Anvar Obidjon. Oddiy ayriliq haqida ertak

Anvar Obidjon. Oddiy ayriliq haqida ertak

Adirga tutash qishloqchadagi orti derazasiz uylar badantarbiyaga saflangan boʻyi past-baland oʻquvchilardek, yoʻlning ikki chetida zich tizilib turibdi. Eshik-darvozalar ham turlicha: bunisi birqanot, odmi, baʼzilari boʻyoq koʻrmagan, taxtalari quyosh kuydirigʻidan qorayib, yorilib ketgan; unisi – qoʻshqanot, rangdor, hashamatli. Torgina toshloq koʻchaning chap yogʻida – kishi bemalol sakrab oʻtsa boʻladigan sershagʻal ariq, suvlari qushchalarga sayrashni oʻrgatmoqchidek qishin-yozin chuldiragani chuldiragan. Ariq ustida har bir xonadonning oʻz soʻritoki bor, ularda turfa navli uzumlar ayoz payti tom chetida hosil boʻlguchi muzburunlardek shoda-shoda osilib yotadi. Eng ertapishari – bahor tugamasidanoq shira yigʻib ulguruvchi chilgi. Keyin kishmish, hasayni, husayni, qizbarmoq, shivirgʻoni, qiziltoʻra, shakarangul, qorapirqilar birin-ketin yetilaveradi. Yumaloq degani – eng kechkisi, qishning boshlarida ham poʻsti soʻlimaydi, ogʻizda bodringdek karsillaydi.

Tunukatom boloxona ostidagi temir darvozaning soʻl qanoti gʻijirloqlanib ochildi-yu, faqat toʻy-maʼrakalar munosabati bilangina javondan olinuvchi oppoq yaktagini, ohorli koʻk toʻnini kiyib, boshidagi margʻiloni doʻppining girdiga adras qiyiqni ixchamlatib bogʻlagan doʻngmanglay chol shoshqaloqlanib koʻchaga chiqdi. Chiqiboq, kaltagina soqolini entikkanicha silay-silay, yoshiga xos boʻlmagan tarzda ildam odimlab, kunbotardagi mozor tarafga yoʻnaldi. Ildamlagani sayin yosharib boraverdi, oxiri yetti yoshli bolaga doʻndi-qoldi.

Chol, koʻnglida uning ismini bolalikdan ardoqlab kelayotgan, oradan necha yillar oʻtmasin, chiroyini zarrachayam yoʻqotishi mumkin boʻlmagan, keksalikni shunchaki niqob qilib olgan qumrikoʻz parivashning yoniga oshiqmoqda edi. Hademay yetib boradi, Xudo nasib etsa, diydoriga toʻyadi. Shunisi qiziqki, cholni tanib ololsa, yana bir moʻʼjiza yuz beradi, kampir ham oʻsha zahoti yetti yoshli qizaloqqa aylanadi…

 

* * *

Nusa xolani oʻzim danak chaqib yeyishni oʻrgangan chogʻimdan buyon bilaman, eshakaravada mahallama-mahalla kezib, piyoz, guruch sotib yuradi. Koʻchamizdan oʻtib qolsa, biznikiga kirmasdan qoʻymaydi. Buning sababi bor.

Nusa xolalar ilgari juda uzoq bir oʻlkada yashagan ekan. Koʻp yillar oldin ularni kimlardir, nima uchundir toʻsatdan quvgʻin qilibdi-yu, biz tomonlarga kelib qolishibdi. To muqim boshpana topilgunicha, birlari yarimvayrona xonaqolarga, birlari kolxozning turli omborlariga, birlari dala shiyponlariga joylashtirilibdi. Ortiqcha tomi bor kishilardan ayrimlarining achinishi qoʻzib, quvgʻindilarga oʻz hovlisidan hujra beribdi. Men hali tugʻilmasimdan burun Nusa xola bilan eri Sadir togʻa qish ichi biznikida turishganini, yalpizlar quloqlay boshlagan pallada ikki koʻtarim chiqib-chiqmaydigan koʻchini yigʻib, yangi yerlar oʻzlashtirilayotgan choʻlga ketishgach, oʻzlariga kichik bir kulba qurib olishganini eshitgandim.

Dadamning aytishicha, Sadir togʻaning asli ismi koreyscha Sugir, xotinining ismi ruscha Nyusya ekan. Qishloqdagilar shunaqa – millati boshqa kishilarning otini yo buzib aytishadi, yo oʻzbekcha nom qoʻyib olishadi.

Odamlarning feʼli gʻalati-da, baʼzi qoʻshnilar toʻpolonchi bolalarini tinchitishga urinib, hadeb shoʻxlik qilaversang seni Nusa karisga berib yuboraman, deb qoʻrqitardi. Bir kuni oʻrtogʻimnikiga oʻynagani kirib, buzoqchasini shataloq ottirgancha quvalab yursak, sopol tosda yem qorayotgan onasi bizni poʻpisalashga tutindi:

– Bas qilinglar! Ana, Nusaning ovozi kelyapti. Hozir ikkovingniyam qoʻl-oyogʻingni boylab, aravasiga ortib beraman, choʻlga opketadi.

Ikkalamiz toʻrtta quloqni tengdan ding qilganimizcha turib qoldik. Koʻchadan Nusa xolaning “Piyozlar keldi-i, guruchlar keldi-i” degan tovushi eshitilmasa-da, oʻrtogʻim onasiga hadikli boqib, soʻradi:

– Choʻlga opketib, keyin bizni nima qiladi?

– Nima qilardi, toʻxtatmay ishlatadi, – tosga kepak sepayotib vahimani kuchaytirdi onasi. – Oftobda boshing qaynab, piyoz oʻtaysan. Sholipoyada loy kechib, oʻt yulasan.

Oʻrtogʻimning koʻzi gildirab, orada ovqat-povqat berib turadimi, deb soʻraganida, onasi birdaniga qaqira-qaqir kulib yuborgandi.

Nusa xolaning eri Sadir togʻani kamdan-kam koʻrardim. Uyimizga qadam bosadigan boʻlsa, xaltachada guruchi, bir-ikki shisha aragʻi bilan kelib, tunab qolardi. Bir uxlab uygʻonsam ham, dadam ikkovi hali-hali otamlashayotgan boʻlardi. Ayrim gaplarini uqardim, ayrimlarini uqmasdim.

– Biz-ku ogʻirliklarga koʻnikib ketganmiz, – derdi Sadir togʻa. – Lekin, qizchamga juda qiyin boʻldi-da. Xotinim aravasida tirikchilikka chiqib ketsa, uni dalaga opketaman. Bilasan, dalamizda daraxt yoʻq hisobi, qizimga katta savat shlyapa kiydirib, sholipoyaning uvatiga oʻtqazib qoʻyaman. Ora-sira yoniga borsam, terga pishilib, hansiroqlanib qolgan boʻladi. Xotinim qaytib kelsa, tuproqqa belangan, yuzlari qizarib, yonoqlari poʻst tashlagudek poʻrsilloqlangan qizchani koʻrib, bolaga umuman qaramabsan-ku, deganicha meni gʻazablashga tushadi.

– Ha endi, ona zoti sen bilan menga qaraganda kuyinchakroq-da.

