Mohiru mehru mahorat

0
727
marta ko‘rilgan.

Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi oldidan

 

O‘tgan asr miyonasida mustabid hukmdor vafotidan so‘ng yuz bergan nisbiy iliqlik sharoitida, “ikkinchi milliy uyg‘onish” deb atalgan tarixiy jarayon ta’sirida mamlakatda yangi bir adabiy avlod yetishib chiqdi. Ular safida shoir Erkin Vohidov, Abdulla Oripovdek noyob iste’dod sohiblari bor edi. O‘sha kezlari og‘izga tushgan jasur adib Abdulla Qahhor adabiy muhiti hamda hozirda Milliy universitet deb atalayotgan qutlug‘ o‘quv dargohida M. Qo‘shjonov, O. Sharafiddinov asos solgan adabiy tanqid maktabi ayni shu navqiron avlodning rahnamosiga aylangan edi. Ko‘plab yosh iqtidorli qalamkashlar qatori noyob she’riy iste’dod sohibi Erkin Vohidovning ijoddagi ilk dadil qadamlarini himoya qilgan, rag‘batlantirgan, elga tanitgan ayni o‘sha tabarruk siymolardir. Abdulla Qahhordek ulkan siymo yosh boshlovchi shoir Erkinjonning to‘rtligini mashhur “Mahalla” hikoyasiga epigraf qilib olgan, markaziy matbuotda chiqqan bir maqolasida “Nido” dostoni haqida iliq gaplar aytgan; Ozod Sharafiddinov esa shoirning ilk she’riy kitobi – “Tong nafasi” haqida maxsus maqola yozib, milliy she’riyatimizda yangi bir noyob iste’dod maydonga chiqqanini el-yurtga oshkor etgan edi.

Ana shunday rag‘bat tufayli 14-15 yoshidayoq qo‘liga qalam olgan shoirning ijodiy imkoniyatlari yildan-yilga toblanib, chiroy ocha boshladi. Shoir 1960 yili 24 yoshida bitgan mana bu satrlarda o‘zining ham betakror, ham hayotiy ijodiy aqidalarini bayon etgan edi:

 

Mohiru mehru mahorat,

Olimu ilmu amal.

Oshiqu ishqu mashaqqat,

Shoiru she’ru shuur.

 

Shaxsan kamina guvoh: bu benazir iste’dod sohibi, hazrat Navoiy so‘zlari bilan aytganda, dili poku, so‘zi poku, o‘zi pok siymo umrining so‘nggi daqiqalariga qadar bir umr ijodda, hayotda o‘sha yuksak aqidalariga sodiq qoldi. Mohiru mehru muhabbat ijodda uning bosh shioriga aylandi, filolog olim sifatida ilmu amal yo‘lidan bordi; “So‘z latofati” kitobi orqali chin olimlik iqtidorini isbot etdi; hayotga shaydolik, chin mehr-muhabbat ko‘yida jamiki mashaqqatlarni yengib o‘tdi; shoiru she’ru shuur olamida yonib yashadi. Mana shu noyob fazilatlarining hosilasi o‘laroq 80 yosh bo‘sag‘asida sakkiz jildga jo etilgan mukammal asarlarini shoirimiz o‘z qo‘li bilan ko‘rkam kitoblar holida tayyorlab, sizu bizga, kelajak avlodlarga hadya etib ketdi.

Erkinjon shaxsiyati, xarakterining shakllanishida u tug‘ilib o‘sgan, ulg‘aygan oilaviy muhitning ta’siri katta. Farg‘onaning Oltiariq tumanida ziyoli oilada dunyoga kelgan do‘stimiz ikkinchi jahon urushi qurboni otasi, so‘ng onasi vafotidan keyin Toshkentdagi tog‘asi Sohiboyevlar xonadonida unib-o‘sib voyaga yetgan.

Bu oila a’zolari adabiyotga, san’atga, umuman, ma’rifatga tashna odamlar edi, xonadonda tez-tez shoir va xonandalarning maroqli davralari bo‘lib turardi. Erkin Vohidovdagi nafosatga, she’riyatga mehr va mayl shu xonadonda, ana shu davralarda shakllandi. Bu xonadondagi davra qatnashchilari orasida Alixonto‘ra Sog‘uniy kabi islom ma’rifatining darg‘alari ham bor edi. Erkin Vohidov tabiatidagi Sharq madaniyati va adabiyotiga chuqur ehtirom, sharqona odob-andisha, tavoze, bir chekasi, ana shu davra ishtirokchilari ta’sirida toblangan.

