Oʻzbektosh Qilichbek. Sheʼrlar

0
2563
marta koʻrilgan.

Oʻzbektosh Qilichbek (Asqar Qilichev) 1986 yil 5 fevralda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tugʻilgan.

2003 yili tumandagi 13-maktabni tamomlagan. 2010 yil ToshDAUni tugatgan.

“Quvonch” (2006 yil) nomli hikoyalar toʻplami nashr etilgan.

Hikoyalari yosh ijodkorlarning “Kaftdagi nihol” bayoziga ham kiritilgan.

2010 yildan buyon Olim Xoʻjayev nomidagi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida adabiy emakdosh lavozimida ishlab keladi.

“Oʻyin ichida oʻyin” (2010), “Turmush – musht!” (2011) filmlari ssenariysi muallifi.


 

 

Yaxshiliknoma

 

Inson yashash kerak ismiga monand,

Solishtirish gunoh – u past, men baland,

Koʻzga tik qaraylik, boʻlib mardga mard,

Birovni yomonlab yaxshi boʻlmaysiz!

 

Bolangizga oʻrnak koʻrsata oling,

Men yaxshi odamman deb ayta oling,

Yashil bogʻ qoldirgan bir ota boʻling,

Birovni yomonlab yaxshi boʻlmaysiz!

 

Olamning eng yorugʻ rangiman demang,

Qolganlar eskirgan, yangiman demang,

Faqat Xudo mangu. Manguman demang,

Birovni yomonlab yaxshi boʻlmaysiz!

 

Gʻiybatdan, hasaddan tilingiz tiying,

Oʻzingizni biling, boshqani qoʻying,

Qilichdan bu soʻzni yurakka oʻying,

(Qilich bu soʻzlarni yurakka oʻying,)

Birovni yomonlab kim yaxshi boʻlgan!?

 

2014

 

 

Onasi bor

Dov davralar toʻrida toʻra,

Savlati bor onasi borning.

Ming karra boy ming boydan koʻra,

Davlati bor onasi borning.

 

Doʻstlik dastin tutar dushmani,

Kuni choʻksa, oydir tushgani,

Bir gunohmas ming adashgani,

Omadi bor onasi borning.

 

Kechasidan buguni koʻp soz,

Yurishlari sultonlarga xos,

Qalbi butun, baxtdan bir ovoz,

Qudrati bor onasi borning.

 

Komilligi onasi sabab,

Halolligi onasi sabab,

Buyukligi onasi sabab,

Himmati bor onasi borning.

 

2012

 

 

Polvon el

Omonliklar topgan omon-omon elim,

Keng koʻngliga osmon siqqan osmon elim,

Shafqat qilmay changal solgan Iskandaru

Chingizlarni yengib chiqqan polvon elim!

 

Doʻstini deb ofatlarga oʻzin tutgan,

Toshlar otgan qoʻshnisiga oshlar tutgan,

“Qirq birning” bolasiga koʻkrak tutgan,

Dardin yutib dardmandlarga darmon elim!

 

Ikki daryo sarhadlagan oʻtligʻ el bu,

Yaxshisidan yaxshisi koʻp qutlugʻ el bu,

Hoziri ham kelajagi ulugʻ el bu,

Ilmu ijod boʻstonida bogʻbon elim!

 

Temuri bor buyuklarga sohibqiron,

Boburi bor boshqa yurtda qurgan Turon,

Islomi bor buyuk qalbli, qalbi Qurʼon,

Iymon otli karvonlarga sarbon elim!

 

Samarqandi yeru samo kelinchagi,

Buxorosi dinu iymon suyanchigʻi,

Shavkatli Shosh − islomiyat qalb munchogʻi,

Ona zamin bagʻridagi marjon elim!

 

Asrlardan omon chiqqan polvon elim…

 

2012

 

 

Otam duolari, onam soʻzlari

 

Menga yurak bergan, jurʼatli qilgan,

Meni odam qilgan, qudratli qilgan,

Omad osmonida omadli qilgan,

El aro ijodda hurmatli qilgan,

Otam duolari, onam soʻzlari.

 

Dunyoda ulardek kuyunchagim yoʻq,

Boshqa ishonganim, suyanchigʻim yoʻq,

Balolardan asrar koʻz munchogʻim yoʻq,

Otam saboqlari, onam duosi.

