Nurilla Chori. Tashvishi yoʻq odamlar (hikoya)

0
2341
marta koʻrilgan.

Bozirgan chavandoz dogʻda qoldi…

Qizgʻaldoqning adogʻidan koʻndalangiga Tagsaroy oqadi. Tagsaroyning kungay beti qari lalmi (el shunday ataydi), qiblasi suvot – tayoq suqsang barg yozadi. Zamoni charxifalak boʻlib ketgan bu kunda qozi ham, mirshab ham, doʻxtir ham tish-tirnogʻi bilan yerga tarmashgan. Yerga yetmaganlari moliniyam, joniniyam bozorga urgan. Bozorga bor – baxtingni koʻr. Baxtini nimaning evaziga koʻradi, bunisini oʻzlari bilishmasa – biz bilmaymiz!

Maydaqadam modaning ustida oʻz maylida tebranib borayotgan mana u jinqarcha Bozirgan cholning nevarasi. Huv-v, ana u chayla esa Bozirganga, toʻgʻrirogʻi, uning kenjasi – Eshboy eshchiga tovin. Eshchining esh changallab kosasi oqarmagan chogʻi roʻzgʻorga tomchi deb piyoz ekkan. Ekkanda ham sidirgʻi ekmagan, “Achchiq boʻlsa, xaridorini oʻzi topadi”, deb damiga osh pishadigan Jolpon xumga urugʻ septirgan. Achchiq boʻlishini bilmadig-u ammo urugʻning yarmi kuyib ketgan chiqadi. Siyrakkina koʻklabdi. Siyrakligi Eshchining umidini yanada jonlantirdi: “Hali koʻrasiz, chumchuqning kallasidek emas, mushtday-mushtday piyoz boʻladi!”

Muborak oshyonidan sudralib chiqqan chavandoz shu chaylani oʻziga vatan tutgan. Necha vaqtdirki, nevarani aytmaganda ismi odam bilan gaplashmaydi. Kundizlari soyani itga bermaydi. Kechalari esa kiprik qoqmaydi.

Oʻgʻli keldi. Oʻtindi…

Kelini keldi. Yolvordi…

Qizi keldi. Yigʻladi…

Bozirgan chol oʻzini misli koʻlvor chogʻladi. Mezon quyoshida toblanib, shamoliga koʻkrak kermoqchi boʻldi.

Uyiga qaytmadi…

Koʻklamdan mezonning adogʻigacha paykalu qishloq orasida shu jinqarcha sarson, Maydaqadam sarson.

Cholning aytarga bahonasi bor – piyoz mezonni yemasa, shuncha toat-ibodat bir pul. Chirib ketadi. Gap piyozda ham, mezon shamolida ham emas, oʻgʻlining zuvalasi boʻshligiyu kelinning biroz uquvsizligida!.. Boʻlmasa qush choʻqimaydigan, jonliqqa et bitirmaydigan achchiq piyozning boshida nima bor, bu “itkasal”ga!

Oʻtgan qishda Bozirgan chol nevarasiga toʻy berish taraddudida edi. Ogʻzidagi tishiday siyraklashib qolgan uzangidoshlarini bozorda koʻradimi, mozorda koʻradimi, doʻq urib: “Nevaramga toʻy beraman! Koʻpkarisi katta boʻladi! Otga qarashing!..” der, bu gaplariga koʻngli toʻlmay: “Ullarni ham olib keling! Ota qadrdonlarni topishtirib ketaylik! Til topishsa, ogʻa-ini boʻlib qolar. Topishmasa, ukasining qorniga!” deya qoʻshimcha qilardi. Uning bu gaplarini qayta-qayta eshitib bezor boʻlgan chollarning ayrimi oʻzini garanglikka solib qolgandi.

Chavandoz bir safar oʻzini garanglikka olgan Tashman tuyaning qulogʻiga:

– Bozirgan oʻzi bitta toʻy beradi, katta, – deya qichqirdi.

– Hoʻ, bodi. Qulogʻimni teshding-ku! Sen nevaramga toʻy beraman deganingda, mening tishim chiqqani yoʻq edi, – deb milkini koʻrsatdi Tuya.

– Yukim yerda qoldi-ku, oshna! Shu yil qor tushsin, toʻyni boshlayman, – dedi Bozirgan oshnasidan ranjib.

Cholning yuragini hapriqtirib kelgan qishning avvalida kampiri uning tongdayu shomda, kundayu tunda tayinlab kelgan kalimasini kanda qildi. Qoʻzigul Bozirganga mahram boʻlib, aytganini bajarmagan boʻlsa, shu boʻlar, yana bilmadik. “Ortimda qolasan”, deganiga qaramay, jonini Jabborga topshirdi-qoʻydi.

Nevaraning toʻyi qolishga qoldi. Ammo koʻp oʻtmay elni: “Bozirgan chol uylanarmish”, degan gap oraladi. Ulus chavandozning boshini ikki qilishga koʻpam shoshmagan. Goʻyo Qoʻzigul kampirning koʻkarishini sabr bilan kutgan, koʻklamga ilhaq boʻlgandek koʻrinadi. Kun qizigan sari gap-soʻzlar urchib ketdi…

Chavandoz uylansa uylanibdi-da, shunga nima: osmon uzilib yerga tusharmidi?! Kampiri oʻlib uylanganlar Qizgʻaldoqda kammi?! Birgina Hayit langi uchinchi xotini ham juvonmarg ketganidan keyin uylanmagan, uylanolmagan. Negakim, ogʻziga kuchi yetmagan ikki-uch kampir janazada oʻtirib, yomon bir matal toʻqigan. Iziga oʻzlari toʻqigan mataldan choʻchib, bunday boʻlsa: “Langida xotin turmaydi”, deb lab tishlagan. Kampirlar lab tishlagandan soʻng qaysi ayol yurak betlab Langining oʻngiridan tutsin. Uyi singan ayol bordir, ammo jondan toʻygani, jonidan toʻygani yoʻq!..

Yana Haldav poson uylanganidan soʻng soqolini anbarlab ariga talangani-yu, Orol karga oʻgʻillari qolib, qizi xotin topgani ham bor gap. Yana…

… Yana Esonboy oqsoqol ikki oʻlib, uch uylangan. Esonboy oqsoqolning “oʻlib-tirilishlari” va uylanishi Bozirgan cholning kechmishiga soya solmaydigan mahshar qadar davom etadigan gurung. Undan koʻra xotinining joyi savimay turib uylangan Tolmas morboz el ichra mashhur, muzofotda dongdor.

Tolmas morboz choʻgirma telpak kiyganicha bor ekan. El ogʻziga elak tutdi. Dangalini aytsak: “Misqol devday yigitning umrini oʻgʻirladi-ya!”, “Misqol tumsa”, deganlarning ogʻziga choʻgirmasi bilan urdi. Misqol oʻgʻilli boʻlib, chilla tutdi. Qolaversa, Morbozning qulogʻi tom bitganida, ogʻalaridan koʻra Avazning: “Toʻrt kunlik mehmonim otam! Mehmon boʻlib toʻymagan, dunyoyu qoʻtirda hech vaqoni koʻrmagan, armonlari bagʻrin tigʻlagan… otam-ov, otam!” deganlari elning esidan chiqqanicha yoʻq.

Goʻyandalarning gurung berishicha, Avaz qoʻshigʻini koʻngil uchun aytmagan. Har “otam-ov, otam!”, deganida sabzi tishlagan. Bilingki, otasini yoʻqlayotgan Avazning urtda sabzi boʻlgan. Undan ranjigan akaning koʻkayiga shu gaplar keldi: “Oʻv-v enasi qisir! Enam otamning qoʻynida yoʻq edi. Men otamning esida yoʻq edim. Nega buncha zor qaqshaysan?! Misqol makrzanning arzandasi! Otam oʻlgan boʻlsayam, sening boshingni silaydigan Makrzan bor-ku! Enamning qora bosib oʻlganini bilsang, yuraging yorilib oʻlar ekansan! Ey, sadqayi ena ket!..”

