To‘ra Sulaymon she’rlaridan

0
1177
marta ko‘rilgan.

To‘ra Sulaymon XX asr o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos uslubi, xalqona ohanglari bilan alohida o‘rin tutadi. Shoir she’rlarida poyonsiz dashtlarga xos kenglik, dehqoncha soddalik, baxshiyona ohang bor. Bu tizmalarni o‘qiganda she’riy san’atlaru adabiy qonun-qoidalarni unutib, so‘zlardagi go‘zallikdan hayratlanasiz, tuyg‘ulardagi haroratdan ko‘nglingizga iliqlik yuguradi. Bir so‘z bilan aytganda, To‘ra Sulaymon qayta-qayta o‘qilsa arziydigan chinakam shoirlarimizdan.

Orif Tolib

 

ILTIJO

 

Bahor kelsa, boshlanur bog‘da bulbul xonishi,

Sa’va, qumri nag‘masi, suralay tovlanishi.

Qirlarda lola sayli, qishloqlarda yilboshi:

To‘xtagay tabiatdan haqqushlar zorlanishi

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

Qilmishi qing‘ir zotga davr qayda, davron qayda?

Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?

Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?

Bahor, sensiz sahroyu tog‘u toshga jon qayda?

Ketma, Bahor, mening bog‘imdan.

 

O‘lmaslikka ishora – o‘langa oshiqligim.

Saodatga ishora – zamonga oshiqligim.

Teranlikka ishora – ummonga oshiqligim,

Go‘zallikka ishora – bo‘stonga oshiqligim.

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

Bu kun qay bir yerda qish, qayda xazon rezgilik,

Qaylarda yoz, qayda kuz, qayda jondan bezgilik.

Ko‘klamning har nafasi umrga arzigulik

Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…

Ketma, Bahor, mening bog‘imdan.

 

Giyoh bilan qoplanmish ko‘hna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar – kimlarning ko‘zyoshlari?

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari

Har bahor eslar uni qavmi-qarindoshlari,

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

 

Yoz bo‘yi qorga zorman, qishda bahorga zorman,

Chamanda gul bo‘yiga intiqman, intizorman,

Kuz kelmay xazon bo‘lgan sevgi, guldan bezorman,

Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman.

Bahor, ketma, mening bog‘imdan.

 

 

UMR O‘TMOQDADIR DARYo MISOLI

 

Esiz, bolalikni qoldirib ortda,

Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

Qoldirib-qoldirmay iz bu hayotda,

Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

 

Oppoq tongni ulab tiyrai shomga,

Birda shak keltirib sirli olamga,

Goho ta’zim qilib badkor, badnomga,

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

 

Qay kezlar ushalmay orzu-armonlar,

Birda g‘olib kelib tulkisimonlar,

Birda boy berilib bebaho onlar,

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

 

Dengizday mavj urib, qirg‘oqdan toshib,

Yurar yo‘limizdan birda adashib,

Kim bilandir zimdan mansab talashib

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

 

Yaratib ne sirlar, ne mo‘jizalar,

Qutlug‘ kun ketidan kun o‘tkazilar.

Behuda o‘tgan dam – ko‘ngil ezilar…

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

Har tongda to‘rg‘aydan oldin uyg‘onib,

Chamanlar yaratish ishqida yonib,

Birda-chi: e’tiqod, imondin tonib

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

 

Erta bilan bog‘liq – ne damlarimiz,

Bilib-bilmay bosgan qadamlarimiz,

Xayrli ish, alam, qaramlarimiz

Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

 

Keksalik mo‘ralab eshik qoqmoqda,

Bolalik qaytadan qaytarilmoqda…

Bizdan erta kunga nelar qolmoqda?

Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

 

O‘lmas sozni o‘ylab deging kelmaydi,

O‘chmas izdan so‘ylab deging kelmaydi,

Mangulikka bo‘ylab deging kelmaydi

Umr o‘tmoqdadir daryo misoli…

 

 

O‘XSHAR

 

Kuyga kuy ulanur bazm oqshomi,

Yeru ko‘k xazonsiz faslga o‘xshar.

