Ismi sharif: “sharif” nima?
Ismi sharif – izofali birikma. Dardi bedavo, nuqtai nazar, tarjimayi hol, adoyi tamom, shahri azim kabilar izofali birikmalardir. Forsiy izofalarda oldin ot, keyin sifat keladi, oʻzbekchada buning teskarisi. Solishtiring: shahri azim – azim shahar, dardi bedavo – davosiz dard.
Ismi sharif birikmasi tarkibidigi ism shaxsiy nomni bildiradi. Sharif soʻzi arab tilidan kirgan, oʻzbekchada muqaddas, aziz; tabarruk maʼnolarida qoʻllanadi. Ismi sharif – aziz ism, tabarruk ism degani:
Menkim, Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegi, oʻz hukmimni xoqon ibn xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshittiraman.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
❗️ Bu birikma koʻpincha ism-familiya, ismi va familiyasi yoki ismi va otaismi maʼnosida qoʻllanadi. Lekin bu – xato. Chunki sharif soʻzining familiya yoki otaism degan maʼnosi yoʻq. Bu xato shunchalik ommalashib ketganidan hatto qonunlar tiliga ham koʻchib oʻtgan. Ruscha otchestvo soʻzini oʻzbek tilida otaism soʻzi ifodalaydi.
Ayni shakldagi soʻz lugʻatlarimizga endi kirdi. Oldin ota ismi, otasining ismi, ota oti, otasining oti kabi birikmalardan foydalanilgan.
Sharif soʻzini otaism oʻrnida qoʻllash gʻalati mashhurga aylanib boʻldi, shu maʼnoda qoʻllayveraylik, desak, bu lugʻatlarda ham aks etishi kerak. Hozircha izohli lugʻatda soʻz bunday maʼnoda izohlanmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqsak, FIO qisqartmasi oʻrnida FISH qisqartmasini ishlatish ham xato.
📌 Demak:
Ismi-sharif, ism-sharif ❌