Ammo tiliga koʻkayidagi emas, kibri koʻchib, tomoq qirib, ukasiga yuzlangancha:

– Hoʻ-v, Avaz! Otamiz-ku yoshini yashab, oshini oshab oʻtdi. Bu yoshda koʻchganniki toʻy! – dedi.

– Sizlarga toʻy boʻlsa, toʻydir. Bizga aza, – deya Morbozdek bosib tikildi Avaz.

– Avazboy, mayli, senga aza boʻlsa, azadir! Lekin: “Armonlari bagʻrin tigʻlagan…” deb boʻzlaganing nimasi! Otamizni dogʻda qoldi, deb kim aytdi sen tirmizakka! – deb toriqdi aka.

– Er yetgan kishiga birov aytishi shartmi! Otam har oqshom argʻamchiqopini tomorqaning etagiga qoqardi. Keyin menga nay chaldirib, tevarakka mordek tikilardi. Men nay chalardim. Otam esa “Men oyoq uzatar boʻlsam, sening holing nima kechadi, Xunxorning sultoni!” derdi, – deb yer tepdi Avaz.

– Xoʻp, mayliga, sen sari boraylik, Avazboy inim, sulton inim! Ochdan oʻldingmi! Bizni nomusga qoʻyma… Yo sabzi ye, yo otam de! – dedi aka qahrlanib.

– Sabzimniyam jiyaberaman, otam-ov, otam, deyaberaman! – deya akasiga tizzingladi Avaz.

Bolaning betga choparligidan gʻazablangan aka quloq-chakkasiga qoʻyib yubormoqchi boʻlib qoʻl choʻzdi-yu, titrab ketdi. Akaga tikilib turgan koʻzlar ukaniki emasdi…

Qoʻrqqanidan mayit yotgan uyga yuzlandi. Dafʼatan qulogʻida otaning xesh-aqrablariga aytgan soʻnggi gapi yangradi: “Avazqulning burnini qonatmanglar!”.

“Armonlari bagʻrin tigʻlagan!..” deb boʻzlashda davom etdi Avaz. Akaning mehri iyib, ukaning boshini silay-silay, “Otam-ov, otam!” deb joʻr boʻldi. Ich-ichidan titrab, koʻzlaridan tirqirab yosh otildi. Choponining oʻngiri bilan ulusdan yuzini yashirdi va Avazga dedi: “Nima desang ham senga mojna, Xunxorning sultoni!”

Cholni uylantirish Qizgʻaldoqning esida ham yoʻq paytda jinjaklilik: “Bozirgan chavandoz soqolini bogʻlab non yoparmish”, deb aytgan ekan.

– Cholning soqolini bogʻlab non yopganini birinchi qizi eshitgan. Kelib kelinini qargʻagan, soʻng oʻgʻli eshitib hayron boʻlgan. Bozirganning oʻzi eshitib, “Shunday deyishibdimi-ya, qistaloqlar”, deb qah-qah otib kulgan va indamay uch-toʻrt kun oʻgʻlining ogʻziga qaragan. Oʻgʻli tish yormagach, chol toʻnini teskari kiyib olgan, – dedi bilgichlar.

Chavandozning non yopgan-yopmaganini oʻgʻliyam, qiziyam bilmaydi. Gapning rostini qaynota-kelin hech kimga aytmadi.

Bozirganning nazarida, atrofidagilarga bir balo boʻlgan. Xuddi u sagʻir qolgandek, achinib qarashadi. Yupatish uchun nimalarnidir oʻylab topadi. Oʻgʻli ishdan kech qaytsa ham, uning oldiga kiradi, uyoqgʻbuyoqdan gapirgan boʻladi. Hech gap topmasa: “Ekologiya yomon, iqlim oʻzgarib ketdi, hozirgi kelinlar nozik”, deb diydiyo boshlaydi. U tugʻilganda onasi azob tortmagandek. Goʻyo otasiga shular qiziqdek.

Avvallari salomini eplab berolmaydigan kelini ham endi unga matal aytadi. Hay-hay demasa, bozorga borganiyu bodini koʻrganidan boshlaydi. Bir gal shunday ham boʻlgandi: – Ertaga is kuni, – deydi kelin qaynota oʻtirgan sandalning bir kunjagiga oʻzini urib.

– Shundaymikan? – deydi chol sanoqdan adashgandek.

– Bozorga borgandim. Moy oldim, – deydi kelin qoyil qilgandek sandalga chuqurroq kirib.

– Yaxshi-da, yaxshi-da, – deydi chol kumush qoshlarini silab.

– Bozor kuyib ketibdi, – deydi kelin bamaylixotir, – moy odamning xuniga teng!

Qaynota chuqur uh tortdi. Tishni-tishga bosgisi keldi. Bundan soʻng yana shu taxlit suhbatlarga chiday olmasligiga koʻzi yetdi. Sandaldan chiqib oʻtirdi.

– Bozorda senga balo bormi?! Eshchi moy olib kelmay nomaʼqulning nonini yeydimi? – deb tovushini balandlatdi qaynota. Kelin oʻzini eshikka urdi. Chol uning ortidan: “Yana bozor borsang, bil, qani, Bozirganning xuniga qancha moy berar ekan”, deb qoldi. Kelinidan ranjiganidanmi yo boshqa bir sababdanmi, negadir xayoliga rahmatli kampiri keldi. Mushtdek momo edi. Oʻzini oʻtga-choʻqqa urib pildirabgina yurardi…

Qoʻzigul kampirning ajoyib odatlari bor edi. Bunday odatlar… Faqat unga, faqat shu kampirga yarashardi. Chavandoz birov-yarimdan dili xufton boʻlsa, bas, tilini yutib qoʻyadi – hech kimga lab juftlamaydi. Oxiri bir kuni ichi pishib, zavjasiga yoriladi. Agarki u dilozor mardum xesh-aqrablaridan boʻlsa, albatta kelib Bozirganning koʻnglini olardi. Yot boʻlsa-chi? Yot boʻlsa ham, kampirning javobi tayin edi. Cholni “qutirgan tuya qopganda” ham shunday boʻlgandi.

Oʻshanda chol azbaroyi guzarga Maydaqadamga arqon olgani borgandi. Nimaga borgani ham yodidan koʻtarilib, uyiga qaytdi. Maydaqadamdan tushay desa arqon yoʻq! Modani ostonagacha niqtab borib:

– Gunafsha, – dedi chol.

Otaning ovozini eshitib tashqariga chiqqan oʻgʻil xuddi boshidan musht yegandek gangib qoldi:

– Padariga laʼnat, makimiya! Sen uyda kurk yot. Meni qutirgan tuya qopsin, – dedi ota.

Eshchi ham anoyi emas. Maydaqadamni minib koʻzdan panaroqqa ketmoqchi edi, ammo chol koʻnmadi, ustomonlik qildi. Oʻgʻlini taqimiga bosib soʻkkisi keldi:

– Enang yigirgan kalavadan olib chiq, – dedi battar tutaqib.

Maydaqadamni nevara minib turdi. Kampir, oʻgʻil va kelin ip pishitdi. Chol pishib kelayotgan ipni eshdi. Agarda kampir: “Aqrabning muddaosi nish urmoq, xoh doʻst koʻksiga, xoh dushman orqasiga”, demaganida, ip pishigunga qadar Tashman Tuyani ham, unga qoʻshib oʻgʻlini ham soʻka-soʻka Bozirganning oʻpkasi pishardi.

Chol kampirning gapidan soʻng yumshadi, nafas rostladi. Avval arqonni qulochladi. Keyin ikki-uch qatlab, oyogʻi bilan bosib tortib koʻrdi. Pishiq arqonni mahsisining qoʻnjiga urib:

– Bir toʻy beraylik, koʻpkarining zavqiga nortuyalar ham mast boʻlsin! – dedi.