Bazm oqshomi, bu – nazm oqshomi,

To‘yxona bahoriy saylga o‘xshar.

 

Mehnat, muhabbatsiz kechgan umrning,

Yomg‘irsiz bulutday ko‘chgan umrning,

Sham misol bir yonib o‘chgan umrning

Mazmuni eskirgan naqlga o‘xshar.

 

Haqqushga xatarsiz oshyon munosib,

Ko‘klam qushlariga chaman munosib.

Yigit-qizga ahdu paymon munosib,

Busiz ko‘ngil zilu zambilga o‘xshar.

 

Kuyovga vafoli qalliq yarashmish,

Tillari shakar ham bolli yarashmish.

Na baxtki, yuzlari xolli yarashmish

Kelin gulga, kuyov bulbulga o‘xshar.

 

Kelin qaynonaga esh bo‘lib yursa,

Bo‘yqizlar ichinda pesh bo‘lib yursa,

Ta’bi ravshan vaqti xush bo‘lib yursa,

Yurgan yeri rayhoi, jambilga o‘xshar.

 

Kelinchak bor uyning ko‘rki bo‘lakcha,

Kelinning kuyovga erki bo‘lakcha.

Boshida ukpari, bo‘rki bo‘lakcha,

Sochlari sahroyi sumbulga o‘xshar.

 

Manzil, murodi bir, ahdi bir bo‘lmish,

Orzu-o‘ylari bir, baxti bir bo‘lmish,

Taqdir, talpinishi, taxti bir bo‘lmish

Ikki yoshning yo‘li bir xilga o‘xshar.

 

Osmonidan o‘lan arimas bu el,

Yuzga kirmay eli qarimas bu el,

Tegrasiga qazo darimas bu el

Oltin darvozali Chambilga o‘xshar.

 

 

TEBRATAR

 

Qadimgi qimizchi chollar qo‘shig‘i

 

Shamol shamolni tebratar.

Shamol bulutni tebratar.

Bulut yomg‘irni tebratar.

Yomg‘ir tuproqni tebratar.

Tuproq maysani tebratar.

Maysa biyani tebratar.

Biya qimizni tebratar.

Qimiz yigitni tebratar

Yigit suluvni tebratar.

Suluv beshikni tebratar.

Beshik bolani tebratar.

Bola dunyoni tebratar.

 

 

KELARMISAN?

 

Ko‘zlarim yo‘llaringda

zor, giryon, kelarmisan?

Dildorsiz ne ham qilsin

tanda jon, kelarmisan?

 

Bu tashna lab, tashna dil,

bu oshufta ko‘ngilga

Jon ato qila bilmish

Zarafshon, kelarmisan?

 

Gulshanning qulf urishi

abri nayson bilandir,

Sen bilan bog‘-rog‘larim

bexazon, kelarmisan?

 

Sevib, sevilmaganlar

bebaxt bir kimsalardir.

Seningsiz bo‘lmas bag‘rim

farovon, kelarmisan?

 

Yor mehri, diyor mehri,

el mehri turgan yerda

Ne hojat menga taxti

Sulaymon, kelarmisan?

 

 

SOZCHI QO‘ShIG‘I

 

Olti oy erimas Oqtovning qori,

Ko‘kida charx urar qarchig‘ay, sori.

O‘ziga mos bo‘lsa yigitning yori,

Baxtidan shod bo‘lsa onaizori.

Maqtovin keltirar sayroq torim, hey.

 

Yaxshilik bor yerda shay bo‘lgan sozsan,

Tunlari to‘lishgan oy bo‘lgan sozsan.

Tashna lab dillarga soy bo‘lgan sozsan.

Ne ezgu kuylarga boy bo‘lgan sozsan,

Sayrasang qolmagay nola, zorim, hey.

 

Jonimga payvasta bog‘, bodomzorim,

Bulbullar maskani – gulu gulzorim.

Jahonda tengi kam ozod diyorim.

Bu yurtda bo‘lmagay nolai zorim.

Vatanga armug‘on dilda borim, hey.

