Foydalanib, tayanib, asoslanib: vergul kerak emas
Ravishdosh shakli -b, -ib bilan doim vergul ishlatilavermasligi haqida oldinroq yozgan edim.
Bu holat uyushiq boʻlaklar bilan vergul qoʻllashga oʻxshaydi: ketma-ket yoki birdan ortiq harakat boʻlishi zarur. Agar bitta harakat ifodalansa, ravishdosh shu harakatni sifatlasa, vergul kerak emas:
Tayyor fotosuratdan foydalanib rasm chizamiz.
Tajriba va kuzatishlarimizga tayanib xulosa qilamiz.
Koʻzingiz oʻrganganiga asoslanib hukm chiqarmang.
🟢 Vergul qoʻyish toʻgʻri boʻlgan holatlar:
Qalamdan foydalanib, ora-orada ruchka ishlatib rasm chizamiz.
Tajribaga tayanib, oʻqib-oʻrganganlarimizni mushohada qilib xulosa yasaymiz.
Koʻzingiz oʻrganganiga asoslanib, mohiyatini tushunmay turib hukm chiqarmang.