Jorj Gordon Bayron. Baxtlisan, nima ham der edik, koʻp soz!

0
2198
marta koʻrilgan.

 

Baxtlisan, nima ham der edik, koʻp soz!

Qaniydi menga ham baxt boʻlsa nasib.

Yarashib, qarshingga chiqardim peshvoz,

Yorqin toleingga kelib havasim.

 

Men koʻrdim eringni, shoddir ziyoda,

Alamni yutishga yetdi jurʼatim…

Seni u sevmasa edi moboda,

Uni men yomondan yomon koʻrardim.

 

Oʻgʻilchang kuladi, rashk etar taʼqib,

Bu zil yukdan dilga alam solaman.

Ammo onasini sevganim haqqi

Kulgan lablaridan boʻsa olaman.

 

Boʻsa olaman-u, yutaman gʻamni –

Bola otasining quyilgan oʻzi.

Asir etib olar zumda odamni

Onasin koʻziday nurlangan koʻzi.

 

Yaxshi qol! Baxtingga kelmas hasadim,

Aytmasman nolinib bir soʻz ammo man.

Biroq yonginangda qalbu jasadim

Senga bagʻishlanur, Meri, tamoman.

 

Sizdan uzoqda men aytardim mudom:

"Yoshlik oʻtin bosdi oʻtgan koʻp yillar".

Bu uchrashuvga qadar bilmasdim tamom

Ahdida barqaror boʻlishin dillar.

 

Hovliqib qolmadim men bu visoldan,

Sevgim koʻz oldimda tursa-da garchand.

Bu hirs – jinoyatga yaqin bir holdan

Shoshib qolmadim men va yemadim pand.

 

Hislar quyunini sezmoqqa qodir

Nigohing hayratda boqardi behis.

Koʻzlarida shaddod bir sukut hozir,

Taassuf sukuti solmish ogʻir iz.

 

Yoʻqol, alam toʻla bahor uyqusi,

Oʻtmish xotiralar oʻti, koʻp yonma!

Qani afsun toʻla yillar tuygʻusi?

Jim boʻl yo oʻl yurak, ortiq oʻrtanma!

 

1808

 


Jumaniyoz Sharipov tarjimasi


MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.