 

Armonim yo‘q do‘stu o‘rtoqlar bilan

Zap yigit-qiz, baxti barhaqlar bilan.

Mehnatkash, yo‘llari porloqlar bilan –

G‘ayrati daryoday qaynoqlar bilan

Yashnagay shu ulug‘ lolazorim, hey.

 

 

MUQADDAS QO‘ShIQ

 

Assalom, ona yurt, tonglar o‘lkasi,

Ta’rif-tavsifingning yo‘q nihoyasi.

Senga bag‘ishlanur muqaddas qo‘shiq,

Bu – o‘zbek elining o‘z madhiyasi.

 

Ko‘hna ota yurtim, qadim Turonim,

O‘z beshik, o‘z tilim, shavkatim, shonim.

Yetti iqlim ichra tengi topilmas –

Tuproq, toshi oltin O‘zbekistonim.

 

To bashar bor ekan, bor ekan quyosh,

Birlashgan elga yov otolmagay tosh.

Yovqur yigitlaring, lochin qizlaring

G‘animlar oldida egmaganlar bosh.

Dasturxoni ochiq, xirmoni baland,

Samoviy tog‘lari nomiga monand.

Olamga mashhur ne zotlar Vatani,

Mehring qon-qardoshlar mehriga payvand.

 

Sen – toshqin Jayhunim, teran Sayhunim,

Sen – mening o‘tmishim, sen – yorug‘ kunim.

Yelkadosh o‘lkalar bilan hamnafas,

Shonli Turkistonim – O‘zbekistonim.

Guling gulzor bo‘lsin, qirlaring o‘rmon,

Daryolaring dengiz, ko‘llaring ummon.

Hududing daxlsiz, yaloving yuksak,

Sen – Sharqning mash’ali, sen – dorulomon.

 

 

QAYTA KETMAS BO‘LIB KELDINGMI, BAHOR

 

Yeru samovotda Navro‘z nafasi,

Bog‘u bo‘stonlarda andalib sasi,

Bu nafas, bu sasning yo‘q muqoyasi.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Dastlab tong chog‘inda ko‘rgandim seni,

So‘ng Tangri tog‘inda ko‘rgandim seni,

Qizlar yonog‘inda ko‘rgandim seni.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Malak holatinda ko‘rgandim seni,

Qushlar qanotinda ko‘rgandim seni,

Kuychi bayotinda ko‘rgandim seni.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Hali aytilmagan ta’rifing qancha,

Sen to o‘ru qirni aylanmaguncha

Bog‘lar gulga kirmas, ochilmas g‘uncha.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Qoshlari o‘smalim, ko‘zi surmalim,

Etak-etak gulli, bari burmalim,

Seni dunyoda hech kima bermalim!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Sen qayta yaralish, yoshlik timsoli,

Hayot baxsh etguvchi Masih misoli.

Sensiz odamzodning ne kechar holi?

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

To‘rt faslning tanho malikasi sen,

Tugal go‘zallikning nihoyasi sen,

Oshiq-ma’shuqlarning tamannosi sen!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

Yer birla osmonning tillaqoshi sen,

Aytar qo‘shig‘imning avval-boshi sen,

Oltin beshigimning safardoshi sen!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

 

 

ARMON

 

Er yigit o‘zi uchun emas, eli uchun yashaydi.

Maqol

 

Bobomning orzulari amalga oshmas bo‘lsa,

Yurgan yo‘limda o‘lan, qo‘shiq qalashmas bo‘lsa,

Qo‘shiqlarim bog‘lardan, tog‘lardan oshmas bo‘lsa,

El-yurt baxtini kuylash menga yarashmas bo‘lsa,

Ko‘nglimda armon yotar

Tura bilmas nor misol.

 

Xeshlarimning bemavrid ko‘zlarida yosh ko‘rsam,

Bir mard bilan nopokning taqdirin tutash ko‘rsam,

Qaysi bir begunohni keng yo‘lda adash ko‘rsam,

Bir betayin kimsaning oyog‘ida bosh ko‘rsam…

Ko‘nglimda armon yotar

Terskaydagi qor misol.

