“Bu” va tire
Bu koʻrsatish olmoshi bilan koʻp tire ishlatiladi. Masalan:
Bu – kitobning alohida beti.
Bunday paytlarda bu ot kesimli gapning egasi boʻlib keladi. Bu olmoshi baʼzan egani izohlaydi. Nimagadir, balki, rus tilidan tarjimalar taʼsiridadir, bunday holatlarda olmoshdan oldin tire qoʻyish urf boʻlgan.
❗️ Ammo tireni koʻrsatish olmoshidan keyin qoʻyish toʻgʻri. Solishtiring:
Bu – kitobning alohida beti.
Sahifa bu – kitobning alohida beti.
Agar tireni bu olmoshidan oldin qoʻysak, sahifa aynan koʻrsatilayotgan, ishora qilinayotgan kitobning beti boʻlib qoladi:
Sahifa – bu (aynan mana shu) kitobning alohida beti.
Koʻp hollarda olmoshning bahridan bemalol kechvorish mumkin:
Sahifa – kitobning alohida beti.
Tireni koʻrsatish olmoshlaridan oldin qoʻllash holatlari kitoblar, ensiklopediyalar va hatto darsliklarda ham uchraydi. Odatlanilgan xatoni tushunish va toʻgʻrilash qiyin boʻladi. Biroq baribir toʻgʻrilash kerak.
📌 Demak:
Biologiya bu – hayot haqidagi fan. ✅
Biologiya – bu hayot haqidagi fan. ❌
Toʻgʻri savol berish bu – masalaning yarim yechimi. ✅
Toʻgʻri savol berish – bu masalaning yarim yechimi. ❌