– Uniyam tushunaman, yuragi bezillab qolgan. Bizni buyoqqa haydashganda, eshiklari jipslab yopilgan, toʻrt joyida kichik-kichik tuynuklarigina boʻlgan tiqin yuk vagonida bir yarim yoshli oʻgʻilchamiz boʻgʻriqishdan oʻlgan. Xotinimning roʻmoliga oʻrab, temiryoʻlning yoqasiga koʻmganmiz. Bolachogʻimning goʻri qayoqlarda qolib ketdi, deb yigʻlagani yigʻlagan edi xotinim. Qizim tugʻilganidan keyin oʻrtanishi ancha tiyildi. Oʻgʻlim esimga tushsa, oʻzimniyam ichim yonib ketadi, oshna. Jizillab qovrilaman-u, xotinimga sezdirmayman.

– Nimasini aytasan, Sadirvoy! Farzand dogʻidan battari borakanmi? Men birmas, ikkita bolamni topshirganman.

– Bilaman, xotining xotinimga aytgan ekan.

– Ikkinchi qizim uch yashar boʻpqoluvdi-ya! Senlar kelmasingdan bir yilcha oldin qizamiqqa chalindi-yu… E, qoʻy, yaxshiroq gaplardan gaplashaylik. Ol manavini. Baxtimizga shu bolalarimiz sogʻ boʻlsin endi.

Piyolalarning jaranglatib choʻqishtirilgani eshitiladi. Boʻshatilgan idishlar dasturxonga doʻqillatib qoʻyilganidan soʻng, nima uchundir, oraga jimlik choʻkadi.

Dadajonim koʻproq ichvolib, mehmonning oldida dumalab qolmasaydi, deb xavfsirardim. Ertalab xijolat tortib oʻtirmasin derdim-da.

Mahallamiz bolalari biri qadimda, biri shu davrlarda toʻqilgan, bunisi oʻta quvnoq, unisi juda-juda qaygʻuli boʻlgan oʻnlab tilqayramalarni xuddi qoʻshiq kuylayotgandek ohangga solib aytib yurishardi.

 

Bugun bozorga oʻxshaydi,

Yetimlar buncha qaqshaydi?

Bozordan qand opkeluvchi

Otaginasi yoʻqqa oʻxshaydi.

 

Shunisini eshitganimda, yuragim “jigʻ-gʻ” etib ketardi doim. Dadam oʻlib qolmasaydi, deb qoʻrqishni boshlardim. Yaxshi koʻrgandan yaxshi koʻrardim dadaginamni. Menga sira qattiq tegmasdi.

Yil yangilangan oyning oʻrtarogʻidan boshlab dadam negadir uyga kelmay qoʻydi. Ayamdan soʻrasam, uni bir ish bilan olisroqqa joʻnatishdi, hali a-ancha yuradi, deyishdan nariga oʻtmaydi.

Sal keyinroq, gap nimadaligini koʻchadagi oʻrtoqlarimdan baribir bilib oldim. Ular ota-onalarining oʻzaro gʻujurlashuvidan ilgʻavolgan boʻlsa kerak-da. Dadam kolxoz fermasida omborchi edi, qandaydir tekshiruvchilar kelib, ishidan u-bu kamchiliklar topishibdi, shuning kasridan qamoqqa tushibdi. Ayamdan qamoqning nimaligini surishtirsam, u joy – devori baland bir qoʻrgʻon, to fursati toʻlmaguncha, ichidagilarni tashqariga chiqarmay turishadi xolos, lekin yotoqlari tayin, ovqati bepul, deb uqtirdi.

Ovoragarchilikni qarang! Aybi boʻlsa, uzoqqa opketib bepul boqib yurguncha, uyimizga qamab qoʻyishavermaydimi…

Dadamni sogʻinaverdim, sogʻinaverdim. Qoʻshni xotinlar chiqib ayam bilan jaqir-juqurni boshlasa, dadam toʻgʻrisida iliqroq gap oʻrmalashidan umid qilib, ularning ogʻzini poylaganim poylagan edi. Baʼzida Sadir togʻa kelib qolardi. Unga koʻzim tushishi bilanoq, xuddi dadamni koʻrgandek, quvonib ketardim. Har gal u kichik bir tuguncha koʻtarib kelar, kostyumining ichki choʻntagida menga atalgan popukdor qogʻozli chaynamayshiming ham boʻlardi.

Nusa xola eridan koʻra serqatnov edi. Qoplar ortilgan eshakaravasida koʻchamizga oralagudek boʻlsa, odatdagidek, biznikiga bosh suqmasdan oʻtmasdi. Goho bir-ikki piyola choy ustida ayam bilan andak dardlashgan boʻlardi.

– Nimaga Goptayni hech opkelmaysizlar? – deb soʻrab qoldi bir kuni ayam. – Bolamday boʻpqoluvdi, koʻrgim keladi-da.

– Mushtdek qiz kun boʻyi aravada yurishga chidashi qiyin, – dedi Nusa xola.

– Qoʻrqmang, oltiga kiryapti, suyagi ancha qotdi.

– Qani, bir opkelarman.

Shunda ayam koʻz qirida menga qitmirona qarab, Goptay esingdami, qulogʻini tishlab oʻzingniki qilvol deganimda, kartillatibgina tishlaganiding, deb kuldi.

Qulogʻidan tishlaganim, qizcha bor tovushda dodlab yuborgani shuvillab yodimga tushdi, ammo qiyofasini koʻz oldimga yaqqolroq keltirolmadim. Uch yasharligimda hatna toʻyim boʻlgandi, Sadir togʻa toʻyga xotini bilan qizchasiniyam olib kelgan, Goptayni oʻshanda birinchi MARTA koʻrgan edim. Ikkovimiz sopol kosachaga barmoq tiqib nisholda yalaganimiz, soʻyilgan qoʻyning jonsirab potranishini dong qotib kuzatib turganimiz, bolalarga qoʻshilib chopqillab oʻynaganimiz, ayamning ishqoviga uchib, uning qulogʻidan tishlaganim uzuq-yuluq esimda. Aniq bilganim shuki, oʻsha kuni undan sira nari ketgim kelmagandi. Chiroylidirki, yonidan siljishni istamagandirman, deb oʻylayotgandim shu damda.

Kuzning boshlarida Nusa xola oʻzbekcha uzun ishton, yengi shalviroq chit koʻylak kiygan qizchasi bilan kelib qoldi.

– Voy, bu – Goptaymi? – ayam borasolib, kaltagina sochining oʻrtasidan yalma ochib olgan mehmonchani bagʻriga bosdi. – Katta qiz boʻpketibdi-ku! Voy, oʻzim oʻrgilayin sendan!

Birga tushlik qildik. Goptay bizga elikolmay, qunishganicha tamaddilanib oʻtirdi. Ora-sira unga pastdan koʻz tashlayman, u ham hurkaklik
bilan menga qiyalab-qiyalab qoʻyadi.

Ovqatlanib boʻlganimizdan keyin, tok ostidagi yogʻoch soʻrimizdan tushib, qittay ikkilanib turgach, yur, Goptay, eshagingga oʻt beramiz, dedim. Goptay mungʻayib onasiga qaradi.