 

Faqat otamda bor men kutgan mehr,

Faqat onamda bor men kutgan sehr,

Insonga keragi shu bir kaft mehr,

Koʻnglimga keragi shu bir kaft mehr,

Otam duolari, onam soʻzlari.

 

Bolalari uchun otalar sarbon,

Gʻam olov purkasa, ona – soyabon.

Dunyoda koʻrmadim ulardek qoʻrgʻon,

Otam duolari, onam soʻzlari.

Uyimdan koʻnglim toʻq, shundan tik qaddim,

Yonimda toʻrt ustun, toʻrtta farzandim,

Tilimning ostida asragan qandim,

Bu goʻzal dunyodan goʻzalroq baxtim,

Bolamning soʻzlari, yorim koʻzlari.

 

2013

    

 

Vatan qoʻshigʻi

 

Tiyonshon, Pomirtogʻ − jon Oʻzbekiston,

Bobomdan qolgan bogʻ − jon Oʻzbekiston,

Qirdagi qizgʻaldoq − jon Oʻzbekiston,

Serquyosh vatanim, oftobistonim,

Qoʻshiqlari yangroq − jon Oʻzbekiston.

 

Oʻzbek choʻponi ham qahramon oʻtgan,

Elim deb, yurtim deb, oʻzni unutgan,

Dushman nayzasiga koʻksini tutgan…

Bobom yotgan tuproq − jon Oʻzbekiston,

Momom yoqqan chiroq − jon Oʻzbekiston.

 

Shoʻrda don undirgan dehqonim – yurtim,

Yuz yoshda bogʻ solgan bogʻbonim – yurtim,

Yetmish elni boqqan choponim – yurtim,

Choylari xumorli qumgʻonim – yurtim,

Otam qoʻli qadoq − jon Oʻzbekiston,

Onam sochlari oq − jon Oʻzbekiston,

Somonsuvoq oʻchoq − jon Oʻzbekiston.

 

Erkin oʻgʻlonlaring barkamol, xurram,

Bagʻri butun botir, navqiron, oʻktam,

Hech kimdan kam emas, boʻlmagaydir kam,

Manglayi yarqiroq − jon Oʻzbekiston,

Istiqboli porloq − jon Oʻzbekiston.

 

Gar vatan tinch boʻlsa, bu jonu tan tinch,

Har kunim bayramli, koʻzlarda sevinch,

Tinchlikka vatan boʻl, shu bitta ilinj,

Hilpiragan bayroq − jon Oʻzbekiston,

Oq-osmon rang bayroq − jon Oʻzbekiston,

 

Naqorat:

Mardlar kuylar ekan Vatan baxtini,

Mardlar oʻylar ekan Vatan dardini.

Shoʻrda don undirgan dehqonim – yurtim,

Yuz yoshda bogʻ solgan bogʻbonim – yurtim,

Yetmish elni boqqan choponim – yurtim,

Choylari xumorli qumgʻonim – yurtim,

Otam qoʻli qadoq − jon Oʻzbekiston,

Onam sochlari oq − jon Oʻzbekiston,

Somonsuvoq oʻchoq − jon Oʻzbekiston.

 

 

Senga jonim fido, jon Oʻzbekiston,

Senga boʻlsin sharaf, shon Oʻzbekiston.

 

2014

 

 

Muhabbat, muhabbat, yana muhabbat

 

Oqimtir, qoramtir hayot yoʻllari,

Muhabbat, ayriliq, yana muhabbat.

Gul ochar, kul sochar hayot yilllari,

Muhabbat, ayriliq, yana muhabbat.

 

Baxt topar, kim topsa muhabbat sirin,

Hijron jon achitar, sadoqat shirin,

Ayriliqdan keyin muhabbat shirin,

Muhabbat, ayriliq, yana muhabbat.

 

Yaxshi, yomon kunni bergan Xudodir,

Ishqning bir oniga bor olam jodir,

Hamma sabablarning sababi shudir,

Muhabbat, ayriliq, yana muhabbat.

 

Qaddingni tik tutib dilga oʻq otar,

Boshdan zar socharu sochni oq etar,

Goh sevinch, goh sogʻinch qoʻlingdan tutar,

Muhabbat, ayriliq, yana muhabbat.

 

Sevilgan, sevgan dil janatga yetsin,

Muhabbat, muhabbat, yana muhabbat!

 

2012

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.