Iqbol Mirzo. Sen bo‘lmasang nima qilardim

0
158
marta ko‘rilgan.

“Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” (2015) kitobidan she’rlar

 

 

Qizim Kumushoy

 

Menga oltin nima, menga nima dur?

Baridan a’losan, qizim Kumushoy.

Yorug‘ dunyo nima, olam nimadir?

Qarog‘im gavhari – ko‘zim Kumushoy.

 

Kulsang yorishadi zimiston xonam,

Qoshingda muntazir onangu onam.

Yagona xudoyim bergan yagonam,

Yig‘lasang, yosh yuvar yuzim, Kumushoy.

 

Kulging kumush bo‘lsa, chehrang to‘linoy,

Kechalar uzanib silar qo‘ling oy.

Quyosh xizmatingda, sodiq quling oy,

Yulduzchalar tizim-tizim, Kumushoy.

 

Sen dunyoga kelding, dunyo xush bo‘ldi,

Yomon kunlar qoldi, eski tush bo‘ldi.

Jujuqqinam, nega qo‘ling musht bo‘ldi?

Mening aytolmagan so‘zim, Kumushoy.

 

Senga qo‘shib xudo berdi farog‘at,

Momiq sochlaringda ajib tarovat.

Termulsam bir huzur, o‘ylasam rohat,

Joningdan aylanay o‘zim, Kumushoy.

 

 

Shahlolaring

 

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,

Yulduz ko‘rar bo‘ldim, mana, kunduzlari.

Bor-u… ko‘kning eng charog‘on yulduzlari,

O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.

 

Nima qilay, men ham senga yoqsam deyman,

Nima qilay yonib tursa shahlolaring.

Suydirib so‘ng tonib tursa shahlolaring,

Qarog‘laring tub-tubiga boqsam deyman.

 

Oramizga kiprigingdan devor qo‘yma,

Bag‘rim o‘yma, xudodan qo‘rq, dilozorim.

Nargis ko‘zim, binafshabo‘y, gul’uzorim,

Oshig‘ingni tashlab qo‘yma, bekor qo‘yma.

 

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,

Qara, ko‘kda topishdilar ikki yulduz.

Qora ko‘kda topishdilar ikki yulduz,

O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.

 

 

Malol kelmasin

 

Yuzimizga yopmang eshigingizni,

Biz kelgan chog‘larda shamol kelmasin.

Egallab olmaymiz beshigingizni,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Nozik ta’bingiz hech bo‘lmasin xira,

Kelsak, so‘ramaymiz sizdan yo‘lkira.

Sizga og‘irligi tushmaydi sira,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Shunaqa beqaror turish-turmushim,

Turmushim o‘ylasam keladi g‘ashim.

G‘ashlanib qaraydi tag‘in bu kishim,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Siz uxlasangiz ham oy sochar ziyo,

Yulduzlar boqadi oyga mahliyo.

So‘rab seving, degan qonun bormi yo?

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Sevgi ham bir bisot – zardan ziyoda,

Bisotim otdayu o‘zim piyoda.

Yashasak yashabmiz biz ham dunyoda,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

 

Marg‘ilon

 

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,

Borsam alam o‘rayveradi.

“Kumush yaxshi yuribdimi”, deb,

Hamma mendan so‘rayveradi.

 

So‘rayverar ko‘cha, guzarlar,

So‘rayverib ko‘nglim buzarlar,

Kumushoydan, oygina qizdan

Qandoq qilib umid uzarlar.

 

“Yaxshi”, deyman, “shukur, sog‘-omon,

Kelib qolar, deyman, Marg‘ilon…”

Qarolmayman Oftoboyimga,

Ich-ichidan kuyar, bag‘ri qon.

 

So‘roq belgisidek yangi oy

Ergashadi, tinmay so‘roqlar.

Kumushini so‘raydi mendan

Kumushi yo‘q tilla ravoqlar.

 

Birdan jimib, to‘xtar o‘yindan –

Qizchalarning savolchasi bor.

Yuz ellik yil bo‘ldi – qo‘ynimda

Kumushoyning ro‘molchasi bor.

 

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,

Borsam qayg‘u o‘rayveradi.

“Kumush yaxshi yuribdimi” deb,

Hamma mendan so‘rayveradi.

 

 

Aldab yashadim

 

Ufqda ko‘rinsa qush, xabar kutdim,

Atay sizni ko‘rib tush, xabar kutdim,

Sizdan darak kutdim, xushxabar kutdim,

Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

 

Ey dil, yo‘l so‘ngida safo bor dedim,

Kuyma, qizlarda ham vafo bor dedim,

U go‘zal bo‘lsa-da, vafodor dedim,

Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

 

Davralarning guli men emas, boshqa,

Davronning bulbuli men emas, boshqa,

Ichkilikning quli men emas, boshqa,

Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

 

Jonim g‘aribligin anglab yashadim,

Tanlamaganni men tanlab yashadim,

Eshitgim kelganni aytdim o‘zimga,

Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

 

Yolg‘onchi dunyoga rost so‘zlaring xayf,

Yolg‘ondan zavq topdim, chindan topdim kayf.