– Boraqol, – dedi Nusa xola, – eshakniyam qorni ochdi-da.

Goptay soʻridan sirgʻalib tushib, patakli kalishchasini kiydi, men bilan borishga oyogʻi tortmayotgandek ishtiyoqsiz odimlab, ortimdan ergashdi.

Uni tomorqaga boshlab kirdim. Ogʻilning oldida toʻxtab, qoʻylarimiz uchun jodida qirqib qoʻyilgan xashakdan bir quchogʻini oldim-da, Goptayga uzatdim. Goptay qorni ochilib qolayotganini xayoligayam keltirmay, koʻylagining etagini tutdi. Xashakni etakka solib, oʻzim yana bir quchogʻini koʻtargancha tashqariga yurdim. Koʻchaga chiqib borib, oziqlarni eshakning oldiga toʻkdik.

Qoʻshni qizlar yerga boʻr bilan chizilgan kataklarda bir oyoqlab sopol surib, “hakkalakam” oʻynashayotgan ekan, bu mehmon kim, deb soʻrashgan edi, Nusa xolaning qizi, dedim. Birdan Goptay ham tilga kirib, ularga dadil yaqinlashdi:

– Otim – Goptay. Birga oʻynasam maylimi? Meniyam oʻyinga qoʻshinglar.

– Ie, oʻzbekchada boplab gapirding-ku, – dedi qizlardan biri. – Karischaniyam bilarsan?

– Bilaman.

Goptay “hakkalakam”ga qoʻshildi. Men chetda soʻppayib qolmayin deb, ularga qozilik qilishni boshladim. Oʻyinda goh kimdir bir oyoqda muvozanatini yoʻqotib tebranib ketadi, yiqilmaslik uchun, tepaga bukib olgan oyogʻiniyam beixtiyor ishga soladi. Ikki oyoqlab toʻxtading, oʻyindan chiq, deb jovirlaydi qizlar. Baʼzan oyoqda surilgan sopol sakkizta katakdan birining oq chizigʻiga qadalib toʻxtaydi. Yana oʻsha jovur-juvurlar:

– Sopoling chiziqni bosdi, oʻyindan chiqding!

Goptay ham ikki MARTA ana shunday holatga tushdi. Birinchisida qizlarga oʻshqirgudek boʻlib, bukilgan oyogʻini choʻzishga choʻzdi-yu, yerga tekkizgani yoʻq, deb; ikkinchisida esa, sopol bilan chiziqning orasida qoshliqchoʻp siqqudek joy turibdi, deb uning yonini oldim. Qizlarga gapimni oʻtkaza olganim sayin taltayaverdim. Goptayning oldida obroʻyim togʻ boʻyi koʻtarildimi deyman-da!

Shunaqaga oʻxshaydi. Uyimizdan chiqib kelgan Nusa xola qizchasini aravadagi qoplarning old tomoniga oʻtirgʻizib, oʻzi ham chetroqqa yalpayib choʻkkanicha eshagini oldinga siljitgach, asta olislab borayotgan Goptay yoʻl-yoʻlakay menga ikki-uch bor oʻgirilib, yoqimli-yoqimli jilmayib qoʻydi.

Dadamni bir yilga qamashgan ekan, boshliqlari insofliroq boʻlsa kerak, oilangda bayram qilaqol, deb muddatidan avvalroq boʻshatib yuborishibdi, yangi yil kirishiga ikki kun qolganida lop etib uyimizda paydo boʻldi. Hovlimiz oldin qoʻni-qoʻshniga, keyin qarindosh-urugʻlarga toʻldi. Qoʻy soʻyildi. Uyqozondan kattaroq boʻlgan dalaqozonda bir shoʻrva qaynasa, bir palov damlanadi. Sadir togʻa ham ertasi kuniyoq eshakaravaga xotini bilan qizini oʻtqazib yetib keldi. Yangi yilni biznikida kutishdi. Goptay bu safar mendan yotsiramay, birga oʻynab oʻtirdi. Tishimning izi qolmaganmikin deb, quloqchalarining dam unisiga, dam bunisiga zogʻlanib koʻz qadar edim. Oxiri, oʻrik oʻtinning choʻgʻi solingan sandalga oyoq tiqqancha, biqinma-biqin uxlab qolibmiz.

Dadamga kolxozdan ish berishmadi. Damo-dam mahalladagi issiq-sovuq maʼrakalarga aralashib turishini hisobga olmaganda, qish ichi uyda uymalanib yurdi. Yoʻqchilikdanmi, oʻzini odamlardan olib qochadigan boʻlib qoldi. Ilgarilari biznikida tez-tez yigʻilib turadigan ulfatlari ham qorasini koʻrsatmay ketishgandi. Guzardagi choyxonaga chiqib, odamlar bilan bir chaqchaqlashsangiz, koʻnglingiz yozilarmidi, deb qoʻyardi ayam baʼzida.

– Nimani chaqchaqlashasan? – deb oʻqrayar edi dadam. – Biri mayda-chuyda dardini chuvalashga tushadi, biri igʻvodan boʻshamaydi…

Toʻqqizta qoʻyimiz boʻlardi. Dadam qamoqdaligida ikkitasini sotib roʻzgʻorga xarjlagandik, qamoqdan chiqqanida bittasini elga yegizdik. Yetishmovchilik bordirki, keyinroq yana ikkitasini sotdik.

– Bitta qoʻchqor, uchta boʻgʻoz sovligʻimiz qoldi, – deb dadamga bir kuni pand aytgan boʻldi ayam. – Qancha qiynalsak qiynalaylik, to koʻpayib olmaguncha, endi qoʻylarga tegmay turing. Xamirturishdek gap bular.

Har yilgidek, tomorqamiz chetidagi ikki tup bodom bahor kirib-kirmasidanoq gullay boshlagan kunlar edi. Sadir togʻa kelib, dadam bilan yarim kechagacha ulfatchilik qildi. Ertalab chala-chulpa nonushtalandi-yu, oʻzbekona odatga koʻra yuziga fotiha tortib, oʻrnidan turdi. Eshikdan chiqayotib, eshakaravani minib kelaymi, yo oʻzing ulov topasanmi, deb soʻradi dadamdan. Ovora boʻlib yurma, oʻzim borarman, dedi dadam. Sadir togʻa ketgach, ayamning koʻzlari sinchkovlanib, bu oʻrtogʻingiz qanaqa arava toʻgʻrisida gapiryapti oʻzi, deb surishtirgan edi, dadam parvosizgina boqib, tuzukroq ish topguningcha men bilan dehqonchilik qipturaqol, daromad – oʻrtada, deganidi, tavakkaliga rozilik bervordim, dedi.

– Boshqa ish qurib ketganakan-da! – koʻzini chaqchaytirib bidirladi ayam. – Choʻlga chidash osonakanmi?

Dadam indamasdan chetga yuzlandi. Uning koʻzlarida mung yalligʻlangani, kipriklari oʻksik bolanikidek tez-tez pirpiray boshlaganini koʻrib, birdan koʻnglim buzildi…

Choʻl deganlari Uzumchi qishlogʻimizdan uncha uzoq emasdirki, paxta yetishtiruvchi brigada aʼzolari qoʻsh otli, toʻrt gʻildirakli, soʻrisi keng “haptakach”da tong yorishib-yorishmasidan yoʻlga tushib, ishlari bitgach, qorongʻi tushganda yana qaytib kelishardi. Dadam esa, oʻn-oʻn besh kunda bir kelib-ketardi xolos. Ayamdan buning boisini soʻrasam, dadang dehqonchilik qilayotgan joy paxtazorlardan ancha narida, choʻlning etakrogʻida, derdi.