 

Aro yo‘lda qolguday bo‘lsa biror yo‘ldoshim,

Manzilga yetmay turib qoqilsa qayg‘udoshim,

Muhtoj bo‘lsa kimgadir jon ayamas qurdoshim,

Badkor degan nom olsa biron-bir vatandoshim,

Ko‘nglimda armon yotar,

Ulab bo‘lmas tor misol.

 

Gulzorni alaf bossa, zog‘ bossa bog‘bon turib,

Muallaq qolsa kimdir yer turib, osmon turib,

Gar gazanda toptasa tuproqni posbon turib,

Bir yo‘rtoq yo‘l boshlasa qudratli karvon turib,

Ko‘nglimda armon yotar

Ahvoli abgor misol.

 

Ayrilar bo‘lsa magar kimda kim oshyonidan,

Muqaddas tosh-tuprog‘i, seryulduz osmonidan,

Karvon o‘z sarbonidan, bola soyabonidan,

Qumri o‘z gulshanidan, qunduz Zarafshonidan,

Ko‘nglimda armon yotar

Bebaxt, benazar misol.

 

 

 

SOZIM

 

Sening tilaklaring bo‘lmas mustajob,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Nolam Biru Borga yetsa ne ajab,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Sen aytganday, ermak, kasb-kor emas bu,

Ko‘plar yeta bilmas orzu-havas bu.

Bobomlardan qolgan yolg‘iz meros bu,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

To ona tabiat menga yor ekan,

Har dami g‘animat, betakror ekan,

Diyonat bor ekan, yaltoq xor ekan,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Birning taqdiri – bu tuman taqdiri,

Sarbonga bog‘liqdir karvon taqdiri,

Sozchining qo‘lida kamon takdiri,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Tong – tal’at belgisi. Tun esa Tanglik.

Oy – oqshom erkasi, quyosh – Mangulik

Badnomga bo‘lmasa Yerda yurgulik,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Xohi rozi bo‘lgil, xohi norizo,

Xohi motam tutib, xohi och aza,

Dovruqlari bo‘lib elga ovoza,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Senga qolgan kunim, kunmas – qabohat.

Koshki sendan kutsam imdod, inoyat!

Meni qo‘llay olur, qilur himoyat,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim!

 

 

TAVALLO

 

Onam Mukarrama usta Nurmat polvon qizining

sharofati bilan bitilgan mashqim

 

Nelardandir ko‘ngil bo‘lib g‘ash,

Ham egilib bu egilmas bosh,

Ko‘zlarimda qalqib tursa yosh,

Bu holimga berolmay bardosh

Mushtipar bir Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Qaytar bo‘lsam quruq qo‘l ovdan,

Qora qozon qolsa qaynovdan

Ham ayrilib o‘lja, ulovdan,

Qarzga botar bo‘lsam birovdan,

Taskin berib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Birda haqdin, birda nohaqdin,

Jabr ko‘rsam bir betavfiqdin.

Ortda tursam qalbi quroqdin,

Qadrim xarob bo‘lsa tuproqdin.

Ohlar urib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Og‘a-ini o‘rtasida gap…

Alhol, kelib chiqmish ixtilof:

Biri izzat, biri mulk talab.

– Bu oq sutim, mehrimga xilof, –

Deya sho‘rlik Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Sinalmoqning gali kelganda,

Nohaq mag‘lub bo‘lsam maydonda,

Nomim qolmas bo‘lsa jahonda,

Kim do‘st-dushman bilinar onda

Ahvolimga Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

G‘anim bir yon, men bir yon bo‘lsam,

U ustivor, men uryon bo‘lsam,

Bu ham kamday nogiron bo‘lsam –

Og‘och otga yonma-yon bo‘lsam,

Oy tutilib, Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Bo‘lsam gumroh, bo‘lsa gunohim,

Vujudimga solmasdin vahm,

Qabul aylab tavallo-ohim,

Darig‘ tutmay mehring, ilohim,

Yig‘latmagil mushfiq Onamni,

Volidai muhtaramamni.

QAYGA QO‘YDILAR?