Shoirning yigirma uch yoshida chiqqan birinchi she’rlar to‘plami – “Tong nafasi” milliy she’riyatimizga yangi nafas olib kirdi. Unga taqriz yozgan ustoz Ozod Sharafiddinov ta’kidlaganidek, yosh shoir ilk mashqlarida ko‘proq dunyoni endi kashf etayotgan, o‘zining kashfiyotidan o‘zi zavqlanib, quvonchidan boshqalarni xabardor etishga oshiqayotgan, hayot benihoya go‘zal, noyob ne’mat ekanini tushunib kelayotgan murg‘ak qalbning quvonchlari bor. Keyinroq shoir aql va his bahsiga o‘tdi. Madhiya, faxriya, qasidachilik kayfiyatlariga berilgan onlari ham bo‘ldi, romantik xayollar og‘ushida ishqiy g‘azallar bitdi. Shu asarlar qatorida beg‘ubor quvnoq yumor, hazil-mutoyibalar bilan yo‘g‘rilgan she’rlar ham yaratdi; ayni paytda ko‘ngil armonlarini, o‘kinchlarini, xalqimizning og‘ir va shonli kechmishini, tariximizning qora va nurli sahifalarini, urush keltirgan ofatlarni ham she’rlarga soldi, lekin baribir, nekbin ruh – hayot madhi, sevgi sururi, faxr-iftixor tuyg‘usi ijodida yetakchilik qildi. Bu xususiyat 1969 yili chop etilgan “Yoshlik devoni” kitobida yorqin ko‘rindi.

Bu kitob faqat Erkinning 60-yillar ijodi namunasi, o‘sha yillardagi shoir kayfiyati, o‘y-mushohadalari ifodasi bo‘libgina qolmay, umuman, milliy she’riyatimiz taraqqiyotidagi muayyan tamoyilning ko‘rinishi sifatida ham qimmatlidir. Gap shundaki, adabiyotda vulgar sotsiologizm balosi hukmron bo‘lgan kezlari hammayoqni ijtimoiy-siyosiy mavzudagi tumtaroq she’rlar bosib ketgan, sevgi, shaxsiy-intim kechinmalar she’riyatdan badarg‘a qilingan edi. 60-yillarga kelib ahvol o‘zgara boshladi, an’anaviy sevgi taronalari uchun qisman yo‘l ochildi. Shunisi xarakterliki, poeziyamizda sevgi motivlarining qayta hayoti an’anaviy shakl, ayniqsa, g‘azalning jonlanishiga olib keldi. “Yoshlik devoni” shu jarayonning eng jiddiy hodisasi, shoirning ulkan ijodiy jasoratidir.

Shoir Abdulla Oripov yozganiday, “Mumtoz adabiyotimizning oltin eshiklari abadiy bekiladi, deya karomat qilishayotganda yosh avlod orasida birinchilardan bo‘lib Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi”. Ko‘hna aruz vaznini yangi zamon she’ri uslubiga, ohangiga yaqinlashtirish uchun uringan Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Usmon Nosirlar an’anasini yuqori bosqichga ko‘tardi.

Erkin Vohidov g‘azallari, shoirning o‘z aruzi, o‘z g‘azali shakliga aylangani uchun ham milliy adabiyotimiz, she’riyatimiz rivojida hodisa bo‘ldi. Ularda biz faqat Erkinning o‘ziga xos shaklini yuzaga keltirgan hissiy ohangini, qalb sadosini, yurak tebranishlarini, o‘ylash-fikrlash yo‘sinini ko‘ramiz.

 

Tun bilan yig‘labdi bulbul

G‘uncha hajri dog‘ida.

Ko‘z yoshi shabnam bo‘lib

Qolmish uning yaprog‘ida.

 

Nihoyatda go‘zal, mangulikka muhrlanib qolgan benazir holat, jarayonning bu qadar nafis, chiroyli, sirli-sehrli ohanglarga yo‘g‘rilgan ifodasini “Yoshlik devoni”dagina uchratish mumkin.

Faqat “Yoshlik devoni” g‘azallari emas, shoirning 60-yillarda yaratgan boshqa janrlardagi sara asarlari ham el orasida nihoyatda mashhur bo‘lib ketdi. Bevosita shoir shaxsiy hayoti, tarjimai holi – fashizmga qarshi urush qurboni bo‘lgan o‘z otasi haqidagi “Nido” dostoni lirik qahramonining qalb sadosi, anduhlari, Abdulla Qahhor yozganidek, million-million kishilarning nidosi, urushga nafrati, urushda halok bo‘lganlar xotirasiga ehtiromi kabi yangradi.

Tabiiyki, o‘sha yillar shoir she’riyatining eng avj pallasi “O‘zbegim” qasidasidir. Bu o‘rinda qasidani maxsus sharhlab o‘tirishga hojat yo‘q: u haqda ko‘p yozildi. Asar darsliklardan joy olgan. Millatning sha’ni-g‘ururi toptalgan, tarix darsliklarida xalqimizning shonli o‘tmishi qora bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan, har tongda kuylanadigan davlat madhiyasi ulug‘ og‘aga, partiyaga hamdu sanolar bilan boshlanadigan zamonlarda kechmishning shonli sahifalarini ulug‘lovchi “O‘zbegim” qasidasi g‘ayrirasmiy milliy madhiyaga aylandi. Shu tariqa “O‘zbegim” 60-yillari birin-ketin chiqqan beshta she’rlar to‘plami, “Nido”, “Palatkada yozilgan doston”lardagi ijodiy izlanishlarning muayyan yakuni bo‘ldi.

Yillar o‘tgan sari Erkin ijodida fikrlar ufqi kengayib, his-tuyg‘ular tobora serjilo bo‘lib bordi. Shunga qaramay, shoirda erishgan yutuqlardan qoniqmaslik, o‘zini yangilashga moyillik kayfiyati ortib bordi. Bu holat 70-yillar boshlarida bitilgan “Yo‘qolgan she’r”da yaxshi ifodalangan: shoir o‘z asriga mos, faqat millatning emas, butun olamning shavqini, dardini o‘zida mujassam etadigan she’rlar izlaydi, shunday she’rlar yozishni orzu qiladi. Nihoyat, bu orzu-intilish, izlanishning samarasi 70-80-yillarda yaratilgan “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kuy avjida uzilmasin tor”, “Yaxshidir achchiq haqiqat” kabi to‘plamlaridan joy olgan she’rlarida, “Ruhlar isyoni”, “Istanbul fojiasi” dostonlarida yaqqol ko‘rindi. Bu asarlardagi har bir so‘z, har bir satrda insoniyat qismatidan bezovta qalb kechinmalari, zamon taqdiriga javobgarlik hissi bilan tepayotgan yurak hayajonlari lovullab turadi. “Inson”, “Sirdaryo o‘lani”, “Arslon o‘ynatuvchi” kabi o‘tkir fuqarolik ruhi-nafasi bilan yo‘g‘rilgan doston va she’rlarni XX asr milliy she’riyatmizning nodir namunalaridan desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

1979 yili yozib tugatgan “Ruhlar isyoni” dostonida milliy istiqlol to‘g‘risida so‘z ochish aslo mumkin bo‘lmagan bir zamonda mustabid tuzum qatag‘oni qurboni Fitratning “Chin sevish”, “Hind istilolchilari” asarlari izidan borib, dekoratsiyani Hind eliga ko‘chirib, shoir Nazrul Islom timsoli orqali o‘z ona yurtida erk, ozodlik yo‘liga hayotini tikkan Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar qismatiga ishora etishga, rivoyatu, hikoyatlar orqali shaxs erki g‘oyasini umuminsoniy miqyoslarda turib ifodalashga erishadi.

O‘tgan asrning 80-yillari oxiri 90-yillar boshlarida bitilgan she’rlarini o‘z ichiga olgan “Yaxshidir achchiq haqiqat” to‘plamini o‘sha tarixiy burilish davri shoir qalbining kardiogrammasi deyish mumkin. To‘plamga xos bosh xususiyat undagi she’rlarda ruhiy erkinlikning to‘la namoyon bo‘lganligidir. Bu nihoyatda muhim fazilat. Busiz chinakam badiiy kashfiyotlar dunyoga kelishi mumkin emas. Novatorlik deymizmi, ijodiy originallik deymizmi, uslubning o‘ziga xosligi, shakliy topilmalar deymizmi – barchasining ibtidosi shu ruhiy erkinlikdan boshlanadi. Yetmish yil davomida milliy she’riyatimiz, ijodkorlarimiz hukmron mafkura, siyosat tazyiqida bo‘lib keldi. Bu tazyiqdan chetda turishga, mustabid tuzum aqidalari qobig‘ini yorib chiqishga dadil urinishlar ham bo‘ldi. Biroq jasur, haqgo‘y ijod ahli har qancha urinmasin, baribir, qandaydir hadik, Cho‘lpon aytgan sustkashlik davom etdi, tutqunlik zug‘umi o‘z asoratini qoldirdi. Faqat istiqlol arafasiga kelib shoirlarimizda ruhiy erkinlik to‘la namoyon bo‘la boshladi. E. Vohidovning shu davr mahsuli sanalmish “Vatan umidi” she’rida shunday satrlar bor:

 

Agarchi ismim Erkin,

Erki yo‘q, bandi kishan bo‘ldim.

Ko‘zim bog‘liq, dilim dog‘liq,

Tilim yo‘q, besuxan bo‘ldim.

