaman koʻzim yumib jim,
Sogʻinchlarga burkaydi xayol.
Meni kutib yigʻlaydi yum-yum
Roʻmollari sudralgan ayol.
Ovozlarim qotar boʻgʻzimda,
Sovuq teshib oʻtar tanamni.
Qor, muz bosgan olis yoʻlimda
Uchratmadim nechun onamni.
Qaytolmadim, men noshud oʻgʻil,
Borliq yutdi nolamni zor-zor.
Poyezdlarga yalindim mungli:
Olib keling onamni bir bor.
Bahor kelar, toʻzgʻib ketar gʻam,
Nurga toʻlib ketar mungli yuz.
Qishlogʻimda kutadi onam,
Kutib turar vokzalda poyezd.
***
Qahraton. Izillar shamol,
Derazani chertadi tovush.
Tor xonaga bandi oʻy, xayol,
Yuragimga oʻrnashgan xomush.
Otilgudek boʻlar koʻzlarim,
Yurak istar yerning hidini.
Topilmagan nodir soʻzlarim,
Izlab yurar erkning izini.
Yaqinlashar qorongʻu, zulmat,
Shunda shiftda yoqilar quyosh.
Qismat uchun yigʻlayin desam,
Muzlab qolgan koʻzimdagi yosh.
Yoʻq… yoʻq endi yashab boʻlmaydi,
Derazaga uraman oʻzni.
Yuragimdan topib olaman
Allakimlar yoʻqotgan soʻzni.
Ruhimda erk kezinib yurar,
Tomirimda tiriklik kuyi.
Koʻzlarimning suratin chizar
Mensiz qolgan qishloq kun boʻyi.
Sheʼrdan boshqa meni tushunmas,
Ruhdan tortib hatto onggacha.
Tirik soʻzlar bilan har tun mast,
Bahslashaman hatto tonggacha.
Inson boʻlib yashamoq dushvor,
Qush boʻlaman adogʻsiz koʻkda.
Topilmaydi menday zor, abgor,
Soʻng qoʻyaman bariga nuqta.
Raqs
Tun koʻksida oʻynoqlar shamol,
Gullar nurdan toʻqiydi qoʻshiq.
Kengliklarda kezinib xayol,
Yulduzlarga boʻladi oshiq.
Gullar qadim qoʻshiqchilardir,
Turfa rangda ochilgan nota.
Yer xiromda, raqqosalardek,
Maysalarning kuyi bexato.
Uylar yerga qilingan bandi,
Na kuylaydi, na qoni qaynar.
Oyoqlari zaminga botgan,
Tushlarida oʻynaydi uylar.
Bahorning odamlarimiz
Osmon – yosh bolakay, qoladi yigʻlab,
Tuproqlar nam boʻlar, nam boʻladi, nam.
Axir bu bahordir, toʻkis tuyular,
Va yana nimadir kam boʻladi, kam.
Quvonchni maysadan topgim keladi,
Borliqdan izlayman bir mehribon his.
Bolalik… koʻzlarim yoshga toʻladi
Mening orzularim oʻlimdan olis.
Yiqilib, turtinib oʻtadi umr,
Na yigʻlab, na kular qadamlarimiz.
Qish emas, yoz emas, kuz emas,
Bahorning… bahorning odamlarimiz.
Osmon – yosh bolakay, qoladi yigʻlab,
Tuproqlar nam boʻlar, nam boʻladi, nam.
***
Yaproq shitirlaydi, uvillar shamol,
Qovogʻi solinib boʻzrayadi koʻk.
Yarim yuragimni siqqandan koʻra,
Bulut, hasratingni boshim uzra toʻk!
Mening koʻzyoshimdek tomchilar yomgʻir,
Uvalib ketadi dildagi gʻubor.
Ming yillik tutqundan ozod asirdek,
Tomchi, baxtliman deb baqirib yubor!
Shunda yarim koʻnglim butun boʻladi,
Shunda meni tashlab ketadi gʻashlik.