Yozning oʻrtalari edi. Dadam navbatdagi kelishida meni ham choʻlga olib ketmoqchi ekanini aytdi. Ayamning tuyqus achchigʻi chiqib, oʻylab gapiryapsizmi, uyda bitta oʻzim qolsam, odamlar nima deydi, deb bobillashga tushdi.

– Bitta oʻzing qolmaysan, – deb qoshini chimirdi dadam. – Ana, toʻrt eshik naridagi beva opang kelini bilan gʻijillashaverishdan bezib, qayoqqa qochishni bilmay yuribdi. Butunlay koʻchib chiqmasayam, kechalari jon-jon deb yoningda yotib yuradi. Ertosh oltidan oʻtyapti, dalani koʻrsin, ishga koʻzi pishib borsin, deyman-da, xotin.

– Bahona toʻqimang! Bilaman, shu bolasiz turolmaysiz. Kim vaqtida yedirib-ichiradi, kim kirini yuvadi? Buyogʻiniyam oʻylang-da.

– Nusa xolasi bor-ku! Oʻrtogʻinggayam ishonmaysanmi?

Hayajonim ichimga sigʻmay borayotgandi. Dadajonimga kunda esh-qoʻsh boʻlib yayrashdan koʻra shu chogʻda, negadir, Goptayni koʻproq oʻylayotgan edim…

Sadir togʻaning uyidan teparoqdagi tuprogʻi arzikli, kamquvvat, serkesak, shu sababli paxta ekishga yaroqsiz hisoblangan dalalarda piyozlar pishib-yetilib yotardi. Yer osti suvini pastlatish maqsadida qazilgan serqamish zovurdan nariga oʻtishingiz bilanoq, shoʻri tepaga urib oq qatqaloq hosil qilgan qumloq yerlar boshlanadi. Uyogʻi endi – sholipoyalar. Boshqa sohadagi olimlarning koʻpchiligiga maʼlum boʻlmagan bir sirni – yerning shoʻrini yuvishda, unumdor qilishda katak-katak marzalar ichra suv doimo limillab turguchi, loyqali choʻkmalar balchiqlanib, qumlarni asta-sekin tuproqqa aylantira borguvchi sholipoyadan zoʻrroq omil yoʻq ekanligini bu dalaning chaqaloqlariyam yaxshi bilardi.

Dastlabki kunlarda, piyoz qazishga yollanganlar ishini boshqarish, ularga ovqat tashkillab berish bilan band boʻlgan dadamning yonida Goptay ikkalamiz ivirsib yurdik.

Kattalarning ishiga aralashgimiz kelaverardi. Koʻpincha, qazuv chogʻida chetini ketmon tirnab zaxalagan, birinchi oʻrinda sotib yoki ovqatga ishlatib yuboriladigan piyozlarni alohidalatib toʻplashga qarashar edik. Bularning bir qismini oʻta maydalariga qoʻshib, roʻzgʻorga ishlatarsizlar, deya yollanmachilarga tekin tarqatishda qatnashish bizga oʻzgacha zavq bagʻishlardi. Keyin piyozning qoʻlansa isini ketkazish uchun, qoʻlimizni ora-sira hidlay-hidlay, loyda ishqalab yuvishga tushardik.

– Loydagi toshcha boshmaldogʻimni tildi, achishyapti, – deb yuzini bujmaytirardi Goptay.

Yiqilib-netgan chogʻimda ayamning erkalatishiga taqlid qilib, ke, ogʻrigan joyingni bir oʻpib qoʻyay, desam, Goptay “ho-o” deya qoʻlini biqiniga yashirardi.

Piyozlar toʻliq qazib olinib, yer haqi uchun qariyb yarmi kolxozga topshirilgach, qolganining bir qismi daladayoq koʻtarasiga sotildi, bir qismini yuksoʻrisiga baland chetan toʻsiqchalar oʻrnatilgan aravalarga yuklab, yoyib quritish uchun xirmonga tashish boshlandi. Yaxshilab quritilgan piyoz har qancha uzoq saqlanmasin, chirimas ekan.

Qancha-qancha odamga qiron keltirgan urushning nafasi hanuz sezilib turardi – dalada ketmon chopishga yaramagani uchun boʻlsa kerak, piyoz tashuvchi aravakashlarning koʻpchiligi nogironlardan iborat edi: biri oqsoq, boshqasining bir qoʻli yoki bir oyogʻi yoʻq, kontuziyaning jaddidan qaltiroqqa yoʻliqqanlariyam bor. Ayrimlarida askarcha shim-koʻylak, enli qayish tasmalar. Sadir togʻani nega urushga yuborishmaganini bilmayman-u, dadamning oʻng koʻzi tugʻma shilpiq boʻlib, qizarib yalligʻlanganicha xiyol qisilib turishi tufayli harbiyga olishmagan ekan.

Qishda sotishga qoldirilgan piyozlar quritilib, ijara omborga joylab boʻlingach, dadam sholipoyani yovvoyi oʻtlardan tozalashda, ekinlarni oʻgʻitlashda Sadir togʻaga yordam berishga oʻtdi. Goptay ikkalamizning kunimiz ham endi shu tomonda kecha boshladi. Otalarimizga koʻmaklashmoqchi boʻlsak, goh nariroqdagi pastakkina, tanasi ketmon sopidan ozgina yoʻgʻonroq boʻlgan yosh majnuntolni koʻrsatib, tezda soyaga borishimizni buyurishadi, goh, kechki salqin tusha boshlaganidanmi, indamay qoʻyib berishardi. Menga qoʻshilib Goptay ham ishtonining pochasini tizzagacha shimarib, marzalardan biridagi boʻtana suvga tushib borardi. Kurmaklarni tortqilab yulmasdan, tomiridan teparogʻini chimdib uzib olinglar, yoʻqsa yonidagi sholi ham tag-tubi bilan qoʻporilib chiqadi, deb uqtirishardi bizga.

Tomiri butun qolganidanmi, toʻrt-besh kun oʻtmayoq, kurmaklar yana sholidan balandlab ketaverardi. Qarabsizki, hamma ish boshqatdan boshlanib turibdi-da. Muhimi – bu laʼnatilarni urugʻi pishmasdan burun gumdon qilish. Urugʻi toʻkilib, bir bolalab bersa, sholiga kun yoʻq.

Sholi boshoqlamaguncha uni kurmakdan farqlash qiyin. Kurmakning kurmakligini bargida oq chiziqcha borligidangina ajratib olsa boʻladi. Oʻylashimcha, shuni yanglishtirib qoʻyishimizdan choʻchib, bizni sholipoyaga yaqinlatgilari kelavermasdi. Juda gʻayratlaring qoʻziyotgan boʻlsa, ana, marzaning ustini tozalanglar, deyishardi.