 

U bor ovoz bilan “Bas, yetar yolg‘on saodat, Yolg‘on erk, yolg‘on vatan!” deya hayqiradi.

Erkinning istiqlol yillaridagi she’rlari toptalgan milliy qadriyatlarni tiklash, o‘zini topish, o‘zligini tanishdek mashaqqatli yo‘l g‘oyat sharafli ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar u “Yoshlik devoni”da “Yoshligim, kel, kuyga to‘lgan Qalbim oltin sozi bo‘l, Men qo‘shiq aytay to‘lib, Bir lahza jo‘r ovozi bo‘l” deya sho‘x-shodon kuylagan bo‘lsa, endi dangal “Keksalik kelgach nasibing Yo‘lga boqib o‘ltirish. Endi manzil hech xarita – Ichra nomi yo‘q diyor, Keksalik – ul mamlakatga Yo‘l tadorigin ko‘rish” deb yozadi. Ayni paytda yana, ulug‘ Navoiy iboralari bilan aytganda, qarilik chog‘da ham yor vaslidan ko‘ngil uzolmaydi, “Men hayotda bor ekanman, O‘ylasam, sen bor uchun, Ko‘ksim ichra qalb urar Tun-kun o‘zingga zor uchun… To jahonda bor ekanman, Borlig‘im sen yor uchun” singari olovli misralar tizadi. Qo‘l qovushtirib o‘tirmay, el-yurtning bugungi muammolari ustida bosh qotirishda davom etadi, millat mustaqillikka erishib o‘z kuch-qudrati, aql-zakovatini to‘la namoyon etish davri kelganida, uning parvozi yo‘lidagi to‘g‘anoqlar, yuz yil burun jadid bobolarimizni dog‘da qoldirgan qoloq udumlar ustida alamli o‘ylarga toladi.

Erkin Vohidov she’riyati, aniqrog‘i, uning sara she’rlari birinchi galda shoirning o‘zi uchun eng ardoqli, dil qa’ridan sizib chiqqan shaxsiy kechinma-tuyg‘ular hosilasidir. Ayni paytda ana shu shaxsiy kechinmalar ko‘pchilik uchun ham qadrli va tushunarlidir. Erkinning yozganlari qog‘ozda qolib ketadigan satrlar emas, ular tillardan dillarga ko‘chib, u yerda muqim joy olgan yetuk she’riyatdir. Shoir she’rlari sirtdan sodda, yetti yoshdan yetmishgacha barcha uchun birdek tushunarli tuyulsa-da, ulardagi tagma’noga yetish, ularni uqish oson emas. “O‘zbegim”, “Inson” qasidalarini, “Ruhlar isyoni” dostonini anglab yetish uchun qanchalar bilim, boy hayotiy va adabiy tajriba kerakligi ayon.

Erkin Vohidov ijodiy faoliyatini jamoat ishlari bilan qo‘shib olib bordi. Ayniqsa, atoqli va ardoqli shoirimiz mustaqillik yillari Oliy Kengash, Oliy Majlis deputati, Senat a’zosi bo‘lib mas’ul lavozimlarda ishlagan kezlari davlat arbobi sifatida ham tanildi. “Odamlarga faqat she’ring emas, o‘zing ham kerakligingni sezish – bu katta baxt, – deydi shoir. – Shuning uchun ham jamoat mehnatidan hech qachon qochgan emasman. Qaynoq hayot ichida yashab, ishlab o‘rganganman”. U benazir she’ru dostonlari bilan barobar Mustaqilligimizning Bosh me’mori Birinchi Prezidentimiz yonida turib istiqlol ideallarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi xayrli xizmatlari bilan ham millatimiz uchun ardoqlidir. Erkin Vohidov Davlat mukofoti laureati, “Xalq shoiri”, “O‘zbekiston Qahramoni”dek yuksak mukofotu unvonlarga har jihatdan munosib ijodkor edi.

Ardoqli shoirimizning 80 yoshlik to‘yini munosib nishonlashga doir tadbirlar, jumladan, 80 nafar muallif qalamiga mansub Erkin Vohidov hayoti, ijodiy qiyofasi haqida taassurotlar, talqinlar, tadqiqotlardan iborat salmoqdor “To quyosh sochgayki nur…” deb nomlangan ko‘rkam salmoqdor kitobning “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilishi, shuningdek, bu savob tadbirga o‘z hissasini qo‘shayotgan ozod mamlakatimiz rahbariyati, qolaversa, xalqimiz, ijodiy ziyolilarimizning benazir iste’dod sohibiga, millatning ardoqli asl o‘g‘loniga beqiyos ehtiromi tasdig‘idir.

 

Umarali NORMATOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.