Shunda armonlarim bir-bir oʻladi,
Shunda baxtliman deb hayqirar yoshlik.
***
Yomgʻirlarga yuzini yuvdi,
Poydevorga yopishgan uylar.
Yomgʻir dildan kirlarni quvdi,
Va poklandi uylardek oʻylar.
Koʻzlarini yumdi yaproqlar,
Novdalarga mahkam yopishdi.
Barglardagi son ming titroqlar
Bir-birlari bilan topishdi.
***
Tun. Yurakni quchoqlab yotdim.
Xotirani kovladim ming bor –
Armonlarni irgʻitib otdim.
Har zarramdan unib chiqdi or.
Milyon gʻarbga milyon bor botdim –
Bir yurakka milyon vujud tor.
Men qoʻrqmadim, hayotga boqdim.
Ertaklardan izlamadim yor –
Men qismatning yoʻlida oqdim.
Bir kun kelib aytildi yor-yor.
Yuragimni sugʻirib otdim –
Endi uni eslama, Elyor.
***
Yomgʻir yogʻsa qanday yoqimli,
Yaproqlarning koʻzida quvonch.
Men topshirdim yolgʻiz jonimni,
Novdalarga bildirib ishonch.
Yomgʻir yogʻsa qanday yoqimli,
Tuproqlarning hidiga toʻysang.
Yaqinlashgan soʻnggi oningni,
Soʻnggi nafas lazzatin tuysang.
Yomgʻir yogʻsa qanday yoqimli,
Armonlarga qamchi boʻlolsam.
Bu dunyoda men ham sevimli,
Yogʻayotgan tomchi boʻlolsam.
***
Xazonlar shitirlar… yogʻadi yomgʻir.
Iviydi bizlarga begona sevgi.
Toʻlgʻonib xotira tugʻadi yomgʻir,
Bizdan mehr kutar devona sevgi.
Xazonlar shitirlar… yogʻadi yomgʻir.
Koʻkka termuladi sevgimiz maʼyus.
Borliqqa boqaman, tungi yomgʻirlar
Bizlarni sogʻinib kelmaydi afsus.
Xazonlar shitirlar… yogʻadi yomgʻir.
Baxtim ketaverar mendan olisga.
Soqovga aylangan xotiralarim
Bir-bir ketib borar mendan tonishga.
Xazonlar shitirlar… yogʻadi yomgʻir.
Baxt haqda azaliy kuyni chalarmiz.
Bir kuni bizlarni sogʻinarmikan?
Yomgʻirlarda qolgan kechalarimiz.
Xazonlar shitirlar… yogʻadi yomgʻir…
***
Mening gʻamgin sheʼrim eshitib,
Koʻzyosh toʻkib qolar deraza.
Oʻlim haqda sheʼr oʻqib qolsam,
Eshik yigʻlab tutadi aza.
Tun quvadi xayollarimni,
Meni uyqu bagʻriga olar.
Senga borgan oyoqlarimni
Koʻrpa kaltaklamoqchi boʻlar.
Yostiq alla aytadi menga,
Uyqu kelar tushni koʻtarib.
Etganimda tushimda senga,
Eshik uygʻotadi yoʻtalib.
Uygʻonaman ming orzu bilan,
Koʻksimdagi dilni suyaman.
Shamol esib qoladi qaydan,
Muhabbatning hidin tuyaman.
Va yigʻlayman oʻtmishni quchib,
Yoʻqotishlar tegadi jonga.
Men yuribman shuncha yil uchib,
Kelib-kelib qoʻndim armonga.
Dahlizdagi eshik azador,
Hamon yigʻlar deraza yum-yum.
Koʻrpalarning qovogʻida qor,
Kirlar yotar burchakda uyum.
O, hijrondan ketaman toʻyib,
Yuragimga orzu ekaman.
Derazaga hijronni qoʻyib,
Sening koʻchang tomon ketaman.