Aldangan bo‘lsangiz o‘zingizda ayb,

Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

 

 

Seni o‘ylasam

 

Gul, kelding umrimning kuz pallasida,

Shamollar guvlaydi seni o‘ylasam.

Gulbo‘ron – ilk qorlar arafasida

Yuragim gullaydi seni o‘ylasam.

 

Qaysi fe’lim yoqib mehribon xudo

Senday gulni menga ayladi ato?

Endi xato qilsam bo‘ladi xato,

Xudoyim qo‘llaydi seni o‘ylasam.

 

Qaytmas bo‘lib mendan ketgan gulyuzlar,

Yonimga qaytishga yonib yo‘l izlar.

Olisdan ko‘z qisib bir-bir yulduzlar,

Bo‘salar yo‘llaydi seni o‘ylasam.

 

Tilim – yuragimning davomidir, gul,

Yuragim ikki yurt dovonidir, gul,

Dovonda bir gulning tovonidir gul,

O‘lib ham bo‘lmaydi seni o‘ylasam.

 

 

Bahorning ilk kuni

 

Bahorning ilk kuni – birinchi martda

Seni uchratgandim birinchi marta…

 

Taqvim – kalendar ne tabiat uchun?

Mendek qalandar ne tabiat uchun?

 

Ammo birdan bitdi qahraton qahri,

Tumanday tarqadi izg‘irin zahri.

 

Bahorning elchisi bo‘lib turarding,

Nafis tarovatga to‘lib turarding.

 

Ammo atrofingda anov birovlar,

Ivirsib yurardi ko‘ngli qirovlar.

 

Ha-da, turqi sovuq, qish bandalari,

Bor-ku ishqdan ozod ish bandalari.

 

Gullayotganimdan hayron edilar,

Obodligim ko‘rib vayron edilar.

 

Ammo naylayinki asling bilmasdim,

Naylayinki, ko‘ngling faslin bilmasdim.

 

Bilmasdim borligim sezdingmi, bahor?

Intizor, zorligim sezdingmi, bahor?

 

Ammo avaylayman shu shirin dardni,

Ilk marta gul tutgan birinchi martni…

 

 

Jonim

 

Jonimdan to‘yganman, hayotdan pand yeb,

Kim so‘z ochsa, qalbim yarasin ochar.

Agar o‘lib ketsam o‘ksimagin, deb

O‘lib ketay agar, yuribman nochor.

 

Ko‘rgan kunim qursin, kunimni ko‘rdim,

Yuzlab yuzsizlarga bo‘ldim yuzma-yuz.

Xudo urganlarga o‘zimni urdim,

Yo‘ldan urgan bilan ketdim izma-iz.

 

Azizam, o‘zing ayt, bedilda ne dil?

O‘t-o‘lan ichra o‘t ichradir o‘lan.

Azizam, egilsang osmonga egil,

Suhbat qur ko‘nglini qurganlar bilan.

 

Kimga keragim bor? Yashashga yo‘q ep…

Qo‘lsiz, oyoqsiz g‘am yuragim ochar.

Agar o‘lib ketsam xafa bo‘lma, deb

O‘lib ketay agar, yuribman nochor.

 

 

Borligingni o‘ylasam

 

Meni ko‘rsang yuzlaring

Qizarardi, qizirdi.

Isming aytsam ichimda

Yurakkinam isirdi.

 

Maktab payti ortimdan

Asta-asta borarding.

Qarasam yuz burarding,

Qaramasam qararding.

 

G‘aroyib-da chindan ham,

Bolamiz-ku o‘zimiz.

To‘lib ketadi o‘pkam

Uchrashganda ko‘zimiz.

 

Darslikda yo‘q bu saboq:

Bunday suygin suyganda!

Yuragim toshar nogoh

Sen jilmayib qo‘yganda.

 

Yoshimizni aytmayman,

Cho‘pchakmi bu, ertakmi?

Balo bormi deyishar,

Jinnimi bu, tentakmi?

 

Endi ko‘nglimni ochsam,

Eshigin yopolmayman.

Ko‘zing yodimda, ammo

Ismingni topolmayman.

 

Uyalaman o‘zimdan

Darrov yuzim qiziydi.

Borligingni o‘ylasam

Yurakkinam isiydi.

 

 

Qaydadir

 

Jonki, topolmas oromin, oromu jonim qaydadir?

Oromni jondan ayirgan oromijonim qaydadir?

 

Ozoridan ming o‘rgilib, ketmas edimku qoshidan,

Endi degayman o‘rtanib, qoshi kamonim qaydadir?

 

O‘tdimi davrim debon dardim ziyoda kun sayin,

Davru davron gultoji avvalzamonim qaydadir?

 

Poyiga gullar sochib, jonim poyandoz yo‘liga,

Ruhimi tez aylagan ruhi ravonim qaydadir?

 

Necha oy xufton dilim, tundek qorong‘u kunduzim,

Ko‘nglima yog‘du sochar mohi tobonim qaydadir?

 

Kim so‘rar ishqda tovon, boshdan tovonim bo‘ldi cho‘g‘,

Yor demas, so‘rmaydi hech ul notavonim qaydadir?

 

Yaxshidir o‘zi, vale so‘zi yomondir bunchalar,

Iqboling der, ey xudo, yaxshi-yomonim qaydadir?

 

 

Kuyaymi

 

Og‘aynilar, yoshlik tez o‘tganiga kuyaymi?

Yurakdan qo‘r, ko‘zdan nur ketganiga kuyaymi?

Olachalpoq tush kabi sudralar qora turmush,

Sochu soqol mosh-guruch bitganiga kuyaymi?

 

Ko‘z yoshingga qaramas, ko‘ngil o‘zi yosh axir,

Ko‘ngil qurg‘ur tamanno etganiga kuyaymi?

O‘zim-ku yo‘l istagan, qarab kulgim qistagan,

Etagimdan birovlar tutganiga kuyaymi?

 

Tegajoq qiz-juvonlar, oq-do‘mboq qiz juvonlar

She’rim aytib menga gap otganiga kuyaymi?

Kecha kaltak yeganlar, suykalganni suyganlar

Qariganda o‘ranib o‘tganiga kuyaymi?

 

Tez botadi oftob ham, tez tugaydi sharob ham,

Ulfat cho‘qishtirmay “g‘o‘lt” yutganiga kuyaymi?

Eski qo‘shig‘im tinglab, eski rasmimni o‘pib,

Sodda qizlar haliyam kutganiga kuyaymi?

 

 

Tabassum

 

Qanday totli bu baxt, bu safo!

Boshda sochar boshdan zar sevgi.

Yoz tongidek toza, musaffo

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Tomiringga qorishar ziyo,

Nari ketar yomonlik, riyo.

Qiz to‘xtaydi. Qaraydi qiyo…

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Birdan o‘pkang to‘lib ketadi.

Tushunganlar kulib ketadi.

Hamma yaxshi bo‘lib ketadi,

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Aylanasan xayol bog‘ida,

Qiynalasan hijron dog‘ida,

Qo‘shiq aytging kelar gohida

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Kim biladi qiz bola sirin,

Yuragingga tashlar ko‘z qirin,

Ming va’da, ming hiyla yashirin

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Qanday shirin bu baxt, bu safo,

Shunday achchiq bu dard, bu jafo.

Ko‘zyosh bilan tugaydi, ammo

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

 

Buloq

 

Buloq ko‘zyoshining asl asosi

Anov cho‘qqilarda, tumanli tog‘da.

Mening g‘ussalarim manbai, rosti,

O‘smirlik yoshimda, juda yiroqda.

 

Buloq ko‘zyoshidan tiniqib ichib,

Chanqog‘i bosilib, yo‘lchi minnatdor.

She’rlarimni o‘qib, yorishib ichi

Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.

 

 

Men o‘zimni yengdim

 

Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.

Yana bakor keldi kuchli irodam.

Yana gul hayotga yuzimni tutdim,

Yana el qatori odamman, odam.

 

Ammo yo‘l qo‘ymayman unutishingga,

Chekkan jabrim uchun tortgaysan jazo.

Kechalar sharpadek kirib tushingga

Eslataveraman men – Iqbol Mirzo.

 

Kitob muqovasin eshikdek ochib,

O‘rnashib olaman fikru o‘yingga.

Qaygayam borarding zamondan qochib,

Qo‘shig‘im bostirib kirar uyingga.

 

Abadiy tirikdir shoir qarg‘ishi,

Men yutsam, seni deb iztirob yutdim.

Alvido! Buyog‘i xudoning ishi,

Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.

 

 

Kuni kecha uchrashdik

 

Kuni kecha uchrashdik, biroq

Mahallangda o‘sgandayman men.

Hushtak chalib goh o‘yinqaroq,

Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.

 

Katta sinflardan qizg‘onib,

O‘n yil birga o‘qigandayman.

Birdan yigit bo‘lib o‘yg‘onib,

Ismingga she’r to‘qigandayman.

 

Qo‘rg‘onchadan to‘ydan qaytishda

Qo‘llaringni topgandayman-a,

Boshim gangim, ko‘rganday tushda

Tutqatorda o‘pgandayman-a.

 

Harbiyda xo‘p sog‘inganim bor,

Oy seni eslatib o‘tardi.

Sen meni kutarding intizor,

U paytlarda… qizlar kutardi.

 

Kuni kecha uchrashdik, biroq

Birga-birga o‘sgandayman men.

Gaplar otib goh o‘yinqaroq,

Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.

 

 

Mening Bag‘dodimning qizlari

 

Bodomqovoq, qiyiq ko‘zlari,

Begonadan tiyiq ko‘zlari.

Quralaymi, kiyik ko‘zlari?

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

G‘o‘rlik paytim, beboshlik paytim

Sizni tashlab ketibman daydib.

Mana, keldim bosh egib qaytib,

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Umrimda ko‘p tannozni ko‘rdim,

Suhbatlashdim, o‘tirdim, yurdim.

Hammasidan chiroyli yurtim –

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Ko‘z bo‘yash yo‘q, ulama soch yo‘q,

Nazar qattiq – bunga iloj yo‘q.

