Eng katta baxt erkinlikdir

0
718
marta ko‘rilgan.

Erkin Vohidov hikmatlaridan

 

  • She’r shoir qalbida tug‘ilgan hayotiy tuyg‘ularni ifoda qiladi va shu bilan o‘quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she’riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q.

 

  • Iste’dod bu – avvalo did, yaxshi did egasi bo‘lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Iste’dod – bepoyon tushuncha. U ta’rifga siqqanda edi, uni ma’lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo‘lganda edi, odamlar yo‘q iste’dodni tarbiyalab bor qilgan bo‘lardilar. Gorkiy iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma iste’dodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay, 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv – qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni “jo‘shidan” deydi. Ya’ni jo‘shmoq. She’riyat ham jo‘shmoqdir. Jo‘shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o‘sha kamtarin bir foiz, ya’ni tug‘ma iste’dod kerak.

 

  • Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, o‘tgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa – bundan ulug‘ baxt yo‘q. Har bir aytgan so‘zing, ishing o‘zingning xohishingga muvofiq bo‘lsa – eng katta baxt shu. Aksincha, insonning o‘z ichki intilishlari, qalbi, e’tiqodi, so‘zi bilan ishi o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu – inson uchun juda katta baxtsizlikdir.

 

  • Biz o‘zbeklarda istihola kuchli. O‘zni namoyon qilishdan tortinamiz… Endi o‘sha istiholani yig‘ishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.

 

  • Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir o‘zgarish, poklanish sodir bo‘lganini his etadi. Bu g‘azallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom to‘lqinlaridan tug‘ilgan bo‘lsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos ma’volardan bebahra qolmasligi kerak.

 

  • Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda iste’dod bilan havaskorlikni ajratish mushkul bo‘lib qoldi.

 

  • Raqobatli dunyoda kitobning qudratli, sehrgar raqiblari ko‘p.

 

  • Adabiyotga sadoqat va e’tiqod masalasi avvalo so‘z san’atining kelajagi to‘g‘risida qayg‘urishdan boshlanadi.

 

  • Shoirlikning “qora ishi”ni ko‘z oldiga keltirmay, bu nomning o‘ziga, obro‘ va shuhratiga qiziqib she’riyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Ko‘pincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, she’riyat uchun ham. Shu sababli “yoshlarga g‘amxo‘rlik” deganda faqat ularni qo‘llab-quvvatlash, yo‘g‘ini bor qilib ko‘rsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi.

 

  • Bu olamda yo‘qotishlar ichidagi eng og‘ir yo‘qotish insonning o‘zligini yo‘qotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi e’tiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. O‘zlikni yo‘qotmoq ana shu olamdan judo bo‘lmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning – ustunlarning sinmog‘idir.

 

  • Shoir, yozuvchilar to‘yga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yo‘q, oynai jahondan o‘zlarini tortib yuradilar. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Elga ko‘rinib turish, el ichida bo‘lish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uyg‘otish uchun kerak. Axir, mehr ko‘zda, degan gap bekorga aytilmagan.

 

  • O‘quvchi uchun avtorning yoshu qarisi, unvonli-unvonsizi yo‘q. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga o‘z munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yo‘qlikka mahkum etadi.

 

  • Adabiyot hamisha ma’naviyatning oldingi qatorida borgan va shunday bo‘lishi kerak.

 

  • Biz endilikda sho‘rocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatadigan vaqtlar keldi.

 

  • Har bir millatning kelajagi, istaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar saviyasiga bog‘liq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.

 

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 12-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.