Marza
suvdan balandligi uchunmi, muttaham kurmaklar bu yerda qorasiniyam koʻrsatmas, mugʻambirdan mugʻambir semiz oʻtlargina oʻsardi. Mugʻambirligi shundaki, shoxlaridan birining uchini oʻt oʻchiruvchilarning ichagidek suvga tushirib olsa bas, suyuqlikni keragicha soʻrib, butun tana boʻylab pismayib tarqataveradi.

Bir gal marza ustidagi oʻtlarni yulayotib, oldimizdan suzib oʻtayotgan baqani tutib oldik. Ikkovimiz bir paytda tashlanganimiz bois men baqaning orqa oyogʻidan, Goptay oldingi oyogʻidan ushlagancha suvdan koʻtardik, birinchi boʻlib men tutdim, deya talasha ketdik. Tortdi-tortdida orqa oyoq uzilib changalimda qoldi-yu, qoʻliga qon sachragan Goptay baqani tashlab yuborib, uning tipirchilashiga yigʻlamsirab tikilib turdi, soʻng menga bir oʻqrayib qoʻyib, shartta ortga burildi, marzadan chiqiboq, uyi tomonga yoʻnaldi.

Kechki ovqat paytidayam Goptayning arazi bosilmadi, tumtaygan asno, menga umuman qaramasdan, jim kavshanib oʻtirdi. Nusa xola miyigʻida kulimsirab, bu ikkovi bugun rosayam yuvoshlanib qolibdimi, deya yonidagilar bilan maʼnodor koʻz urishtirib qoʻydi. Bildimki, oramiz buzilganini bular allaqachon payqab boʻlishgan.

Sadir togʻaning bir oynakli uyi yonida kichkina omborcha bor edi. Dadam omborchaning chetiga taxta terib, ustiga koʻrpa toʻshab olgan ekan, shu joyda yolgʻiz uxlardi. Bir oynakli uyda esa, gilamdek-gilamdek keladigan oʻzbekona koʻrpalarning tagligiyam, yopinchigʻiyam uzunasiga toʻshalib, u chetida Nusa xola, bu chetida Sadir togʻa yotar, Goptay ikkalamiz ularning oʻrtasiga suqilib olardik. Oʻsha kuni Goptay onasining narigi yogʻiga oʻtib uxladi.

Qayoqdanam yoʻliqa qoldi oʻsha olakoʻz baqa? Ushlashga ushladik, uni Goptayga indamasdan berib qoʻyaqolsam, oʻlarmidim?

Yuragim siqila-siqila, pinakka ketibman.

Nonushtaga uygʻotishdi. Chivin chaqqan joylarimni qashlay-qashlay, lanjlanib oʻrnimdan turdim. Oyogʻimni sudrab bosgancha uydan chiqib, ariqchada yuzimni yuvdim, tolga ilingan sochiqni olib, sustlanib artina boshladim. Koʻnglim hamon qorongʻi edi.

Bir payt Goptay kelib, kuragimga turtkiladi:

– Hey, menga qara!

Yuragim boshqacha tepinib, unga oʻgirildim.

– Bugun yana baqa ushlasak, boʻpti, sen olaqol, – deb jilmaydi u. – Endi talashmayman.

Ichimda yarq etib quyosh porlagandek boʻldi.

– E, baqayam qurib ketsin, – deya qoʻl siltadim men. – Oʻshani deb, seni xafa qipqoʻydim.

Shu tariqa kunlarim Goptay bilan birgalikda charaqlab-charaqlab oʻtaverdi. Men uning koʻnglini avaylashga tirishadigan boʻlib qoldimmi yoki u menga koʻproq yon berarmidi, hartugul oʻrtamizga qaytib sovuqchilik tushmadi. Uni biror soat koʻrmasam, eng suyumli oʻyinchogʻimni yoʻqotib qoʻygandek betoqat elovlana boshlardim. Bu elitmakoʻz qizaloq shu yoshimdayoq qalbim chechakzorini butunlay oʻziniki qilib olayotgani, mazkur maskanda boshqa kezargonga joy qoldirmay borayotganini bilmasdim hali.

Hech unutolmayman – Goptayning bir ertagi yuragimda gʻalatidan gʻalati jimirloq uygʻotgan edi. Oʻsha kuni ertalabki salqinda dadalarimizga ozgina koʻmaklashgan boʻldik, keyin bizni yana soyaga quvishdi. Borib, majnuntolning ostiga oʻtirdim. Goptay yonimga choʻkdi. Oʻzimizga yangi ermak topib, ishtonimizning shalabbo boʻlgan pochasini siqishga tutindik.

– Dadang hozir ishini tashlab kelib, bizga tagʻin ertak aytib bersa, zoʻr boʻlardi-da, Ertosh, – deb qoldi bir payt Goptay. – Ayniqsa, Alpomishni boshqatdan eshitgim kelyapti. Oʻshanday polvon yigitga yoqib qolganiga qaraganda, Barchinoy juda chiroyli boʻlsa kerak, a?

– Shunaqaga oʻxshaydi, – dedim men.

Soʻng, karislarniyam ertagi bormi, deb soʻradim. Bor, degan javobni eshitib, qani, bittasini aytib ber-chi, dedim.

– Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim-qadim zamonda bitta kichkina bola bilan bitta kichkina qiz boʻlgan ekan, – deb ertagini boshladi Goptay. – Ikkalasi doim birga oʻynarkan. Bir kuni ularga avliyo chol yoʻliqibdi-yu, tilaklaring boʻlsa, aytinglar, debdi. Qiz, buni eshitib, bizni hoziroq katta qilib qoʻya olasizmi, deb soʻrabdi. Avliyo chol shu zahoti ularni katta qilib qoʻyibdi. Shunda yigit qizga qarab, seni yaxshi koʻraman, menga xotin boʻlasanmi, debdi. Mayli, debdi qiz. Toʻy qilishibdi. Keyin yigit oʻsha qizning ota-onasiniyam uylariga koʻchirib kelibdi. Yigit bilan qiz ota-onalariga qoʻshilib, bitta joyda yashab-yashab yuraveribdi…

Sholipoya yaqinidagi toshoʻchoqqa kichkina qozon osilgan boʻlib, dadalarimiz tushlik ovqatni shu yerning oʻzida pishirib yeyishardi. Koʻpincha qaynatma shoʻrva qilinardi. Oʻtin hoʻlroq boʻlsa, bizni oʻchoqqa yaqin bordirishmas edi. Hoʻl oʻtin charsillagani charsillagan. Charsilloqdan uchgan choʻgʻ kiyimni kuydiradi, badaninggga tegsa, yara qiladi.

Tushlik mahali chetlari titilgan boʻz dasturxonni yoyib, oldimizga ikkita sopol kosada shoʻrva qoʻyishdi. Keyin oʻzlariga ovqat keltirishdi, nonni mayda-mayda toʻgʻrab, shoʻrvaga boʻktirishdi. Men ham oʻshanday qildim. Chimtomoq Goptay esa, non boʻlagini shoshmasdan shoʻrvaga botirib, istamaygina ogʻziga soldi.

– Mogora! – deb jerkib berdi Sadir togʻa.

Karischada bu “eyaqol” degani. Kelganimdan beri, bunaqa gaplardan besh-oʻntasini oʻrganib olganman: yosh onara – buyoqqa kel, igo kadera – ol, chagara – uxla, gadya – yur, ketdik… Karislarning “salom”i uzunroq xolos – anensi xasimnika.

Sadir togʻa boʻgʻma xaltadan toʻrtta koʻk qalampir olib, pichoqda parraklab-parraklab qirqdi, yarmini oʻz kosasiga, yarmini dadamning ovqatiga toʻkdi. Aytishlaricha, qalampir odamni terlatib, badanidagi bor sovuqlikni quvib chiqararkan. Sholipoyada kun boʻyi suv kechib yurganlarning esa, suyak-suyagigacha zaxlik singib ketarmish.

Ovqatlanib oʻtirganimizda, moʻylovdor, toʻlpoqyuz kishi zovurning koʻprigidan oʻtib, biz sari yaqinlashaverdi. Keling, domla, keling, deb dadam uni Sadir togʻaning yoniga oʻtqazdi-da, qornim toʻq, desa ham, baribir shoʻrva quyib kelib, oldiga qoʻydi. Moʻylovdor kishi maktab oʻqituvchisi boʻlib, dalada yashovchilarning bolalarini roʻyxatga olib yurgan ekan. Bizning yoshimizni surishtirgan edi, dadam meni koʻrsatib, oʻgʻlim mart oyining boshida olti yoshga toʻldi, Goptay undan oʻn besh kunlik kichik, dedi. Moʻylovdor kishi ismlarimizni, tugʻilgan vaqtimizni daftariga yozib boʻlib, bular sentyabrda olti yarimga kirarkan, biz maktabga yetti yoshdan oshganlarni olamiz, kelasi yili oʻqishga borishadi endi, deb tushuntirish berdi. Keyin, shoʻrvadan hoʻplarkan, Sadir togʻaga qarab, avvalgi yurtlaringda qachondan beri yashar edilaring, deb savol tashladi.

– Aniq bilmadim-u, otam ham, otamning otasi ham, uning otasi ham oʻsha yerda yashab oʻtgan ekan, – dedi Sadir togʻa. – Nimaga soʻrayapsiz?

Moʻylovdor kishi oxirini bir koʻtarishda kosani boʻshatgach, popukli satin roʻmolchada ogʻzini artib, Sadir togʻaga salmoqli siyoqda yuzlandi:

– Soʻraganimning boisi – oʻshancha vaqt ruslar bilan aralash yashab, haliyam ruschaga tillaring kelishmaydi. Oʻzbekistonda yashayotganlaringga hech qancha boʻlgani yoʻgʻ-u, oʻzbekchada xuddi oʻzbekdek toza gapiradigan boʻldilaring. Xoʻsh, bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, tillarimizning tomiri bir!

Dadalarimiz mehmonni kuzatib qoʻyib, yana yumushga berilishdi. Sadir togʻa ishlayotib, odatiga koʻra, qandaydir qoʻshiqni dimogʻida tinmay xirgoyi qila boshladi.

– Qachon qarama, shu ashulani aytganing aytgan, – deya tegishqoqlanib soʻz qotdi dadam. – Boshqasi yoʻqmi?

– Boshqalariyam koʻp, – deb javob qildi Sadir togʻa. – Lekin, hech qaysinisi bu qoʻshiqqa teng kelolmaydi, oshna.

Dadam kesatishini qoʻymadi:

– Shunchalik kuchli boʻlsa, mazmuniniyam bilaylik-chi.

Sadir togʻaning aytishicha, bu qoʻshiqning maʼnosi shunday ekan:

 

Ey, yurtimdan kelayotgan shamol!

Otam boʻlib, onam boʻlib,

Sochlarimni silab oʻt!

 

Ey, yurtimga ketayotgan shamol!

Men oʻgʻliga aylanib,

Otam bilan onamning qabrini silab oʻt!

 

Sadir togʻa manglayini tirishtirib turib qoldi. Dadam unga hilviroqlanib tikilganicha dedi:

– Qoʻshiqmisan qoʻshiq ekan! Aytaver, ogʻayni, aytaver!

Lekin, Sadir togʻa ashulasini davom ettirmadi, choʻntagidan papiros olib, ogʻziga qistirdi. Gugurtda yondirib, ustma-ust soʻrdi-yu, oʻqchib-oʻqchib yoʻtaldi.

– Achchiqdan achchiq boʻlsayam, arzonligiga uchib, shu oʻlati “Baykal”ni chekkanim chekkan, – deya koʻkragini silab qoʻydi.

Oʻz-oʻzidan koʻzim suzila boshladi, biram uyqum kelyaptiki, deb tolga yelka tiradim.

– Meniyam uyqu bosyapti, – dedi Goptay. – Yelkangga suyansam maylimi? Yerga yotsam, chumolilar tishlab qochadi.

Men tolga, Goptay menga suyanib, uyquga ketdik. Uygʻonsam, Goptayning boshi yelkamdan sirgʻalib tushibdi, choʻzilgan oyogʻimni yostiq qilganicha tiniqib uxlayapti.

Ertakdagi oʻsha avliyo chol Goptayni sehrlab qoʻysa-yu, qaniydi, mana shu yotishda uygʻonmay yotaversa, deb oʻylayotgandim shu onda.

Qish boshlanib, paxta terimi oxirlab borayotganida, kolxozdagi kattakonlar dadamga ish berishdi – bogʻ brigadiri qilib tayinlashdi. Buni eshitib, Sadir togʻaning boshi osmonga yetdi, Nusa xola quyuqroq ziyofat uyushtirgan boʻldi.

Tongda dadam ikkovimiz qishloqqa joʻnadik. Goptay ota-onasiga ergashganicha bir oynakli uychadan chiqib kelib, koʻzi moʻltiragan asno bizni kuzatib qoldi. Ancha yurib borgach, ortga qayrilsam, uychaning oldida endi bitta oʻzi haliyam oʻshanday tikilib turibdi. Unga kaftimni tebratib qichqirdim:

– Yana kelama-a-n!

Qishloqqa qaytsak, qoʻchqorimiz lorsillab ketibdi. Sovliqlardan biri egiz tuqqani uchun toʻrtta qoʻyimiz sakkizta boʻluvdi, qoʻzichoqlar allaqachon toʻxliga aylanib ulguribdi. Boshimizga davlat yogʻilgani shu-da. Buning ustiga, Sadir togʻa birinchi qor tushgan kuni uyimizga kelib, bu sening ulushing, deya dadamga bir chorsi pul tashlab ketdi.

– Qadaming yengil ekan, – degandi u oʻshanda dadamga. – Shuncha ekin ekib yurib, hosil bu yilgidek moʻl boʻlganini sira koʻrmagandim.

Oradan ikki hafta oʻtib-oʻtmay, Sadir togʻa yana darvozamizdan kirib keldi. Yonida Goptay ham bor edi. Bir-birimizni koʻrishimiz bilanoq, koʻzlarimiz yashnagandan yashnab ketdi.