Qayda bo‘lmay, sizdan ko‘nglim to‘q,

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Ohanjama so‘zlar begona,

Mehnat bilan tug‘ma dugona,

Iqboljoni uchun yagona,

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Oyxonlari, Dilrabolari,

Dilnozlari, Gulhayolari,

Kumushlari va Ra’nolari…

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Asli manov yerim sizniki,

Ko‘zdan to‘kkan terim sizniki,

Hamma yaxshi she’rim sizniki,

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

Oy qizlarim, oyday to‘ling siz,

Oydin bo‘lsin yurar yo‘lingiz,

Men uchun ham baxtli bo‘ling siz –

Mening Bag‘dodimning qizlari.

 

 

Askarlikdan qaytish

 

Xayr, moviy diyor! Eh, kim biladi,

Balki yo‘lim tushmas bag‘ringga qaytib.

Poyezd jilar. Bir qiz zor yuguradi

Shpalga qoqilib, ismimni aytib.

 

Kupeda to‘rt kishi. Gurji o‘rtog‘im

O‘rtaga to‘kadi topgan-tutganin

Va hikoya qilar qolsin deb nomin

Devorga, daraxtga o‘yib bitganin.

 

Vodillik og‘aynim uni ma’qullar,

Shu-da bizdan qolar xotira, axir.

Qumiq do‘stim yozib qo‘yganin aytar

Ismini xarsangga, yana qaygadir.

 

Beun cho‘zilaman o‘rnimga, alhol,

Hech qayga ismimni qo‘ymadim bitib.

Ko‘zimni yumaman: bir qiz zoru zor

Ortimdan yugurar ismimni aytib…

 

 

Meni kechir

 

Toshbaqaning yelkasida vaqt,

Yalmog‘izning xaltasida baxt.

Kunlar o‘tar sudralib, karaxt,

Meni kechir, gunohimdan o‘t.

 

Qizg‘aldoqning tubida dog‘lar,

O‘zi bilmas nimani xohlar.

Yig‘lab chopib borar irmoqlar,

Meni kechir, gunohimdan o‘t.

 

Naykamalak senga o‘q otar,

Dilga hilol xanjardek botar.

Yuragingni qor bosib yotar,

Meni kechir, gunohimdan o‘t.

 

Qumrilarning bo‘g‘zida tolqon,

Navolarning rostligi yolg‘on.

Yolg‘onlarga mayliga ishon,

Meni kechir, gunohimdan o‘t.

 

Hayotingni yog‘duga to‘ldir,

Qalbingdagi Iqbolni o‘ldir.

Sevolmadim, gunohim shuldir,

Meni kechir, gunohimdan o‘t.

 

 

Yodingdami?

 

Yodingdami, gul sayli edi,

Ko‘ngil sayli, dil sayli edi.

Bahor ham biz tufayli edi,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Lolalardek qizargan yuzing,

Xushbo‘y edi nafasing, so‘zing.

Ko‘zim tushsa qochardi ko‘zing,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Yurak qushdek tipirlar edi,

Jismu jonim jimirlar edi.

Nigohlaring shivirlar edi:

“Men sen uchun, sen men uchun”.

 

Lolazordek bugun qon dilim,

Ochildingmi mensiz ham, gulim?

Armon bo‘ldik endi, sevgilim,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Tabiatning bormidi qasdi?

Xazon bo‘ldi qizg‘aldoq fasli,

Bu dunyoga kelgandik asli

Men sen uchun, sen men uchun…

 

 

Esingizga kimlar tushdi

 

Marjon-marjon turnalarga termuldingiz,

So‘ng parishon xo‘rsindingiz, so‘ng kuldingiz.

Lekin kulgu xo‘rsiniqdan og‘ir bo‘ldi,

Xayolingiz qayga uchdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Turna safi paykon kabi ketdi tamom,

Yana neni izlayapsiz ko‘kdan hamon?

Ko‘zingizga tushgan tomchi – yomg‘ir bo‘ldi,

Nigohingiz neni quchdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

So‘ray desam, bilamanki, aldagaysiz,

Esim-hushim, muhabbatim senda deysiz.

Ko‘zyosh tomib ishq sharobi taxir bo‘ldi,

Majnun uni qandoq ichdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Nahot menga yo‘ldosh bo‘lsa yolg‘on sevgi,

Qachonlardir, kimlardandir qolg‘on sevgi.

Nahot hayot shunchalar toshbag‘ir bo‘ldi,

Ne deb o‘zni ovutishni bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Boshqa qizda edi mening ko‘nglim axir,

Mana men ham ayrilmoqqa ko‘ndim axir.

Sizni menga bog‘lab qo‘ygan taqdir bo‘ldi,

Bu o‘ngimmi yoki tushmi, bilolmdim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

 

Oshiqligimni ayting

 

Ey yaxshilar, dildorga

oshiqligimni ayting,

Hamroz bo‘ldi dil torga,

oshiqligimni ayting.

 

Dilnavozu dilrabo,

ko‘rgaymikin dil ravo?

Dilafro‘z, dilozorga

oshiqligimni ayting.

 

Holi yomon deb ayting,

bog‘i xazon deb ayting,

Gulzoda, gulbahorga

oshiqligimni ayting.

 

Chohlar qazib yurmasin,

ko‘nglin buzib yurmasin,

Dushmanimga, ag‘yorga

oshiqligimni ayting.

