Boshyorar muammo: oʻringa nisbat beruvchi sifatlar imlosi
-lik qoʻshimchasi shaxsning biror joyga mansubligi, shu hududda tugʻilgani yoki yashaganini bildiruvchi sifat yasaydi: toshkentlik, fargʻonalik, xorazmlik, shaharlik, qishloqlik kabi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, joy nomlariga bu qoʻshimcha qoʻshilgach, soʻz sifatga aylanyapti va shu sababli kichik harfda yozilyapti.
Bitta soʻzdan iborat joy nomlariga -lik qoʻshimchasi qoʻshilganda muammo yoʻq. Lekin ikki soʻzdan iborat joy nomlaridan sifat yasalganda imlomizdagi boʻshliq va boshogʻriq nuqtalardan biri butun boʻy-basti bilan namoyon boʻladi. Xoʻsh, qanday yozish toʻgʻri: Buyuk Britaniyalik, Buyuk britaniyalik, buyuk Britaniyalik, buyuk britaniyalik yoki buyukbritaniyalik?
Bu boʻyicha aniq bir qoida yoʻq. Shu sababli bor qoida va tartibga asoslanib, qiyos usulida yechim topamiz.
1️⃣ -lik qoʻshimchasi qoʻshilgani sababli soʻz sifatga aylanyapti va u kichik harfda yozilishi kerak.
2️⃣ Aslida soʻz bitta tushunchani ifodalayotgani uchun qoʻshib yozilishi zarur. Lekin ikki soʻzdan iborat joy nomlari kattaroq boʻlsa, soʻz juda uzayib ketadi va tushunishga qiyinlashib qoladi. Shu sababli ularni kichik harfda, lekin ajratib yozgan yaxshi degan xulosaga keldim.
📌 Yuqoridagi asoslarga koʻra, ikki va undan ortiq soʻz shaklidagi joy nomlaridan yasalgan nisbiy sifatlarni quyidagicha berish toʻgʻri deb hisoblayman:
Oʻrta osiyolik, shimoliy amerikalik, janubiy afrikalik, buyuk britaniyalik, yangi zelandiyalik, katta qashqarlik ✅
❗️ Istisnoli holat ham bor. Agar -lik qoʻshimchasi qisqartma soʻzlarga qoʻshilsa, qisqartma soʻzlar oʻz imlosini saqlab qoladi. Chunki bunda qisqartma soʻzlar oʻz xususiyatini yoʻqotmayapti:
AQSHlik, BAAlik, JARlik ✅