 

Otam Sulaymon mullo Boybek o‘g‘lining

o‘lmas xotirasiga

 

Azaldan bor narsa meros degan gap,

Yig‘ib, yig‘inarlar topganin maqtab.

So‘nggi kun bisotda borini atab,

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Qirq qubbali jugan, zarli yolpo‘shlar,

Yoqut, olmos misol “topilmas” toshlar,

Ichi nelargadir to‘la bolishlar

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Ko‘mmada, qo‘rada neki bor – bari,

Bog‘u chorbog‘lari, lo‘kchayu nori,

Bobolardan qolmish qo‘ldagi tori

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

Aqiq misol mudom beg‘ubor soflik,

Xeshlarga sadoqat, dushmanga daflik,

Go‘ro‘g‘li sultonday bir so‘z, bir gapli

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Salkam bir tanob yer, qo‘sh tut, qo‘sh ho‘kiz,

Tilla qashov, oltin to‘qmog‘u muguz,

Simobi po‘stin ham qirg‘izi kigiz

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Yemay-ichmadilar ertani o‘ylab,

O‘lmay turib o‘lim to‘shagin bo‘ylab…

Borliq topganlarin asrab-avaylab

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Dunyosiz dunyoni bekor dedilar,

Yo‘qsillar har qachon xor-zor dedilar,

Endigi bor savdo, bozor dedilar,

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Tugamas xazina, ketmas bir davlat,

Yetar-yetmas kunda sabru qanoat,

Baland martabayu ulkan saodat

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Cho‘lpon go‘zalligi, tong tiniqligi,

Oftob azalligi, tog‘ buyukligi,

Donish siniqligi, qo‘l yugrukligi

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Hali ushalmagan ne orzu-o‘ylar,

Hali chalinmagan sehrli kuylar,

Xazonsiz chamanlar, muattar bo‘ylar

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

Norday bir bardoshlik, tog‘day sabot ham,

Farovon rizqu-ro‘z, barqaror baxt ham,

Shu boqiy umr, shu porloq hayot ham

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning o‘zini qayga qo‘ydilar?

 

 

BIZLAR TOMONDA

 

“Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal” ,

Cho‘lpon desa Cho‘lpon – undan-da go‘zal.

 

Ra’no ismli hamshira qizga

 

Senday gul ko‘rmadim hech bir chamanda,

Bir chamanmas, na Chin, na Xurosonda.

Ta’rifing eshitib aqldan ozmish

Bir pahlavon yigit bizlar tomonda.

 

Bu qoshlar, bu ko‘zlar, bu olma yuzlar,

Bu iffat, bu ibo, bu hayo, nozlar.

Andoza oladir ne sarvinozlar,

Senga ishqi tushgan qolmas omonda!

 

Ko‘rinmasmish kunduz ko‘zga seni deb,

Paydo bo‘ldi ekan qay bir kuni deb,

Qanday baxtli ekan Qays-Majnuni deb,

Yulduzlar oh urar ermish osmonda.

 

Seni deb qanchalar sitam tortadir,

Shoirlar madh etib qalam tortadir,

Tun pardasin birda Oy ham tortadir,

Birda Shams qolarmish lolu hayronda.

 

Ne dillarga g‘ulu sola keldilar,

Ne sanamlar ortda qola keldilar.

Ayamasdin o‘chin ola keldilar,

Qasosim bor deb bir T. Sulaymonda.

 

Sen o‘sgan bu bo‘ston, bu oshiyonni,

Jahon ko‘chib kelgan kavkabistonni,

Ins-jins doriy bilmas qutlug‘ qo‘rg‘onni

Zabt etolmas hatto sohibqiron-da.

 

Shartlaring ovoza bo‘lsa Turonda,

Mag‘ribda, Mashriqda, Mochin, Eronda,

Jarchilar desalar: “Maydon mardniki,

Malika hamon o‘z ahd-qarorinda!”

 

Maydonda shohlar ham bo‘lsa sharmisor,

G‘olib bo‘lmoq bo‘lsa dushvordin-dushvor.