Sadir togʻaning, negadir, tafti sust edi, dadamni chetga tortib, qovoq solganicha allanimalarni shipshitdi. Tomorqadan chiqib kelgan ayam Sadir
togʻani koʻrib, endigina hol-ahvol soʻrashni boshlagandi, dadam yaqinroq borib, ungayam nimadir deb pichirladi. Ayamning toʻsatdan rangi quv oʻchdi, voy oʻlmasam, deb koʻylagining yoqasini tutamladi.

Dadam uyga kirib, tezda kiyinib chiqdi, ayamga qarab, bugun kelolmasam kerak, dedi. Sadir togʻa ikkovi shosha-pisha yoʻlga tushdi. Shu ketgancha qaytishmadi, Goptay biznikida tunab qoldi. Dadang nimaga xafa, deb soʻrasam, onam kasal, dedi xolos.

Nima voqea yuz berganini ertasi kuni ayam qoʻshni xotinga soʻzlab berayotganida bilib oldim. Bundan uch-toʻrt kun avval Nusa xola koʻksini changallab yiqilibdi-yu, shu-shu, qimirlolmay qolibdi. Darrovda doʻxtirxonaga olib borishibdi. Foydasi boʻlmabdi. Kecha tushlikka yaqin joni uzilgan ekan.

Goptayga buni aytishga tilim bormadi. Chamasi, ayam ham nima deyishni bilmayotgandi.

– Koʻchada bir oʻynab kelsalaring-chi, – deb qoʻlimizga uch-toʻrttadan yongʻoq tutqazdi oxiri.

Koʻchaga chiqmasak ham boʻlarkan, Goptayni “ha, karischa”, deb ermaklagani uchun oʻzimdan kattaroq bola bilan yoqalashib qoldim. Qattiq olishdik. Yerga dumalab yiqilganimizda, bilagim yaxshigina shilindi, uning koʻylagi yirtildi.

Hovliga qaytib kirib, qoʻlimiz sovuqdan qaltiraganicha tovuqning katagi yonida hammompish oʻynashga unnadik. Nam tuproqdan yumaloq gumbazli hammom yasagach, ustiga moʻri oʻrnatib, yonidan eshikcha ochayotganimda, qara, men zoʻr uy qurdim, deb qoldi Goptay. Koʻrsam, kattagina uy tiklab, hovlisining atrofini choʻp devorda oʻrab qoʻyibdi.

– Pulimiz koʻpaysa, dadam shunaqa uy quradi, – deb orziqdi Goptay. – Sizlarnikiga yaqinroq joyga qursak, har kuni birga oʻynardik.

Bu ish erta-indinoq amalga oshadigandek, suyunib ketdim:

– Ie, qishloqqa koʻchib kelasizlarmi?

– Choʻlda maktab yoʻq, – xoʻrsindi Goptay. – Kelmasak, qayerda oʻqiyman?

– Uyni qurishga nechchi kun ketarkin?

– Bilmadim… Ulgurishar…

Birdan quvligim qoʻzidi:

– Agar ulgurishmasa, seni qishloqqa erga berib qoʻyaqolishsin.

– Erga berishsin? – charaqlanib boqdi Goptay. – Kimga?

– Kimga boʻlardi, menga-da!

Goptayning loʻppi yuzi tuyqus duvillab qizardi.

– Senga? – dedi soʻng iljayib. – Sen urishqoqsan-ku! Yumdalogʻich mushukka oʻxshaysan!

Shunday deya, qotib-qotib kula ketdi. Men ham kulgiga qoʻshildim. Kulyapman-u, ichimda nimadir titranib erib boryapti.

Kechasi ayam uzunlatib joy toʻshadi, uchalamiz bitta koʻrpaga kirdik. Goptay hayal oʻtmasdanoq uyquning qopqoniga ilindi. Ancha mahal unga tikilib yotdim. Oʻzimni chinakamiga kuyovchadek his etmogʻim uchun ayam ortiqchalik qilayotgandek edi shu topda.

Sadir togʻa biz uxlaganimizdan keyin dadam bilan kelib, darvozamiz yonidagi mehmonxonada tunab qolgan ekan, Goptay ertalab uni koʻriboq, onam qani, deb soʻradi. Sadir togʻa chuqur homuza tortib olgach, onang uzo-o-qqa ketdi, dedi.

Goptay dadasiga xavotirli boqib, yana soʻroqqa tutdi:

– Qachon keladi?

– Bilmadim, – dedi dadasi. – Kelavermasa, bir kuni oʻzimiz oldiga boramiz-da, qizim.

Buni eshitib, ayam oʻzini yigʻidan tiyolmay, shapalogʻida koʻzini toʻsganicha, uy ichiga tezlanib kirib ketdi…

Kelgusi yili maktabga bordim. Shu yerda boʻlganida, hozir Goptay ikkalamiz birga oʻqiyotgan boʻlarmidik, degan oʻy boshimda tez-tez aylanib turardi. Afsuski, ular ketib qolishgan. Nusa xola vafot etganidan keyin, Qozogʻistonning allaqayerida yashovchi singlisi kelib, jiyanimni boshqa ayolga oʻgaylatib qoʻymayman, debdi-yu, oʻzi bilan olib ketibdi.

Qizini qoʻmsagan boʻlsa kerak, qishning qirchillamasida Sadir togʻa ham oʻsha yoqqa joʻnadi. Ketishdan avval biznikiga kelgani, dadam bilan quchoqlashib-quchoqlashib xayrlashgani esimda.

– Xotinimning qabriga qarab-netib turinglar, men kelolmasam, bir kunmas bir kuni bolammi, nevarammi kelib ziyorat qilar.

Sadir togʻa aytgan oxirgi gap shu boʻldi.

Oqsoqollarning roziligi bilan, Nusa xolani qishlogʻimizdagi musulmon qabristoniga dafn etishgandi. Dadam har bahorda borib, oʻz ota-onasiniki qatorida Nusa xolaning goʻrini ham oʻtlardan tozalab kelardi. Bunaqa paytda Sadir togʻaning oʻsha ashulasi yodimga tushaverardi. Dadam gazetada ishlaydigan bir tanishiga bu qoʻshiqning mazmunini aytib berib, keyinchalik sheʼr qildirib olgandi:

 

Shamol keldi yurtimdan,

Yoydim men qulochimni.

Otam boʻlib,

Onam boʻlib,

Silab oʻtsin sochimni.

 

Koʻzlarimni yoshlatib,

Shamol ketdi yurtimga.

Otam qabrin,

Onam qabrin

Silab oʻtsin oʻrnimga.

 

Qozogʻiston tomonlarda boʻlib qaytgan tanish bir karis kishi dadamni uchratib qolib, Sadir togʻa avtomashinalar toʻqnashuvida oʻlganini aytganligi eski qadrdonining ezgin qoʻshigʻini oʻzbekcha sheʼrga aylantirib asrab yurishga turtki bergan ekan. Dadam oʻshanda uning qizini surishtirsa, ikkalasi birga halok boʻlganmish, debdi.

Buni dadamdan talay fursat oʻtibgina eshitganimda, yuragim uqalanib ketgudek boʻluvdi. Goptay esimga tushsa, goho koʻzlarim oʻz-oʻzidan yoshlanishni boshlardi. Uni olib ketgan ayolni topib, ayamasdan savalagim kelaverardi.

Shunday charaqlagan qizni nima qipqoʻyishdi-ya?!

