-guncha, -gungacha: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Shu qoʻshimchalardan soʻng vergul ishlatish koʻp uchraydi. Aslida bu qoʻshimchalar vergul talab qilmaydi. Solishtiring:
Kuzgacha ishni tugatish kerak.
Kuz kelguncha ishni tugatish kerak.
Yuqoridagi jumlalarda ajratib koʻrsatilgan soʻzlar alohida gap emas. Ular qachongacha? degan soʻroqqa javob boʻlyapti.
Vergul ishlatish qoidalarida vergul birdan ortiq ish-harakat ifodalangan sodda gaplar, birdan ortiq kesim qatnashgan qoʻshma gaplarda qoʻllanishi aytilgan edi. Bunda ketma-ketlik, sanash maʼnolari ifodalanishi kerak. – guncha va – gacha qoʻshimchalari esa bunday maʼno hosil qilmaydi:
Osh dam eguncha piyola necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtdi.
S. Ayniy, “Doxunda”.
Qandiboy ogʻaning kigiz hidi anqib turgan oʻtovida kun yoyilib ketguncha dang qotib uxlabmiz. Oʻ. Usmonov, “Sirli sohil”.
Ustanikida tong yorishgandan qosh qoraygungacha tinim yoʻq – dam bosish, bosqon urish, suv tashib, oʻtin yorish…
R. Fayziy, “Hazrati inson”.