 

Yuragi dog‘liq mardlar,

yurakka bog‘liq dardlar,

Taskin bo‘lar, bemorga

oshiqligimni ayting.

 

Qanoti yo‘q ne xabar?

El qolmasin bexabar,

Jarchi solib bozorga

oshiqligimni ayting.

 

 

Gulmisiz

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Hurmisiz, paykarmisiz, jononmisiz?

Hajringizda o‘lmagan jonim mening,

Men-ku lol, siz ham menga hayronmisiz?

 

Qosh bo‘lib qo‘nmish ikki kuygan hilol,

Qoshiga yulduzchalar uygan hilol,

Yolvorurman, ko‘zni och, uyg‘on, hilol,

Oymisiz, oftobmisiz, osmonmisiz?

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Qumrimi, gulmohmi yo jayronmisiz?

Durmisiz, injumisiz, olmosmi yo?

Bormisiz rostdan yoki yolg‘onmisiz?

 

Xo‘p g‘alat holat emish oshiq ishi,

Kim degay rohat emish oshiq tushi.

Behol, betoqat emish oshiq kishi,

Bir nafas ko‘z qirini solg‘onmisiz?

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Tog‘misiz, daryomisiz, sayhonmisiz?

Voajab, mendan so‘raydir do‘stlarim

Qulmisiz, shoirmisiz, qurbonmisiz?

 

 

Kipriklaring

 

Kipriklaring quyuqdir biram,

Tirnoqlaring tabiiy guldor.

Tirnog‘ingga arzimasam ham

O‘tib ketma beparvo, dildor!

 

Fursat ketib borar qasdma-qasd,

Bu ne alam, bu ne sitamki,

Ketib qolma, senga shu nafas

Bevafolik yarashsa hamki.

 

Xayr, dema, xayr qil menga,

Toshko‘chada bo‘lmasin dil xor.

Yuragimni beray qo‘lingga

Bir erkalab o‘pib qo‘y, dildor.

 

Jilmayasan she’rimni tinglab,

Tashna labga tutma zaharni.

Qo‘y, yaramni uyg‘otma tirnab,

Qo‘y, eslatma anavilarni.

 

Dilginamga tushdi yalt-yult cho‘g‘,

Behalovat ziraklaridan.

O‘zim ketdim, haydashgani yo‘q

Dang‘illama yuraklaridan.

 

Keyin senga bo‘lguncha oshiq

Osmonga ham yerga sig‘madim.

Chaqmoqlardan o‘rgandim qo‘shiq,

Bulutlarga yotib yig‘ladim.

 

Kulib boqsang sadaqa jonim,

Mendan kulib ketmagin zinhor.

Qaytib kelmas mening zamonim,

O‘tib ketma beparvo, dildor!

 

 

Noz va firoq

 

O‘lay agar, arazning xo‘p gashti bor,

Agar araz beg‘araz, begard bo‘lsa.

Endi yetar! Xizmatiga men tayyor –

Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.

 

Jon-jon derdim agar jonim olsa ham,

Sovib ketmay o‘rtansaydi, kuysaydi.

Uchrashganda yolg‘on qovoq solsa ham,

Chetga qarab rostdan kulib qo‘ysaydi.

 

Sal cho‘zilib ketdi firoq bu safar,

O‘yindan o‘q chiqmasa deb qo‘rqaman.

Shayton bor-da o‘rtada, shu bachchag‘ar

Tumshug‘ini tiqmasa deb qo‘rqaman.

 

Aloq-chaloq tushga o‘xshar hayotim,

Ko‘nglim bog‘da, o‘zim esa tog‘daman.

Ucholmasang, ortiqcha yuk qanoting,

Bir bahona topolmasdan dog‘daman.

 

Muddat kerak ekan nozu arazga,

Agar ishqda shu qiynoqlar shart bo‘lsa.

Sovg‘a oberardim aytib u qizga

Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.

 

 

Kirib borayotgan mahalim kuzga

 

Kirib borayotgan mahalim kuzga,

Ko‘ngil chak-chak yog‘di, ko‘ngil tinmadi.

Guldastadek xushbo‘y, xushro‘y bir qizga

Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

 

Lolazor misoli dog‘ edi bag‘rim,

Necha yil bu dashtda chechak unmadi.

Shudringdek tovlanib ketdi-da mehrim,

Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

 

Men kuzdan bahorga hatlamoqchiydim,

Gullamoqchi edim, yana bo‘lmadi.

Yana binafshani hidlamoqchiydim,

Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

 

Daraday huvillar edi quchog‘im,

Ko‘zim va quchog‘im birdek to‘lmadi.

Menga ishonmadi, tushunmadi chog‘im,

Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

 

Bu balki eng so‘nggi jur’at, qasd edi,

Baxt qushi aylanib o‘tdi, qo‘nmadi.

Qayerga bo‘lsa ham ketsak bas edi,

Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

 

 

Unutma

 

Unutma, xudoyim bizni erkalab

Uchrashtirib qo‘ygan kunni unutma.

Unutma, yuzingdan olgunimcha lab

Qushdek uchib ketgan tunni unutma.

