Familiyalarimiz haqida
Sobiq Ittifoqqacha Oʻrta Osiyo xalqlari, jumladan, oʻzbeklar familiyadan deyarli foydalanmagan. Familiya tushunchasi Chor Rossiyasi hukmronligida kirib kelgan.
Oʻrxun-Enasoy yodgorliklarida Kultegin, Bilga xoqon, Tunyuquq kabi ismlarga, “Devonu lugʻatit turk”da esa Alp Er Toʻnga ismiga duch kelamiz. Demak, bu paytlarda nomlar qisqa va loʻnda, otlarga qoʻshiladigan qoʻshimcha soʻzlar esa sifat, unvon va nisbalardan iborat boʻlgan. Alp Er Toʻnga “yoʻlbars kabi kuchli bahodir” degan maʼnoni bildiradi.
VIII asrdan boshlab ismlarni arabcha ifodalash urfga kirgan. Masalan, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning toʻliq, kengaytma ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Magʻiyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriydir. Ismlarni bu tarzda berish kishining nafaqat otasi yoki bobosi, balki bir necha avlod bobokalonlarini ham keltirish imkonini beradi. Ogʻzaki tilda esa qisqa shakl ishlatilaveradi: Ahmad Fargʻoniy, Muso Xorazmiy, Ahmad Yassaviy.
Ayollarning toʻliq ismida ibn oʻrniga bintu, binti, bint soʻzlari
ishlatilgan.
Abu falonchining otasi maʼnosi anglatgan. Abu Ali – Alining otasi. Bu soʻz baʼzida otalikni koʻrsatish uchun emas, qoʻshimcha taʼrif-tavsif berish uchun qoʻllangan.
Kishi ismlariga nisba sifatida u tugʻilgan, yashagan, mansub boʻlgan joy nomlaridan tashqari, kasb-korni bildiruvchi soʻzlar, laqab va unvonlar ham qoʻshilgan.
Adiblar esa oʻzlariga olgan taxalluslar bilan atalgan: Alisher Navoiy, Lutfiy, Muhammadrizo Ogahiy, Maxtumquli Firogʻiy, Muhammad Aminxoʻja Muqimiy va hokazo.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Chor Rossiyasi taʼsirida hozirgi tushunchadagi familiyalar isteʼmolga kirdi. Ota ismlariga -ov, -yev qoʻshimchalarini qoʻshish boshlandi. Bu paytda -iy qoʻshimchali familiyalar ham koʻp qoʻllangan: Abdulla Qodiriy, Said Ahroriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy. Familiyalar baʼzida -zoda soʻzi bilan tugagan: Muhammadsharif Soʻfizoda.
Bu davrdagi manbalarda ota ismidan soʻng oʻgʻli soʻzi ham ishlatilganini koʻrish mumkin.
Bugun biz familiyalarimizda ishlatadigan -ov, -yev ruschadan kirgan. Toʻgʻrirogʻi, kiritilgan.
Familiya lotincha familia soʻzidan, asliyatda qullar, tobelar; xonadon; merosiy nom; avlod, oila kabi maʼnolarni anglatadi. Qadimgi Rimda bu soʻz bir xoʻjayinga tegishli qullarni, keyinchalik xoʻjayinning oilasi va qullarini, vaqtlar oʻtib esa bir oila boshligʻi, uning qondoshlari va yaqinlaridan iborat jamoani bildirgan.
Bugungi tushunchadagi familiya X-XI asrlarda Shimoliy Italiyaning iqtisodiy rivojlangan viloyatlarida paydo boʻlgan. Keyinchalik Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham familiyalar urfga kirgan.
Rossiyada hatto XIX asrda ham krepostnoy dehqonlar xoʻjayinlarining familiyasini olgan. Shu asrga kelibgina rus tilida familiya hozirgi mazmunni – “nasl-nasabni ifodalovchi oilaviy nom” maʼnosini ifodalay boshlagan. 1897-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, mamlakat aholisining 75 foizga yaqinida familiya boʻlmagan.
Familiya Sobiq Ittifoqda XX asrning 30-yillarida pasportlashtirish tufayli ommalashdi. Biroq boshqa millat vakillarining familiyalari ham ruscha qoʻshimchalar orqali yasaldi. Bu kechmishni boshdan kechirgan oʻzbek ismlari boshqa koʻrgiliklarga ham roʻpara keldi: ismlar ruscha talaffuzga mos ravishda oʻzgartirib yozildi. Xodjayev, Axmedov, Muxamedov, Irgashev, Iminov, Giyasov, Alimdjan, Sagdulla, Burxan, Mamasidigali va hokazo.
-ov, -yev qoʻshimchali soʻz rus tilida sifat koʻrinishida kimniki, kimlarniki, kimga yoki kimlarga tegishli soʻroqlariga javob beradi. Ivanov – Ivanovlar oilasiga tegishli odam demakdir.
Ruschada -in/-ыn, -skiy/-skiy qoʻshimchalari bilan ham familiyalar hosil qilinadi. -ov qattiq undoshlar bilan, -yev, -yov yumshoq undoshlar bilan, -in esa -a, -ya bilan tugagan ismlarga qoʻshiladi.
Ayollarning familiyalariga yuqoridagi qoʻshimchalardan soʻng -a, -ya, -aya qoʻshiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, rus familiyalarining 60-70 foizi -ov, -yev ga, 30 foizga yaqini -in ga tugaydi. -skiy/-skiy qoʻshimchali familiyalar nisbatan kam.
Mustaqillikdan soʻng baʼzi mamlakatlarda, jumladan, Ozarboyjon va Tojikistonda ruscha qoʻshimchalardan voz kechildi. Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yili 33 mingdan ortiq qirgʻizistonlik familiyalaridagi -ov va -yev ni -uulu/-kыzы yoki teginga oʻzgartirgan. Oʻzbek tili esa faqat ota ismlaridagi -vich, -ovnadan qutula oldi, ular oʻrniga oʻgʻli, qizi soʻzlari ishlatila boshladi. Lekin hozir ham Falonchi Pistonchiyevich shakli urfda, ayniqsa, katta-kichik amaldorlarga murojaatda.
Orif Tolib