
24-sentabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da UZ Milliy domeni-2012 internet-festivali gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu yilgi tanlovni «Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi» jamgʻarmasi, «Kelajak ovozi» tashabbuskor yoshlar markazi, “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi va “infoCOM.UZ” jurnali birgalikda tashkil etdi. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi esa festivalni rasmiy qoʻllab-quvvatladi.
Internet-festival mamlakatimizda 2001 yildan boshlab, oʻzbekcha saytlarni rivojlantirishni maqsad qilgan UZ Milliy domeni Internet-festivali esa 2007 yildan boshlab oʻtkazib kelinadi.
Bu yilgi festival tanlov dasturi 10 ta mavzuli va 3 ta maxsus nominatsiyani oʻz ichiga oldi.
Saytimiz doʻstlaridan boʻlgan www.ziyouz.uz sayti “Fan va taʼlim sohasida eng yaxshi sayt” yoʻnalishida, www.uz-translations.uz sayti esa www.uz ning “Fan va taʼlim sohasidagi saytlar” nominatsiyasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. www.fikr.uz «Fikrlar, Odamlar va Jamiyat» Blogoservisi “Fan va taʼlim sohasida eng yaxshi sayt” yoʻnalishida uchinchi oʻringa munosib topildi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron sayti “Eng yaxshi shaxsiy sahifa” yoʻnalishida finalga chiqib, diplom bilan taqdirlandi.
Barcha gʻoliblarni chin yurakdan, samimiy tabriklaymiz! Milliy maʼnaviyatimiz rivojiga hissa qoʻshishdek ezgu va sharafli ishlariga omad tilaymiz.
(Gʻoliblarning toʻliq roʻyxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.)