Kelin cholning bu itfeʼlini bugun koʻrgandek, lab burib nari ketdi. Qirq yildan beri otaning soʻkishini eshitadigan oʻgʻilga negadir shu tobda alam qildi.

– Soqoliga oq oralab ham shu odatini hech tashlamadi-da, momoy?! – dedi onasiga.

– Endi, eski dard-da, bolam, nima ham qilay…

– Mazasi yoʻqmi?!

– Itkasal-da.

–…

Arqonning bir uchini oʻgʻliga berib, tortsa ham boʻlardi. Ammo bunday qilmaydi. Negaki, oʻgʻliga ishonmaydi. Toʻyu katta-a koʻpkari berishning sababi ham asl shu ishonmasligida! Koʻnglidagi bir “attang”i borligida! Chol kampirini oʻziga qanchalik yaqin tutmasin, bu “attang”ni unga bildirmaydi. Biroq… biroq bu “attang” koʻp yillardan beri ich-etini yeydi; ichiga ham sigʻmaydi, boʻzlatadi! Keksargan sari avjiga oladi.

Bir gal oshnasi Esonboyga (ha, aytgancha, unda oqsoqol – oqsoqol boʻlmagan, el qatori Esonboy edi): “Zotimdan koʻkrak kerib davraga kiradigan chiqarmikan?” degan. Oshna oʻzini eshitmaganga olgan. “Chiqmaydi”, deb Bozirganning yana oʻzi tirgʻalgan. Esonboy esa boz ustiga tish yormagan. Chavandozning marsingisi, yigitlik davrini eslab maqtangisi kelgan, chogʻi, bor gapni oʻzi aytgan.

– Boʻz yigitligimda “chavandoz” deb nom koʻtardim. Elning oldidan oʻtdim. Koʻp suluv qizlarning koʻngligiga gʻulu soldim.

– Ha, shunday boʻlganmidi, – deydi oshnasining guppayganidan zavqlangan Esonboy.

– Keksalar: “Tulpor – biyadan, alp – enadan! Polvon, kelinning durkunginasidan oling”, desa, oʻyin bilibman! Qoʻzisiga, Qoʻziguliga oshiq boʻlibman, – degan viqor bilan Bozirgan.

– Otiyam Qoʻzigulmidi? – deydi oshnasining battar zavqi kelib.

– Shunday. Har zamonda zotu palagimni oʻylaganda oti esimga kelmasa, yodimdan ham koʻtarilayozgan.

– Nega?

– Shu qalliq oʻyinga borganimda ermaklamoqchi boʻlib otini soʻragandim, “Gunafsha” dedi koʻzlari javdirab. Oldinlari har Gunafsha deganimda shu koʻzlarini koʻrgim kelardi. Keyin oʻrganib qoldim.

– Ilgari bir podshoning arzandasi ham baqaning koʻziga oshiq boʻlgan ekan, – deb oʻzini tutolmay kuladi Esonboy.

– Bas, boʻldi qil! – deydi kulgiga chiday olmay Bozirgan.

– Boʻlmasa, nega shalviraysan! Oyparchasini olganingda yozigʻing boshqacha boʻlib qolarmidi? Devnikidek gavdangga, meshdek qorningga Qoʻzining erkaligi sigʻmabdi. Oyparchaning erkaligiga yorlib oʻlar ekansan, chavandoz, – dedi oshna.

Shundan buyon Bozirgan oshnasi Esonboy (yoʻq, endi el tanigan Esonboy oqsoqol) bor davralarda yelkasini qisib oʻtiradi. Bu gurung olis zamonda qolib ketganiga ishonmaydi. Oqsoqol gapirganda ogʻziga termilib turadi. Xuddi uning qalliq oʻyinga borganidan aytib qoladigandek tuyuladi. Kulganida-ku, ming oʻlib-tiriladi. Boʻlmasa, oqsoqol ogʻziga mahkam odam. Gurung bergani koʻrgan-kechirgani ham koʻp. Baribir, baribir chavandoz oshnasidan “aytib qoʻymasmikan” deb choʻchiydi-qoʻrqadi. Qoʻrquvki, “Hayit langi haqidagi mataldek tus olsa nima boʻladi”, deb oʻylaydi-da! Langi haqidagi matalni shu birgina Langi bilmasligiga farosati yetmaydi.

