Koʻplik qoʻshimchali atoqli otlar kichik harfda yoziladimi?
Imlo qoidalariga koʻra, kishi ismlari bosh harf bilan yoziladi. Ularni kichik harfda yozish boʻyicha tartib imlo qoidalarida belgilanmagan. Biroq ism atoqli otlik xususiyatini yoʻqotib, turdosh otga aylansa, oʻz-oʻzidan kichik harfda yoziladi. Chunki turdosh ot jumla ichida kichik harfda yozilishi kerak:
Suv keltiraman deb yeng shimargan farhodlar bormi?
Surxondaryo – alpomishlar yurti.
Yuqoridagi ikki jumlada ajratib koʻrsatilgan soʻzlar ismlik xususiyatini yoʻqotgan. Farhodlar joʻmardlar, himmatlilar maʼnosini, alpomishlar esa polvonlar, kurashchilar maʼnosini ifodalayapti. Ularni sinonimlariga – turdosh otlarga bemalol almashtirish mumkin.
Ammo koʻplik qoʻshimchasi qoʻshilgan har qanday atoqli ot turdosh otga aylanib qolavermaydi:
Bugun Farhodlarnikiga boramiz.
Bu haqda Choʻlponu Qodiriylar ham yozgan.
Bu jumlalarda atoqli ot oʻz xususiyatini yoʻqotmagan, kishining ismi ekani namoyon boʻlib turibdi. Farhodlarniki – Farhod va uning oilasi xonadoni, Choʻlponu Qodiriylar – Choʻlpon va Qodiriy; Choʻlpon va Qodiriy kabilar.
@oriftolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.