“Goʻroʻgʻli sulton bir yon…”

0
2538
marta koʻrilgan.

Nabijon BOQIY: – Ibrohim aka, oʻtkinchi dunyoning ishlari toʻgʻrisida «davra suhbati» qizgʻin tus olgan chogʻlarda negadir gap aylanib Toʻra Sulaymonga taqalib qoladi. Erkin akam maqtaydi, Siz taʼriflaysiz. Keling, suhbatimizni bevosita Toʻra Sulaymondan boshlaylik.

Ibrohim HAQQUL: – Men bir qadar «qadimchi»man – qonida mumtoz tuygʻular saqlangan, koʻngli oʻtmish ajdodlarimizga xos xislat va fazilatlardan yorishgan ijodkorlarni yaxshi koʻraman. Chunki ular, eng avvalo, xudparastlik va riyokorlikdan uyalishadi. Ayniqsa, soxtalik va soxtakorlikdan hazar etishadi…

Toʻra Sulaymonning hayotga qarashidagi rostlik, tabiiylik doimo menga yoqqan. Sheʼrlaridagi soddalik jozibasi yupanchli. Baʼzan tasvirda saktalik shundoq koʻzga tashlanib tursa-da, yasamalik, sunʼiylik yoʻq… Nabijon, men Toʻra Sulaymon bilan siz qadar yaqin boʻlmaganman. Ehtimol, u kishining shaxsini ham sizchalik yaqindan bilmasman. Lekin sheʼrlari, kitoblari orqali men Toʻra akaning shaxsi, tabiati, insoniy fazilatlari xususida yetarli darajada tasavvur hosil qilganman. Rumiy bobomiz: «Qanday boʻlsang, shunday koʻrin, qanday koʻrinsang shundoq boʻl!», degan hikmatli bir fikrni aytganlar. Nazarimda, Toʻra Sulaymon xuddi shu «qoida»ga amal qila olgan, hayotda ham, ijodda ham imkon qadar shu talabdan chekinmay yashab kelayotgan baxshitabiat bir shoirdir.

Uning baxshiligi – haqiqat va yaxshilik axtarishda; haqiqat, adolat izlash toʻxtasa, soʻzning, sheʼrning hech nimaga arzimasligini bexato anglashida. Alloh unga oddiy odamlar ishqi, dardi, orzuyu armonlari bilan toʻlgan bir yurak ato etgan. Uning Mirtemirday benazir bir shoirning etagini tutib, oʻzini oʻtga-choʻqqa uravermasligini ham tasodif demaslik kerak. Bularning bari xolislik, sodiqlik, donishmandlik belgilari. Toʻra Sulaymonning sheʼriyatda oʻrin va mavqe talashganini, adabiy tanqid ijodiga bundoq qayrilib qaramasa ham, uning ogʻringanini hech kim koʻrmagan va sezmagan. Hozirgi davr uchun bu hol noyobdir.

 

N.B.: – Ilgari «qishloq prozasi» degan gaplar boʻlardi. Agar «qishloq poeziyasi» xaqida gap ketsa, Toʻra Sulaymonni «yalovbardor» etib qoʻyish mumkinmi ?

I.H.: – Men Toʻra akani kamtarlik, xokisorlik va samimiyatda sira «rol» bajarmaydigan odam deb bilaman. Sheʼriyatdagi eng yaxshi xususiyat va fazilatlarning tamal toshi ham ehtimol mana shundadir. Odatda «reja va majburiyat» boʻyicha sheʼr yozadiganlar «yalovbardorlik»ka intilishadi. Toʻra Sulaymon esa kayfiyat kutib, koʻngilga taslim boʻlib, gʻam-gʻussani sharobday simirib yuradigan bir shoir. Toʻgʻri, u qishloq va qishloq odamlarining ahvoli haqida yozadi. Ammo «mana bu ruhiy holat qishloqqa», «mana bu yurak iztirobi shaharga tegishli», deb oʻylamaydi-ku!

 

Suvlar ham tindi sunbula kelib,

Tinib-tiniqmadi bu koʻnglim, hayhot.

Na bahor, na yozdan, na toʻkin kuzdan

Hecham qoniqmadi bu koʻnglim, hayhot.

 

«Qismat» deb atalgan sheʼrdan keltirilgan ushbu parchani oʻqiganda qishloq suvrati hech kimning xayoliga kelmaydi. Hol va holat joy tanlamaydi, manzil surishtirmaydi. Mavzularga koʻra ish yuritish, hammaga maʼlum gaplardan sheʼr toʻqish – sheʼriyatning vazifasi emas. Shu oʻrinda yana bir gapni aytay. Maʼlumki, shoirlik, yozuvchilik hunari yozishni oʻrganishdan boshlanadi. Yozish asta-sekin koʻnikmaga aylanadi. Yosh bir joyga yetib borgach esa yozish endi uzoq davom etgan kasallikka oʻxshab qoladi. Ana shunday bir paytlar tuppa-tuzuk asarlar yaratib eʼtibor topgan ijodkorlar ham yozmasa turolmaydigan ahvolga tushishadi. Bu «bosqich»ga omon-eson koʻtarilib olgan adib yoki shoir, asari odamlarga kerakmi-yoʻqmi, badiiy saviyasi balandmi-pastmi – bular bilan qiziqib ham oʻtirmaydi, faqat yozadi, xolos. Shuning uchun badiiy ijodda yozishni oʻrganishmas, balki uni toʻxtatish qiyin, desak xato boʻlmaydi. Bu haqqa R.Tagorning «Soʻnggi doston»ida mana bunday fikr bildirilgan: «Ijodkor qoʻl ostida yaxshi narsalar nechogʻlik oz boʻlsa, shunchalik yaxshi, chunki ular bisyor boʻlsa, qadri tushib, oʻrtamiyona boʻlib qoladi… Uzoq ijod qiluvchi shoirlarning asarlari har qanday fazilatdan mahrum boʻladi. Bunday shoirlar oʻtmishiga oʻgʻrilik qilib, oʻgʻrilik molini qabul qiluvchilar darajasiga tushib qolishadi…» Shoir oʻtmishiga xiyonat etmasligi uchun ichdan oʻzgarib, tinimsiz ravishda ruhan ilgarilashi, yangilanib bormogʻi lozim. Toʻra Sulaymon ijodi mana shu tomondan ham eʼtiborga molik. Oʻtgan yili «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida bosilgan uning «Sayhon» kitobidagi botiniy koʻtarilish esa quvonarli.