 

Bir tola sochingni aylagan tumor,

Bo‘ylaringdan mastu bo‘yingga xumor –

Kim bo‘lsa, o‘shani unutma zinhor,

Bag‘ri qon, yuragi xunni unutma!

 

Umrim orom bilmay o‘tar alomat,

Sen qayerda bo‘lsang, shunda halovat.

Qaylarda bo‘lsang ham bo‘lgin salomat,

Men seni sevaman, shuni unutma!

 

 

Senga xatlar yozdim

 

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,

Yomg‘irlarda qolib qunishdi kaptar.

Mahzun kuy taratdi yomg‘ir torlari,

Yurakka ko‘ylakdek yopishdi dardlar.

 

Senga xatlar yozdim, alanga bo‘ldi,

Oy ham quyosh kuydi, qoraydi olam.

Ingichka yuragi tutunga to‘ldi

Va o‘zini yerga tashladi qalam.

 

Senga xatlar yozdim, boychechak bo‘yli,

Gullatib yubordi qog‘ozni – qorni.

Koshki, eriyversang o‘qigan ko‘yi,

Koshki, unutmasang meni, bahorni.

 

 

Sochlaring fatila

 

Sochlaring fatila, to‘ptosh o‘ynarding,

Tirnog‘ingda shu’la, manglayingda nur.

To‘ptoshlaring sochib ketsam, yig‘larding:

“Onamga aytaman, hali qarab tur!”

 

Arazlarding, lekin arz qilmas eding,

Hammadan yaxshi qiz eding, bilardim.

Baribir sochingdan tortardim sening,

Baribir sochingdan tortgim kelardi.

 

 

Mening shumligimdan zerikdi maktab,

Sen esa chiroyli yig‘larding, qurg‘ur.

Jonimga yoqardi alamli shu gap:

“Onamga aytaman, hali qarab tur!”

 

Bir kun bizni maktab yig‘lab kuzatdi,

Sochilib ketdik-ku to‘ptoshlar kabi.

Har tong yostig‘imni yoding tuzatdi,

Ismingni takrorlab qabardi labim.

 

Meni kuzatmading. Va’da bermading.

Meni shimollarga opketdi shamol.

Menga yupanch bo‘ldi cho‘g‘li she’rlarim,

Meni ovuntirdi munisa hilol.

 

Yarmiga yetganda uzildi ertak,

Kutmasman chiroyli xotimalarni.

Faqat deyman qo‘ling ushlagan erkak

Yig‘latmasmi xo‘rlab xotiralarni.

 

Men yengim yirtig‘in muallimadan

Yashirganim kabi

anduhlarimni

Pinhon tutajakman to oxirgi dam,

Yashiraman qalbim chandiqlarini!

 

Endi sen qaydasan, endi men qayda,

Qayda to‘ptoshlardan kelgan gul atri?

Faqat deyman, ey qiz, eng zarur paytda

Hammasin onangga aytsang bo‘lardi.

 

 

Yodimga tushsa

 

Yayrayman, yodimga tushsa ariqlar,

Qanoti hilpirab suzgan baliqlar.

Men bilan cho‘milib o‘sgan baliqlar,

Ko‘zlari chashmalar yodimga tushsa.

 

Hayot erkalatgan tannozu tantiq,

Lablari shirinu so‘zlari achchiq.

Bugun jigarimda turadi sanchiq

Ul bigiz poshnalar yodimga tushsa.

 

Kimga gulgun sharob tuyular qonim,

Qachon hovuchiga quyular qonim.

Eng totli ne’matga aylanar jonim,

Qonimga tashnalar yodimga tushsa.

 

Biri eski o‘g‘ri, biri yangi boy,

Ko‘zini yog‘ bosgan, labi-lunji moy.

Dili bilan tili kelar poyma-poy,

Og‘ayni-oshnalar yodimga tushsa.

 

Bir qo‘lida tasbih o‘girgan otam,

Oftobshuvoqlarda o‘tirgan otam.

Ongu shuurimda abadiy motam,

Ko‘zlarim yoshlanar yodimga tushsa.

 

Janob bolakaylar, muhtaram zotlar,

Inson degan unvonlarga nomzodlar.

Shular bor, yuragim yozar qanotlar,

Bahorlar boshlanar yodimga tushsa.

 

Xotira – umrga kushanda deyman,

Xayolim zanjiru kishanda deyman.

Nega musht otmadim o‘shanda deyman,

Yuragim g‘ashlanar yodimga tushsa.

 

 

Tillo zanjir

 

Bo‘yningizga tillo zanjir solgan kim?

Tillo zanjir solib bog‘lab olgan kim?

Qaysi baland qo‘rg‘onlarning gulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

 

Mohitobonmisiz bulutga tutqun?

Yoki jayronmisiz burgutga tutqun?

Yoki soyning ermagi – sumbulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

 

Yo jilg‘asiz o‘zanidan adashgan,

Yo yulduzsi nogoh yerlarga tushgan,

Yoki qora qismatning bir qulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz.

 

Men-ku hasrat, qayg‘ularga ko‘nganman,

Hammasini she’rlarimga ko‘mganman.

Qaysi shoirning ezilgan dilisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

 

 

Ozorlar yetdi

 

Yomg‘irlar sochildi, g‘uborlar ketdi,

Senga gul tutolmay bahorlar ketdi.

Yellar hovuchida uforlar ketdi,

Shamolcha himmatim bormidi mening?

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Barcha go‘zallarni rashk qilguvchi – men,

Boqmasa yuragin ham tilguvchi – men,

Qo‘l yetmas yulduzga intilguvchi – men,

Dilimda illatim bormidi mening,

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Oqshom umid bilan chirog‘ing yoqib,

Toshkent tomonlarga yuraging oqib,

Unsiz yig‘lagansan rasmimga boqib…

Yuragim, bilmadim, bormidi mening…

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Endi har bitta so‘z – zaharli tikan,

Ey, nadomat yuki boshini eggan!

Koshki, ko‘z yoshingga arzisam ekan,

Bir pullik qimmatim bormidi mening

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

 

Yuragimning tutuni

 

Tirik daraxt kesildi,

Qurimadi o‘tini.

Ko‘zimdagi yoshlarim –

Yuragimning tutuni.

 

Tog‘lar ko‘rkam ko‘rinar

Boshidagi qor sabab.

Boshimdagi qirovlar

Ul bevafo yor sabab.

 

Yupqapo‘choq bodomning

Ilma-teshik ko‘zi bor.

Bodomchadek yurakda

Tikonlarning izi bor.

 

Kuz yomg‘iri o‘chirdi

Muhabbatning o‘tini.

Ko‘zda yoshimga sabab

Yuragimning tutuni.

 

Arosatda oshiqlar –

Sanoqda bor, yo‘q sonda.

Eslamasam, sen yo‘qsan,

O‘ylamasam, yo‘qsan-da!

 

Dumalagan tosh borki,

Bir kun joyin topadi.

Osmon qolmas yulduzsiz,

Osmon oyin topadi.

 

Qor yog‘adi – sochilar

Boshimdan ishq kukuni.

Ko‘zlarimni yoshlatar

Yuragimning tutuni.

 

 

O‘zing

 

Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,

Go‘zal, o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.

Yuragimni qirib, shirin o‘rtaydi,

Ayniqsa, qoshlaring, ayniqsa, ko‘zing.

 

Chiroyli qizlardan seni axtardim,

Xayoliy timsollar yaratdim takror.

Tobora yuk solib, ulg‘aydi dardim,

Ey, barcha go‘zallar jam bo‘lgan dildor!

 

O, mening navrasta orzularim, o!

O, mening tubi yo‘q, notovon ko‘nglim!

Istardim: meniki bo‘lsaydi dunyo,

O‘ylardim: hech qachon topmasman o‘lim.

 

Shoirona yengil kayfiyat bilan

Yangi may ichgandek sarhush yurardim.

Yashardim pok dilu sof niyat bilan

Men hamma insonni yaxshi ko‘rardim.

 

Hozir ham shunaqa…

Qo‘yaver, mayli…

Kel, ruhim erkala, ayt shirin so‘zing.

Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,

Ammo o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.

 

Sening jamolingda tajalli husn,

Sening visolingga eltajak yo‘lim.

Muhabbat muborak bo‘lsin sen uchun,

Sen menga muborak, Nargizim, gulim!

 

 

Sen bo‘lmasang

 

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Qanday yig‘lab, qanday kulardim?

Yana kimdan baxtim tilardim?

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

 

Suyaklarim qaqshaydi yomon,

Iskanjaga oladi dardim.

Yaxshiyamki, sen bor, mehribon

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

 

Chalg‘uvchilar tinmay chaladi,

Yiqilsamu loy bo‘lsa qadrim.

To‘g‘riligim kim ham biladi,

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

 

Yulduz uchsa tegar boshimga,

Men hammani do‘st deb bilardim.

O‘zing guvoh achchiq yoshimga,

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

 

Umrim bo‘lsin ko‘yingda ado,

Men baribir senga kelardim.

Bu kimsasiz olamda, xudo,

Sen bo‘lmasang nima qilardim?

 

 

Javob

 

Ko‘p kitob o‘qidim yoshlik kezimda,

Gohi G‘arb, gohi Sharq hushimni oldi.

Atay yodlamadim, lekin esimda –

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

O‘zbekdek samimiy, o‘zidek toza,

Beshik bolasining ko‘zidek toza,

O‘spirin oshiqning so‘zidek toza

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Muhammad Yusufdan kuylar irmoqlar,

Tog‘ni tilimlagan kiyikso‘qmoqlar,

Oq cho‘girma kiygan momqaymoqlar…

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Kim bor tag‘in ona xalqqa qayishgan,

Qayg‘usidan cho‘kkan, baxtidan jo‘shgan.

Kuychi shoir edi ko‘klardan tushgan,

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Uzr, ey shoirman, zo‘rman deganlar,

Noma’qul buzoqning go‘shtin yeganlar,

So‘zga no‘noqlaru gapga chechanlar,

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Aylanib bag‘ri keng O‘zbekistonni

Sekin gapga soling mo‘min dehqonni,

Shoir desa, eslar Mahammadjonni,

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Sofdil inson edi shoir bo‘lib ham,

Quladi paymona lim-lim to‘lib g‘am.

