“Gʻoʻch” nima degani?

“Gʻoʻch” nima degani?

Gʻoʻch soʻzi Xorazm shevasiga xos. Mard, botir maʼnosida qoʻllanadi. Badiiy adabiyotda, ayniqsa, xalq ogʻzaki ijodida bu soʻz tez-tez koʻzga tashlanadi.

Izohli lugʻatdagi misollar ham xorazmlik mualliflarning asarlaridan olingan ekan:

Osilgan kim?

– Qiyotlik gʻoʻch yigit.

J. Sharipov, Xorazm.

 

Qiz bolaning sochidan anqigan hid bilan gʻoʻch yigitning bilagida toshgan ter hidi…

E. Samandar, Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq.

 

Gʻoʻchchi ismli yoki Gʻoʻchchiyev familiyali kishilarga duch kelgan yoki shu ism-familiyalarni eshitgan boʻlsangiz kerak. Bu soʻzlar gʻoʻch bilan oʻzakdosh-qarindosh ekani kunday ravshan. Gʻoʻchchi ismi baquvvat, nasldor qoʻchqor yoki mard, jasur, dovyurak deb maʼnolariga ega.

Bugungi tilimizda ishlatiladigan qoʻchqor
soʻzining asl oʻzagi qoʻchdir. Gʻoʻch ana shu soʻzning tovush oʻzgarishiga uchragan shakli. “Devonu lugʻatit turk”da qoʻchqor soʻzi qoʻchingar, qoʻchngar shaklida keladi. Mahmud Koshgʻariy qoʻch soʻzini izohlar ekan, bu soʻz oʻgʻuzchaligi, asli qoʻchingar ekanini aytadi.  Maʼlumot uchun: xorazmliklarning aksariyati oʻgʻuz lahjasida soʻzlashadi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube