Xurshid Davron. Qiz va shamol haqida ertak

0
1768
marta koʻrilgan.

Dardlarimday uzun koʻchani

Oyoqlaring sasi oʻpadi.

Uxlab qolgan oydin koʻchani

Uygʻotadi sochlaring hidi.

Uzoqlardan senga izma-iz

Oshiq shamol ergashib kelar,

Yolvoradi u senga unsiz,

Yolvoradi tungi maysalar.

Koʻzlaringga oy boqar qonib,

Koʻzlaring oy nuriday toza.

Mana kelding –

Boʻgʻilib, yonib,

Seni yutar koʻhna darvoza.

Shamol esa koʻchada qolar,

Qilt etmaydi, qanotlari tinch.

Parcha-parcha boʻlib sinadi

U koʻtarib yugurgan sevinch.

Va labdagi boʻsa hididan

Mast boʻlgancha chayqalib behol,

Qayragʻochga koʻksini bosib,

Toʻlib-toʻlib yigʻlaydi shamol.

 

1978

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.