Kampirni chiqargan kuni yomgʻir aralash qor yogʻdi. Azada qari-qartangning koʻpi qatnashmadi. Qish oʻz oti bilan qish-da. Bir kun qor yogʻsa, ikki kun qovoq soladi. Kun yilt etsa, Bozirgandan koʻngil soʻrovchilar kelib-ketib turishadi.

Chavandoz oʻzini shu paytgacha qirq yigitning biri chogʻlab, keksalikni boʻyniga olmay kelardi. Mana, kampiri qaytish qilganidan beri ancha sezilib qoldi. Gardanini choʻzib gapirgandi. Qish oʻchogʻi tor keldi. Burniga suv kirib, maishati tang boʻlib qoldi. Tahorat olay desa, suv yoʻq. Oʻzining aytishicha, “Ollo, demoq oson boʻlmayapti”. Bir kuni achchiq ustiga yax suvdan ishlatgandi. Tish ogʻrigʻini topdi. Sandalning bir kunjagida “Ixlos”ni zikr etib yotgandi, kun yumshagan ekan, jagʻini bogʻlab hovliga chiqdi. Qarasa, obtova tarnovdan tushayotgan suv bilan toʻlib turibdi. Tovani olib, oʻchoq boshi tomon bordi. Oʻchoqqa oʻt qalanmagan. Ammo tandirda uchayozgan choʻgʻ – issiq kul bor ekan. “Obtobani qoʻysam, asrga tayyor boʻladi”, deb oʻyladi. Tovani joylashtirguncha, tandirda bir kulchaning singa boʻlib pishib turganini koʻrdi. “Olaman”, degandi, kulcha kulga tushdi. Keyin bagʻrini tandirga bosib uzaldi, kulchani oldi. “Puf-puf” qilib kuldan tozalayotgandi, uning qilayotgan ishiga “hang-mang” boʻlib qarab turgan ikki kampirga koʻzi tushdi. Ularning tikilib turganidan xijolat boʻldi. Nima qilarini bilmay, kulchani tandir ustida qoldirdi. Katta-katta qadam bosib tillaxonaga qarab yurdi. Kelini chiqib, kampirlarga egalik qilmaguncha koʻzga koʻrinmadi.

Uyga kirdi. “Shu kunda kampirlarga zarurmikan”, dedi oʻziga-oʻzi. Xesh-aqrablari orasida bunday qizargani yoʻq. Quda-andalarining ichidan izladi, topmadi. Birini tanimadi, birini esladi. Jinjaklidan, Tashman oshnasining, shu oʻzimiz bilgan Tashman tuyaning singlisi. Durkun qiz edi. Moyadek kampir boʻlibdi.

Maydaqadam qorni chizgandek, gurpillagan tuproqni chizib, changitib chaylaga yaqinlagan sari, tobora qishloqdan uzoqlashadi. Nevara olisdan chaylaga termilib keladi. Bobo koʻrinmaydi. Bola bunday payt oʻz bilganicha oʻyin qiladi. Eshakka teskari minib savalaydi. Choptirgisi keladi. Maydaqadam laqabiga munosib qolaveradi. Bola modaning ustida tik turadi. Qoʻllarini langar qiladi. Bu ishidan ham koʻngli toʻlmay, qoʻshiq xirgoyi qiladi:

“Mingan oting boʻz boʻlsa…”

Bobo buning barini bilib yotadi. Har kuni uning kelishini intiq kutadi. Qoʻshigʻini eshitish uchun to chaylaga yetguncha bosh koʻtarmaydi. Bolaning kelib bajaradigan birinchi ishi boboga “uzum” beradi. Keyin uyida asal bormi-yoʻqmi, hisobga olmay, asal yeganidan gapiradi. Boboyam boʻsh kelmaydi. Tarvuz yo qovun soʻyib beradi. Doimgi gapini takrorlab qoʻyadi: “uzum”dan Eshchiga ham uzat, tili yorilsin!”

