Ibratli hikoyalar

Ajoyib kunlarning birida ustoz shogirdini tog‘ etagiga olib bordi. U yerda devorlari tik va baland labirint qurilgandi. Tomi bo‘lmaganidan yo‘laklarning ichiga quyosh nuri tushar, yop-yorug‘ edi.

Usta shogirdini labirintga kiritib, chiqish yo‘lini topishni buyurdi. Shogird yo‘laklar orasida butun kun va butun tun bo‘yi adashib yurdi, borgan sari boshi berk yo‘llarga kirdi. Horib-charchab, madori qolmay, yiqildi va uyquga ketdi.

Kimdir yelkasidan turtayotganini sezib, ko‘zlarini ochdi. Tepasida ustozi turardi:

– Ortimdan yur, – deb buyurdi u.

Labirintdan chiqishgach, ustoz tog‘ tomon yo‘l boshladi. Cho‘qqiga ko‘tarilgach, u dedi:

– Pastga qara!

Ular turgan joydan labirint kaftdek namoyon edi.

– Bu yerdan turib chiqish yo‘lini topish oson-a? – dedi ustoz.

– Hech bir qiyin joyi yo‘q, – dedi shogird. – Diqqat bilan qaralsa bo‘lgani.

– Qani, chiqish yo‘lini top-da, esingda saqlab qol.

Biroz vaqtdan so‘ng tog‘dan tushishdi. Shogird labirintga ishonch bilan qadam qo‘ydi va qiynalmay tezda chiqish yo‘lini topdi. Shundan so‘ng ustozi unga shunday nasihat qildi:

– Vaziyatdan qancha uzoqlashib, unga qancha tepadan qarasang, to‘g‘ri qaror qabul qilishing shunchalik oson bo‘ladi.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Ma’rifat” gazetasining 2016 yil 26 noyabr sonida chop etilgan.

Pin It

Yangi kiritilgan

Eng ko‘p o‘qilgan