“Yoningizdagina chinakam halovatni tuyaman…”
“Kichkina shahzoda” asarining muallifi, mashhur yozuvchi Antuan de Sent Ekzyuperi bu maktubni yozgan paytda hali yosh uchuvchi edi, uyidan uzoqda xizmat qilardi. Mashaqqatlardan chalgʻish, biroz ovunish uchun yaqinlariga xat yozardi. Bunday maktublar orasida onasi Mari Buae de Fonkolombga yozgan bir nomasi eʼtiborga molik.
“1922-yil.
Ayajon,
Mehrga limmo-lim kechagi xatingizni qayta oʻqib chiqdim. Ayajon, hozir sizning yoningizda boʻlishni qanchalar istayotganimni, kundan-kun sizni yanada qattiqroq yaxshi koʻrib borayotganimni bilsangiz edi. Soʻngi kunlarda sizga xat yozolmadim, ish-tashvishlarimiz koʻpayib ketdi.
Kecha sokin, osoyishta. Mening esa, bilmadim negadir, yuragim mahzun tortgan. Avoradagi xizmat ham zerikarli darajada choʻzildi. Sen Morisda dam olib-davolanishga va sizning parvarishingizga juda-juda muhtojman.
Qachonlardir men sabab koʻzlaringizdan marjon-marjon yoshlar toʻkilgandi. Shularni oʻylasam, yuraklarim ezilib ketadi.
Nimalar qilyapsiz, aya? Rasmlar chizyapsizmi?.. Shular haqida yozing. Xatlaringiz yashashimga koʻmak beradi, ular bilan birga sarin halovat kirib keladi. Ayajon, bunaqa shirin soʻzlarni qayerdan topasiz-a? Kun boʻyi shu soʻzlarning taʼsirida yuraman.
Xuddi bolaligimdagi kabi hozir menga juda-juda zarursiz. Qatʼiy tartib, harbiy intizom, mashgʻulotlar – bir qolipdagi, rangsiz hayot. Xayolimda mehmonxonadagi gullarga ishlov berayotganingiz gavdalanadi. Hozirgi turish-turmushimni yomon koʻrib ketaman.
Men sizni samimiyatimga shubha bilan qarashga majbur qildim. Lekin hozir koʻnglimdagi hislarni anglata olsam edi…
Hayotimdagi eng ezgu, yorugʻ nur – sizsiz. Ayni dam uyimizni xuddi goʻdakday orziqib sogʻinyapman. Tasavvurimda jonlanasiz: mana, u yoqdan-bu yoqqa yuribsiz, nimalar haqidadir gapiryapsiz. Biz hozir birga boʻlishimiz mumkin edi, afsuski, qaynoq mehringizdan olisdaman, oʻgʻil boʻlib xizmatingizni ham qilolganim yoʻq.
Toʻgʻrisi, bu kecha yigʻlaguday alpozdaman. Bunday damlarda menga yagona yupanch siz ekaningiz ham ayni haqiqat. Bolalik paytim katta xaltamni koʻtargancha, hoʻngrab kelganim esimda. Yodingizdami, Mansda boʻlgandi bu. Meni jazolashganidan xoʻrligim kelib yigʻlardim. Oʻshanda peshonamdan mayingina oʻpib qoʻydingiz – men hamma narsani paqqos unutdim. Siz oʻqituvchilaru murabbiylardan beqiyos himoya qoʻrgʻonim edingiz. Uyda oʻzimni mutlaqo xavfsiz sezardim. U yerda sizdan boshqa hech kim boʻlmasdi. Qanday damlar edi-ya!..
Hozir ham hammasi oʻsha-oʻsha – sizning yoningizdagina chinakam halovatni tuyaman. Faqatgina siz hamma narsani bilasiz, faqatgina siz bor tashvishu oʻylarimni unutishga, boixtiyor va beixtiyor oʻzimni yosh bola deb his etishga majbur qila olasiz.
Koʻrishguncha, aya. Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi… Bu yerda ham Sen Morisdagi kabi baqalar vaqillaydi. Lekin bular juda yoqimsiz!
Ertaga siz tomonga, Sen Morisga qarab ellik kilometr uchaman. Biroz boʻlsa-da, haqiqatan ham yoningizga ketayotganday zavqlanaman, yayrayman.
Qoʻllaringizni oʻpib, koʻzimga surib xayrlashaman.
Katta boʻlib qolgan oʻgʻlingiz Antuan”.
Orif Tolib tarjimasi
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.