Endi qutilmasmi sizdan o‘lib ham,

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

Mujmal satringizni kim yod oladi?

Eshitsa chumchuqlar ham dod soladi,

Qolsa, sizdan faqat isnod qoladi,

Muhammad akaning she’rlari qoldi.

 

 

Jonim

 

Raqiblarim bir poda,

G‘animlarim ko‘p, jonim.

Zahrim sochsam mabodo,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Ko‘zday yaqin do‘stlarim,

O‘yishga shay ko‘zlarim.

Nordon bo‘lsa so‘zlarim,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

G‘ussa yog‘ar samodan,

Qayg‘u sapchir daryodan.

Men ketsam, bu dunyodan,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Ko‘ngli siniq edimmi,

Ko‘ksi tiniq edimmi,

O‘z boshimni yedimmi,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Mana bu bog‘i nazm,

Ilonlar qurar bazm.

Ikki tillilik – rasm…

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Yosh boshimga ming savdo,

Dushmanim to‘p-to‘p, jonim.

Jahl qilsam mabodo,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Yurak bag‘rim qon bugun,

Topganim yolg‘on bugun.

Tomog‘imda jon bugun…

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

To‘rt tarafga chopaman,

Faqat ozor topaman.

Men dunyodan xafaman,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Go‘zalsan malakdayin,

Senga ne tilak deyin,

Sevmagin mendan keyin,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

Yuzlarimdan o‘p, jonim,

Ko‘zlarimdan o‘p, jonim,

Ranjitsam ham kulib tur,

Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

 

 

Kosa

 

Nukusdagi Savitsskiy muzeyida kosa uchun teridan tikilgan g‘ilof bor.

 

Bir teri ichida necha bor ozib,

Necha bor semirar ushoq mol, derlar.

Ultonda avval ham tuzbo‘ron to‘zib,

Yana lim-lim to‘lgan Ko‘k Orol derlar.

 

Umidim bor Tangrim marhamatidan,

Qardoshim xo‘rsinsa, ko‘zim to‘la yosh.

U ham bovurim deb tushib otidan

Chinni kosasida tutar go‘ja osh.

 

Oyog‘im tagida kuldirgichim bor,

Bitta joyni bosib turolmayman hech.

Axir, yo‘llarimda Xiva intizor,

O‘shdaman saharda, Mo‘ynoqdaman kech.

 

Qo‘shiqlar to‘qiyman og‘ir va quvnoq,

Jon berib tinglayman el bayotini.

Safarda topganman, do‘st qoraqalpoq,

Ko‘ngil kosasining ehtiyotini.

 

Ustyurt cho‘llarida yuragim kuygan

(Qo‘y yungin jingala qilar bu oftob).

Sarvinoz, qimizmi, qimrondan quygin,

Yuragim bug‘lanib ketadi shu tob!

 

Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichsa qonajak,

Jonon kosa berdim senga, jonona.

Ajiniyoz bo‘lib sochayin chechak,

Roziman, qo‘lingda to‘lsin paymona!

 

To‘nkarib qo‘yilgan kosa – o‘tov bor,

Qo‘biz bor, chanqovuz, shu-da chang‘aroq.

O‘rtada muhabbat yoqqan olov bor,

Tutuni yo‘q hisob, cho‘g‘i yarqiroq.

 

Terisiga sig‘mas diydordan o‘zbek,

Firoqqa topolmas ayni dam bardosh.

Do‘ppimni qo‘ynimda saqlaganimdek

Qora qalpog‘ingni asragil, qardosh!

 

 

Tavakkal

 

Bir o‘zinga tavakkal, Tangrim, sendan so‘rayman,

O‘ylarimni ilohiy chechaklarga o‘rayman.

Tillo o‘g‘illar berding, kumushdayin qiz berding,

Imkon ham ber, shularning farog‘atin ko‘ray man.

 

Kumushimga Kumushning qolgan umrin qo‘shib ber,

O‘g‘illarga mirzolar shashtini ham jo‘shib ber.

Baxt berganda, iltimos, gashtini ham qo‘shib ber,

Sihatlikda keksalik gashtini ham suray man.

 

Izzat qildim kelgancha qo‘limdan va dilimdan,

Dadamga extiromim qaytsayoq bas o‘g‘limdan.

Yurtin sevishsa bo‘ldi, men sevgandek ko‘nglimdan,

Yo‘qsa sho‘r devor kabi nursizgina nurayman.

 

Ishonganim o‘zingsan, begona tutma, Tangrim,

Xayolimdasan doim, sen ham unutma, Tangrim,

Majolim yetganidan ko‘pini kutma, Tangrim,

Baytim bilan dillarda Baytullohlar quray man.

 

Do‘sti nodon yetarli, boshqa mol kerak emas,

Sevgili yor so‘zidan o‘zga bol kerak emas.

Dam shu damdir, shu holdan o‘zga hol kerak emas,

Ko‘pga ber, ko‘p qatori hovuch ochib turay man.

 

Har zarrangda hikmat bor, zarra qadar illat yo‘q.

Himoyatingdan o‘zga men faqirga himmat yo‘q,

Sendan so‘rayveraman, bitta senda minnat yo‘q,

Shafoat qil, bir sening poyingga bosh uray man!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.