Xusayn Boyqaro (1438-1506)

0
1119
marta koʻrilgan.

Sulton Husayn Amir Temurning evarasi boʻlib, 1438 yil iyul (hijriy 842 yil, muharram) oyida Hirotning sharqi shimolidagi Davlatxona saroyida dunyoga kelgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Mansur Boyqaro Mirzoning uchinchi oʻgʻli edi. Boyqaro Mirzoning otasi esa Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Umar Shayx (1356–1394), onasi Feruza begim esa ota tomonidan Amir Temurning katta qizi Oʻgi Begi xonimning oʻgʻli Sulton Husayn Mirzoning qizi boʻlib, Feruza begimning onasi Qutlugʻ Sulton begim esa Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzoning (1366–1408) qizi edi. Darhaqiqat, Husayn Boyqaro Zahiriddin Muhammad Bobur taʼriflaganidek, “Karim ut-tarafayn”, yaʼni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Koʻragonga borib tutashadi.

Husaynning otasi Gʻiyosiddin Mansur 1445 yilda vafot etgach, Husayn 14 yoshigacha maktabda taʼlim oladi va shu maktabda yosh Alisher bilan doʻstlashadi.

1452 yilda yosh Husayn Hirot hukmdori Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. 1457 yili Abulqosim Bobur vafotidan soʻng, Husayn Mirzo saroyni tark etib, Marv hukmdori Sanjar Mirzo Marviy saroyiga xizmatga oʻtgach, hukmdor oʻz qizi  15 yoshli Beka Sultonni unga nikohlab beradi. Biroq, qaynata bilan kuyov oʻrtasiga sovuqchilik tushib, saroydan ketishga majbur boʻladi. Shundan soʻng Husayn Mirzo oʻn yildan koʻproq vaqt davomida Xorazm, Xuroson, Astrobod, Mozandaron va Jurjon oraligʻida sargardonliqda umr kechirdi. Bu davr mobaynida Temuriy shahzodalarning toju-taxt uchun olib borgan oʻzaro urushlarida Husayn Mirzo ham faol qatnashib, Hirot hukmdori Sulton Abusayyid Mirzo (1424–1469) halokatidan soʻng, 1469 yil 24 mart, juma kuni Husayn Mirzo tantana bilan Hirotga kirib keldi va oʻsha kuni Jome masjidida uning nomiga xutba oʻqildi.

Tarixiy manbalardan shu narsa muʼlumki, Sulton Husayn Boyqaro Temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi boʻlgan. U hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. ayniqsa, uning vaziri Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, maʼmuriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, koʻpriklar va shu kabi qurilish ishlari keng koʻlamda olib borilgan. Shu bois Sulton Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan bilimdon olimlar, soʻz ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrugʻini jahonga mashhur qilganlar.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson muzofotida, ayniqsa, Hirotda diniy va                madaniy -maishiy binolarni koʻgshab qurdirdi. Bu qurilishlarning asosiy mutasaddiysi sifatida Alisher Navoiyni koʻrsatish joizdir. Shuningdek, shahanshohning yaqin kishilari hamda bek va amirlari oʻz nomlarini abadiylashtirish maqsadida masjid, madrasa, rabot, koʻprik, hammom va shunga oʻxshash qurilishlar bilan shahar koʻrkini yanada jilolantirganlar. Chunonchi, Sulton Husayn Boyqaro Gozurgoh yaqinida oʻz nomiga madrasa, Hirot tashqarisida “Bogʻi bayt ul-imon” va “Bogʻi xamsa oroyi” bogʻlarini barpo etgan. Sulton Badiuzzamon Mirzo nomi bilan ataluvchi “Madrasayi Badiʼa” ham Sulton Husayn Boyqaro davrining ulkan obidalaridan biridir. Bu davrda taʼmirlangan Jome masjidi ulkan binolardan boʻlib, 403 gumbazi, 130 ravoqi va 44 ustuni boʻlgan.

Shuningdek, Alisher Navoiy ham oʻz hisobidan bir necha madaniy-maishiy binolar, chunonchi “Safoiya” nomli hammom va “Shifoiya” nomli kasalxona qurdirgan.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Xurosonda qirqqa yaqin yirik inshootlar Sulton Husayn Boyqaro davrida vujudga kelgan va Hirotga atrof tevarakdan olimlar, shoirlar, adiblar, rassomlar, xattotlar, musiqachilar va boshqa har xil hunar ahllari kirib kelaboshlagan. Jumladan, oʻsha davrda tabib Husayn Jarroh ichakni kesib davolashda chumolidan foydalanish usulini ixtiro qilgan. Ustod Sayyid Ahmad gʻijjak, Ustod Shohquli gʻijjak, Ustod Qul Muhammad udiy, Ustod Husayn udiy, Ustod Shayx Foniy noilar Xurosonda nom chiqargan yetuk musiqashunos allomalardan boʻlgan. Naqqoshlik va xattotlik sohasida Xoja Mirak naqqosh, Mavlono Xoja Muhammad naqqosh va buyuk isteʼdod sohibi Ustod Kamoliddin Behzodlar oʻz mahoratlari bilan Xuroson faxri hisoblangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Husayn Boyqaro zamonidagi olimlar, fozil va shoirlar haqida gapirib, ularning hammasini saromadi Mavlono Abdurahmon Jomiy, shuningdek, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfi Buxoriy, Mir Husayn Muammoiy, Mullo Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiiy, Ohiy, Shoh Husayn Koshiy, Hiloliy Ahliy, Muhammad Solih va boshqalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtadi. Alisher Navoiyning taʼkidlashicha esa Husayn Boyqaro qadimgi turk tilining taqdiriga befarq boʻlmay, uning rivoji uchun qator chora tadbirlarni amalga oshirgan. Oʻsha davr adabiy muhitining baʼzi bir “moʻtabar” namoyandalari nazarida turk tili tahqirlanib, mazkur tilda ijod etish, ijodkorning isteʼdodsizligini bildiruvchi nuqsonlardan biri deb hisoblangan. Binobarin, arab va fors tillariga eʼtibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini isteʼmolga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea boʻlgani shubhasiz.

Husayn Boyqaro fors va turkiy tillarida gʻazal bitish iktidoriga ega boʻlsada, asosan turk tilida “Husayniy” taxallusi bilan ijod etgan. Uning taʼbi nazmi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida shunday yozadi: “Ul xazratning xoʻb ashʼori va margʻub abyoti bagʻoyat koʻpdur va devon ham murattab boʻlubtur”.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, begʻamlikka, ayshu-ishratga beriladi. Hukmdorning soʻngti yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bilan oʻtadi. Bu isyonlar oʻz oʻgʻillari tarafidan mulk talashib, koʻtarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo shunga karamay, u qoʻlidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-maʼrifat va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qilgan. 1506 yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qoʻshinini yigʻib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yoʻl oladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, ahvoli ogʻirlashib, qoʻshinni toʻxtatishga qaror qiladi. 1506 yil 5 may, dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulgʻoziy Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan oʻtadi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.