Chavandozning “Eshboyga til bitsa! Ota, uylanasizmi? deb soʻrasa”, deya oʻylab oʻgʻlining yoʻliga tikilganida saraton tunlari uzun, tonglari olis boʻldi. Oʻgʻlini kuta-kuta ota qushuyqu boʻlib qoldi. Mana, koʻz yumsa uxlaydi, yutinsa uygʻonadi. Uxlaydi-uygʻonadi – uygʻonadi-uxlaydi…

Qani, endi unga til bitsa! Bozirganning uylanishga chogʻi ham yoʻq. Ammo shu odamlarning gap-soʻzi bosilarmidi?! Gap-soʻzi bosilmasayam mayliga! Shu momoqiz jussasidan domangir boʻlib ketmasmidi? Hech boʻlmasa, hech boʻlmas, “ostonam sovchi koʻrgan”, deb oʻzini ovutarmidi. Qani, endi Eshboy eshchi tish yorsa! Bu gapni damgʻirdalik qilmay, chavandoz aytsa ham boʻladi. Ammo Eshchi yurak betlab borolmaydi, deya xavotirlanadi. Gap uning oʻzidan chiqsa, borishi mumkin. Chumchuq boʻlsa ham nari-ku!

– Qani, Eshchiga til bitsa!

Bola kechagi, oldingi kungi, yoʻq, avvalgi kungi bobo oʻrgatgan: “Bedananing yotar joyi xas boʻlar, mezon kirsa, targʻil morlar mast boʻlar” qoʻshigʻini aytmadi. Bobo: “Chol oʻlsa qozon-qozon osh boʻlar, kampir oʻlsa, baland togʻlar past boʻlar”, deb davom ettira olmay qoldi.

Nevaraning qoʻshigʻi bugun oʻzgacha edi:

“… oʻng jilovi soz boʻlsa!”. Bobo qoʻshiqni davom ettira olmadi. Ammo olis yillar yodiga tushdi.

… Bola edi. Bobosining boʻz oti boʻlardi. Uni otasi ana shu boʻz otga mindirib yetaklab yurardi. Bozirganning otdan hech tushgisi kelmasdi. Oʻzi tushmaguncha bobo ham tushirmasdi… Bozirgan chol bola edi…

… Bozirgan bola shiryalongʻoch boʻz otning ustida. Ot uni olib qochyapti. U boʻzning yolidan mahkam tutgancha dod solib boryapti. Chollar tomlarning ustida oʻtiribdi. Kampirlari koʻchada urchiq yigiryapti. Norgʻul-norgʻul yigitlar tomga soyalaydi. Bozirgan ularning jussasidan qishloqdoshlariga, xesh-aqrablariga oʻxshatdi. Ammo tanimadi-taniyolmadi. Barchasi tinimsiz gapiradi. Gapirganida ularning tili bir-biriga suvoriyning qilichidek tegadi. Charsillaydi, qayraladi. Biror mardumning yuzi koʻrinmaydi…

– Buva, – dedi Maydaqadamdan tushmay nevara. Bobo jim yotaverdi. Bola takror-takror chaqirdi.

Boʻz tinim bilmay chopadi. Bozirgan ot yoldan yanada mahkam ushlaydi. Qarshisidan bir gala bola koʻrindi. Hammasi jinqarcha – jinqarchaning oʻzginasi! Ulardan biri qoʻloch yozdi, boʻzning yoʻlini tusdi.

Bola dafʼatan onasining: “Mezon oʻtdi. Shu yotishi boʻlsa, itkasal buvang chaylada oʻlib qoladi”, deganini esladi. Chinqirib yigʻlab yubordi. Oʻzini cholning ustiga tashladi.

– Buva-a-a!

Ular oʻpkasini bosaolmasdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.