O‘zing yorlaqa, deb, yo Parvardigor,

Qolgan umrim kechsin dorulomonda…

 

Alplar ham noumid bo‘lsalar magar,

Ustivorlik qilib biron-bir digar,

Poyandoz to‘shalsa O‘sh, Urganch qadar

G‘ulomi bo‘lgaymiz biz o‘sha onda…

 

 

HIKMAT

 

Sochga bir-bir oq tushmoqdadir,

Bundan ko‘ngil yorishmoqdadir.

Qor bo‘larmi pastqam tog‘larda,

Boshim ko‘kka tutashmoqdadir.

 

Ulkan tog‘da qor saltanati,

Tegrasida sor saltanati.

Oydin yo‘lga chiqqan karvonsiz

Bo‘larmidi nor saltanati.

 

Cho‘ng cho‘qqilar yil bo‘yi qorli,

Bag‘ri mudom nurli, shunqorli,

Ona yerning siynasi qorsiz,

Bo‘la bilmas bog‘li, bahorli.

 

Hikmat asli sochning oqligi,

Ezgulikka esh, chanqoqligi.

Shukronakim, qolgan umrning

Tunmas, tongga yovuqroqligi.

 

Qor tamomi qo‘nmishdir boshga,

Qaramasdan ko‘ngilga, yoshga.

Buyuk tog‘lar misoli boshim

Yaqin bo‘lar endi quyoshga…

 

 

TOPOLMASMAN

 

Izlay-izlay horib bo‘ldim, sensiz yolg‘iz, g‘arib bo‘ldim,

Endi bosgan izlaringni to‘rt tomondin topolmasman.

Toliqib ham tolib bo‘ldim, qirqqa kirmay qarib bo‘ldim,

Laylu nahor seni izlab yer-osmondin topolmasman.

 

Ajab taqdir, ajab qismat bu boshda borga o‘xshaydir.

Oydin bo‘la kelgan yo‘lim uzilgan torga o‘xshaydir,

Sensiz qoshim qabog‘imda qurilgan dorga o‘xshaydir,

Seningdek bir gulandomni Gulistondin topolmasman.

 

Bahor o‘tib yoz ham keldi, hamon sendin xabar yo‘qdir.

Besohib bog‘-rog‘larimda qumri, sa’va, samar yo‘qdir.

Gar xayolot daryosiga g‘arq bo‘lsam bir kanor yo‘qdir,

Na-da sahro, na-da sayhon, Ko‘histondin topolmasman.

 

Hali bargrez kuz oldinda, ne sho‘rish, ne ish oldinda,

Hech kim imdod bera bilmas qahri qattiq qish oldinda.

Qarta-qarta qon o‘rnida ko‘zdin oqar yosh oldinda,

Hargiz seni izlab Xo‘ton, Chin-Mochindin topolmasman.

 

Xazon fasli yetib kelmay judolik bu boshga tushmish.

Yig‘lamoqdin o‘zga choram yo‘qdir og‘u oshga tushmish,

Musibat bir boshga ermas yer-ko‘k, tog‘u toshga tushmish,

Endi sendek dilkushoni Shom, Bolqondin topolmasman.

 

QOLMISH

 

Amirqul Po‘lkanni eslab

 

Jigarim, bunchalar shoshmasang edi,

O‘zansiz daryoday toshmasang edi,

Oraga o‘limni qo‘shmasang edi.

Kimda qolmish ko‘klam,

Yozlaring seni?

 

Bahorday barq urib ochilgan choqda,

Qoldirib ketding sen bizlarni dog‘da.

Endi uchrashgaymiz qaysi bir bog‘da?..

Qayda qolmish qutlug‘

Izlaring seni?

 

Sen bilan qora yer to‘yarmi edi?

To‘yib, bu odatin qo‘yarmi edi?

Sening ham ko‘roning tayyormi edi?

Kelmay turib to‘yin

Ko‘zlaring seni?

 

Aytgil, bu chiningmi, hazilingmidir?

Judolik atalmish g‘azalingmidir?

Bu g‘azal makoning, manzilingmidir?

Kimga ayon, aytgil,

Rozlaring seni?