N.B.: – Erkak kishi yigʻlashdan uyalishi kerakmi? Menimcha, Toʻra akam «Topolmasman» sheʼrini yigʻlab yozgan:

 

Izlay-izlay horib boʻldim, sensiz yolgʻiz gʻarib boʻldim,

Endi bosgan izlaringni toʻrt tomondan topolmasman…

 

I.H.: – Qalbi bor, dardi va armoni bor erkak yigʻlashi mumkin. Nega yigʻlamaslik kerak? Qolaversa, bu dunyo haqiqiy shoirni qachon yigʻlatmagan va qachon ingratmagan?! Aks holda, Alisher Navoiy hazratlari:

 

Demangiz, ahbobkim, qilmasmusen bas yigʻlamoq,

Kim, manga Tengri nasib etmish tuganmas yigʻlamoq,

 

deb yozmasdilar. Bundan tashqari, yurakka larza soladigan sheʼr koʻpincha ulkan yoʻqotish, ajralish va judoliklardan tugʻiladi. Ana shunda shoirning ichki olamida kutilmagan bir evrilish sodir boʻladi – Soʻz, ohang, hattoki, koʻzyosh ham oʻz-oʻzidan quyilib keladi. Sheʼr – dil va taqdir izhoriga aylanadi va bunday sheʼrlarda shoirning xarakteri, qiyofasi, tarjimai holi yorqinroq, taʼsirchanroq boʻyoqlarda zuhurlanadi… Oʻz sheʼrxonini topish, yillar davomida ularning ishonchini oqlash uchun oʻziga xos shoir – nafasi, nigohi, kayfiyat va holatlari boshqaga oʻxshamaydigan, shaxsiy fazilatlari bilan oʻzga qalamkashlardan ajralib turadigan salohiyat boʻlmogʻi kerak. Shular bor Toʻra akada. Uning koʻngli goh darveshvashlikni xushlasa, gohida baxshiyona dardchil ohanglarga yoʻl ochadi.

N.B.: – Ibrohim aka, Sizning nazaringizda Toʻra Sulaymon qadrini topganmi?

I.H.: – Muhammad Fuzuliy: «Johilning noz-neʼmatga qoʻmilib yashashi va olimning faqiru haqirlikda kun oʻtkazishi gʻazabdan ham, mehribonlikdan ham emas, balki Olloh hikmatining sirlari tufaylidir», deydi. Menimcha, Toʻra aka shu sirlarni juda yaxshi fahmlaydi. Tama hirslari tiyilgan qalamkashda havas qilsa arzigulik bir kenglik va tabiiylik boʻladi. Uning uchun eng daxlsiz qadr va eʼzoz – qanoat, oʻz mehnatining zavqi, fikriy hamda ruhiy turgʻunlik botqogʻiga tushib qolmaslikdir.

 

Goʻroʻgʻli Sulton bir yon,

Toʻra Sulaymon bir yon,

 

degan baytni eslang. Bunday shohona kayfiyatga yetishgan shoir andak-mundoq iltifotlarni nazarga ham ilmaydi. Toʻra Sulaymon – Sirdaryoning isteʼdodli va erkin oʻgʻloni, Oʻzbekiston xalq shoiri. Qalbi qurib, vijdoni bujmayib qolgani yoʻq. Eng muhimi – mana shu…

N.B.: – Soʻnggi paytlarda baʼzi ijodkorlar: «Adabiyot boʻlmasa ham hayot davom etaveradi. Sheʼrsiz ham yaxshi yashash mumkin», deya bemalol gapiradigan, boshqalarni ham shunga ishontirishga urinadigan boʻlishdi. Siz nima deysiz ?

I.H.: – Buyuk Choʻlpon yoki Fitrat domladan oshirib nima ham derdim?! Adabiyotsiz yashashni koʻzlash – millat qismati, maʼrifat, maʼnaviyat, ruhoniyat borasidagi fikrlarning bari omonat va keraksiz deganidir. Adabiyotga xiyonat qilgan, shaxsiy manfaatlari uchun sheʼriyatni sotgan, ijodiy imkoniyat va quvvatini boy berib boʻlgan «alloma»gina sheʼrsiz yashashga kimlarnidir ishontirmogʻi yoki shunga daʼvat etmogʻi mumkin. Holbuki, Adabiyotga ishonch juda mustahkam, diniy-ilohiy ishonch qadar bezavoldir. Agar shunday boʻlmaganda edi, biz siz bilan bir kamtarin, kamsuqum shoirning ijodi haqida soʻzlashib oʻtirmasdik. Va Toʻra Sulaymonning adabiyotdan ajralgan, sheʼriyatdan ayro hayotni shunchaki tasavvur ham etolmasligiga qatʼiyan inonmasdik.

 

«Ishonch»,

2004 yil 19 noyabr

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.