Yuragimni yoritgan chiroq

0
719
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston

 

Sezdim, hech uzib bo‘lmas huzuringda qarzim bor,

Sha’ningga yarashiq so‘z aytsam, degan orzum bor.

Tilla tashbeh so‘rayman, so‘rayman gavhar ta’rif –

Xudoyimga dunyoda yolg‘izgina arzim bor:

O‘zingga mos, munosib she’r bo‘lay, O‘zbekiston,

Quyoshli so‘z tashigan sher bo‘lay, O‘zbekiston.

 

Qadim lug‘atsan ulug‘ – so‘zing bo‘lsaydim qani,

Zulmatni teshgan qutlug‘ ko‘zing bo‘lsaydim qani.

Qorong‘u asrlarga kelding ziyo taratib,

Ming yildan so‘ng-da so‘nmas izing bo‘lsaydim qani,

Yuragimni yoritgan chiroqsan, O‘zbekiston,

Ne bo‘lsa, barchasidan chinroqsan, O‘zbekiston!

 

Tushlarimda uyg‘onar toshda qotgan bitiklar,

Har chizgisi jonlanib, tirik hikmatin tiklar.

His qilaman: ildizim moziyning eng qa’rida,

Ajdodlarim zakosi solmish jonli ko‘priklar,

Zaminning o‘q tomiri o‘zingda, O‘zbekiston,

Tarix yuragin zarbi ko‘ksingda, O‘zbekiston!

 

Ipak eshib, dunyoni nur bilan bog‘lagan sen,

Do‘stlar dimog‘in chog‘lab, yov dilin dog‘lagan sen.

G‘ubor bosgan dunyoning nafasi siqqan chog‘i

“Avesto” sehri ila olamni poklagan sen,

Payg‘ambarlar suyangan asosan, O‘zbekiston,

Iymoni sof, maslagi rasosan, O‘zbekiston!

 

Makkaga tushgan vahiy Buxoroda sir ochdi,

Samarqand sayqalidan yarqirab yog‘du sochdi.

Jaholat sharpasiga ko‘zgu tutding tip-tiniq,

Yalmog‘iz yuzin tanib zalolat, sendan qochdi,

Odamiylik diniga berding jon, O‘zbekiston,

Insoniy suluk ila topding shon, O‘zbekiston!

 

Bobolarim ongida yechdi tilsim ilmu-fan,

Arabu fors hayratda, yunonu chin berdi tan.

Yetti iqlim muhibing – egib keldi boshini,

Tafakkurga muhtasham poytaxt bo‘lding, ey Vatan,

Olamga ulashding nur, ma’nini, O‘zbekiston,

Bashar o‘zligin sen-la tanidi, O‘zbekiston!

 

Dunyo kazzob, qaroqchi – tinchingga ko‘p urdi chang,

Kimdir tug‘-u, yana kim tig‘-la keldi, tilab jang.

Adolat bayrog‘ini ko‘tardi Sohibqiron,

Qashqirlar to‘dasiga bo‘ldi yarim dunyo tang,

Ne-ne qirg‘indan omon qolgansan, O‘zbekiston,

Yarali yuraklarga qalqonsan, O‘zbekiston!

 

Olmos so‘zlar yaraldi oltin nazm asrida,

Ma’no javohirlari – Boyqaroning qasrida.

Navoiy tizgan inju qamashtirdi ko‘zlarni,

Xalqim, dil xazinangdan oldi ul zot aslida,

Tuganmas tilla-zari, bebaho, O‘zbekiston,

O‘zingsan so‘z zargari, ey daho, O‘zbekiston!

 

Afg‘on tog‘ini oshib ketdi yo‘lbars Boburing,

O‘zga el bag‘rida shon topdimi, bas, yovquring.

Omonat taxt qasdida qilich sermadi beklar,

Qon tug‘ishgan mirzolar ketdilar past – yov, ko‘ring…

Xanjarlar jarangin jim tinglading, O‘zbekiston,

Nochor otaday sim-sim ingrading, O‘zbekiston!

 

O‘tdi bangi zamonlar, xulyosifat davronlar,

Safo kosasiga may sunib o‘tdi ne xonlar.

Ishrat pardasi yopdi ko‘zlarin, mudradi ong,

G‘ariblik ko‘chasida abgor bo‘ldi ne jonlar,

“Uyg‘on! Uyg‘on!” deb qaqshab urding bong, O‘zbekiston,

Qon sachratib otdi so‘ng qizil tong, O‘zbekiston!

 

Ko‘kayingga tiraldi la’in g‘oyalar tig‘i,

Jigaringni tildi, voh, xoin soyalar tig‘i.

Ona tilingni tiyib, kulding o‘zga zabonda,

Garchi yuraging idrab, yiring bog‘ladi yig‘i,

Tiling tishlab qonatding, gung bo‘lding, O‘zbekiston,

Ko‘zlarda qotgan achchiq mung bo‘lding, O‘zbekiston!

 

Qabrin izlagan Fitrat, Cho‘lponlaring aytaymi!?

Ichi g‘ij-g‘ij kudurat ultonlaring aytaymi!?

Yomg‘ir kabi boshingdan quysa ham zahriqotil,

Jon-la to‘lagan titrab o‘lponlaring aytaymi!?

Oq paxtang qora bulut bo‘ldi, oh, O‘zbekiston,

Dedi: aslingni unut, nasli shoh O‘zbekiston!

 

Zulm qasrin zim-ziyo zindonlarin buzdi Haq,

Hayqirdi sher o‘g‘loning: “Uz kishanni, endi qalq!”

Mehroblar toza bo‘ldi toshyurak, ko‘r butlardan,

O‘z qalbini joynamoz qildi yana ozod xalq,

Tuyding yurakdan kelgan tovushni, O‘zbekiston,

O‘z erkingga qaytadan qovushding, O‘zbekiston!

 

Quyma oltinday yal-yal tovlanar har hur yiling,

Ma’rifat marjonida noyob bezak – dur diling.

Sadafday saf-saf sara shahru qishloqlar obod,

Hurriyat mayog‘idan ayon oydin manziling,

Kimlar havas qilmas tik bo‘yingga O‘zbekiston,

Jonim sadqa, to‘yona to‘yingga O‘zbekiston!

 

Sezdim, senga munosib topolmasman hech ta’rif,

Sen go‘zalsan ziyoda – so‘zlarim yupun, g‘arib,

Ey, bag‘rikeng Otajon, mushfiq Ona, ber imkon,

Yuragimdan senga mos she’r topayin axtarib,

Dilimga so‘z – cho‘g‘ solgan gulxansan, O‘zbekiston!

Men uchun mangu yoniq ilhomsan, O‘zbekiston!

 

 

Erkin Vohidov g‘azaliga bog‘lama

 

Kuy to‘la har bitta uzvu tomirimda qon qadar,

Qon ichinda jilvalangan yog‘duli imon qadar,

So‘z degum, garchi parishon holdamen, imkon qadar,

She’r aziz olam aro menga tiriklik, jon qadar,

Jon nedir oshiq uchun, jondin aziz jonon qadar.

 

Garchi boqmas paykari ilhom manga oylab qiyo,

Ketmagaymen, subhu shom ko‘yida kuygum beriyo,

Dil yorishgay, pir Navoiy jomidin quy, soqiyo,

She’rdan ayru tonglarim yaldo tuniday zim-ziyo,

She’r bilan tunlar charog‘on xurshidi tobon qadar.

 

Ul na kavkab, she’rparastkim, dur degay ishq konida,

Ikki dunyoni unutqay shavqqa to‘lgan onida,

Mahbubi hayron topolmay, bo‘lsa hamki yonida,

She’r o‘zi jonon emasmi, yondirar hijronida,

Gohi boqsa bir qiyo, boshim bo‘lur osmon qadar.

 

Gohi yerparchin tushib, shon-shavkatim bo‘lg‘ay ado,

Gohi silkib zilzila, dilni hajr bosgayki to,

So‘z menga javshandurur, she’rdir menga ustun, aso,

Kimki oshiqdur jahonda she’rga bo‘lgay mubtalo,

Ishq uchun tengdur gadodan to buyuk sulton qadar.

 

Gar muhabbat kirsa dilga, kin so‘nar, qo‘ygay u chek,

Kilkqalamday rost, ravon yurgay, qilichday sinsa kek,

Ko‘ngli yumshab, yosh shimar qon, qasdtalab a’yonu bek,

Shoh Bobur Hindu sori yurdi-yu, shoir va lek,

Yig‘ladi Farg‘onadin to mulki Hindiston qadar.

 

Men-da bir navkar edim, ketdim-ku ruhni so‘ldirib,

Ta’qib etgan yov emas, yo‘q, o‘z-o‘zimni o‘ldirib…

“Jon Vatan!” deb kuygan ul tashna dilimni ko‘ndirib,

She’r zulolidan simirdim bir piyola to‘ldirib,

Voh, ko‘rindi menga har bir qatrasi ummon qadar.

 

Tole topmas kimsa afsus sufrasidan nisba yeb,

Vahki, nodir xislatim yo‘q, yo‘q g‘azalda zarra ep,

Qisqa so‘zni ko‘p uzaytdim, tiz cho‘kib, ming tavba deb,

Nuqta qo‘y nazmingga, Erkin, muxtasarlik so‘zga zeb,

Yo‘qsa, tong otguncha she’ring bo‘lg‘usi doston qadar.

 

Nodir Jonuzoq

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” san’ati gazetasida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.