Yohann Peter Ekkerman. “Gyote bilan gurunglar”

0
118
marta koʻrilgan.

Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2016 yil. 632 bet. Olmon tilidan Yanglish Egamova tarjimasi. Soʻzboshi muallifi Akmal Saidov. Kitobni 2016 yil 12 dekabr kuni sotib olgan ekanman. Nihoyat 2019 yil avgustida oʻqishni boshlab, orada tanafuslar bilan shu yil 6 oktyabr kuni tugatdim.

Yohann Peter Ekkerman mashhur olmon shoiri va mutafakkiri Yohann Gyotening shogirdi, kotibi, muharriri boʻlgan. Gyotening juda koʻp kitoblarini tahrirlagan, nashrga tayyorlagan. Gyote umrining soʻnggi toʻqqiz yilida (1823–1832) u bilan suhbatdosh, maslakdosh boʻlgan. “Gyote bilan gurunglar” ana shu yillarda tutilgan kundaliklar asosida yozilgan. Kitobning uchinchi qismiga Vaymar saroyi maslahatchisi Sorening ham baʼzi esdaliklari kiritilgan.

Ushbu asarda Gyotening turmush tarzi, ijod va tahrir uslubi, turli masalalarga, shaxslarga, xususan taniqli davlat arboblari va mashhur yozuvchilarga munosabati bilan yaqindan tanishish mumkin. Ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun foydali joylari koʻp. Gyote bir oʻrinda: “Shoir ham keng qamrovli bilim egasi boʻlishga intilishi zarur, chunki uning materiali butun olam, ana shu olamni soʻzlarda ifoda etishning uddasidan chiqmogʻi kerak”, deydi. Daho adibning ushbu soʻzlaridan sheʼriyat shunchaki qofiya tizish sanʼati emas, katta bilimni talab etadigan mashaqqatli yoʻl ekani anglashiladi.

Kitob mahorat bilan oʻzbekchalashtirilgan. Tishga tegadigan yoki maʼnosi anglamsiz jumlalarga duch kelaverib, asabingizni qiynamaysiz.

Soʻzboshi qiziqarli faktlarga boy. Jumladan, unda Ekkermanning hayotiga oid muhim faktlar bilan tanishasiz. Unda yozilishicha, Ekkerman Gyote taklif etgan maoshni gʻururi sabab olmaydi va butun umr moddiy qiyinchiliklar ichida yashaydi. Hatto qalligʻi bilan turmush qurishga ham imkon topolmay, bir necha yillar toʻyni orqaga surishga majbur boʻladi. Bir ingliz jurnali Ekkermanga olmon adabiyoti haqida turkum maqolalar yozish boʻyicha buyurtma beradi va yaxshigina qalamhaqi vaʼda qiladi. Biroq bu ishga Gyote koʻnmaydi, undan koʻra “Gurung”lar bilan shugʻullanishni maslahat beradi. “Gurunglar” Ekkermanga deyarli moddiy daromad bermaydi. Gyote vasiyatiga koʻra, uning oʻlimidan soʻng bosilib chiqqan kitob kutilganidek dovruq qozonmaydi. Vaqti kelib, Ekkerman olamdan oʻtgandan soʻnggina koʻpmingsonli oʻquvchisini topadi.

Asarda Gyotening ijodiy ustaxonasiga ham nazar tashlaysiz. Uning oʻziga xos odatlari, ishlash tartibini oʻrganasiz. U bir oʻrinda hamkasbi, mashhur olmon adibi Fridrix Shiller haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashar ekan, yozuvchining bir odati haqida ajoyib faktni keltiradi. Shiller yozmoqchi boʻlgan asarlari haqida har kimga gapiraverar ekan, soʻnggi yillarda yozgan pyesalarini Gyotega sahnama-sahna aytib bergan ekan. Gyote esa boshqacha: “Bunday holat, aksincha, mening tabiatimga xos emas, oʻz poetik rejalarim haqida hech kimga, hatto Shillerga ham ogʻiz ochmasdim. Miq etmay, ularni ichimda asrardim, odatda, asarimni yozib boʻlgunimcha hech kim hech narsa bilmasdi”.

Gyote Shiller bilan birga bir nechta dramalar yozib, uni oʻzi rahbarlik qilgan teatrda sahnalashtirgan ekan. Kitobda bu kabi men uchun yangilik boʻlgan maʼlumotlar talaygina.

Xullas, ijodiy mahorat sirlari va mashhur adiblar shaxsiyatiga qiziqadiganlarga tavsiya qilaman.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.