“Soqov” ayol haqida hikoya

0
3679
marta koʻrilgan.

Qaysidir zamon, qaysidir yurtda yashagan bu ayol gapga chechan, doim oila aʼzolari, qarindoshlari, qoʻni-qoʻshnilariyu hamkasblari – hammaning koʻnglini olishga harakat qilarkan-u, negadir hech kim bilan til topisha olmas ekan. Nazarida, oʻzi aqlli, mulohazakoru, atrofdagilar uni tushunmas, birovga yomonligi yoʻgʻ-u, yaqinlari yaxshiligini ham koʻrolmas ekan.

Kimgadir yurishi, kimgadir turishi, yana allakimga qarashlari yoqmas, haqligini isbotlayman, deb mudom kuyib-pishar ekan. Hech kim uni tushunmayotganini, aytganlari havoga uchayotganini, umri safsata bilan oʻtayotganini anglagan ayol qaqragan guldek tobora soʻliy boshlabdi.

Bir kuni uy yumushlaridan toliqqan juvonning koʻzi ilinibdi. Tushiga moʻysafid chol kiribdi va bunday debdi:

“Nega bu qadar mahzunsan, koʻngling choʻkkan? Axir bir ayol orzu qilishi mumkin boʻlgan hamma narsaga egasan-ku! Oilang but, ota-onang sogʻ-omon, shirindan shakar farzandlaring, yoqtirgan kasbu koring bor. Oʻzingni baxtli his qilishing uchun senga nima yetishmaydi?”

Ayol savolga tayinli javob berolmabdi. Faqat ulkan bu olamda oʻzini nihoyatda yolgʻiz, noshudu notavon his qilayotganini aytib, yum-yum yigʻlabdi.  Moʻysafid miyigʻida kulimsirab, “Hammasi yaxshi boʻladi”, debdiyu gʻoyib boʻlibdi.

Ayol eshikning zarb bilan taqillashidan uygʻonib ketibdi. Ishdan charchab kelgan eri dasturxon tuzalmaganini koʻrib, dargʻazab boʻlibdi, xotinini tergabdi. Ayol kun boʻyi uy yumushlaridan ortmaganini, ozgina koʻzi ilinganini tushuntirmoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan ekan, ne ajabki… tili gapga aylanmabdi. Oʻzini oqlashga harchand urinmasin, miq eta olmasmish. Nuqul koʻzlari javdirab turarmish. Xotinining odatdagidek diydiyo qilishiga shay turgan er bu holatdan hayron boʻlibdi. Koʻngli yumshab, sabr bilan kechki ovqatni kuta boshlabdi.

Har safar ayol atrofdagilarga nimanidir uqtirmoqchi boʻlganida aynan shu vaziyat takrorlanaveribdi. Uyda eriyu qaynonasi, ishxonada boshligʻi, bogʻchada tarbiyachi, koʻchada begonalarga gapiraman deb ogʻiz ochishi bilan tildan qolarmish. Oldiniga juda qiynalibdi. Gapi ichida, zahri tilida qolaveribdi. Asta-sekin taqdirga tan beribdi. Jimgina ishini qiladigan, gap-soʻzlarga parvosiz yoʻlida ketadigan boʻlibdi.

Kunlarning birida koʻchadan oʻtib ketayotsa, ortidan qoʻshnilari gapirganini eshitib qolibdi:

– Anavi juvon biram oqila-ya.

– Gap-soʻzlari ham joyida!

Ayol hayratdan qotib qolibdi: “Meni gapirishyaptimi? Nahotki?!  Axir ogʻzimdan hech bir soʻz chiqmasa…” Vaqt oʻtib, bunday gaplarni tez-tez eshitadigan boʻlibdi. Eri uni itoatli rafiqa, qaynonasi sabrli kelin, qoʻni-qoʻshnilari dono suhbatdosh, boshligʻi yaxshi xodim sifatida koʻra boshlabdi. Ayol «soqov» boʻlish tili biyronlikdan koʻra koʻproq foyda berishini tushunibdi.

 

Nigora SOLIHOVA

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonidan olindi.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.