Shavkat Rahmon. Yosh oʻzbek shoirlariga

0
570
marta koʻrilgan.

Soʻzlarni qayraylik,

obdan toblaylik,

idrok-la sovutib tagʻin qayraylik,

Oʻzbekning qorakoʻz bolalariga

bitta dunyo qolsin hayratlik.

Bitta dunyo qolsin mustahkam,

eshilgan poʻlatday daryolar qolsin,

Chaqilmas toshlarday bir togʻlar qolsin,

musaffo xayollar,

samolar qolsin.

Soʻzlarni qayraylik,

doʻstlar, joʻralar,

gʻaflat toʻshagida yotmay, shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, oʻlmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik.

Bitta dunyo qolsin mustahkam,

unga posbon boʻlsin oʻtkir sheʼrimiz,

tokim bu daryolar bemalol oqsin,

bolalarga qolsin jannat yerimiz.

Soʻzlarni qayraylik,

tagʻin qayraylik,

tokim keskir boʻlsin bamisli olmos.

Oʻtkir soʻz qolmasa shoirlaridan,

oʻtkir soʻz qolmasa…

hech narsa qolmas.

 

1984

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.