 

Hali kuz kelmasdan qishing tushdimi?

Xatarli qafasga qushing tushdimi?

Tuynuksiz kulbaga ishing tushdimi?

Mo‘lmasmidi aytar

So‘zlaring seni?

 

Munis she’riyating – iffatli qizday,

Hali qo‘l tegmagan yangi qo‘bizday,

Qori, qirovi yo‘q bahorday, yozday,

Qayga uchmish suqsur,

G‘ozlaring seni?

 

Orzularing faqat so‘zingda qolmish,

Izlaring dalayu tuzingda qolmish,

Qolgan borliq umring nazmingda qolmish,

Qo‘ldan qo‘lga o‘tgay

Sozlaring seni.

 

KO‘RDIM

 

Ko‘rdim, ko‘rdim dunyoni

Hamisha bir kam ko‘rdim.

Yaxshini armon birla

Yomonni bekam ko‘rdim.

 

Bag‘ri butunlarni but,

Yolg‘izni g‘arib ko‘rdim.

Birda nodon, nojinsni

Maydonda g‘olib ko‘rdim.

 

Haqlarni mudom birday

Yalqovni yorti ko‘rdim.

Ko‘ngli ochiq zotlarni

Hotamdan ortiq ko‘rdim.

 

Birlarni aro yo‘lda,

Birni armonli ko‘rdim.

Birda munofiqlarni

Davru davronli ko‘rdim.

 

Birlarni dunyoparast,

Birni imonli ko‘rdim.

Nopokni shod, dononi

Yuragi qonli ko‘rdim.

 

Birlarni bee’tiqod,

Birlarni riyo ko‘rdim.

Birlarni o‘z eliga

Tamom mahliyo ko‘rdim.

 

Birda ko‘rib o‘kindim

Oyoqni bosh o‘rnida.

La’l o‘rnida sopolni,

Gavharni tosh o‘rnida.

 

Voajab, birda ko‘rdim

Qulni xoqon o‘rnida,

Birda ko‘rdim lolani

Bir qatra qon o‘rnida.

 

Birda ko‘rib lol qoldim

Daryoni soy o‘rnida.

Quyosh o‘rnida yulduz,

Yulduzni oy o‘rnida.

 

 

GUL BIR YON, ChAMAN BIR YON

 

Singlim Kommunaga

 

Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon.

Sarvi, sanobarmidir? – Soch bir yon, suman bir yon.

Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon.

Tun pardasin tortsa gar

oy bir yon, osmon bir yon.

 

O‘sgan bog‘iga alqov, o‘stirgan bog‘boniga,

Xavfu xatardan saqlay kelgan soyaboniga,

Andalib qo‘nar, zog‘lar qo‘nolmas bo‘stoniga.

Maqtoviga men bir yon,

borliq suxandon bir yon.

 

Hakim zoti bor yerda dard bir yon, darmon bir yon.

Yoring jafokash bo‘lsa uy bir yon, zindon bir yon.

Ikki jon bir bo‘lmasa – sham bir yon, shamdon bir yon.

Ayri bo‘lsa yo‘llari

tug‘ bir yon, tug‘yon bir yon.

 

Qo‘riqchisi bo‘lardim bog‘imda unar bo‘lsa,

Kuzim kelmay bahorim qayta boshlanar bo‘lsa,

Solnomachisi bo‘lay magar u Qamar bo‘lsa,

Qasam ichib aytaman:

namak bir yon, non bir yon.

 

Qumri, sa’va oshiyon aylar bir gulafshon bu.

Bir kokili Sir bo‘lsa, ul biri Zarafshon bu.

Ilohiy sanamlardan bir zuryod, bir nishon bu.

Kerak bo‘lsa magar jon,

jon bir yon, jahon bir yon.

 

Bu olamda Oy tanho, muborak Quyosh tanho,

Bo‘yqizlarning ichinda bir shu egma qosh tanho.

Uningdek hech kim menga bo‘lmasa sirdosh tanho,

Go‘ro‘g‘li sulton bir yon,

To‘ra Sulaymon bir yon.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.