Shoir vafotiga

0
530
marta ko‘rilgan.

Bu yil og‘ir keldi O‘zbekistonga,

Sadafdek durlarim to‘kildi qator.

Chig‘atoytepaga shudringdek tomgan,

Hali qurimagan ko‘zyoshlarim bor…

 

Alvido, muhtaram Abdulla Orif!

Garchi ajal bermas hech kimga omon.

Vale shoirsiz el g‘aribdan g‘arib,

Shoirga tosh otgan millat – olomon.

 

G‘iybat qilib to‘kdik gunohingizni,

Sizdan qolgan maydan mayda xo‘plashib.

Muhtasham hayotdan bezdirdik Sizni

Goh yakka tartibda, ba’zan ko‘plashib.

 

Kimdir qayta-qayta topar asolar,

Uni kosov qilar boshqa g‘o‘r banda.

Ha, kazo-kazolar va hokazolar

Hushyor tortar edi Sizni ko‘rganda.

 

Siz bilan yuzma-yuz qolsak nogahon

Yodga solardingiz kimligimizni.

Kecha ne sababdan edigu biyron,

Bugun ne sababdan jimligimizni.

 

Rost so‘zni aytmoqlik mushkulligi rost,

Go‘zal oh tortmoqqa yurak kerak, oh!

Tafakkur shiddati Navoiyga xos,

Temurbekka oid bu qattiq nigoh.

 

Bol tomizib maqtab asarlarini

Shoirni bundayroq ko‘rguvchilar bor.

Tutun purkab haydab asalarini,

Asalni o‘ymoqlab urguvchilar bor…

 

Oqibatni o‘ylab chekdingiz alam,

Gina, o‘kinchingiz beg‘araz tamom.

Maqsadingiz – zavol topmasin olam,

Odamga yarashsin inson degan nom.

 

Sizga oshno bo‘ldim bolalik kezdan,

Sizdan ranglar oldim so‘zimga ayon.

El qatori qarzdor edim men Sizdan,

O‘zimning armonim o‘zimga ayon…

 

Bahri muhit to‘lqin urar yolvorib,

Yulduzlar yo‘l qarar javdirab ilhaq.

Mendan rozi bo‘ling, Abdulla Orif,

Sizdan rozi bo‘lsin Hokimi mutlaq!

 

Iqbol Mirzo,

O‘zbekiston xalq shoiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.