… Qabriston jimjit edi, yomgʻir siyrak tomchilab turardi.

– Agar tirikligingni bilsam, seni yerning tagidan boʻlsayam izlab topmasmidim, Goptay. Nega oʻzing xat-pat yozmading? Nega?

– Bir-ikki MARTA yozmoqchiyam boʻldim, lekin manzilimning tayini yoʻq edi. Umrimning eng charsillagan davri qozoqlarning u dalasidan bu dalasiga koʻchib yurish bilan oʻtdi. Boshim kulfatdan chiqmadi. Xolamning ichuvchi eri qimorboz, janjalkash, betayin kishi edi, hech kimga yoqmasdi, hech yerga sigʻmasdi.

– Harbiyda boʻldim, institutda oʻqidim. Bitirganimdan keyin ham anchagacha uylanmay yurdim. Uchragan qizdan sendagi qiyofani, sendagi qiliqlarni axtaraverdim. Hatto toʻyim boʻlayotgan kuniyam koʻz oldimga kelib turvolding…

– Men-chi, men? Seni eslamagan, senga talpinmagan kunim yoʻq edi. Sargardonlikdan qutulib, yoʻlimni topib olganimda, yigirma beshdan oʻtib qoluvdim. Ertosh – yolgʻiz oʻgʻil, allaqachon uylangandir, deb oʻylardim. Seni hech boʻlmasa yana bir MARTA koʻray, armonim arisin, derdim-u, oʻzbek ayollarining feʼli nozikligini bilganim uchun, turmushingga sovuqchilik tushirib qoʻyishdan choʻchirdim, oʻzimni zoʻrlab yoʻldan qaytarardim.

– Oʻshanda imillamasliging kerak edi, Goptay. Men yigirma yettimda uylanganman, yigirma yettimda!

– Senam meni yaxshi koʻrishingni qayerdan bilibman…

– Vah, pishmagan kalla-ya! Hamma ayb oʻzimda, qayoqdagi mishmishga ishonib, seni tiriklayin koʻmib oʻtiribman-a! Nimaga yaxshiroq surishtirmadim? Nimaga qidirib koʻrmadim? Men landavurni kechir, Goptay! Kechir men xumboshni… Kechir…

 

* * *

Bunaqasini toʻqib boʻlarkanmi?! Bir mistovoq somsani koʻtarib, qishloqdagi udumga koʻra, qoʻshnining mehmonini yoʻqlashga kirganimda Ertosh otadan nimani eshitgan boʻlsam, shuni yozdim.

Qarangki, Ertosh ota bilan shuncha yil bitta koʻchada yashab, bir paytlar taniqli meliorator boʻlgani, qanchadan-qancha suv inshootlari uning loyihasi asosida qurilganidan boʻlak narsani bilmay yuraveribman. Buyam odam-ku, balki, koʻnglida hali hech kimga aytmagan sirlari bordir, degan oʻy biror MARTA boshimga qoʻnmabdi. Agar, Goptay momo degan kampir oʻnlab yillarga choʻzilgan judolikdan soʻng onasining qabrini ziyoratlash niyatida Uzumchi qishlogʻini istab kelgani; xotirasida oʻchmas yolqinga doʻnmish Ertosh otaning tirikligidan quvonib, bir oychadan beri unikida qoʻnoq boʻlib yurgani; kampirning nevarasi ularni oʻz mashinasida vodiy boʻylab sayr qildirgani; bolalikning zahmatli, biroq totlidan totli damlarini qayta jonlantirmoq ilinjida, tobora tarovatli tus olayotgan koʻhna choʻlni ikkovlon yayov kezib chiqqani haqida odamlar shov-shuv koʻtarmasa; men shov-shuvning tafsilotiga chuqurroq shoʻngʻimoqdan erinib, bu silsilali qismatni yer kezgʻichida har bir soniya ichra yuz berib turguchi minglab oddiy ayriliqlardan biriga yoʻyib qoʻyaqolsam; keyinroq esa, ilohiy hodisadek tuyuluvi ila butun boshli qishloqni larzaga solgan maʼrakada qatnashmasam, olamda mungligina yangi bir ertak tugʻilganiga shohid boʻlolmay oʻtib ketaverar ekanman.

Xatomni toʻgʻrilashga oshiqmang, xotima topgan umrlar bayoni oʻlaroq idrok etilguchi “ertak” degan soʻzni yanglish ishlatmadim. Yurtiga yoʻl olishga hozirlangan Goptay momo soʻnggi kechada Ertosh ota bilan uzoq suhbatlashib oʻtirgach, tun yarimdan ogʻganida uxlashga yotibdi-yu, qaytib uygʻonmabdi.

Xonadon tongdayoq odamga toʻldi. Mahalla oqsoqoli goh kampirning nevarasi, goh cholning farzandlari bilan nimalarnidir maslahatlashar, lang ochiq deraza tarafga bot-bot jalanglab, uy ichiga sinchkovlanib qarab qoʻyardi. Uy ichida esa, Ertosh ota karavotdagi jasadga kiprik qoqmay termilgan kuyi tosh qotib oʻtirar, hech kimga gapirmas, oʻzgalarning gapi ham qulogʻiga mutlaqo chalinmayotgandek edi. Burnogʻi yili kampiridan ayrilganidayam cholni bunday karaxt kepatada koʻrmagandik.

Oqsoqol oxiri Ertosh otaning oldiga kirib bordi. Yelkasidan sekingina quchib tebratganicha, endi nima qilamiz, deb soʻragan edi, u keskin tovushda: “Goptay yonimda qoladi!” dedi. Shunday dedi-yu, koʻzlari toʻsatdan tepaga bitib, boshi bilanglanib chayqaldi, ostidagi kursidan karavot tomonga mulgiy boshladi. Oqsoqol potrangan alfozda uning qoʻltigʻidan tutdi, avaylab gilamga yotqizdi.

Ertosh ota bilan Goptay momo qabristonga birga ketdi, yonma-yon qazilgan lahadlarga bir paytda qoʻyildi.

Ular endi oramizda emas. Bir-birining jahonda oʻxshashi yoʻq chehrasiga qonib-qonib olib, bu muvaqqat chaylani armonsiz tark etishdi-yu, ikkovi bitta ertakka aylandi…

Ertami-kech biz ham ertakka aylanamiz. Ammo, shu tomoniyam borki, buning uchun odamdek yashab, birovga aytishga arzigulik, loaqal, biron-bir jimjimali kechinmani boshdan oʻtkarmogʻimiz lozim shekilli.

 

 

Anvar OBIDJON

Oʻzbekiston xalq shoiri. 1947-yilda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan. ToshDU (hozirgi Milliy
universitet)ning jurnalistika fakultetini bitirgan.

Adibning “Juda qiziq voqea”, “Masxaraboz bola”, “Alamazon va Gulmat”, “Oʻq oʻtmas talonchi”, “Bahromning hikoyalari”, “Baloga qolgan futbolchi”, “Kulgili tushlar”, “0099 raqamli yolgʻonchi”, “Jajji-jajji kulchalar”, “Dahshatli Meshpolvon” kabi kitoblari oʻquvchilar orasida mashhur.

 

 

“Yoshlik” jurnalining 2014-yil 12-sonidan olindi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube