Sapcha nima?

Sapcha nima?

Soʻzlashuvda va badiiy uslubda “Boshingni sapchadek uzib tashlayman” degan tahdidli gap ishlatib turiladi. Sapcha oʻzi nima?

Sapcha pishib yetilmagan kichkina qovun; xomak degani. Oldin tilimizda faol ishlatilgan.

Juda koʻp tushunchalar, narsalarning otini unutdik, ishlatmay qoʻydik. Bitta-yarim yoshi ulugʻ kishining yoki tili boy odamning gapida uchraydigan bunaqa topildiq soʻzlarni qulogʻimiz yotsirab qabul qiladigan boʻlib qoldi.

Izohli lugʻatda keltirilgan misollarga eʼtibor bersangiz, sapcha soʻzi XX asr oʻrtalarida va undan keyin ham jonli tilda qoʻllanganiga ishonch hosil qilasiz:

 

Qovun tushiradiganlarga yordamlashaman, sapcha berishadi, – dedi Otaboy.

Gʻ. Gʻulom, Shum bola.

 

Engashib, palaklarni titib qarasang, tugunak, sapcha, xomaklar qiygʻos

N. Fozilov, Diydor.

 

“Boshni sapchadek uzib tashlamoq” iborasida nega aynan sapcha soʻzi ishlatilgan? Qovunning poyasi bodring poyasiga oʻxshash. Har ikki ekinning mevasi oson uziladi. Ters qayirsangiz, “tirs” etib uzilib ketadi. Nega qovun emas, sapchaga oʻxshatilgan? Menimcha, bunga sapcha kichikroq boʻlgani, bosh hajmiga toʻgʻri kelishi sabab. Bunda tahdid qilinayotgan kishini yerga urish, boshini pishmagan qovunga oʻxshatish orqali aql-idrokida nuqson borligiga ishora qilish ham boʻlishi mumkin.

Nosir Fozilov asaridan olingan yuqoridagi misolda tugunak soʻzi ham ishlatilgan. Maʼnosini tushunmadim. Lugʻatdan koʻrsam, oʻsimlik ildizpoyasining yer ostidagi yoʻgʻonlashgan qismi; ildizmevali oʻsimliklarning hosili ekan. Tuganak ham deyilar ekan. Demak, sabzi, sholgʻom, rediska kabi ekinlar mevasining umumiy nomi – tugunak yoki tuganak.

📌 Xulosa: tilimizni chuqurroq oʻrganishimiz, oʻrganganlarimizni tilda qoʻllashimiz kerak. Bu bilan ham oʻz nutqimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytiramiz, ham tilimizni qashshoqlashishdan saqlashga xizmat qilgan boʻlamiz.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube