Finlyandiya emas, Finlandiya

Finlyandiya emas, Finlandiya

Shu mavzuda yozish rejasi anchadan beri bor edi. Lekin vaqt-imkon boʻlmayotgandi. @xatoliklar kanali mavzuga oid maqola eʼlon qilib qoldi. Biroq undagi fikrlar men aytmoqchi boʻlganlarga qarama-qarshi edi. Kanal rahbari bilan maslahatlashib, shu mavzuda post eʼlon qilishga qaror qildim.

Yuqorida tilga olingan maqolada Finlyandiya shaklida yozishga Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-yil) va Dunyoning siyosiy xaritasi (2020-yil) asos qilib olingan. Biroq bu ikki manbada joy nomlarini yozish bilan bogʻliq xatolar yetarlicha topiladi. Ishonmasangiz, oddiy Nyu York shahri nomi qanday yozilganiga bir qarang.

Oʻzbek tili – mustaqil til. Postda aytilganidek, boshqalardan “koʻchirishimiz yoki ularga yaqinlashtirishimiz kerak degan talab ham, qoida ham yoʻq”. Bizda joy nomlarini ruschadan koʻchirib qoʻya qolish odat tusiga kirgan. Finlyandiya bilan ham xuddi shu holat. Ie, toʻxta, axir Shotlandiya, Hollandiya, Grenlandiya, Islandiya, Yangi Zelandiya kabi nomlarda -landiya boʻladi, nega Finlandiyaga kelganda -lyandiya deyishim kerak degan savol qoʻyilmaydi.

Ruschada “yumshoq” a ga yaqin tovushni ifodalash uchun ya yozish oʻrinlidir, lekin oʻzbekchada bunga mutlaqo ehtiyoj yoʻq. Boshqalari qatori bu yerda ham -landiya shaklini qoʻllash toʻgʻri va mantiqli boʻladi.

🟢 Bir-ikkita postsovet oʻlkasini aytmasa, aksariyat turkiy tillarda mamlakat nomi Finlandiya shakliga ega.

Albatta, Finlyandiya shaklida yozuvchilarni shunchaki ayblash ham oʻrinsiz. Chunki ular aniq manbaga tayanyapti. Finlandiya variantida esa faqat mantiq, oʻzbek tili xususiyatini asos qilib olyapmiz. Demak, birinchi oʻrinda tayaniladigan manbalarni oʻzgartirish
kerak. Joy nomlari lugʻati oʻzbek tili uchun juda zarurligini yana bir MARTA takrorlashga toʻgʻri keladi.

🤝 Aytgancha, oʻzbek tilidagi yirik axborot sayti – kun.uz toponimni Finlandiya shaklida qoʻllaydi. “Kun” boshqa joy nomlarini ham imkon qadar oʻzbekchaga yoki asliga mos yozyapti. Nashrning bu tutumini qoʻllab-quvvatlayman.

 

📌  Demak:

Finlandiya ✅

Finlyandiya ❌

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube