Chalkashtirmang, aniqlashtiring

Chalkashtirmang, aniqlashtiring

Markaziy nashrlardan birida berilgan xabardan:

Vitse-marshal Li Yon Gil Pak Su Ir oʻrniga Koreya xalq armiyasi bosh shtabi boshligʻi etib tayinlandi. Bu haqda 10-avgust, payshanba kuni Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA, KCNA) maʼlum qildi.

 

  1. Kim kimning oʻrniga boshliq boʻldi?
  2. Agentlik nomining qisqartmasi nega ikkita?

 

🟢  Koreyscha, yaponcha yoki xitoycha ismlarni uqib olish oʻzi birmuncha qiyin. Ularni xabardagi kabi ketma-ket berish esa oʻquvchini yaxshigina chalgʻitadi. Dastlabki uchta nom bir kishiga tegishliligini savqi tabiiy bilan (intuitiv) anglagan odam uchun ham ismlarning birin-ketin kelishi noqulaylik tugʻdiradi. Shu holatida bu ismlar bir kishiga oidga oʻxshab koʻrinadi. Xoʻsh, qanday bergan maʼqul? Ushmundoq:

Pak Su Ir oʻrniga vitse-marshal Li Yon Gil Koreya xalq armiyasi bosh shtabi boshligʻi etib tayinlandi.

🟢  Agentlik nomidan keyin qavsda ikkita qisqartma berilyapti. Biri – oʻzbekchadagi qisqartma, biri – inglizchadagi. Bittasi yetarli. Bu oʻrinda oʻzbekcha KMTAni qoʻllash oʻrinli. Chunki xabarning davomida agentlik nomi shu shaklda ishlatilgan. Agar matnda tashkilotning qisqartmasidan foydalanilmaydigan boʻlsa, qavs ichida qisqartma berishga ham hojat yoʻq.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube