savodxon.uz sayti haqida ikki og‘iz

0
139
marta ko‘rilgan.
savodxon.uz saytidan skrinshot. Lotin-kiril onlayn o‘girgich va fayl yuklash bo‘limi

Shu kunlarda savodxon.uz sayti bilan tanishdim. Barcha uchun kerakli sayt bo‘libdi.

Undan lotin-kiril alifbosi uchun onlayn o‘girgich, fayl o‘girgich, android qurilmalar uchun imlo lug‘ati va o‘girgich, WordPress dasturi uchun plaginlar, Google Chrome dasturi uchun ilova kabilan o‘rin olgan.

Hozir sayt bazasidan 494 897 ta so‘zning imlosini lotin alifbosida tekshirish mumkin ekan. Biror so‘z yozsangiz, o‘sha o‘zakdagi yoki unga yaqin boshqa so‘zlarni ham chiqarib beradi. Topilgan so‘z ustiga bosib, uning lotin va kiril alifbosidagi imlosi, bo‘g‘in tarkibi bilan tanishishingiz mumkin.

Lotin-kiril o‘girgichini ishlatib ko‘rdim. Men kiritgan sinov matnlarni xatosiz o‘girdi. Uning yana bir afzallik tomoni – matn formatini (yozuvning qora, qiya yoki tagiga chizilganligini) ham saqlab qolar ekan.

Fayl o‘girgich Mozilla dasturida ishlamadi, lekin Chrome’da muammosiz ishladi. Imloni tekshirishda oz-moz texnik xatoliklar bor, lekin ular keyingi yangilanishlarda tuzatilsa kerak. Aslida, sayt foydalanuvchisi uchun o‘girgichning onlayn varianti har tomonlama qulay.

Yana bir quvonarli tomoni, loyiha mualliflari WordPress dasturi uchun ham plaginlar yaratishibdi. Bunday qo‘shimchalar Joomla, Drupal yoki ModX singari ommaviy tekin (opensource) dasturlar uchun ham ishlab chiqilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Bilishimcha, hozir bu platformalar uchun o‘zbekcha o‘girgich plaginlari mutlaqo yo‘q.

Ko‘pchilik yurtdoshlarim singari bu yo‘nalishda mening ham bir-ikki orzularim bor. Masalan, Windows’da ishlaydigan o‘girgich dasturi, imlo lug‘ati, Word va LibreOffice (OpenOffice) uchun imlo tekshirish hamda o‘girgich plagini ham ishlab chiqilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Albatta, bular katta mehnat va mablag‘ talab etadi. Balki biror ma’rifatparvar homiy ham topilib qolar. Axir bu davlat tilini, ona tilimizni targ‘ib qilish, uni o‘rganishni sezilarli darajada qulaylashtiradi.

Ilmini qizg‘onmaslik, bilganlarini baham ko‘rish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bundan tashqari, dasturchilar orasida ham ona tilimizni yaxshi biladigan, unga muhabbatli mutaxassislarning borligi juda quvonarli.

Aslida, har qanday ziyoli qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar ona tilini puxta egallashi, unda fikrini erkin, ravon va tushunarli ifodalay olishi kerak. Ushbu sayt bu borada yaxshi ko‘makchi bo‘ladi, degan umiddaman.

Loyihaga muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.