Faxriy unvonlar nomi qanday yoziladi?
Unvonlar
nomini yozishda xatoliklar uchrab turadi. Kichkinagina qoidasi bor. Shuni bilib olsangiz, yanglishmaysiz.
Faxriy unvonlar nomi qoʻshtirnoqqa olinadi. Biroq unvon egasi nazarda tutilgan boʻlsa, qoʻshtirnoq kerak emas:
Erkin Vohidov 1999-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 1997-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
📌 Eslatma: davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir soʻz bosh harf bilan boshlanadi: “Oʻzbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofotlar, faxriy unvonlar, nishonlar nomidagi birinchi soʻzgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sogʻlom avlod uchun” (orden), “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa aʼlochisi” (nishon) kabi.
Kitoblar, gazeta-jurnallar va saytlarda shaxs nomi, undan soʻng esa uning faxriy unvoni keltirilganda ham qoʻshtirnoq kerak emas:
Erkin Aʼzam,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
Lekin bu holatda ham faxriy unvon nomi bevosita shaxsni bildirmasa, qoʻshtirnoqda beriladi:
Erkin Aʼzam,
“Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni sohibi
❗️ Odatda nashrlar mualliflar nomini bunday koʻrinishda bermaydi.
Aslida aksariyat faxriy unvonlarining rasmiy nomida respublika soʻzi ham qatnashgan. Lekin amaliyotda, jumladan, katta maqomga ega milliy ensiklopediyada ham unvonlar nomi respublika soʻzisiz ishlatilaveradi:
Oʻzbekiston Respublikasi xalq shoiri – Oʻzbekiston xalq shoiri
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist
Bunga mantiqiy asos topsa boʻladi. Oʻzbekiston va Oʻzbekiston Respublikasi nomlari bir maʼnoni anglatadi.
Shaxsni ifodalash xususiyati boʻlmagan orden va medallar nomi hamisha qoʻshtirnoqda beriladi:
“Sogʻlom avlod uchun” ordeni, “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi
“Shuhrat” medali, “Shuhrat” medali sohibi
Orif Tolib